Davlat krediti va davlat qarzlarini boshqarish
Davlat kreditining mazmun- mohiyati, funksiyalari va davlat qarzining tasniflanishi
Download 110.09 Kb.
|
ELZODA 1
Davlat kreditining mazmun- mohiyati, funksiyalari va davlat qarzining tasniflanishi.
“Qarz” soʻzi arabcha soʻzdan olingan boʻlib, “kesish” degan ma’noni anglatib, Oʻzbek tilining izohli lug’atida qarz - ma’lum muddat oʻtgandan keyin qaytarish sharti bilan berilgan yoki olingan narsa (pul, buyum)3. Davlat krediti hokimiyat va boshqaruv organlari orqali, bir tomondan, davlat va ikkinchi tomondan, jismoniy va yuridik shaxslar oʼrtasida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar majmuidan iborat boʼlib, unda davlat qarz oluvchi, kreditor (qarz beruvchi) va kafil sifatlarida maydonga chiqadi. Bunday iqtisodiy (kredit) munosabatlar(i)ning mumtoz (klassik) shaklida davlat, odatda, mablagʼlarni qarz oluvchi boʼlib hisoblanadi. Аgar davlat yuridik va jismoniy shaxslarga qaytarish va haq (toʼlov, toʼlash) asosida mablagʼlarni taqdim etib, kreditor (qarz beruvchi) sanalsa, unda amalga oshirilishi lozim boʼlgan operatsiyalar hajmi ancha kamayadi (pasayadi). Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan olingan qarzlarni uzish (qaytarish) yoki ularning boshqa majburiyatlarini bajarish javobgarligini davlat oʼz zimmasiga olgan holatda, u kafilga aylanadi. Markazlashtirilgan pul fondlarining oʼlchamiga bevosita taʼsir koʼrsatuvchi kredit munosabatlarining dastlabki ikki koʼrinishidan (qarz oluvchi va kreditor) farq qilgan holda davlat tomonidan kafolatning berilishi oʼsha markazlashtirilgan pul fondining, albatta, oʼzgarishiga olib kelmasligi mumkin. Аgar qarzdor oʼzining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar boʼyicha toʼliq hajmda va oʼz vaqtida hisob-kitob qilishni uddalay olsa, kafil hech qanday qoʼshimcha xarajatlarni amalga oshirmaydi. Biroq amaliyotda yetarli darajada ishonchli boʼlgan qarz oluvchilar davlat kafolatiga muhtoj boʼlmaydi. Ular mustaqil ravishda kredit bozoridan mablagʼlarni jalb qilishga qodirdir. Odatda, davlat kafolatlari yetarli darajada ishonchli boʼlmagan qarz oluvchilarga nisbatan qoʼllaniladi va bu narsa shunga mos ravishda, markazlashtirilgan pul fondidan xarajatlarning oʼsishiga olib keladi. Davlat krediti iqtisodiy kategoriya sifatida ikki koʼrinishdagi – moliya va kredit – pul munosabatlarining oʼrtasida joylashgan boʼlib, shunga mos ravishda, u ham moliyaga va ham kreditga tegishli boʼlgan xususiyatlarga egadir. Moliya tizimining alohida olingan boʼgʼini sifatida esa davlat krediti davlatning markazlashtirilgan pul fondlarini (budjet va budjetdan tashqari fondlarni) shakllantirish va ulardan foydalanish jarayoniga xizmat qiladi4. Davlat kreditining mazmun-mohiyati u tomonidan bajariladigan funktsiyalar orqali yaqqol namoyon boʼladi. Moliyaviy kategoriya sifatida davlat krediti quyidagi funktsiyalarni bajaradi: • taqsimlash; • tartibga solish; • nazorat. Davlat kreditining taqsimlash funktsiyasi orqali davlatning markazlashtirilgan pul fondlarini shakllantirish yoki muddatlilik, haqlilik va qaytaruvchanlik printsiplari asosida ulardan foydalanish amalga oshiriladi. Davlat qarz oluvchi (qarzdor) sifatida maydonga chiqib, oʼz xarajatlarini moliyalashtirishni qoʼshimcha mablagʼlar bilan taʼminlaydi. Sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda davlat qarzlari budjet defitsitini moliyalashtirishning asosiy manbai boʼlib hisoblanadi. Shuning uchun ham hozirgi sharoitda davlat qarzlari orqali olinadigan tushumlar budjet xarajatlarini moliyalashtirishning soliqlardan keyingi ikkinchi metodidir. Bu narsa soliq tushumlarining oshishiga nisbatan budjet xarajatlari oʼsish surʼatlarining yuqoriligi bilan izohlanadi. Shunday qilib, koʼrinib turibdiki, davlat krediti taqsimlash funktsiyasining ijobiy taʼsiri natijasida, vaqt nuqtai-nazaridan, soliq yuki ogʼirligining nisbatan tekisroq taqsimlanishiga erishiladi. Davlat qarzlari hisobidan xarajatlarni moliyalashtirish davrida olinayotgan soliqlar miqdori oshmaydi va uning ogʼirlik yuki ortmaydi. Аks holda, yaʼni xarajatlarni moliyalashtirishga davlat tomonidan qarzga olingan mablagʼlar jalb qilinmasa, bu narsani, boshqa sharoitlar teng boʼlgan taqdirda, faqat soliqlar miqdorini oshirish va uning ogʼirlik yukini orttirish evaziga moliyalashtirish mumkin. Shuning uchun ham keyin – olingan kreditlar qaytarilayotgan (uzilayotgan) paytda - soliqlar ularni toʼlash uchun olinmasdan, balki qarzlar boʼyicha foizlarni uzish (qaytarish) uchun ham olinadi. Davlat kreditining nazorat funktsiyasi moliyaning nazorat funktsiyasi bilan organik ravishda qoʼshilib ketgandir. Lekin uning bu funktsiyasi shu kategoriyaning oʼziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan quyidagi xarakterli belgilarga ega: • davlatning faoliyati va markazlashtirilgan pul mablagʼlari fondining ahvoli bilan uzviy bogʼlangan; • qiymatning ikki tomonlama harakatini qamrab oladi, chunki mablagʼlar olinishining qaytarilishi va tiklanishini taqoza etadi; • faqat moliyaviy tarkibiy tuzilmalar tomonidan emas, balki kredit institutlari tomonidan ham amalga oshiriladi. Davlat kreditining nazorat funktsiyasi orqali mablagʼlarning maqsadli foydalanilishi, ularning qaytarilish muddatlari va foizlarning oʼz vaqtida toʼlanishi nazorat ostiga olinadi. Davlat krediti quyidagi bir necha belgilarga koʻra klasssifikatsiya qilinadi: emitentlar boʻyicha: ✓ markaziy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar; ✓ hududiy boshqaruv organlari tomonidan joylashtiriladigan qarzlar; joylashtirilish joyiga qarab: ✓ ichki qarzlar; ✓ tashqi qarzlar. bozorda muomala qilishiga (aylanishiga) qarab: ✓ bozorli qarzlar; ✓ nobozorli qarzlar. Bozorli qarzlar erkin sotiladi va sotib olinadi. Ular budjet defitsitini moliyalashtirishda asosiy boʻlib hisoblanadi. Nobozorli qarzlar erkin ravishda oʻz egalarini almashtirishi mumkin emas. Ular qimmatli qog’ozlar bozorida muomalada boʻlmaydi. Maʼlum bir investorlarni jalb qilish uchun bunday qarzlar davlat tomonidan chiqariladi va shu investorlarning oʻziga xos boʻlgan manfaatlariga mos keladi. Masalan, g’arb mamlakatlarida nobozorli davlat obligatsiyalari nodavlat pensiya fondlari, sug’urta kompaniyalari va kichik investorlarning mablag’larini jalb qilish uchun chiqariladi. mablag’larni jalb qilish muddatiga koʻra: ✓ qisqa muddatli (bir yilgacha qaytarish muddati bilan); ✓ oʻrta muddatli (bir yildan besh yilgacha); ✓ uzoq muddatli (besh yil va undan yuqori)5 . Qisqa muddatli qarzlardan budjet daromadlarining kelib tushishi va xarajatlarini amalga oshirishdagi qisqa muddatli uzilishlarni moliyalashtirish uchun foydalaniladi. Odatda, bunday maqsadlar uchun veksellar chiqariladi. Italiyada g’aznachilik veksellari 3, 6, 12 oylik muddatlarda, Yaponiyada - 60 kunlik, Buyuk Britaniyada - 91 kunlik muddatlarda chiqariladi. G’aznachilik veksellari ikki yilgachalik muddatlarda chiqariladigan Germaniya bundan mustasnodir. qarziy majburiyatlarning taʼminlanganligiga qarab: ✓ garovli; ✓ garovsiz. Garovli obligatsiyalar konkret yoki aniq mulk bilan taʼminlanadi. Bunday obligatsiyalar xorijning rivojlangan mamlakatlarida tez-tez mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muomalaga chiqariladi. Garovsiz obligatsiyalar aniq bir narsa taʼminlanmaydi: uning taʼminlanish asosi boʻlib davlatning yoki mahalliy hokimiyat organlarining jami mulki hisoblanadi. Markaziy boshqaruv organlari, odatda, garovsiz obligatsiyalarni muomalaga chiqarishadi. Ularning ishonchliligi juda yuqori boʻlganligi uchun ular qoʻshimcha kafolatga ehtiyoj sezmaydi. 6) toʻlanadigan daromadning xarakteri boʻyicha: ✓ yutuqli qarziy majburiyatlar; ✓ foizli qarziy majburiyatlar; ✓ nol kuponli qarziy majburiyatlar6. Yutuqli obligatsiyalar boʻyicha daromadlarning toʻlanishi lotereyalar asosida amalga oshiriladi. Bu obligatsiyalar katta talabga ega emas. Chunki investorlar tasodifga tayanib emas, balki barqaror daromad olishga intiladilar. Yutuq olishni istaganlar esa lotereya chiptalari sotib olishni ixtiyor etadilar. Bu turdagi qarziy majburiyatlarning asosiysi foizli obligatsiyalar boʻlib, ular boʻyicha daromad kuponlar asosida yilda bir, ikki yoki toʻrt marta toʻlanadi. Investorlarning juda koʻpchiligi ana shunday qarziy majburiyatlarni ma’qul koʻrishadi. Davlatning qisqa muddatli qarziy instrumentlari kuponlarga ega emas. Ular nominalidan chegirmalash asosida sotiladi va nominal bo’yicha sotib olinadi. Ayrim uzoq muddatli qarziy majburiyatlar ham kuponlarga ega bo’lmasligi mumkin. Ular bo’yicha barcha daromadlar asosiy qarzning summasi bilan birgalikda to’lanadi. Xuddi qisqa muddatli obligasiyalar singari ular ham nominalidan chegirmalash orqali sotiladi va nominali bo’yicha sotib olinadi. Amaliyotda bunday obligasiyalar nol' kuponli obligasiyalar nomini olgan. 7. Daromadlarni aniqlash metodiga ko’ra: • barqaror (qat'iy) daromadli qarziy majburiyatlar; • “suzuvchan” daromadli qarziy majburiyatlar. Ayrim hollarda qimmatli qog’ozlar bo’yicha qat'iy stavkalar foizlarni to’lash borasida davlat xarajatlari o’sishining sabablari bo’lishi, boshqa bir hollarda esa ular foiz darajasining oshishini kutib o’tirgan investorlarni qo’rqitib yuborishi mumkin. Byudjet defisitini qoplash uchun qarzlarni nisbatan yuqoriroq darajada bo’lgan foiz stavkalarida joylashtirishga to’g’ri keladi. Qarz muddati, odatda, 20-30 yilni tashkil etayotgan qarz davri davomida o’zining qarziy majburiyatlari bo’yicha ana shunday foizni o’rnatib, davlat soliq to’lovchilarning zimmasiga qo’shimcha xarajatlarni yuklaydi. Amaliyotda bunday vaziyatdan chiqib ketishning ikki varianti mavjud: 1) pul mablag’lariga bo’lgan ehtiyojni qisqa yoki uzoq muddatli qarzlarni va uzoq muddatli qarzlarni (foiz stakasi pasayib ketgan paytda) chiqarish. Biroq bu holda qarz oluvchi yana bitta qarzni chiqarish, joylashtirish va uni qaytarish (uzish) bilan bog’liq bo’lgan qo’shimcha xarajatlarni amalga oshirishga majbur bo’ladi. Bundan tashqari, foiz stavkasining oshishini (ko’tarilishini) kutib, investorlar ikkinchi chiqarilgan qarzga nisbatan o’z qiziqishlarini namoyon qilmaslik ehtimoli ham bu yerda bor; 2) qimmatli qog’ozlar bo’yicha to’lanadigan foizlarni sistematik (uzluksiz) ravishda qayta ko’rib borish. Bu holda yuqorida keltirilgan barcha muammolar hal qilinadi. Hisob-kitob bazasi (asosi) sifatida, odatda, mamlakatdagi banklararo kreditlar bo’yicha foiz stavkasidan foydalaniladi. Biroq bunday qarzlar o’zining juda katta kamchiligiga ega, ya'ni qarzdor o’z xarajatlarini rejalashtirish imkoniyaga ega bo’lmaydi. 8. Qarz chiqarilgan paytda belgilangan (o’rnatilgan) qarzni qaytarish muddatlariga qat'iy rioya qilish bo’yicha qarzdorning majburiyatlariga muvofiq: • muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo’lgan majburiyatlar; • muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo’lmagan majburiyatlar. Moliyaviy bozorda keskin o’zgarishlar sodir bo’lgan paytda qarziy majburiyatlarni muddatidan oldin qaytarish (uzish) masalasi alohida dolzarblik kasb etadi. Masalan, qarz oluvchi yillik qat'iy daromadli 12%li obligasiyalar chiqargan va bir yildan so’ng foiz stavkasi pasayib, 6%ga teng bo’lgan bo’lsin. Bunday vaziyatda qarzdor (qarz oluvchi) keskin yuqotishlarga, investor esa aksincha, katta yutuqlarga ega bo’ladi. Agar obligasiyalar muddatidan oldin qaytarish huquqiga ega bo’lgan holda chiqarilgan bo’lsa, yangi qarzni chiqarish va ularni joylashtirish hamda eski qarzni qaytarib (uzib) investor o’z yuqotmalarini kamaytirishi mumkin. Qarzlarni qaytarishning (uzishning) ikki usuli bo’lishi mumkin: • bir vaqtning o’zida; • qismlarga bo’lib (qisman-qisman). Agar qarzlar qismlarga bo’linib qaytarilayotgan bo’lsa, qaytarish muddatlari bo’yicha qarz summalarining taqsimlanishga ko’ra quyidagi uch variant bo’lishi mumkin: 1) aniqlangan davr, masalan, 4 yil ichida teng qismlarga bo’lib qaytarish. Bu holda, masalan, qarzning summasi 10 mln. so’m bo’lgan bo’lsa, har yili 2,5 mln. so’mdan qaytariladi; 2) oshib boriladigan salmoqlarda (hissalarda, qismlarda). Masalan, birinchi yil 1 mln. so’m, ikkinchi yilda – 2 mln. so’m, uchinchi yilda – 3 mln. so’m va to’rtinchi yilda – 4 mln. so’m. Qarzdorning daromadlari yildan-yilga o’sib (oshib) borayotgan paytda bu tizim juda qulay hisoblanadi. Masalan, boshqa sharoitlar teng bo’lgan taqdirda, ishbilarmonlik faolligining oshishi natijasida soliq tushumlari o’sishi ko’zda tutiladi yoki qurilishiga qarziy mablag’lar jalb qilingan ob'ekt, sekin-astalik bilan o’z quvvatiga ega bo’la borib, yidan-yilga kattaroq summadagi foydani keltira boshlaydi; 3) pasayib boradigan salmoqlarda (hissalarda, qismlarda). Masalan, birinchi yilda – 4 mln. so’m, ikkinchi yilda – 3 mln. so’m, uchinchi yilda – 2 mln. so’m va h.k. Bunday tizim qarzdor daromadlarining pasayishi yoki xarajatlarining ortishi kutilayotgan paytda afzalliklarga ega va ustuvor ahamiyat kasb etadi. Davlat kreditini boshqarishni keng va tor ma'nolarda ko’rib chiqish mumkin. Keng ma'noda davlat kreditini boshqarish deyilganda qarzdor, kreditor va garant (kafil) sifatida davlatning faoliyati bilan bog’liq bo’lgan uning moliyaviy siyosati yo’nalishlaridan birini shakllantirish tushuniladi. Moliyaviy siyosatning yo’nalishlaridan biri sifatidagi davlat kreditini boshqarish davlatning boshqaruv va hokimiyat organlari qo’lidadir. Faqat ular byudjet defisitining umumiy hajmini va demak, uni moliyalashtirish uchun zarur bo’lgan qarzlarning hajmini, pul muomalasi, kredit, ishlab chiqarish, aholi bandligiga ta'sir qilishning asosiy yo’nalishlari va maqsadlarini hamda kichik biznes va mamlakat ayrim mintaqalarini qo’llab-quvvatlash bo’yicha umumdavlat dasturlarini amalga oshirishning maqsadga muvofiqligini aniqlaydi. Davlat byudjetining doimiy yoki xronologik tarzda defisitliligi va yuqori darajadagi davlat qarzlarining mavjudligi hozirgi sharoitda sanoati rivojlangan barcha davlatlarga xosdir. Davlatning kredit ekspansiyasi natijasida boshqa qarz oluvchilar moliyaviy bozordan siqib chiqarilayapti, kreditga nisbatan bo’lgan yuqori foiz stavkalari hamon saqlanib qolmoqda. Davlat qarzlariga xizmat qilish bo’yicha katta xarajatlar soliq tushumlarining katta qismini o’ziga tortayapti. Shuning uchun ham byudjet defisiti va davlat qarzini qisqartirish sanoati rivojlangan mamlakatlar boshqaruv organlari tomonidan eng dolzarb masalalardan biri sifatida e'tirof etilayapti. Tor ma'noda davlat kreditini boshqarish deyilganda davlat qarziy majburiyatlarini muomalaga chiqarish va joylashtirish, davlat qimmatli qog’ozlar bozorini tartibga solish, davlat qarziga xizmat ko’rsatish va uni qaytarish (uzish), ssuda va garantiyalar taqdim etish bilan bog’liq bo’lgan harakatlar majmui tushuniladi. Davlat kreditini boshqarish jarayonida quyidagi vazifalarni yechish ko’zda tutiladi: • qarzdorning qarzi qiymatini minimallashtirish; • bozorni davlatning qarziy majburiyatlari bilan ortiqcha to’lib ketishiga va ular kursining keskin tebranishiga yo’l qo’ymaslik; • jalb qilingan mablag’lardan samarali foydalanish va ajratilgan kreditlarning maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; • kreditlarning o’z vaqtida qaytrilishini ta'minlash; • moliyaviy siyosat bilan aniqlangan vazifalarni maksimal yechish. Davlat kreditini boshqarishni boshqaruv organlari, moliya va kredit institutlari amalga oshiradi. Uni operativ boshqarish esa mamlakat hukumatining rahbarligi ostida Moliya vazirligining Markaziy bank bilan hamkorligida ta'minlanadi. Davlat qarzining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak, davlat qarzi har qanday bozor iqtisodiyoti va ochiq bozor yoʻlini tanlagan mamlakatlarga xos boʻlib, agar ulardan foydalanish ustidan toʻliq samarali nazorat olib borilsa, davlat qarzi iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qilgan holda aholi faravonligiga xizmat qilishi mumkin deya olishimiz mumkin. Bunga yaqqol misol sifatida Yaponiyaning iqtisodiy moʻjizasini keltiramiz, ya’ni yaponlar oʻz hukumatlariga ishongan va yetarlicha qarz bergan. Download 110.09 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling