Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet41/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

BESAMAR UMR MANZARALARI




Umida RASULOVA,
ToshDO‘TAU dosenti, f.f.d.


Annotasiya: Maqolada N.Eshonqulning modern asarlari borasida mulohaza yuritiladi. Annotasiya: V statye obsujdayetsya modernisticheskiye proizvedeniya Nazara Eshonkula. Annotation: In this article there will be reflected on Nazar Eshonkulov’s modern works.
Kalit so‘zlar: nasr, matn, struktura, qissa, talqin.
Klyuchevыye slova: proza, tekst, struktura, povest, interpretasiya.
Key words: prose, text, structure, story, interpretation.

Inson ilohiy hikmatdan yiroqlashib, oliy maslakdan voz kechib, ta’qiqlangan, la’natlangan yaratiqqa intilar ekan, yo‘lsizlikka mubtalo bo‘lganini kech anglaydi. Bu halqa yanglig‘ uning naslini ham domiga tortadi. Ijodkor odamzotning koinotdagi oliy nasabidan mahrumiyatini ifodalashda makoniy hududni cheklamaydi. Muallif voqea rivojida rahmoniy hamda shaytoniy kuchlar o‘rtasidagi azaliy, abadiy ziddiyatni taranglashtirib boradi.


O‘zbek adabiyotida yovuz kuchlar iblis, folbinlar orqali talqin etilib, firibgarlik, sehrgarlik lavhalari bilan qoliplanadi. Dunyodagi axborot xuruji, ommaviy madaniyatning ta’siri kishi tafakkurida akslanishi matn qatiga singdiriladi. Diniy hamda dunyoviy ahkomlar tizimining yemirilishi, qadriyat toptalishi oqibatida jaholat tazyiqi bo‘rtib ko‘rinadi.
Adabiyotshunos B.Karimov: “O‘zbek adabiyotidagi “modernizm” noan’anaviy ifoda uslubida, voqelikni yangicha badiiy talqin etishda, shuningdek, shakliy o‘zgarishlarda ko‘zga tashlanadi”, deya baholaydi90.
Nazar Eshonqulning ”Qora kitob” qissasida rang, narsa, vaqt tushunchalarida simvolik elementlar teranlashadi. Folklor, mumtoz asarlarda qora rangi ulug‘, buyukka nisbat tarzida qo‘llangan. Qissa poetikasida uning aks xossasiga urg‘u beriladi. Kitob insoniyatga ilmu ma’rifat asrorini yetkazishda ziyo manbai sanalgan, ammo qissada uning mohiyati o‘zgargan. “Qora kitob” asari boshlanishida Odam Ato hamda Momo Havvoni ilk gunohga boshlagan Iblis kontrasti keltiriladi. Modern asar kompozisiyasida ham Qur’on qissalari syujetidagi motiv matn tarkibiga singdirib boriladi. Yaratganga oshiq inson raqibi shayton bois jannatdan quviladi. Bu o‘g‘rilik illati ibtidosi keyingi naslga ham meros bo‘lib, Cho‘qqisoqol fitnasiga zamin hozirlaydi.
Qissada ilohiy syujet zamonaviy halokatdan ogohlikka chorlasa-da, so‘qir qahramon ma’nisini anglashga ojizlik qiladi. Har bir ishni mehribon Alloh nomi bilan boshlamay, shayton dargohidan najot istagan nokas oilasiga o‘zga tutum, falsafa rahna sola boshlaydi.

90 Karimov B. Ruhiyat alifbosi. - T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2016. –B.7.

121
Iblis nayrangi, makri bois farzandlar tarbiyasida xaos yuzaga keladi. Ota va bola nifoqi begonalashuv jarayonini tezlatadi. Muallif bir manzil, maskanda yashayotgan bolalar fitratida xudbinlik, takabburlik urug‘ining nish urishida iblis makkorligi hamda ota loqaydligini muvofiqlaydi. Shu o‘rinda g‘ayritabiiy chaqaloqning volida umriga zomin bo‘lishi motivi beozor, beg‘ubor go‘dak borasidagi tasavvurni puchga chiqaradi. Ya’ni, ilk zulm nashidasi ayolni o‘limga, qizchani yashashga, qabohatni yanada urchitishga hukm qiladi.


Inson hissiyot dunyosiga musiqaning ta’siri borasidagi ta’limotni johil o‘g‘il o‘z dunyoqarashiga monandlaydi. San’at turlari barcha millatu elatga estetik zavq bag‘ishlab, ruhiyatga jo‘shqinlik yoxud sokinlik baxsh aylagani olimu ixlosmandlar tomonidan e’tirof etilgan. Biroq qissada kurrai zamindagi shovqinot, hayqirot tizimlashib, yovuzlik simfoniyasini yuzaga keltiradi. Bu kishi siyratiga ojizlik tuyg‘ularini singdirib, halovatdan mahrum etishga xizmat qiladi. Rassomlikka da’vogar o‘g‘il esa qo‘rquv suratida bo‘rining kishi jismini zabt etishidan lazzatlanadi.
Qissada ma’sumiyatdan bebahra qattol qiz holati kulminasiyani namoyon etadi. Iblisi la’indan homilador qizning o‘z otasi tomonidan o‘ldirilishi mahkumlik va hurlik tushunchalarini muqoyasa etishga turtki beradi. Tasvirda mifologik yondashuv ustunlik qilsa ham, zamirida botildan haqni ajratish, girdobdan xalos bo‘lishga urinish kuchayib boradi. Bu halokatni ostonadan kiritgan ota nihoyat gunohi yukini anglashga intilgani, zurriyotidagi gumrohlikka chek qo‘yishga kirishgani idroklanadi.
Qahramonlar ismi borasida mazkur pozisiya saqlanib, o‘zlik, qiyofadan mahrumlarni nomlashga botinilmaydi. Bir Cho‘qqi soqol bilan kifoyalanishida uning tizgini, to‘riga mahkum soyaga aylangan dahriyga ishorani tushunamiz. Inson degan ongli mavjudotning jaholatga yuz burishi qismlarni markazga birlashtirganda oydinlashadi. Imonu kufr kontrasti samoviy tafakkur sinoatini teran his etishga chorlaydi. Yuksak cho‘qqi orzusidagi mayda o‘z holati, imkonini idrok aylashi, kibrdan xokisorlikni afzal bilishi sarobiy ko‘lankadan muhofazalaydi. Asriy ta’na dashnomdan haq yo‘lni farqlay bilish chin saodatdir.
Vahshiylikning ibtidosi iblis nayrangi, makridan bino bo‘ladi. Yaralish onidagi intiqom oxiratga qadar davom etadi. Inson ruhan pokligi, sabrli, shukrli, itoatliligini unutgan chog‘da shayton vasvasasiga imkon tug‘iladi. Modernistik obraz o‘zligidan mahrum bo‘lib, manfiy qutb ˗ iblis izmidagi g‘ofil, loqayd kimsalar fojiasini umumlashtiradi.
Asar tarkibiy qismlari so‘z quvvatini his etishga undaydi. Uning strukturasidagi ma’noviy qatlam siri, jozibi uqish asnosida mutlaqlashadi. So‘z ostidagi ma’no qatlamini o‘zlashtirib borish asl mohiyatni tushunishga imkon beradi. Ramziy, majoziy timsollar razolat, manfurlik borasidagi falsafiy umumlashmani mukammallashtiradi.
Xususan, Nazar Eshonqul noodatiy go‘dak(chaqaloq)lar ona bilan mehr rishtasini uzganini yoritishi yondashuv jarayonini tezlatadi. Globallashuv oqimiga g‘arq bo‘layotgan inson tiynatidagi o‘zgarishlar ba’zan ibtido shaklida paydo bo‘ladi.
“Biz farzandlarimiz yashaydigan imoratlar poydevorini fosiqlik va xiyonat g‘ishtidan bunyod qilganmiz va endi bu imoratda tug‘ilajak har bir go‘dak yillar va oylar o‘tib, fosiqlik, xiyonat, jaholat urug‘ini urchitadigan avlodlar bo‘lib yetishadi”91.

Dunyo ibtidosidan intihosiga qadar odam imonu e’tiqodiga iblis tajovuz etadi. Hayot poydevorini egrilikdan tiklagan noqis oilasini botillikka g‘arq qiladi. Yovuzlikdan lazzatlangan bola, shayton hukmidagi farzand timsollari axloqiy, ma’naviy aqoidlardan xoliligi muqarrar. Odatda kurrai zamin nafosatiga oshiqlik bolalar pok qalbini ziynatlagan. Vaqtning shiddatli oqimida inson surati-yu tiynati o‘zgarib, niqoblari, soxta qiyofasi fosh etilmoqda. Tasvirda ong ostidagi, ruhiyatdagi tebranishlar ifodalanib, sarob niyatlar hosilasi vujudni qamrayotgani akslanmoqda. Ikki xil tasavvur baxt, hayot mazmunini muqoyasa aylashda sodir bo‘lmoqda.
91 Eshonqul N. Yalpiz hidi.- T.:Sharq , 2008.-B.195.
Mavzuga yondashish tamoyili o‘zgarib, kishi aqlini shoshirgan g‘ayritabiiy qahramon ma’naviyat ahkomlariga kontrast kelmoqda. Adiblar tasavvur, taxayyul mahsuli bo‘lgan obraz mohiyatini sharhlashda so‘zning ma’no ko‘lamiga e’tibor qaratadi. “Qo‘rquv musiqasi, isyon surati” nomli san’at namunalari zamiridagi soxta, sarob ilinj personaj mohiyatini sharhlab turadi. Zo‘ravon, takabbur, yovuz manfurlarning hayotga munosabati qora bo‘yoqlar, mungli ohangda talqin etiladi. Qissalarda badiiy obrazlar vaqt sinoviga dosh berolmay, ojizlik, tubanlik girdobiga mubtalo bo‘layotgani ayonlashadi. Ularning iblisona makru hiylasi qiyofasizlik, olomonlikka yetaklayotgani kuzatiladi. Hissiy va fikriy mahdudlikning sintezi inson metaforik obrazini shu tarzda taqdim etadi.
Xose Ortega i Gasset: “Inson qalbida muammo bor, u ko‘tarinki, fojeiy. Inson nimaiki qilmasin, uning hamma xatti-harakati shu muammo bilan belgilanadi. Ularning hammasi shu muammoni hal qilish yo‘lida qo‘yilgan qadamlardir. Bu muammo shu qadar ulkanki, bir katta muhorabada uni bartaraf qilishning iloji yo‘q, “bo‘lib tashlab, hukmronlik qil” degan matalga amal qilib, odam muammoni bo‘lak-bo‘laklarga ajratadi-da, asta-sekin, qism-baqism hal qiladi”, deydi92.
Nazar Eshonqulning “Tun panjaralari” asarida qahramon yolg‘izlik holati rangsiz, hazin ohang mushtarakligida yoritib beriladi. Kishi tabiatning ichki tartibotidan hayratlanadi. Tun qo‘ynidagi odam xayollariga erk berishga intilsa ham, zohirdagi zulmatga bo‘yin egadi. Hayotda ma’no axtarayotgan kimsa savollari iskanjasida aylanib, yo‘lsizlikdan aziyat chekadi. U qalbidagi isyon alangasini shayton homiyligida kuchaytirib boradi. Tush, xotira, tun, xayol qorishiqligida yolg‘iz kimsa fojiasi qat’iylashib boradi. Asar kompozisiyasidagi dialog nafaqat kishilar munosabati, balki jin, iblislar muloqotini ham tashkillashtiradi. Inson yorug‘ kun, olamdan ko‘ra zulmat, qorong‘ulikka intilar ekan, shaytanat dunyosidagi fitnalarga ro‘baro‘ bo‘ladi.
Yan Parandovskiy: “O‘zi to‘g‘risida boshqalarga gapirib bermoq – bu o‘z qobig‘idan tashqariga chiqish demakdir, bu qisqa fursatga bo‘lsa-da, oyog‘iga chirmashgan turmush zanjirlarini uzmoq, iztirobli yolg‘izlik balosidan xalos bo‘lmoq va nihoyat, boshqalar bilan o‘zimizning hayratomuzligimizni baham ko‘rmoqdir. Ha, biz tug‘ilgandan to vafotimizga qadar o‘zimizning tuyg‘ularimiz, fikrlarimiz, tushlarimiz, iztiroblarimiz, quvonchlarimiz, xavotirlarimiz, orzu-umidlarimiz bag‘rida yolg‘iz bo‘lamiz”, deya mulohaza bildiradi93.
Asar poetikasida monologik hamda dialogik nutq shakli ko‘zga tashlanadi. Qahramon ko‘nglidagi imonning susayishi iblisga imkon beradi. Ayni shu his qilinayotgan holatlar monolog vositasida istifoda etiladi.U yolg‘izligini nihon aylashga urinsa ham, monologi zamiridan bu haqiqat oydinlashib boradi. Do‘st, hamrohi bilan dialogda muloqot qatnashchilarining tushkun kayfiyati muqoyasa etiladi.
Qissa kompozisiyasida “Tun ertaklari” nomli tush haqidagi hikoyalar e’tiborni tortadi. Tush qahramon xayolotining hududsiz manziliga sayr qildirib, vaqt tushunchasini zabt etadi. Ayni erkinlik holatni ochiq, ravshan ifodalash, ichki taloto‘mni ta’sirli yetkazishga yo‘naltiriladi. Bunda ahamiyatsiz, ma’nosiz vaziyatlar ham almashib kelaveradi, biroq zamirida yana yovuzlik nafasi seziladi. Kishi fe’lidagi ishonuvchanlik bobidagi hikoyada haqiqatga zid holatga olomonning bo‘ysunishi, mustaqil fikrlash ko‘nikmasining shakllanmaganini dalillaydi. Tush va hush tafovuti orqali ro‘yo va haqiqat, nafosat va jaholat kontrast qo‘yiladi. Gul go‘zallik, nafosat ulashadi, uni uzgan tutqunlikka mahkum bo‘ladi. Bunda mahbusning bir dona gul sabab o‘limga ro‘baro‘ kelishi g‘ayritabiiy vaziyatni yuzaga keltiradi. Adib qahramoni erkinlikdan tutqunlikka yuz burib, so‘ngsiz og‘riqni his qiladi. Inson xudbinlashib, loqaydlik illatiga yo‘liqadi. Xarobadagi qahramonning umidsizlik, tushkunlik kayfiyati faoliyatsizligini ifodalab boradi.

92 Jahon adiblari adabiyot haqida. - T.: Ma’naviyat, 2010.-B.306.
93 Jahon adiblari adabiyot haqida.- T.: Ma’naviyat, 2010.-B. 246.
“Tun mening xilvat boshpanam. Balki yolg‘iz manzilim ham shu yerdir. Men faqat tun qo‘ynidagina, mana shu kichkina qorong‘u burchagimdagina o‘zimni erkin his etaman, ko‘nglimdagi o‘ylarni, sirlarni unga aytaman”94.
Asarda tun og‘ushida qahramon botinidagi jarayonlar asta yoritib boriladi. Bular yolg‘izlikdagi kishi iztirobi, isyonini, vujudidagi parokandalikni oshkor etadi. Adib qahramonning tundagi dialogi vositasida asosiy muammoga diqqatni tortadi. Shayton azaldan kishini vasvasaga solishi, uni nafsi quliga aylantirishga intilishi ma’lum. Qahramonning shayton sardori bilan muloqotida asl niyat oydinlashadi.
“Men ko‘pdan beri siz bilan tanishish istagida yurardim. Axir bilishim kerak-da, kim ekan tuni bilan biz shaytonlarni bezovta qiladigan, ha, darvoqe, tun – bizga qarashli saltanat, bizning tasarrufimizda, daxlsiz, ˗ dedi u sirli qilib”95.
Iblis e’tirofidan uning tundagi erkin faoliyati, g‘aflatdagi hukmronligi, takabburligi ma’lum bo‘ladi. Uning osoyishu halovatiga halal berayotgan kimsani vasvasaga yo‘naltirishdan avval kuzatib, tahlil qilib, tazyiqini o‘tkaza boshlaydi. Tundagi tanho kimsaning so‘lg‘in, tushkun kayfiyati iblisga ma’qul keladi hamda unga tajovuz boshlanadi.
Xayol obrazi inson istaklarini obrazli ifodalaydi. “Sen men izlab ketayotgan shaffof manzilsan. Sen yashash va kurashish uchun boqiy da’vatsan. Sen esa mening ohim yetmas yuksak- yuksaklarda uchib borasan...”96
Xayol kengliklarida har qanday inson o‘zini ozod his etadi. Asrlar davomida odamzot taxayyulidagi evrilishu o‘zgarishlar nihonligicha qolmoqda. Hayotdagi omadu baxtdan mosuvolar xayolida yuksak marralarni zabt etishga qodir bo‘ladi. Qahramon tussiz, ma’nisiz, biqiq zulmat, iskanjadan xaloslik ilinjida xayoliga izn beradi. U kishi havaslariga rag‘bat berib, yashash, rohatlanish zavqini oshiradi.
Tunda hasrat sahifalarini varaqlayotgan qahramon bolalik pallasini Robiyadek beg‘ubor qiz, o‘smirlik halovatini Hosiladay yor bilan xotirlaydi. Insonga samimiy muhabbat kuch, quvvat ato etib, uni ruhlantirib boradi. Ayriliq tanholikka mubtalo etib, kishining oila, so‘ng jamiyatdan begonalashuviga sabab bo‘ladi. Shu holatda muqimlashib qolgan kimsa yashash formulasini tushkunlik, beparvolik hukmiga havola etadi.
Qahramonning ismsizligi ham modern asarga xos xususiyat bo‘lib, uning umidsiz, loqayd holatini asoslaydi. Bu inson jamiyatdagi turli kasb, jinsdan nafratlanib, borliqqa adovat nigohi bilan boqadi. Hayotidagi fojianing ildizini o‘zidan emas, atrofdagilardan izlaydi. Botindagi qo‘rqoqlik, hafsalasizlik uni absurd, ma’nisiz alfozda ko‘rsatadi. Gʻaflat uyqusidagi kimsa faqat g‘imirlab yuradi, hech narsaga talpinmaydi, kelajak borasida reja tuzmaydi. U ba’zan bolalikdagi baxtiyor damlarni sog‘inganday tuyuladi, biroq muvaqqat istak tez unut bo‘ladi.
Tundagi sukunat asli kishi vujudidagi hayotga ishtiyoqning mahv bo‘lishidir. Xalqning “Noumid – shayton” maqoli asardagi voqealarni sharhlashda muhim funksiyani bajaradi. Inson yaralishidan unga raqib iblis yerda, samoda, tog‘u ummonda hozir bo‘ladi. Xususan, tunda jin, shaytonlar nayrangu hiylasiga sharoit ko‘payadi. Ular qutqusi, vasvasasi bois kishi muqaddas ne’mat imondan ayrilganini idrok etmaydi, shu sabab Yaratgandan doim panoh tilanadi.

Adib asarda shayton saltanatidagi nizomni eslatar ekan, isyon, kufr bois bu yo‘lga kirganlarni fosh etadi. Adib qissada ikki olam manzarasini parallel tasvirlashga muvaffaq bo‘ladi. Kishilar kundalik maishiy turmushi, axloqiy qarashlari qamrab olingan jamiyatda hayot oqimi davom etaveradi. Ikkinchi sirli olam tun shaklida namoyon bo‘lib, uning yolg‘iz, noumid toifasi shayton hukmronligiga mahkumligini tan olmaydi. Ayni shu olam vakillari faoliyati modern asar kompozisiyasini tashkillashtiradi.
94 Eshonqul N. Yalpiz hidi.- T.: Sharq , 2008.-B.181. 95 Eshonqul N. Yalpiz hidi. - T.: Sharq , 2008.-B.84. 96 O‘sha asar. –B.186.
Modern asar “men”ning mahv etilishi, isyonning kurtak otishidan tanazzulga qadar bo‘lgan halqani asta mustahkamlab boradi. Ayni halokatning ibtidosi insonning shayton nazoratiga o‘tishi, loqaydu tushkun kayfiyatga moslashishini tezlatadi. Hayotiy muammoning ichiga kirish, tilsimni uqishga intilish hududsiz olam tarovatini his qilishdan boshlanadi. Qahramonning tartibsiz hayoti, tushuniksiz kechinmalari g‘ayritabiiy lavhalarni yuzaga keltiradi. Ijodkor bizga ma’lum olam ajoyibotidan o‘zga diyorlarga ham nigoh tashlashga imkon yaratadi. Kurrai zamindagi tilsimotni ramzlar orqali anglatishda vaqt, makon tushunchalarida aniqlikka rioya etilmaydi, umumiy maqsadni yoritishda xayol mahsulidan ham o‘rinli foydalaniladi.



Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling