Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


YOZUVCHI NAZAR ESHONQULNING ADABIY-TANQIDIY QARASHLARI HAQIDA


Download 0.93 Mb.
bet40/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

YOZUVCHI NAZAR ESHONQULNING ADABIY-TANQIDIY QARASHLARI HAQIDA




Abdurasul ESHONBOBOYeV, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyining ilmiy xodimi

Badiiy asarning muallifi bo‘lmish yozuvchining adabiyot, uning jamiyat hayotida tutgan o‘rni, vazifasi, mumtoz meros va zamonaviy adabiy jarayon, adabiy tanqid borasidagi qarashlarini tadqiq etish g‘oyat qiziqarli. Sababi, yuqoridagi kabi adabiy muammolarni keng ko‘lamda o‘rganish, birinchidan, ijodkorning ularga nisbatan munosabatini oydinlashtirishga, ikkinchidan, doimo o‘zgaruvchan adabiy did hamda badiiy adabiyotga bo‘lgan talab va ehtiyojni aniqlashtirishga, shu bilan birga, ijodkor yaratiqlarining tub mohiyatini anglashda (keng ma’noda) kalit bo‘lib xizmat qiladi. Shunga asoslangan holda biz bugungi o‘zbek nasrda o‘ziga xos o‘rin tutgan N.Eshonqulning adabiy-tanqidiy qarashlariga to‘xtalishni maqbul bildik.


Adibning bu boradagi qarashlari milliy matbuotimiz sahifalarida adabiy suhbat shaklida yoxud muallifning bitiklari tarzida muntazam chop etib boriladi. Biz masalani yoritishda yozuvchining “Mendan “men” gacha” (2016), “Ijod falsafasi” (2018) kitoblaridan foydalandik.
Ijodkor 2003 yili adabiyotshunos Gulnoz Sattorova bilan “O‘AS” (14-fevral 2003 yil) gazetasi sahifalarida bosilgan suhbatida adabiyotning jamiyat hayotida tutgan mavqei,

88 Eshonqul Nazar. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 168-b
badiiy asardan talab etiladigan so‘rov xususida qator e’tiborga molik mulohazalarni ilgari suradiki, ularga bugun ham fikriy ehtiyoj saqlanib qolgan: “Adabiyot odamni ozod bo‘lishga undaydi. U chaqirmaydi, u ichdan, his-tuyg‘ularga ta’sir etish orqali undaydi. Shu sababli har bir davr ijodkori oldida o‘z davri qahramonini yaratishdek buyuk mas’uliyat doimo mavjud.
. . . Biz adabiyotdan o‘zimiz istaganday ijtimoiy vazifa bajarishini istaymiz. Masala shundaki, biz o‘z ehtiyojimizga qarab, adabiyotdan u yoki bu vazifani bajarishini talab qilamiz.
. . . Bu ijtimoiy ehtiyoj. Bu ehtiyojni badiiy asar – san’at asari bilan qondirish kerak. Lekin bu ehtiyojni adabiyotning bosh vazifasiga aylantirmaslik kerak. Bu ehtiyoj bugunning bosh vazifasi. Ertaga adabiyotga bo‘lgan ehtiyoj o‘zgaradi”. Demak, badiiy asar birinchi navbatda san’at asari o‘laroq bizning to‘yg‘ularimizga ta’sir ko‘rsatadi, hissiyotlarimizni junbushga keltiradi, bitmas-tuganmas estetik zavq bag‘ishlaydi hamda “ozod bo‘lishga” (keng ma’noda) undaydi. Bu endi tom ma’nodagi badiiy puxta asarlarga taalluqlidir. Shu bilan birga, ijodkor, adabiyot jamiyat hayotidan tashqari emas “har bir davr ijodkori oldida o‘z davri qahramonini yaratishdek buyuk mas’uliyat doimo mavjud”. Ayni mas’uliyat amalda qay tarzda namoyon bo‘ladi? Agar adib jamiyat oldidagi mas’uliyatni chuqur tushungan holda qalam tebratsa, zamondoshlarining turfa xil taqdirlarini butun qarama-qarshiligi, ziddiyati, real voqelikdagi o‘zgarishlar bilan uyg‘un, haqqoniy tasvirlay olsa, bunday asarlarning umri uzun bo‘ladi, sevib o‘qiladi, uzoq yashaydi. Boshqa tarafdan badiiy asar jamiyatning o‘tkinchi “talablariga” bo‘ysunsa va buni “adabiyotning bosh vazifasiga aylantirsa” u holatda bu xildagi asarlarning umri qisqadir. Bunga misol sifatida yaqin o‘tmishda “mashhur” bo‘lgan va bugungi kunda esa adabiy jarayondan tushib qolgan yoxud unutilgan ko‘plab badiiyat namunalarini ko‘rsatish mumkin.
Yozuvchi badiiy asar bilan kitobxon o‘rtasida muhim bo‘g‘in bo‘lmish adabiy tanqid xususida ham qiziqarli fikrlar bildirgan. Uningcha, “adabiy tanqid bu – falsafa bilan bog‘liq jarayon. Falsafa yo‘q joyda adabiy tanqid ham bo‘lmaydi. Adabiy tanqid – asar haqida falsafiy fikrlay olish qobiliyatidir”. To‘g‘ri, falsafiy idrok bo‘lmagan holda nafaqat adabiy tanqid, balki butun ijtimoiy fanlar oqsaydi. Chunki falsafiy yondashuv – bu, avvalo, tanqidiy qarash bo‘lib ijtimoiy hayotda ro‘y bergan hamda kechayotgan voqea-hodisalarning sodir bo‘lish qonuniyatlarni anglash demakdir. Demak, bu taxlit qaramoq rasional yondashuv va u istiqbolni belgilash imkoniyatini ham beradi. Ta’kidlash joizki, o‘tgan yuz yillikda mafkuraviy bosim, adabiyotga bo‘lgan vulgar sosiologik qarash ustunlik qilganiga qaramay, badiiy asarni tahlil etish prinsiplari bo‘y ko‘rsatdi, eng muhimi, o‘zbek tilida adabiyotshunoslik ilmi shakllandi. Biroq keyingi davrga kelib adabiy tanqid va adabiyotshunoslik orasidagi nozik farqli jihatlar aniq bo‘lishiga qaramay, bu chegara negadir yo‘qolib, “yuvilib” ketmoqda, natijada N.Eshonqul haqli ta’kidlaganidek taqrizchilik avj oldi. Eslatib o‘tamiz, adabiy tanqid va adabiyotshunoslikaro qator mushtarak nuqtalar mavjudligiga qaramay, badiiy asarga nisbatan yondashuvda jiddiy tafovut ham bor. Birinchidan, agar adabiy tanqid badiiy asar haqida imkon qadar tezkor fursatda adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar ommasiga xabar (keng ma’noda) yetkazish ishtiyoqi bilan yonsa, adabiyotshunoslik undan farqli o‘laroq ilmiy akademizmga moyil bo‘lib, badiiyat namunasini davr madaniyatining ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘radi va unga vazmin, bosiq, atroflicha yondashuv tarafdoridir. Ikkinchidan, biri badiiy asar tahlilida badiiy tafakkurni ustun bilsa, ikkinchisi esa ilmiy tafakkurga urg‘u qaratadi hamda tahlil yoki talqinda kauzal munosabatlarni (sababiy bog‘lanishlarni) oydinlashtirishni maqbul ko‘radi. Har ikkisiga ham yuqorida N.Eshonqul haqli ta’kidlaganidek falsafiy qarash suv va havodek zarur. Ammo nima uchundir bu suhbat adibning keyingi kitoblaridan joy olmagan.
Biz adibning suhbatlaridan yo‘l-yo‘lakay bo‘lsa-da, muhim ayni paytda murakkab adabiy
hodisalarga nisbatan to‘g‘ri, har tomonlama asosli munosabatga ham guvoh bo‘lamiz. Masalan, u Xolli Norboy bilan suhbatda “chetdan ta’sirlanish” borasidagi savolga quyidagicha
javob beradi: “Adabiyot hech qachon yakka taraqqiy etgan emas. Jahon adabiyoti dunyodagi yuzlab xalqlarning adabiyoti, shu jumladan, bizning ham. Shuning uchun jahon adabiyoti tushunchasidan cho‘chib, xavotirlanib qarash noo‘rin. An’analar adabiyotdan adabiyotga tabiiy ravishda ko‘chib yuradi o‘tadi. Kimda nimaga ehtiyoj bo‘lsa, o‘shani oladi. Men ham o‘z ehtiyojimga yarasha olganman”89. Darhaqiqat, o‘zbek adabiyoti uzoq asrlik tarixi davomida mahdud holda taraqqiy qilmagan, aksincha, qo‘shni halqlar va ular orqali esa jahon adabiy jarayonining muntazam ishtirokchisi bo‘lgan. Ayni jarayonda esa o‘zgalardan nimalarnidir olgan va o‘z vaqtida bergan ham. Biroq XX asr adabiyotshunoslik ilmida adabiy ta’sir hodisasi mutloqlashtirilib, bir yoqlama talqin qilindi va buning natijasida ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Agar so‘z o‘zbek mumtoz adabiyoti xususida bo‘lsa fors-tojik adabiyotining o‘rni bo‘rtirildi, mabodo gap zamonaviy adabiyot haqida borsa rus adabiyotining “ta’siri” to‘g‘risida tinimsiz bong urildi. Holbuki, adabiy ta’sirning yuzaga kelishi uchun qabul qiluvchi tomonda shunga muvofiq shart-sharoit bo‘lishi zarur. Qolaversa, ijodkorga bir vaqtning o‘zida ham tashqi omil, ham ichki omil ta’sir o‘tkazishi mumkin. Muhimi, ijodkorning adabiy shaxsiyati qanchalik kuchli u bu kabi ta’sirlarni yengib o‘tadi hamda ijodida bularning barchasini ijobiy sintez qila oladi. Shu ma’noda N.Eshonqul haq “kimda nimaga ehtiyoj bo‘lsa, o‘shani oladi”.
Ming afsuski, bugungi kunda badiiy asar yoxud ijodkor haqida yozilayotgan maqolalarning ko‘pi siyog‘i qurimay turib eskirayotgan, suvga tushgan toshdek izsiz yo‘qolayotgan mahal N.Eshonqulning fikrlari o‘yga toldiradi, mulohaza yuritishga undaydi, bahs qo‘zg‘aydi, nafaqat adabiyot, balki tevarak atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga teran nazar tashlashga chorlaydi. Adib bugungi adabiy jarayonni muntazam kuzatadi, voqea bo‘lajak badiiy asar, adabiy hodisa yuzasidan mulohazalarini doimo ochiq aytadi, e’tirof qiladi. Ayni paytda, adabiy didsizlik, bozorbop adabiy mahsulot, badiiy tarjima borasida ro‘y berayotgan noqisliklarni ham aytib o‘tadi. Masalan, “Ijod falsafasi” kitobiga kirgan “Ijod va “Men” maqolasida mana nimalarni yozadi: “Adabiy didimizga daxl qilayotgan yana bir manzara bor. Hukumat miqyosida til bilishga bo‘layotgan e’tibor tufayli bugun xorij tilini bilguvchilar ko‘paydi. Xorij tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qiluvchilar paydo bo‘ldi. Bu juda quvonarli hol. Lekin bu tarjimalarning aksariyatida adabiy did haminqadar. Ular noyob asarlar sifatida tarjima qilishayotgan shoir-yozuvchilarning aksariyati, yuqorida aytganimizdek, tijoriy adiblar. Saviyasi shu pog‘onadan ko‘ratilmagan tarjimonlarning “say’-harakati” bilan o‘girilgan “yuksak adabiy asar” ni o‘qigan yoshlarimiz dunyo adabiyoti mezonini ana shu “noyob asarlar”ga qarab belgilamaydi deb kim kafolat beradi?”2 Darhaqiqat, to‘g‘ri mulohaza va shu o‘rinda yana bir fikr: diyorimizda ilmiy tadqiqotlar tarjimasidan ko‘ra badiiy tarjima ishlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan hamda tarjimonlarimizning zahmatli mehnatlari tufayli biz jahon adabiyoti durdonalari bilan muntazam tanishib bormoqdamiz, buning uchun maxsus “Jahon adabiyoti” jurnali ta’sis etilgan, mana chorak asrdan buyon faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu kunga dovur uning sahifalarida qanchadan-qancha tarjima asarlar chop etildi. Biroq bu asarlarning bugungi adabiy jarayondagi o‘rni, tarjimaning saviyasi, sifati borasida ayrim yakkam-dukkam chiqishlarni istisno qilganda tahliliy maqolalar yo‘q hisobi. Holbuki, tarjima qilingan asarlar adabiy muhitni boyitishi va uning keyingi rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatishi shartdir. Adibning yuqoridagi so‘zlari bilan aytganda “kimda nimaga ehtiyoj bo‘lsa, o‘shani oladi”.
Biz yozuvchining adabiy-tanqidiy chiqishlari fikr qo‘zg‘aydi, munozara, mulohazaga
undaydi deb aytgan edik, o‘ylashimizcha, yuqoridagi bitiklar bunga yorqin misol. Bulardan tashqari, adibning kitoblaridan joy olgan jahon adabiyoti klassiklari, “dunyoni ijod bilan o‘zgartirganlar” rukni ostidagi qaydlari, o‘zbek adiblari haqidagi xotiralari, dunyo adiblari, mashhur olimlar haqidagi yozganlari katta ilmiy-ma’rifiy ahamiyat kasb etadi. Bular bugungi

89 Eshonqul N.Mendan “men”gacha.T,.2016.117 b. Maqoladagi barcha ta’kidlar bizniki.
o‘zbek o‘quvchisini dunyoqarashini kengayishiga, uning jahon adabiyotida kechayotgan jarayonlardan xabardor bo‘lishida yaqindan yordam beradi. Yana bir tomoni, bugungi o‘zbek yoshlari ob’yektiv voqelik tufayli rus tilida chop qilingan asarlardan bir qadar uzoq va bu xususidagi ma’lumotlarni o‘zbek tilida berilishi esa ularga yaqindan ko‘makdir.
Qisqasi, biz adibning adabiy-tanqidiy maqolalari yuzasidan imkoniyat doirasida fikr yuritdik, ayrim mulohazalar bilan o‘rtoqlashdik, o‘ylashimizcha, bularning barini yozuvchi adabiy merosi bilan aloqadorlikda o‘rganish qator qiziqarli xulosalarga zamin yaratishi mumkin.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   36   37   38   39   40   41   42   43   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling