Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


Download 0.93 Mb.
bet48/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

Xulosa qilib aytganda yozuvchi uslubi o‘z davrida sodir bo‘layotgan, ayniqsa, adibning ma’naviy, axloqiy, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarga bo‘lgan qarashlariga bevosita bog‘liq voqea-hodisalarga nisbatan faol munosabatining mahsuli sanaladi.


Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:





  1. Boltaboyev H. Nasr va uslub. – T.: FAN nashriyoti, 1992. – B. 6.

  2. I. Sulton. Adabiyot nazariyasi. – T.: O‘qituvchi, 1980. – B. 388.

  3. Nazar Eshonqul. Ijod falsafasi. – T.: Akademnashr, 2018. – B. 28.

  4. Sokolov A.N. Teoriya stilya. – M.: Iskusstvo, 1968. – S. 59–86.

  5. To‘ychiyev U. O‘zbek adabiyotida badiiylik mezonlari va ularning maromlari.

– T.: Yangi asr avlodi. 2011. – B. 367.

  1. Uslub. O‘zSE, 2-tom, 616-bet.

  2. Chernishevskiy N. G. Poli. sobr. soch., v 15 tomax, t. 3. Gospolitiz - dat, 1947, – S. 423.

YOZUVCHI NAZAR ESHONQUL ASARLARIDA MIFOPOETIK TALQIN VA BADIIY OBRAZ




Bahodir JOVLIYeV,
O‘zFA O‘TAFI mustaqil tadqiqotchisi

Mifologizm – ramzlar tili bo‘lgani uchun ham XX asr adabiyoti unga uzluksiz murojaat qildi va hali ham murojaat qilmoqda. Mif o‘zining umrini qaytadan yashamoqda. Biz miflardagi ramzlarni ijodiy sharhlay olsakkina xalq tafakkurining qudratli «men»iga duch kelamiz, qudratli «men»ni kashf qilamiz, shu bilan birga mifologik asarlarning chinakam mohiyatini anglab yetamiz. Miflar – badiiy asarda inson ruhiga, ummoniga kirishning bir vositasi.


Miflardagi hikmatni dunyo olimlari “mif poetikasi” deb ham atashadi. Shu sababli bizning ishimizda hikmat bilan “mifopoetika” deyarli sinonim sifatida qo‘llaniladi. Buni Nazar Eshonqul hikoyalarida yaqqolroq ko‘ramiz.
Bugungi o‘zbek hikoyachiligini tahlil qilish, uning taraqqiyot omillari, asoslari hamda mavzu va uslub rang-barangligini baholash uchun tabiiy ravishda dunyo nasri muhokama qilgan mavzular va uslubiy-ijodiy erishgan yutuqlar haqida to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Chunki zamonaviy milliy nasrimizdagi har bir yangilik ortida dunyo adabiyotining ana’analari, bu ana’analarning milliy adabiyot bilan sintezlashishi mavjud. “...Aslida bu uzluksiz jarayon bo‘lib, milliy adabiyotlar dunyo adabiyotiga, dunyo adabiyoti milliy adabiyotga nimadir beradi, oladi, umuman, bu o‘zaro ta’sirlarsiz adabiyot ham, san’at ham rivojlanmaydi”.137 Tabiiyki, jahon nasridagi xilma-xil an’analar, uslublar, oqimlar barcha zamonlarda milliy nasr taraqqiyotiga, badiiy tafakkurga uzluksiz ta’sir qilib kelgan. Inchunin, har qanday milliy adabiyot bu ta’sirlarsiz dunyoviy ko‘lam kasb etolmaydi.
Adabiyot tarixidan ma’lumki, har qanday adabiy usullardagi yangilik o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi: adabiyotdagi yangi oqimlar, an’analar o‘z davrining estetik, ijtimoiy, g‘oyaviy, mafkuraviy, tafakkur ehtiyoji, in’kosi sifatida so‘z san’atida bo‘y ko‘rsatadi. Qadim zamon adabiyotidami yoki keyingi yuz yillik adabiyotimi, farqi yo‘q! Adabiyotga kirib kelayotgan va paydo bo‘layotgan yangi oqimlar, so‘zga munosabat, badiiyatga va jamiyatga munosabat, shakliy va badiiy izlanishlar – hammasi aslida o‘sha jamiyatda paydo bo‘layotgan ijtimoiy fikr va ijtimoiy ong ostining ehtiyojini namoyon qiladi.138
Shu ma’noda, o‘tgan asrning 80-yillarida milliy hikoyachilikdagi o‘ziga xos yangi talqinlar, yangi ifoda usullari, yangi an’analarning paydo bo‘lishi – o‘sha davr ijtimoiy, milliy, estetik ehtiyojlar namunasi sifatida yuzaga keldi, desak xato qilmaymiz. Umuman, adabiyotda paydo bo‘lgan har qanday oqim, yangilik, yuksalish, uslubiy o‘zgarishlar o‘z davrining ehtiyoji, ya’ni eski qarashlar va g‘oyalar, qadriyatlar, e’tiqodlar tanazzulining, hali ijtimoiy fikr darajasida shakllanib ulgurmagan, hali ommaviy ong osti hissiyotlari darajasida bo‘lgan qarash, munosabat va tafakkurdagi evrilishlarning aks-sadosi o‘laroq paydo bo‘ladi. Professor Q.Yo‘ldoshevning fikriga ko‘ra, “...bu yo‘nalishdagi izlanishlar (adabiyotdagi izlanishlar nazarda tutilayapti. Dissertant) jamiyat hayotida keskin to‘ntarishlar hamda qaltis kataklizmlar yuz bergan sharoitda, ayniqsa, kuchayadi. Negaki, inson ijtimoiy turmushidagi keskin chayqalishlar uning tuyg‘ularini muvozanatdan chiqarib, ta’sirlanish va bu ta’sirni ifodalash yo‘sinlariga tahrir kiritadi, qarashlar tizimini o‘zgartirib yuboradi. Bu o‘zgarishlar esa odamning badiiy didini yangilaydi”.139
Ushbu fikrdan anglashilib turibdiki, adabiyotning mavzusini ham, uning yangilanish zaruratini ham jamiyatdagi taloto‘mlar, ijtimoiy kataklizmlar, jamiyatni qamragan yangi qarash va tushunchalar, inkor va e’tiroflar, umuman, davrning ijtimoiy va ma’naviy talablari paydo qiladi. Zero, adabiyot hamisha ijtimoiy fikrdan oldinda yurgani, undan avvalroq yetilib kelayotgan jarayonlar va qarashlarni aks ettirgani uchun ham jamiyatni xavf- xatardan, fojealardan ko‘p marta ogohlantirgan. Adabiyot tarixida bunga misollar ko‘p. Eng yorqin misol Frans Kafkaning “Jazo koloniyasi” hikoyasidir. Ushbu asardagi jazolash usuli bu yozuvchining bashorati emas, balki ijtimoiy ong ostida, inson tabiatida paydo bo‘layotgan fashizmni oldindan ilg‘ay bilganini Gʻarb adabiyotshunoslari qayta-qayta ta’kidlaydilar.140

Adabiyot davrning hali o‘zini namoyon qilmagan, lekin ommaviy ong ostida o‘zini ko‘rsata boshlagan to‘lg‘onishlarni ancha oldin ilg‘aydi, hali bu to‘lg‘onishlar keng miqyosda o‘zini ko‘rsatmasdan turiboq badiiy hodisaga, badiiy obrazga, badiiy ta’sirga aylanib, ijtimoiy
137 Vzaimosvyazi i vzaimodeystviye nasionalnыx literatur material ы diskussi i 11—15 yanvarya 1960 g. Izdatelstvo akade- mii nauk SSSR Moskva 1961g.
138 Luchanov M. F. Istoriya mirovoy literaturы. Omsk. 2004 g.
139 Q. Yo‘ldoshev. Modernizm: ildiz, mohiyat va belgilar. “Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son.
140 Valter Benyamin. Frans Kafka. Maks Brod. Frans Kafka. Uznik absolyuta. Xorxe Luis Borxes. Kafka i yego predshestven- niki. Alber Kamyu. Nadejda i absurd v tvorchestve Fransa Kafki. Yuriy Mann. Vstrecha v labirinte (Frans Kafka i Niko- lay Gogol) Sintiya Ozik. Nevozmojnost bыt Kafkoy. Sintiya Ozik. Nevozmojnost bыt Kafkoy. Jorj Batay. Kafka
fikrga turtki beradi. Bu holatni biz Gʻarb adabiyotida XIX asr oxiri va XX asr boshlarida, XX asr o‘rtalarida Lotin Amerikasi adabiyotida ko‘ramiz. “Nafsilambr, har qanday san’at va tarix o‘rtasida chambarchas bog‘liqlik mavjuddir. Tarixiy jarayonlar tarixchi olimlar tomonidan qayd qilinadi: bo‘lib o‘tgan muhim voqea va hodisalar aniqlanadi, ularning o‘zaro aloqadorligi, o‘zaro ta’sir va munosabatlari talqin qilinadi, o‘tgan siyosiy va ijtimoiy konsepsiyalar atroflicha o‘rganilib chiqiladi. Ammo uzoq va yaqin o‘tmishning haqqoniy qiyofasini, oddiy kishilar hayotida kechgan voqealar, tarixiy shaxslar haqidagi tasavvurlarni, boshqacha aytganda, umumiy tarixiy ongni tarixchilar shakllantira olmaydi. Bu muhim ahamiyatga molik murakkab jarayonni faqat san’at va adabiyot asarlaridagina batafsil ifodalash mumkin bo‘ladi”, - deydi Gʻarb adabiyoti bilimdoni M. Xolbekov.141
Inchunin, XX asr 60-yillariga kelib, Lotin Amerika adabiyotida ham birdan ko‘tarilish – dunyo badiiy so‘z san’ati sahnalarini egallash davri bo‘ldiki, bu adabiy “sakrash”ning tagida ham Lotin Amerika aholisining orzu-istaklari va milliy tafakkur ehtiyoji, bu qit’adagi ma’naviy va moddiy taloto‘mlar, ijtimoiy fikrdagi kataklizmlar sabab bo‘lgan ediki, buni bugun dunyoga mashhur bo‘lgan barcha Lotin Amerikalik adiblar tan olishadi.142
O‘tgan asrning 80-yillaridan boshlab o‘zbek adabiyotiga ham ilgari sinab ko‘rilmagan dunyo adabiyoti an’analari, usullari, ko‘lami kirib kela boshladi-ki, bu holat ayni davrda badiiy so‘z aytish, voqelikni tasvirlash usulini yangilash, tasvir ifodalarini yangi bir pog‘onaga ko‘tarish aslida jamiyatda boshlangan milliy o‘zlikni anglash jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ekanini e’tirof etish kerak bo‘ladi. Zotan, badiiy tafakkur milliy tafakkurning bir qirrasi o‘laroq maydonga chiqadi va unda o‘sha davrning ma’naviy-ruhiy, ijtimoiy, idrok ehtiyojlari namoyon bo‘ladi.
XX asr 70-yillarga kelib sobiq Sho‘ro tuzumida yashayotgan millatlar asta-sekin o‘zligini anglay boshlagan, o‘zini tanib, milliy qadriyatlarni, toptalgan milliy o‘zlikni, milliy xotirani tiklash sari qadam tashlagan palla edi. Xalqlarning milliy ozodlikka intilishi, eng avvalo, milliy adabiyotlarda namoyon bo‘la boshladi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi kabi shoirlarning milliy o‘zlikni anglatadigan vatanparvarlik ruhidagi she’rlari ana o‘sha davrda tug‘ilgani bejiz emas.
Tan olish kerak, bu davrda faqat metaforalar bilan gaplashadigan adabiyotgina milliy g‘urur, or, millat sha’ni-shavkatini targ‘ib qiluvchi va uni uyg‘otuvchi asosiy vositaga aylangandi. Bu holat barcha milliy adabiyotlarga xos edi. Boshqacha aytganda, adabiyot milliy o‘zlikni anglash jarayonining markazida turdi va uni qo‘llab-quvvatladi. Hatto Sobiq Ittifoq doirasida eng mashhur yozuvchi bo‘lgan Chingiz Aytmatov ijodida ham milliy xotira muammosi baralla muhokama qilina boshlandi. Milliy xotira bu faqat tarixning o‘zi emas, bu millatni o‘z ildizi bilan bog‘lab turadigan va shu bilan uning kelajagini ko‘rsatadigan rishta hamdir. Chingiz Aytmatov ijodidagi ana shu xususiyatni Nazar Eshonqul “Ijod falsafasi, mendan “men”gacha - 2” kitobidagi “Xotira va kelajak mas’uliyati” maqolasida shunday izohlaydi: “Asardagi (“Asrga tatigulik kun” romani ko‘zda tutilayapti. Dissertant) manqurt afsonasiga, Tansiqboyev kabi obrazlarga e’tibor berilsa, asar to‘lig‘icha o‘z davrida milliy ozodlik g‘oyasi bilan sug‘orilganini ko‘rish mumkin. Chunki milliy ozodlik kurashi – bu millat o‘zini anglash kurashidir, bu o‘z o‘tmishiga, o‘z tarixiga ega bo‘lish, shunga munosib yashash uchun kurashdir. Shuning uchun ham bu asar butun boshli istiqlol arafasidagi avlodning uyg‘onishiga turtki bergandi, deyish yuz karra haqiqat. Aynan shuning uchun ham o‘tgan 80-yillar oxiri, 90-yillar boshida milliy respublikalarda millat va xalqlar erk, mustaqillik istab ko‘chaga chiqqanlar “Biz manqurt emasmiz!”, degan shiorlarni yozib olishgandi. Shuning o‘ziyoq Chingiz Aytmatov o‘z



141 Muhammadjon Xolbekov. XX asr modern adabiyoti manzaralari. T., 2013 y. 16 b.
142 Pisateli Latinskoy Ameriki o literature. M., Raduga, 1982 g.
davri ijtimoiy fikriga qanchalik ta’sir qilganini anglash qiyin emas.”143 Bu fikrdan Sho‘ro tuzumining keyingi o‘n besh yilligida adabiyot milliy uyg‘onishning yalovbardori bo‘lganini tasavvur qilish mumkin.
Milliy ozodlikka intilish, umuman, o‘sha davr millat va inson erki haqidagi bor gapni aytish ehtiyoji milliy adabiyotda yangi usullar, yangi yo‘llar, yangi tashbehlar, yangi metaforalar topishga zamin yaratdi. Dunyo adabiyotining eng ilg‘or, o‘zini oqlagan usul va uslublarini milliy adabiyotda sinab ko‘rish, so‘z san’atini dunyo bilan bo‘ylashtirish davri boshlandi. Shunga ko‘ra, o‘tgan asrning 80-yillarida adabiyotga kirib kelgan dunyo adabiyoti oqimlari va an’analari ham shu davrning adabiy ehtiyoji edi. Bu holat, birinchidan, Sho‘ro tuzumining mafkuraviy biqiqligidan va sosialistik realizm metodidan bezgan adiblarning yangi yo‘l, yangi usul izlashi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yig‘ilib qolgan ijtimoiy muammolarga javobni dunyo falsafasidan izlashga bo‘lgan intilish samarasi edi. Bu davr to‘liq ma’noda nafaqat adabiyot yoki san’atda, umuman, ijtimoiy tafakkurda ham yangilanishga muhtojlik sezardi. Buni o‘z vaqtida ilg‘agan ziyolilar, adiblar dunyo adabiyoti, dunyo falsafasini keng miqyosda o‘rgana boshladilar va ulardagi ilg‘or g‘oyalarni, dunyoni falsafiy, badiiy idrok etish usul, yo‘llarini o‘z asarlariga tatbiq etishga kirishdilar.
O‘tgan asrning 70–80-yillarida o‘zbek ziyolilari o‘rtasida dunyo adabiyotida mifologizmning boshlanishiga turtki, asos bergan faylasuflar — Artur Shopengauer, Fridrix Nisshe, Anri Bergson, Zigmund Freyd, Karl Yung, Osvald Shpengler, Albert Kamyu kabi Gʻarb falsafasi, Jems Joys, Frans Kafka, Robert Muzil, Bertolt Brext, Jan-Pol Sartr, Uilyam Folkner kabi adabiyot nomoyandalarining asarlari va qarashlari keng muhoma qilina boshlandi. Muhokama qilinish – bu yangi yo‘l izlash, ana shu qarashlarni ma’lum ma’noda milliy adabiyotga, milliy tafakkurga olib kirilishi degani hamdir. Bu izlanish hosilasi o‘sha davr adabiyotida namoyon bo‘la boshladi, Murod Muhammad Do‘st, Ahmad A’zam, Olim Otaxon, Xurshid Do‘stmuhammad, Nazar Eshonqul, Shodiqul Hamro kabi adiblar ijodida yangi an’analar paydo bo‘lishiga olib keldi.144
Shu ma’noda, bu davr milliy adabiyotimizda shaklan va mazmunan izlanishlar bosqichidir. Adiblar yangi uslubiy izlanishlar orqali o‘zlarini o‘ylantirayotgan muammolarni va dardni ifoda etishga kirishdilar. Millat va inson dardi, u haqida aytilishi kerak bo‘lgan gaplar, millat va insonning ayni paytdagi holati, og‘rig‘ini ko‘rsatish ehtiyoji adabiyotning barcha janrlarni, jumladan, hikoyachilikni ham yangi ifoda yo‘lini izlashga majbur qildi. Birinchi ehtiyoj millat ozodligini qumsash va unga intilish bo‘lsa; ikkinchi ehtiyoj adabiyot paydo bo‘lgandan buyon tarannum etib kelinayotgan inson ozodligi, hurligi, insoning mutlaq go‘zallikka intilish ehtiyoji edi. Adabiyot har ikki ehtiyojga ham estetik ifoda topish uchun o‘zini o‘zgartirishga, yangi ifoda usullarini izlashga majbur bo‘ladi.

Bizning fikrimizcha, adabiyotga o‘ziga xos yangi usul, yangi ifoda, yangi metafora olib kirgan yozuvchi Nazar Eshonqul asarlari ham ana shu har ikki ehtiyojning mevalari sifatida paydo bo‘lgan. Adibning asarlarini sinchiklab tahlil qilsak, biz ana shu ikki ehtiyojni ham qondirishga bo‘lgan ichki bir intilishini sezamiz. Misol uchun, yozuvchining “Urush odamlari” qissasida milliy qadriyatlar toptalishi, millatni asrab turadigan, millatni millat qiladigan fazilatlarning — uyat, nomus, or, sha’n, g‘urur tushunchalarining parokanda bo‘lishiga sababchi bo‘lgani, shunday harakatlarning boshida turgan tuzum odami Mirzaqul Normatning antipodi sifatida paydo bo‘ladi. Uning asardagi bor qilmishi – u mansub, u xizmatini qilayotgan, uni yollagan, u qo‘riqlayotgan tuzumning qilmishidir. Azaldan butun millat kabi oriyat, g‘urur, halolik, sha’n bilan yashab kelayotgan qadriyatlar Mirzaqulning gunohini qabul qila olmadi. Garchi o‘zi halok bo‘lsa ham Mirzaqulni bosh qahramon Normat otib o‘ldirdi. Tuzum timsoli bo‘lgan raisning o‘limi – yozuvchining o‘sha davr tuzumiga, uning mafkurasiga,
143 Nazar Eshonqul. Ijod falsafasi. Mendan “men”gacha-2. “Akademnashr” 2018 y. 207 bet.
144 Nazar Eshonqul. Ijod falsafasi. Mendan “men”gacha-2. “Akademnashr” 20018 y.
qarash va tushunchalariga, yashash tarzi va amaliga o‘qigan fatvosi, o‘sha davrdagi milliy ozodlik orzu-istaklarining badiiy ifodasi edi.
Bu milliy istak va xohishlar 1988 yilda chop etilgan “Ozod qushlar” hikoyasida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Bu hikoyada adib fanatsmagorik shartlilikdan foydalangan holda o‘sha davr manzarasini – milliy egalik, milliy sohiblik, o‘z tarixiga, o‘z uyiga, o‘z makoniga egalik mavzusini ko‘taradi. Hikoya qahramoni ota-bobolari yashab kelgan va tug‘ilgan, kindik qoni to‘kilgan uydan, vatandan hech bir sababsiz mahrum bo‘ladi. Uning ota uyi, demak vataniga yot bir ayol egalik qila boshlaydi va uni uyidan haydab chiqaradi.
“Ajr” hikoyasida esa adib endi sho‘ro tuzumining qanday va nima evaziga yaralgani hamda mafkurasi ustidan keskin xulosa chiqaradi: bir paytlar g‘oya va martaba uchun otasini o‘ldirgan hikoya qahramoni o‘limidan so‘ng qiyomat kuniga qadar otasining jasadini yelkasida ko‘tarib yurishga mahkum etiladi. Albatta, “jasad ko‘tarish” — ramziy ifoda. Boshqacha aytganda, qahramon qiyomatgacha qilmishlarining ajri-azobiga mahkum etiladi. Ota esa xuddi uning jonli xotirasi kabi tiriklar dunyosida qilgan qabih ishlarni gapirib ketaveradi: otaning gaplaridan, xotiralaridan o‘quvchi ko‘z oldida sho‘ro tuzumi boshida o‘tirganlarning qiyofasi birma-bir namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, “Tobut” hikoyasidagi me’mor obrazi ham tuzumning bosh me’moriga o‘xshatiladi: hikoya qahramoni — me’mor qurgan shaharda yashayotgan odamlar hech bir sababsiz o‘lim girdobiga g‘arq bo‘la boshlaydi. Odamlar ko‘chalarda, uylarida, ish joylarida, uxlagan yoki uyg‘oq holatda jon taslim qilaveradi. Hammaning boshi qotadi: o‘limning sababi nima bo‘lishi mumkin? Shaharga buni epidemiya deb o‘ylab, komissiya jo‘natishadi. Komissiya hamma narsani tekshiradi, ammo epidemiyaga xos biror dalil topilmaydi. Nihoyat shahar xaritasini ko‘rishgach, hammasini tushunishadi: aslida bu shahar tobut shaklida qurilgan ekan(!). Shaharni me’mor tobut shaklida chizgan bo‘ladi. Demak, endi bu shaharda yashaydiganlar o‘limga mahkum bo‘laveradi. Bu o‘rinda shuni anglash kerakki, o‘lim — bu ma’naviy ham, jismoniy ham bo‘lishi mumkin. Har kim o‘zi talqin qilib olaversin. Muhimi, qurilgan shaharning tobut shaklida ekanligida, unda yashaydiganlarni muqarrar o‘lim kutib turgani haqida...
Bu istehzoli majoz, chin ma’noda, sho‘ro tuzumining mohiyatini ko‘rsatib beradi. Adibning “Og‘riq lazzati”, “Muolaja”, “Tun panjaralari”, “Bahovuddining iti”
asarlarida esa inson ozodligi va hurligi mavzusi muhokama qilinadi. Yuqorida keltirilgan asarlardagi ijtimoiy fikrlar, ijtimoiy muammolar shakl va mazmun uyg‘unligida aks ettiriladi, ya’ni folkьlor ramzlari orqali dunyo adabiyotining uslub va priyomlaridan, aytish mumkinki, mahorat bilan foydalanilgan holda davrning og‘riqli gaplari ayta olinadi. Xususan, “Urush odamlari” qissasida an’anaviy nasriy bayon yo‘li tanlansa, “Tobut” hikoyasi — roviylik, “Ozod qushlar” — bo‘rttirilgan shartlilik, “Ajr” — tazarru, “Og‘riq lazzati”, “Muolaja” hikoyalari — reportaj usulida hikoya qilinadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, adib asarlarida shakl va mazmun uyg‘unligini saqlashga, shu orqali estetikaning So‘z san’atiga qo‘yadigan talablariga qat’iy amal qilishga harakat qiladi.
Ko‘rib turganimizday, adib o‘z asarlarida, biz yuqorida tilga olgan har ikki ehtiyojni ham ma’lum ma’noda qondirishga urinadi. Buning uchun har xil ifoda usullarni, priyomlarni tanlaydi. Adib har bir asarida dunyo adabiyoti usul va shakllaridan unumli foydalanadi, milliy adabiyotga bu usullarni dadillik bilan olib kiradi. Albatta, dunyo adabiyoti an’analarini olib kirish, bu mavjud adabiy priyomlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanish, degani emas. Bu usul va priyomlar ijodiy o‘zlashtirilgan, adibning o‘z uslubiga aylangan, milliy so‘z san’atiga moslashtirilgan holda beriladiki, bugungi adabiy jarayonda ushbu usul va priyomlar allaqachon milliy adabiyotimizning o‘q tomirlariga aylanib ulgurdi.

Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   44   45   46   47   48   49   50   51   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling