Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Download 0.93 Mb.
|
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:Normatov U. Umidbaxsh tamoyillar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2000. 109 b. Eshonqul N. Urush odamlari // Yalpiz hidi. – Toshkent: Sharq, 2008. – B. 3–112. NAZAR ESHONQUL HIKOYALARIDA BADIIY SINTEZNING UYGʻUNLASHUVIGulchehra IMOMOVA, QarDU dosenti, filologiya fanlari nomzodi Obraz yaratishda ijodkorning badiiy sintezga murojaat etishi butun bir tarixiy davr ( makon va zamon)ning yaxshi va yomon xislatlarini o‘zi yaratmoqchi bo‘lgan obraz qiyofasida aks ettirishga imkon beradi. Ba’zi kishilarda bir-biriga zid bo‘lgan xislatlar bir xilda mavjud bo‘ladi. Bu xislatlarning ijobiy qutbi tabiiy bo‘lsa, salbiy qutbi ijtimoiy nohaqliklar va adolatsizliklar tufayli shakllanadi. Ijobiy xislatlar qay darajada kuchli bo‘lsa, keyin shakllangan salbiy xislatlar ham shu darajada kuchli namoyon bo‘ladi. Ana shu qutblarning shakllanishida davr – muhitning ya’ni xronotopning ta’siri kuchli, albatta. Nazar Eshonqul “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida Bayna momo obrazini ana shu ikki xislatning sintezi vositasida yaratgan. Bayna momo eri Rayim polvon va o‘g‘liga beadad mehr- muhabbat qo‘ygan edi. Momo ular tufayli qishlog‘i Tersota va unda yashovchi kishilarga ham mehr rishtalari bilan bog‘langan edi. Rayim polvon tengsiz chavandoz va mergan bo‘lib, u hamma joyda, har doim shu qishloqning obro‘yi hamda sha’ni uchun kurashib yashagan. Fuqarolar urushi davrida o‘z qishlog‘ining ozodligi va mustaqilligi uchun qayg‘uradi. Nihoyat bu kurash uning va o‘g‘lining otib o‘ldirilishi bilan yakunlanadi. Rayim polvonni qo‘lga tushirolmay yurgan Zamon otboqar uni uyidan chiqayotganda otib o‘ldirgan edi. Mirshab va askarlar yopirilib kelishganda Bayna momo erining murdasi ustida turardi. Ularga qarshilik qilmoqchi bo‘lib, otasining miltig‘ini tutib turgan o‘g‘lini ham shu joyda otib o‘ldiradilar. O‘g‘il ham otasining murdasi ustiga yiqiladi. Ana shu mash’um va dahshatli lahzalarda Bayna momo o‘zi ishongan, ko‘ngil qo‘ygan tersotaliklardan najot kutadi. Biroq uning kutgani bo‘lmadi. Mana shu paytdayoq uning qalbidan joy olgan chesiz mehr- muhabbat o‘rnini kuchli nafrat egallaydi. Momo xarakterida yuz bergan keskin o‘zgarishlar sababini yozuvchi shunday ifodalaydi: “Bayna momo tersotaliklarni kechira olmadi – ko‘kragi ilma-teshik bo‘lgan o‘g‘liga qarata Zamon otboqar yana bir necha bor o‘q uzarkan, u madad izlab, uylarining tuynuklarini yopib turgan qora qora pardalarga bir-bir ko‘z tikadi, biroq u yerdan sovuq sukutdan boshqa hech narsa ko‘rinmas, zulmatga cho‘kkan tuynuklar bu misli ko‘rilmagan qotillikni jimgina tomosha qilib turardi. Mirshablar Rayim polvon va o‘g‘lining o‘lganiga ishonch hosil qilishgach, otlariga minib jo‘narkan, Zamon otboqar eri va o‘g‘li murdasi ustida cho‘kka tushgan Bayna momoning yelkasi osha qamchi tushirdi”.78 Bayna momo bir lahzada yuz bergan dahshatli ikki fojiadan o‘zini tamoman yo‘qotib qo‘yadi. U hamqishloqlaridan najot kutadi. Biroq qo‘rqoq va loqayd qishloqdoshlari unga yordam qo‘lini cho‘zishmaydi. Mana shu paytdan boshlab momo qalbida nafrat va g‘azab o‘ti alanga oladi. Bu g‘alayonni uning tegirmonchining gaplariga qaytargan javobida yaqqol o‘rish mumkin: “... bir yilda ikki-uch marta tegirmonga bug‘doy ko‘tarib borardi. Uning bug‘doy ko‘tarib yurishidan ori kelgan Otamurod tegirmonchi Bayna momoni insofga chaqirdi: Siz bunday ovora bo‘lib yurmang, – dedi u, – biron erkakdan berib yuborsangiz, tortib, o‘zim uyingizga olib borib tashlayman. Bu qishloqda erkak yo‘q, – dedi Bayna momo zarda bilan, so‘ng yelkasidagi bug‘doyni tegirmonga kiraverishda tushirdi. Gapirayotganda ovozi titrab ketdi, tegirmonchi tilini tishlab qoldi”.79 Bayna momo hech kim bilan gaplashmas, go‘yo bu dunyoda u bilan so‘zlashishga arzigulik biror kimsa qolmagandek edi. Har kuni ertalab besh-olti qo‘y-ulog‘ini oldiga solib daryo bo‘yidagi yulg‘unzorga ketardi. Qorong‘i tushgach, qurigan shox-shabbalardan bir bog‘lam terib, uyiga qaytardi. Mana shu tariqa momo yigirma yetti yil umrini yolg‘izlikda o‘tkazdi. Bu orada zamonlar o‘zgardi. Hamqishloqlari pastakkina paxsa devor uylari o‘rniga yangi g‘ishtin imoratlar qurdilar. Bir vaqtlar hashamdor bo‘lib ko‘ringan Bayna momoning uyi endi butunlay ko‘rimsiz va tashlandiq holga kelib qolgan edi. Bu orada Zamon otboqar qishloqning eng badavlat kishilaridan biriga aylangan edi. U birdaniga uch o‘g‘liga dabdabali to‘y qilmoqchi bo‘lib, katta tayyorgarlik ko‘radi. To‘yga shahardagi “katta”larni o‘zi aytmoqchi bo‘lib yo‘lga chiqadi. Biroq undan darak bo‘lmaydi. Oradan ikki kun o‘tgach, uning jasadini chavaqlangan, o‘nta barmog‘ining hammasi kesib olingan holda yulg‘unzordan topishadi. Zamon otboqarning to‘yi uning azasiga aylanadi. Bu voqeaning aybdorini topish maqsadida shahardan mirshablar kelishadi. Ular barchani sinchiklab tekshirishadi. Nihoyat gumon ularni Bayna momoga olib keladi. Ammo jussasi kichrayib, sharti ketib, parti qolgan kampirni ko‘rishlari bilanoq o‘z gumonlaridan voz kechishadi. Zamon otboqarni dafn etadilar. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, Bayna momo qazo qiladi. Uning o‘limliklari ichidan lattaga o‘ralgan o‘nta odam barmog‘i ham topiladi. Hikoyaning qisqacha mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, Bayna momo obrazida kuchli mehr- muhabbat tuyg‘usi bilan undan ham kuchliroq g‘azab va nafrat tuyg‘usi mujassamlashgan. Bir- biriga zid bu ikki tuyg‘u hikoyadagi dramatizmni jaranglashtirib turadi. Unda makon va zamon, kishilar tabiatida ro‘y bergan tarixiy siljishlar, odamlar o‘rtasidagi munosabatlar murakkabligi, haqiqat uchun qasos olish hissi bo‘rtib turadi. Demak, ijodkor mahorati bilan bog‘liq holda obrazlar sathidagi badiiy sintez turli darajada voqe bo‘lishi mumkin. Nima bo‘lganda ham bunday sintez yaratilajak obrazning 78 Eshonqul N. Shamolni tutib bo‘lmaydi. Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2005. 5-bet. 79 Eshonqul N. Shamolni tutib bo‘lmaydi. Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2005. 6-bet. ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini, uning hayotiy ko‘lamini mukammal tasvirlashga imkon beradi. obraz sathidagi badiiy sintezning kuchi ham shunda. Obrazning esa ufqlari benihoya ko‘p. Mustaqillikdan keyin milliy adabiyotimizga kirib kelgan modern ruhi o‘tgan davr mobaynida ayrim ijodkorlar asarlarida ustuvorlik qilayotganligini ko‘rish mumkin. Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi 1989 yilda yozilgan va o‘sha paytda ancha bahs-munozaralarga, shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Hikoyaning bosh qahramoni bo‘lgan cholga yozuvchi nom bermaydi. Bu bilan asar qahramoni alohida bir shaxs emas, ko‘pchilikning timsoli, degan xulosa chiqarish mumkin. Yoki erksizlik hukmron bo‘lgan jamiyatda inson shaxsi yemirilishga mahkum ekanligiga ishora qilingan deyish mumkin. Yozuvchi qahramonning qiyofasini quyidagicha tasvirlaydi: “U qoboqlari soliq, soqoli qirilmagan, bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan ko‘rimsiz yuzi tarix kitoblarida tasvirlangan badjahl ma’budlarning haykaliga o‘xshab ketar, unga qaragan odamning yuragi orqaga tortardi. Ko‘zlari hissiz va ifodasiz...” Adib qahramonning portretini chizar ekan, borgan sari qora bo‘yoqlar kuchayib boradi va kitobxon qalbida unga nisbatan ham qiziqish, ham yoqtirmaslikka o‘shshash his paydo bo‘ladi. Asli kasbi rassom bo‘lgan chol yashaydigan uyning tasviri orqali uning hayot tarzi, xarakteri, ichki olami ochib berilgan. Yozuvchi avval qahramonning tashqi ko‘rinishi, so‘ng uning botiniy olamiga nazar soladi. Asar nomini tushunishda ham shartlilik mavjud. Maymun(ni) yetaklagan odammi yoki odam maymunni yetaklaganmi? Asar davomida bir umr ishongan narsalari yolg‘ondan iborat ekanligi, e’tiqod va ishongani puch bir narsa ekanligi ayon bo‘lgan odamning ahvoli yanada yorqinroq tus oladi. Rassomning bunday nochor va g‘arib ahvoliga ijtimoiy tuzum sababchi degan xulosa kelib chiqadi. Xalqlar turmasi deb nom olgan sho‘ro tuzumi qoralangan asarlarning o‘ziga xos tomonlaridan biri ularda badiiy sintez yozuvchi maqsadini yashirish uchun vosita vazifasini o‘taydi. Hikoyani o‘qish davomida tasvirning nafaqat cholning hayotiga, balki tuzumga daxldor ekanligi, inson haq-huquqlari poymol bo‘lgan jamiyatning inqirozga yuz tutishi muqarrarligi ko‘rsatilgan. “Cholning uyi hashamatli, keng, lekin tashlab ketilgan maydonday huvillab yotardi. Ustun va romlar chirigan, umuman, hovlidan chirkin va badbo‘y hid kelardi. Chirkin hid daraxtdan, qor ostida qolib qarovsizlikdan xazonlikka yuz tutgan gulzordan, uyning yog‘ochlaridan va ayvonda qalashib yotgan har xil rasmlar uyumidan kelayotgan edi...”80. Tasvirdan sezilib turibdiki, cholning umri sho‘ro mafkurasiga ishonib o‘tgan va qarigan chog‘ida u haqiqatni anglab yetgan. Kundan kunga yemirilib, parchalanib borayotgan uyning tasviri orqali, aslida, cholning butun boshli hayotiga ishora qilingan. Mustabid mafkura, totalitar tuzum, inson erki, sha’ni, qadr-qimmati, tili, dini oyoqosti qilingan zamonning asl basharasi ochilgan hikoyada, bir avlod umrining tanazzuli ko‘rsatib berilgan. Rassom chol chizgan suratlar va eskizlarning “1957”, “1947”, “1926”, “1928” tarzida nomlanishida ramziylik bor. Ayni mana shu yillarda turli qatag‘on,, “xalq dushmani” degan ayblov bilan millat ziyolilarini qirib yuborish, adolatsiz va zulmga tayangan siyosiy o‘yinlar amalga oshirilgan. Millatning eng sara, hur fikrli kishilarini yalpisiga qatag‘on qilish ommaviy tus olgan davrlarni ko‘rsatib turuvchi rasmlarda qora rang quyuqlashib boradi. Faqatgina dastlabki “1921” sanasi qo‘yilgan suratda qora rang boshqalariga nisbatan biroz kam, unda o‘rmondan maymunni yetaklab chiqayotgan kuchli va alpqomat yigit aks etgan. Suratlarni ko‘zdan kechirgan kishining qalbida allaqanday anglab bo‘lmas va tushuniksiz g‘ashlik paydo bo‘ladi, diliga noxushlik yopirilib kiradi. Agar 1926 yildayoq Abdulla Qodiriyning “Yig‘indi gaplar” asari uchun qamoqqa olinganligini eslasak, yozuvchi tanlagan raqamlarning har biri ma’lum bir voqeaga ishora ekanligi anglashiladi. Maymun yetaklagan yigit suratida “ Yigitning ko‘zlari tiyrak va ishonch bilan porlab turar, maymunning bo‘yniga osilgan kishan tarang tortilgan edi”81. 80 Eshonqul Nazar. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 121-b 81 Eshonqul Nazar. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 123-b Bu suratlarda nafaqat cholning, balki butun boshli davrning fojiasi aks etgandi. Maymun tabiat ramzi bo‘lsa, yigit jamiyatning timsoli. Ma’lumki, sho‘ro davrida tabiatni bo‘ysundirish, inson manfaatlariga xizmat qildirish uchun harakat qilingandi. Ikki o‘rtadagi ayovsiz kurashda har ikkala tomon juda katta talofot ko‘rganligi ham ayni haqiqat. Birgina Orol fojiasini eslashning o‘ziyoq bu muammoning nechog‘li keng qamrovligini bildiradi. Tabiatning o‘ziga qilingan zo‘ravonlik uchun o‘ch olishi, munosib javob qaytarishini bugun kundalik hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Inson tabiatga qo‘shib o‘zini, o‘zligini ham xarob qildi. Hikoya serqatlam, polifonik xususiyatga ega, unda inson, tabiat va jamiyat uchligi tasviri orqali ulkan fojianing ildizlari ochib berilgan, deyish mumkin. Cholning alamzada, asabiy, hayotdan noroziligi sabablari, uning yo‘qotishlari va o‘zini baxtsiz, tushkun his qilishi jamiyatning mohiyatini tushunib yetganligi bilan izohlanadi. Bu narsa chol va ijarachi yigit o‘rtasida kechgan suhbatda oshkor bo‘ladi. Cholning hayot, jamiyat va odamlar to‘g‘risidagi fikrlari zamirida mantiq va falsafa yashirin. Jumladan, chol e’tiqod haqida shunday deydi: “E’tiqod! – dedi u g‘ussali ohangda, – agar bir umr e’tiqod qo‘yib yashasangu, bir kuni e’tiqod qo‘ygan narsangiz puch, yolg‘on va puflab shishirilgan sharday omonat, siz ezgulik deb sig‘ingan narsalar, asli razolat ekanini anglab qolsangiz, bunday demasdingiz; ana shunda umringiz yomonlik bilan yaxshilikning farqi qolmagan, xuddi yo‘ldan chiqib ketgan shaldir-shuldir, bo‘m-bo‘sh aravaga aylanardi”82. Tarixiy muhitni badiiy sintez qilish orqali yozuvchi mustabid tuzumning qiyofasini yaratgan va inson qadr topmagan har qanday jamiyatning inqirozga yuz tutishini ko‘rsatgan. Rassom cholning eng oxirgi suratida xuddi birinchi rasmdagi kabi o‘rmon tasvirlangan. Bu ikki surat o‘rtasidagi farq cholning hayoti bilan bog‘liq. Suratda qari, munkayib qolgan cholni o‘rmonga boshlab ketayotgan maymun tasvirlangan. Inson umrining ibtidosi va intihosi aks etgan suratda tarixiy-ijtimoiy muhit, shaxs fojiasi to‘la namoyon bo‘lgan. Bu hikoyada ramziylik ham tabiatga, ham jamyaitga ko‘chirilgan, ko‘p qatlamli tasvir va ko‘p fikrlilik orqali umri yolg‘onlarga to‘lib-toshgan inson umri ko‘rsatilgan. Davrga aybnoma kabi yaratilgan bu hikoyada bir nechta g‘oya ilgari surilgan, hikoyaning oxiridagina kitobxon yozuvchining nima demoqchi bo‘lganligini anglab yetadi. Modern kayfiyatining o‘ziga xos namunasi bo‘lgan bu hikoya, shubhasiz, nasrimizning yutuqlaridan biri deyish mumkin. Nazar Eshonqulning “O‘lik mavsum”83 hikoyasida bayon qilingan voqea real hayotdagidek tuyuladi. Oliy quv yurti talabalari hammalari uchun nihoyatda sevimli bo‘lgan o‘qituvchilarining har bir darsini orziqib kutishadi. Uning har bir sabog‘idan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan ham ilmga, ham ruhiyatlariga yorug‘lik beruvchi, tafakkurga kuch beruvchi ma’naviy chanqoqlikni qondiruvchi xazinaga ega bo‘lishadi. Ustoz shogirdlarning savollariga javob qaytarar ekan, talabalar uning fikrlaridan hayratga tushadi. Favqulodda iste’dod sohibi bo‘lgan bu insonni hammalari chuqur hurmat qilishadi va unga nisbatan ehtirom ko‘rsatishadi. Ular o‘zaro kelishib, ta’til davrida ustoz bilan ko‘rishib, u bilan yanada yaqinroq tanishmoqchi bo‘ladilar. Ta’til payti, ehtimol, ma’naviy tanazzul boshlanayotgan davrga ishora. Xullas, ustozni uchrashuvga taklif qilmoqchi bo‘lgan yoshlar uning yashash manzilini izlay boshlaydilar. Biroq uning uyini hech kim bilmasdi. Va nihoyat xodimlar bo‘limidan uning uy manzilini topishadi. Voqealar shu nuqtaga kelganda eng yuqori nuqtaga ko‘tariladi. Bir qarashda tasvirlanayotgan real voqelik mutlaqo boshqacha tus oladi. Kitobxonni hikoyani qayta jiddiy o‘qishga, unda yuz berayotgan voqealarga boshqacha nazar solishga majbur qiladi. Chunki ular ustozning manzilini izlab topishganida g‘alati bir holga tushadi. Ustozning uyi deb ko‘rsatilgan manzil, qabriston bo‘lib, qabriston va uyning raqami bir xil ekanligi, aslida, uning allaqachon vafot etib ketganligi va o‘zlariga dars bergan odamning marhum ekanligi 82 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 128-b aniq bo‘ladi. Voqeadan insonga faqat tiriklar emas, balki marhumlar ham ustozlik qilishi mumkin, degan xulosa chiqadi. Qatag‘on qurboniga aylangan Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi yuzlab alloma-ijodkorlarning kitoblari goh oshkora, goh yashirin tarzda qariyib bir asrdan buyon ilm-fan va adabiyot ahli tomonidan sevib o‘qib kelinmoqda. Shunga asoslansak, ustozlik qiladigan rahnamoning tirik bo‘lishi unchalik ahamiyatga ega emasligi ko‘rinadi. Ibn Sino, Forobiy, Moturidiy, Navoiy kabi ko‘plab zotlarning hayot yo‘llari, purhikmat fikralari, asarlari asrlar davomida turkiy xalqlar uchun muhim ma’naviy xazina bo‘lib xizmat qilmoqda. Fanning, ilmning, badiiy so‘z va tafakkurning o‘limdan kuchli ekanligidan dalolat beruvchi bu hayotiy haqiqatning tasdig‘ini tariximizda ko‘rish mumkin. Olamni, odamni, tiriklikning ma’no-mazmunini, ilohiy-irfoniy ta’limotni anglashga beminnat xizmat qiluvchi bunday nodir zotlar boy tariximizda behisob. Ular qoldirgan kashfiyotu tadqiqotlar, tafakkur javharlari barcha zamonlarga birdek tegishli, o‘zini anglamoqchi bo‘lgan kishilar uchun maktabdir. Yozuvchi tarixiy - ijtimoiy muhitni ko‘rsatish orqali, o‘sha davrga xos mafkuraning, yovuz siyosatning mohiyatini ishonarli chizib bergan. Hayotiy va badiiy haqiqatning sintezi o‘laroq yaratilgan bunday hikoyalar kitobxonni yaqin tariximizda yuz bergan mudhish voqealar bilan obrazli tanishtiradi, tafakkurning kuchi har qanday siyosatdan, hatto o‘limdan ham ustun ekanligini ko‘rsatadi. Polifonik xususiyatlar bo‘rtib ko‘rinadigan “Og‘riq lazzati” hikoyasida84 qatag‘on davri, mahbuslar hayoti aks etgan. Turli jismoniy azoblar, og‘ir sharoit tufayli och-nahor, ust-boshi uvada, butun tanasini yara-chaqa va jarohat qoplagan mahkumlar har qancha azobga duchor qilinsa ham, ularning yuz - ko‘zlarida mungli tabassum balqib turadi. Mazkur hikoyani tahlil qilgan H.Karimov, uni ikki xil talqin qilish mumkin, degan fikrni o‘rtaga tashlaydi85. Dunyoviy jihatdan “jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar mohiyatini teran idrok etishga qodir shaxslarning iztirobi inkishof qilingan, diniy jihatdan esa, “ yorug‘ dunyo azoblariga bardosh berishlik Allohning sinovidan o‘tib, oxirat saodatiga erishmoqlikdir”, deb talqin qiladi munaqqid. Bizningcha ham, adabiyotshunosning e’tirofi to‘g‘ri va o‘rinli. Taqdirning imtihoni, turli mushkul sinovlariga dosh berish bilan inson ruhi poklanadi, hayotni chuqurroq anglaydi, tiriklikning bebaho ne’mat ekanligini his qiladi. XX asrda xalqimiz bir necha marta qatag‘onga duchor bo‘ldi, millatparvar zotlar turli siyosiy ayblar bilan otildi, surgun qilindi, ijodlari taqiqlandi. Fitrat, Qodiriy yashagan 37 yillar, Oybek, Shayxzoda, Mirtemirning uzoq muddatga qamalishi – ikkinchi repressiya, Said Ahmad singari yozuvchilarning nohaq hibsga olinishi, 70-80 - yillardagi siyosiy buhronlar, so‘z erkinligining ta’qib ostiga olinishi, har qanday hur fikrning keskin qarshilikka uchrashi. Bularning barchasi millatning ruhini sindirishga, uni ma’naviy-ruhiy jihatdan majruh qilishga qaratilgan, tili, dini, an’ana va qadriyatlaridan ajratib, shonli tarixini buzib ko‘rsatib, o‘zligidan ayirishga mo‘ljallangan edi. Mustaqillik davri hikoyachiligi to‘g‘risida fikr yuritilar ekan, ijodkorlar insonning o‘z savollariga o‘z botinidan javob izlashi, o‘zini taftish qilishi, o‘zini so‘roqqa tutishi, izlayotgan narsasi, aslida, o‘zida ekanligini anglashi lozimligi, shaxs va millat dardi birlashmas ekan jamiyat taraqqiy etmasligiga alohida e’tibor qarata boshlaganlarini qayd etishlari shart. Bu milliy adabiyotimizning yutug‘idir. Ijod erkinligi qalam ahlining insonlik mohiyatini anglash, estetik ideali haqidagi fikr-tuyg‘u ifodasi yo‘lida ko‘ngil istagi bo‘yicha ish tutishi, ya’ni ma’rifatli kishilar bilan ma’naviy muloqotga kirishuvidir. Binobarin, u ijtimoiy makon uchun mas’ullik va milliy estetik ong rivoji oldidagi burchdorlik, ma’naviyat hamda axloq bilan chambarchas 84 Eshonqul N. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 192-b. bog‘liqdir. Demak, ijodiy tafakkur va ruh erkinligi doimo maqsadli, anglangan va binobarin, cheklangandir. Adabiyot – san’at o‘z tabiatiga ko‘ra ijtimoiy, dunyoni badiiy-estetik qabul qilishi va ifoda etishiga ko‘ra hamisha moderndir. Shunday ekan, hech bir milliy adabiyot hech bir davrda keng ma’nodagi “sintez” dan xorij bo‘lolmaydi.86 Yangi davr hikoyachiligida islom dini, Qur’oni Karim, hadisi sharif, diniy-mifologik tasavvurlar, rivoyat, asotirlar, tasavvuf ruhi bilan sug‘orilgan, ajdodlarimizning qarashlari bilan to‘yingan, Rumiy, Navoiy singari zotlarning falsafiy fikrlari bilan hamohanglik ko‘zga tashlanadi. U.Hamdamning “Bir piyola suv” hikoyasiga epigraf qilib olingan “Neki istarsen o‘zingda jam erur”, I.Sultonning “Suvdagi kosa” hikoyasiga tanlangan, J.Rumiyning “Bizlar suv ustida turgan kosaga o‘xshaymiz. Kosaning suv ustida oqishi o‘z ixtiyori bilan emas, balki suvning irodasi va hukmi bilandir” hikmati bejiz emas. Hozirgi adabiy jarayonni kuzatsak, diniy-ma’rifiy qarashlarga ehtiyoj tobora kuchayib borayotganligini ko‘rish mumkin. Ayni shu holat ham Nazar Eshonqulning hikoyalarida ham ko‘zga tashlanadi. Nazar Eshonqulning “Tobut” hikoyasida87 tasvirlangan voqea shaharda bo‘lib o‘tadi. Hikoya qahramoni va boshqa hamrohlari birgalikda o‘lat shaharga borishadi. Asar me’mor tilidan bayon qilingan. Me’mor ertalab bir necha odamning o‘ligi chiqqan, bir-biriga quyib qo‘yganday o‘xshash yaqin oradagi ko‘p qavatli imoratlarga yo‘l oladi. Bir qarashda uylar g‘oyat did bilan qurilgandek ko‘rinar, boshqa tomondan esa xuddi ulkan-ulkan qoyalar oyog‘ingiz ostiga to‘satdan qo‘porilib tusha boshlagandek ularga qaragan sayin me’morning ich-ichida nimadir qulab ketayotgandek tuyuladi. Ustiga ustak, qorong‘u zinada shahar ko‘chalarida kezib yurgan ufunat yana ham badbo‘ylashgandi, hidning odamni behol qilib qo‘yadigan darajada o‘tkirligidan me’morning zinadan chiqquncha nafasi tiqilib, dimog‘i achisha boshlaydi. Xonadonlarda me’mor va uning sheriklarini indamay kutib olishar va ichkariga boshlashar, hujralarga olib kirishar, darvozalarni, devorlarni ko‘rsatishar, so‘ng yana biron so‘z aytmay kuzatib qo‘yishardi. Shaharda hamma uylar ataylab ichkarini salqin saqlash uchun ufqqa teskari qurilgandi. Me’mor avvaliga ommaviy o‘lim sabablari aynan nurni yutib yuborgan mana shu zahlik va zulmatda bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi, ammo tezda bu fikri haqiqatga hech bir to‘g‘ri kelmasligini anglab yetadi. Chunki shahar boshlig‘i «O‘lim to‘rt muchasi but, baquvvat, sog‘lom kishilarni nam komiga tortayapti», degandi. O‘lating bu uylarga hech bir aloqasi yo‘qligini tushungach, hafsalasi pir bo‘lib iziga qaytadi. U bir necha kun ichida o‘lim elchisi kezib yurgan barcha binolarni deyarli bir-bir aylanib chiqadi. Haliyam hamma joyda o‘sha hid, hamma hujrada o‘sha zulmat, hamma xonadonda yurakni seskantiradigan sukunat hukmron edi. Hatto bu sukunat ko‘chalarda odamlarning yuzlarida ham aks etardi. Odamlarning ko‘zlari-yu yuzlarida shuncha musibatdan so‘ng ham qilt etgan ifoda ko‘rinmas, ular loqayd, beparvo xuddi manqurtdek hissiz edilar va aravalarga yoki zambillarga solingan o‘liklarni olib o‘tishayotganda ular arava yoki zambilga ho‘mrayib ko‘z tashlab qo‘yishar va indamay yo‘llarida davom etishardi. Me’mor shaharga kelgandan beri o‘zini qop-qora bulutlar ostida qolgandek his etadi, unda jimgina bostirib kelayotgan o‘limga nisbatan ko‘nikma paydo bo‘lgandi. Unga shahar odamlari qulashini bilgan holda jarga qarab yugurib ketayotgan telbaday taassurot qoldiradi. Me’mor o‘zini keyingi kunlarda ro‘yo hukmron bo‘lgan shaharga kelib qolganday his qiladi va unga har bir ko‘rgan manzarasi aql bovar qilmas narsalar bo‘lib tuyula boshlaydi. U bir kuni quyi ko‘chalarning birida kiyimlari uvada, qaddi bukik, hashamdor va viqorli, shaharni ataylab masxara qilayotganday dog‘-dug‘ga belangan uzun hirqa kiygan, yuzidagi shish va ajinlar qishki qabristonni eslatadigan, sochi kal peshonasi uzra osilib tushgan, barvasta kishini uchratib qoladi. 86 Yoqubov I.Badiiy matn va estetik talqin. T.: 2013. 118-119-b. 87 Eshonqul Nazar. Maymun yetaklagan odam. T.: Yangi asr avlodi, 2004. 168-b “– Hammalaring uning changalidasizlar, shahar ham uniki, - baqirardi u loqayd va parishon odamlarga. – U menga aytib turdi, men qurib berdim. Birdan ishtaham bo‘g‘ildi va nazorat boshlig‘idan bu barvastaning kimligini so‘radim. – Shu ko‘chaning jinnisi, – dedi nazorat boshlig‘i yuziga g‘amgin tus berib. So‘ng men kutmagan jiddiylik bilan hikoya qila boshladi. – Asli, sizga kasbdosh. Boshliq aytgan me’mor shu kishi bo‘ladilar. Shahrimiz uning loyihasi asosida qurilgan. U bosh me’mor, men esa unga yordamchi edim. O‘zi juda g‘ayratli, savodli va tinib-tinchimas odam edi. Shaharda biron g‘isht ham uning ko‘rsatmasisiz qo‘yilmagan. U men bilgan me’morlarning eng ulug‘i edi”88. Sobiq me’mor klassik va zamonaviy me’morchilik sohasida tengi yo‘q bilimdon mutaxassis edi. U Lotin Amerikasi, Singapurdagi binolar qurilishini ham tinimsiz kuzatib borardi, o‘sha yurtlardan unga qalin-qalin xatlar kelib turardi. U «dunyoga eng ulkan va odamzot hali xayoliga keltirmagan shahar quramiz», deb xitob qilardi. Hikoya tobut shaklida qurilgan shahar – sovet tuzumi haqida. Odamlarning hissiz va loqaydligi, me’morning aqldan ozishi, shahardagi qo‘lansa hid, borgan sari og‘irlashib borayotgan ahvol, o‘zini o‘zi yemirib borayotgan shahar, mustabid tuzumning belgilarini ko‘rsatuvchi ramzlar. Umuman, asar ramziylikka asoslangan. Xalqlarni manqurtga, tirik qullar, tekin ishchi kuchiga aylantirmoqchi bo‘lgan tuzum tobutga o‘xshatilgan. Bu odamzot hali xayoliga keltirmagan shahar – ilmiy kommunizm degan niqob ostidagi qonli siyosatning aksi. Tarixiy muhit va badiiy sintez masalasini o‘rganish badiiy asarning yaratilishi, unga turtki bo‘lgan omillar, yozuvchi va ijtimoiy - tarixiy sharoit, yozuvchi konsepsiyasi va ijodkor shaxsi bilan bog‘liq. Xullas, yozuvchi Nazar Eshonqul hikoya yaratish jarayonida, badiiy sintez vositasida birinchidan, asarning yashovchanligini oshiradi, ikkinchidan, badiiylik mezonlarini yuksak darajada bo‘lishiga erishadi, uchinchidan, tarixiy haqiqatni xolis va haqqoniy yoritish imkoniga ega bo‘ladi. Download 0.93 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling