16-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olishni rad etish uchun asoslar
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatiga olishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
davlat ro‘yxatiga olish organida mazkur yer uchastkasining kimga tegishli ekanligi to‘g‘risida nizo borligidan dalolat beruvchi hujjatlarning mavjudligi;
davlat ro‘yxatiga olish organida mazkur yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni va yer uchastkalariga oid bitimlarni davlat ro‘yxatiga olish rad etilganligi yoki ro‘yxatga olish muddatlarining buzilganligi ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
20-modda. Tuman (shahar) yer kadastri daftari
Tuman (shahar) yer kadastri daftari yerlarni davlat ro‘yxatiga olish, hisobga olish va ularni baholash bo‘yicha asosiy hujjat bo‘lib, yer uchastkasining joylashgan o‘rni, qaysi maqsadda foydalanish mo‘ljallanganligini, unga egalik qilish, undan foydalanish, uni ijaraga olish huquqlarini va unga bo‘lgan mulk huquqini aniqlash uchun zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, yer uchastkasining miqdor va sifat holati hamda bahosi to‘g‘risidagi axborot manbai hisoblanadi.
Yer kadastri daftarining tuzilishi, mazmuni va uni yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Kadastr uchun suratga olish
Kadastr uchun suratga olish yer uchastkalari va maydonlari chegaralarini belgilash hamda kartografiya qilish, ularni kadastr xaritalari va planlarida aks ettirish maqsadida amalga oshiriladi.
Kadastr uchun suratga olish aerofotogeodezik va yer ustida bajariladigan uslublarda, topografik-geodezik ishlarni bajarish, tuproq, geobotanik va boshqa xil maxsus tekshiruvlar uchun belgilangan texnikaviy talablarga muvofiq yer uchastkasining o‘lchamidan kelib chiqadigan masshtablarda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |