Demokratiya” tushunchasi mohiyati va demokratik jamiyat qurishning umume’tirof etilgan tamoyillari. Demokratiya
Download 0.65 Mb.
|
1-30 gumanitar javoblar
2. O’zbekistonning geosiyosiy o’rni. 1991 yilda sobiq Ittifoqning parchalanib ketishi uning asosida qator mustaqil suveren davlatlarning, shu jumladan O’zbekiston Respublikasining vujudga kelishiga sabab bo’ldi.
O’zbekiston davlat mustaqilligining dastlabki kunlaridan boshlab, o’zining ichki va tashqi siyosatini ishlab chiqish, boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama aloqalar o’rnatish borasida muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Sobiq Ittifoqning parchalanib ketishi va O’zbekistonning davlat mustaqillikka erishishi natijasida mamlakatimizda quiydagi o’zgarishlar ro’y berdi: 1.Ilgari «Markaz» tomonidan boshqariladigan vazifalarni endi O’zbekistonni o’zi mustaqil ravishda bajarishiga to’g’ri kelmoqda. 2.Ijtimoiy siyosiy o’zgarishlar iqtisodiy o’zgarishlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. Bunda rejalashtiriladigan iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tish ushbu masalani nazariy va amaliy muammolari echimini taqozo etmoqda. 3.O’zbekiston boshqa O’rta Osiyo davlatlari kabi Rossiya bilan janub va janubi-g’arbida joylashagan Pokiston, Eron va Turkiya davlatlari o’rtasida «Bufer-davlat» rolini bajarmoqda. 4.O’zbekiston O’rta Osiyo davlatlari ichida AQSh pozitsiyasini qo’llayotgan mamlakat. Bunday holat o’ziga xos ijtimoiy siyosiy va iqtisodiy samaralar berishi mumkin. 5.O’zbekiston O’rta Osiyoda egallagan qulay geostrategik o’rni, boy va xilma-xil tabiiy resurslari, tabiati bilan ko’pchilik davlatlar, shu jumladan, AQSh va Rossiya e’tiboini o’ziga jalb qilmoqda. Bunday sharoitda hech ikkilanmasda yagona yo’lni tanlab olish zarur. Bu o’rinda O’zbekiston prezidenti I.A Karimov tomonidan tanlangan yo’l, ya’ni AQSh pozitsiyasini qo’llab quvvatlash-hozir vaqtdagi eng haqqoniy va maqbul yo’ldir, shu bilan birga O’zbekiston qo’shni davlatlari, dasttavval Rossiya bilan o’rnatilgan aloqalarini davom ettirishi ham maqsadga muvofiqdir. O‘zbekiston Afg‘oniston shimolida joylashgan Markaziy Osiyoning markazidagi respublika. Jug‘rofiy koordinatalari: 41° 00" sh.k, 64° 00" sh.u. Umumiy maydoni: 447,4 km.kv.; quruqlik maydoni: 425,400 km.kv.; suv maydoni: 22 000 km.kv. Quruqlikdagi chegaralarining umumiy uzunligi 6221 km. Shu jumladan Afg‘oniston bilan – 137 km., Qozog‘iston bilan 2203 km., Qirg‘iziston bilan 1099 km, Tojikiston bilan 1161 km va Turkmaniston bilan 1 621 km. Qirg‘oq chegarasining uzunligi: 0 km79. Qit’a ichida joylashganligi uchun dengiz hududlariga da’volari mavjud emas80. Iqlimi asosan mo‘tadil, yozi uzoq va issiq, qishi yumshoq sharqiy hududlari quruq cho‘llar, chala-cho‘llar va dashlardan iborat. Relefi asosan tekis qumli cho‘llar, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolaridan sug‘oriladigan keng maydonlardan iborat. Farg‘ona vodiysi sharqda Qirg‘iziston tog‘lari bilan o‘ralgan. Mamlakat g‘arbida Orol dengizi joylashgan. Eng yuqori va eng past nuqtalari: Sariqarnush ko‘li – 12 m., va eng yuqori nuqtasi Adelunga tog‘i 4 301 m. Tabiiy zaxiralari: tabiiy gaz, neft, ko‘mir, oltin, uran, kumush, mis, qo‘rg‘oshin, sink, volfram, molibden. Dehqonchilik: haydaladigan yerlar: 9%; Yaylovlar: 46%; O‘rmonlar: 3%; Boshqalar: 41% (1993 y.r.m.) Sug‘oriladigan maydonlar: 40 000 km.kv. O‘zbekistonda atrof muhit bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjud bo‘lib, Orol dengizining qurishi oqibatida pestitsidlar va tabiiy tuzlarning to‘planishi ro‘y bermoqda. Buning natijasida yerlarning sho‘rlanishi va cho‘llarning kengayishi kuchayib bormoqda. Sanoat oqovalari bilan suvlarning ifloslanishi navbatdagi jiddiy muammo hisoblanadi. O‘tgan asrning 80 yillarida mineral o‘g‘itlar va pestitsidlarning qishloq xo‘jaligida keng qo‘llanilishi oqibatida aholi o‘rtasida turli kasalliklar kuzatilgan. Sho‘ro davrida qishloq xo‘jaligida turli ximiyaviy dorilarning (masalan DDT) qo‘llanilishi ham yerlarning kasalanishiga ham olib kelgan. Markaziy Osiyo miqyosida tarqalgan bu muammolar mintaqadagi barcha respublikalar ishtirokida hal etilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida integratsiya jarayonlariga alohida ahamiyat beradi. XX asrning oxirida yuz bergan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy o‘zgarishlar natijasida dunyoning geosiyosiy holati tubdan o‘zgardi, yangi mustaqil davlatlar vujudga keldi va bu davlatlar xalqaro munosabatlar tizimida o‘z o‘rnini aniqlash yo‘liga utdi. Bular jumlasiga Markaziy Osiyo davlatlari ham kiradi. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni qo‘lga kiritganlaridan so‘ng, har biri o‘zining siyosiy va iqtisodiy, tashqi va ichki siyosatida ustuvor tamoyillarni aniqlab olgan holda milliy davlatchiligini shakllantira boshladi. Davlatlar tashqi siyosat yurgizar ekan, albatta, milliy manfaatlarini ko‘zlaydi. Tashqi siyosatning mohiyatini esa milliy manfaatlar tashkil etadi. Milliy manfaatlar - bu millati, dini, dunyoqarashidan qat’i nazar, respublikamizdagi barcha fuqarolarning manfaatidir. Mazkur manfaatlarning turli xil tashqi va ichki tajovuzlardan himoya qilinishiga erishish bevosita milliy xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosati, avvalambor, milliy manfaatlar asosida shakllangan bo‘lib, quyidagi tamoyillar uning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qabul qilingan: -respublika milliy davlat manfaatlarining ustunligi, boshqa davlat manfaatlarini hisobga olish zarurati; -respublika xalqaro maydonda tinchlik va xavfsizlik uchun, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori sifatida harakat qilishi; -yadrosiz hudud bo‘lgani holda, O‘zbekiston hech qanday xarbiy bloklarga va ittifoqlarga kirmaydi, shuningdek, munozarali muammolarni kuch orqali tahdid qilish yo‘li bilan hal qilishdan bosh tortishi; -tashqi siyosatning boshqa davlatlarning ichki ishiga aralashmaslik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan holda qurilishi; -o‘z milliy-huquqiy tizimini barpo etayotgan O‘zbekistonning ichki davlat me’yorlariga nisbatan xalqaro huquq me’yorlarining ustun ekanini tan olishi va barcha xalqaro standartlarga rioya qilishi; -O‘zbekiston, o‘zaro ishonch asosida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tashqi aloqalarni o‘rnatishga va xalqaro tashkilotlar doirasida xamkorlik qilishga tayyorligi. Xalqaro munosabatlarda qabul qilingan mazkur tamoyillar o‘ta muhim bo‘lib, ularga rioya qilish davlatlar o‘rtasidagi muammolarni yechishga ko‘mak beradi. Shu o‘rinda aytish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy yunalishlaridan biri bu - Mapkaziy Osiyo omilidir. Zero, Markaziy Osiyo bugungi kunda jug‘rofiy-siyosiy va jug‘rofiy-strategik nuqtai nazardan juda muhim markaziy hududda joylashgan. Markaziy Osiyo haqida prof. G.A.Hidoyatov shunday deydi: «Markaziy Osiyo davlatlari Osiyo mintaqasida muhim geosiyosiy o‘rin tutadilar. Ularning hududi 4.4 mln. kv.km. bo‘lgani holda, butun Osiyoning 10 foizini tashkil etadi. Hudud Xitoy chegaralaridan Eron va Kaspiygacha cho‘zilgan bo‘lib, Yevropa, Uzoq Sharq, va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi tugundir. Markaziy Osiyo davlatlarining kelajakda dunyo siyosatida muhim tarixiy rol o‘ynashi uchun barcha imkoniyatlar mavjud»81. Markaziy Osiyo davlatlari «sovuq urush» barham topgandan keyingi davrda – xalqaro munosabatlarning yangicha tizimi tarkib topishi jarayoniga jadal qo‘shilmoqda. Ikki muhim omil: geostrategik sharoit va tabiiy resurslar Markaziy Osiyo mintaqasiga olamshumul iqtisodiy va siyosiy o‘lchovlarni baxsh etmoqda. O‘z navbatida, bu omillar bir-biri bilan o‘ta chatishib ketgan tarkibiy qismlarga bo‘linib ketadi, buning ustiga, ularning rivojlanishi bir maromda emasligi kuzatilmoqda. Ayrimlarining aqamiyati yo‘qolib borayotgan bo‘lsa, boshqalari, aksincha, endi avj olib kelmoqda. Bugungi kunda etnik, mahalliy, mintaqaviy mojarolar va jangari separatizm, diniy aqidaparastlik kabi omillar xavfsizlikka tahdid solmoqda. Ayniqsa, bunday qarama-qarshiliklar ayrim kuchlar qo‘lida ularning o‘z manfaatlari va ta’sir doiralarini saqlab qolish va himoya qilish uchun yoki strategik kuchlar muvozanatini o‘z foydasiga o‘zgartirish uchun qudratli siyosiy ta’sir vositasiga aylantirishga harakat qilmoqda. Har qanday mintaqaning hal qilinmagan va gazak otib ketgan muammolari butun dunyoda zanjir reaksiyasini keltirib chiqarishi mumkin. O‘zbekistan etnik, demografik, iqtisodiy va boshqa muammolar girdobida qolgan mamlakatlar qurshovida joylashgan. Dunyo hamjamiyatining Markaziy Osiyoga nisbatan qiziqishi va manfaatlari juda kuchlidir. Shu bilan bir qatorda, aytish lozimki, tashqi kuchlarning siyosiy va iqtisodiy, ma’naviy va mafkuraviy manfaatlari ham yo‘q emas. Shuning uchun mintaqada joylashgan davlatlar bu muammolarning yechimini birgalikda izlab topishlari lozim bo‘ladi. Prezidentimiz aytganlaridek, Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishi va taraqqiyoti, uning xalqaro hamjamiyatga qo‘shilishi va ular bilan teng huquqli aloqalar o‘rnatishi ko‘p jihatdan tinchlikka bog‘liqdir. Tinchlik esa hamkorlikda ta’minlanadi. Sayyoramizning juda katta maydonida kuchlar nisbati ko‘p jihatdan Markaziy Osiyodagi yangi mustaqil davlatlarning qaysi yo‘ldan borishiga bog‘liq. Shunday ekan, mustaqillikning birinchi yillaridanoq, mintaqadagi davlatlarga davlat sifatida rivojlanishiga, iqtisodiy taraqqiyotiga, o‘zi tanlagan yo‘ldan borishiga tashqi kuchlar tomonidan ta’sir ko‘rsatish harakatlari bo‘ldi. Mintaqada jug‘rofiy-siyosiy muvozanatni va barqarorlikni saqlagan taqdirdagina mazkur muammolarni hal etish imkoni tug‘iladi. Geografik nuqtai nazardan O‘zbekistan mazkur hududning markazida joylashgan va bu barcha yerdagi davlatlar bilan chegaradosh hisoblanadi. Qo‘shni davlatlar bunday imkoniyatdan mahrumdirlar. Barcha davlatlar ulkan geosiyosiy maydonda joylashgan bo‘lib, umumiy infratuzilmaga, bir-biriga bog‘liq, iqtisodiyotga ega holda dengiz kommunikatsiyalaridan ancha uzoqda joylashganlar, ya’ni mazkur hudud kontinental hisoblanadi. Ana shu masalada Markaziy Osiyoni dunyoning boshqa mintaqasi yoki davlatlari bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Yevropa qit’asi, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Janubiy Osiyo va O‘rta Yer dengizi davlatlarining deyarli barchasi bevosita dengiz kommunikatsiyalariga chiqadi, ya’ni ular dengiz davlatlari hisoblanadi. Markaziy Osiyo nafaqat geosiyosiy nuqtai nazardan, balki geoiqtisodiy tomondan ham yagona hudud hisoblanadi. Uning geosiyosiy jihatdan cheklangani tabiiy resurslarning boyligi bilan qoplanadi. Tabiiy resurslarni qazib olish va qayta ishlash yangi texnologiyalarni va texnologik fanlarni rivojlantirishni talab etadi. Afsuski, ushbu sohada Markaziy Osiyo davlatlari rivojlangan davlatlardan orqada qolmoqda. Shuning uchun mintaqa davlatlarining fan va texnika sohasidagi urinishlarini muvofiqlashtirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Har bir respublika alohida fanning muayyan sohasida ma’lum yutuqlarga ega, agarda ushbu yutuqlar umumiy manfaatlar yo‘lida birlashtirilsa, yirik va ijobiy natijalarga erishsa bo‘ladi. Hududning tarixan birligi iqtisodiy integratsiya jarayonlariga kuchli turtki bo‘ladi. Markaziy Osiyo davlatlarining dini, e’tiqodi, tili, urf-odatlari, boshidan o‘tkazgan og‘ip tarixiy kunlari va yig‘ilib qolgan muammolar yig‘indisi ularni birlashtiruvchi asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy integratsiyasiga tabiiy ta’sir etuvchi bir qancha omillar ham mavjud (bular suv manbalari va transport yo‘llarining umumiyligi, kommunikatsiya va energetik resurslarning bir-biriga bog‘liqligi, Orol dengizi bilan bog‘liq, ekologik muammo va boshqalar). Mazkur geoiqtisodiy birlik integratsiya jarayonlariga tabiiy asos bo‘lishi mumkin va, o‘z navbatida, mazkur omillarning hal qilinmasligi mintaqa xavfsizligi va integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilishi mumkin. Markaziy Osiyo hududidagi iqtisodiy integratsiya jarayonlari chet davlatlarini ham, xalqaro tashkilotlarning ham mintaqamizga bo‘lgan qiziqishini oshiradi. Moliyaviy-iqtisodiy barqarorlik va milliy valyutamizning konvertatsiyasiga erishilgani, qulay agrosanoat kompleksi chet el investorlarini jalb etish uchun omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Lekin O‘zbekistonning geografik joylashuvi, ochiq va arzon transport kommunikatsiyalarining yetarli emasligi, bojxona masalalarining to‘la hal etilmaganligi, respublikalar o‘rtasida pul muomalasi tartibga solinmaganligi - katta miqdorda arzon ishchi kuchi bo‘lgan taqdirda ham, - mahsulot va xomashyoni, o‘zlariga tegishli bo‘lgan valyuta miqdorini olib chiqishdagi to‘siqlar chet el kapitalini jalb etish samaradorligini pasaytirishi mumkin. Buni salbiy nuqtai nazar sifatida qaramaslik lozim, chunki yuqorida ko‘rsatilgan muammolar hal etilsa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozori chet el kapitali uchun foyda keltiruvchi manbaga aylanadi. Shu nuqtai nazardan Markaziy Osiyo davlatlarining yoqilgi energetika borasida ham kelishilgan siyosat olib borishlari iqtisodiy integratsiya jarayoniga ko‘mak beradi. Lekin bu juda nozik masala bo‘lib, davlat rahbarlarining siyosiy irodasiga ham bog‘liqdir. Markaziy Osiyoning neft va gaz zaxiralariga boyligi chet el davlatlarini doimo o‘ziga jalb etib turadi. Markaziy Osiyoda razvedka qilingan neft zaxiralari 15 dan 31 mlrd. barrel yoki barcha dunyo zaxiralarining 2,7 foizini, tabiiy gaz zaxiralari 230 dan 360 trillion kub.futni yoki dunyo zaxiralarining 7 foizini tashkil etadi. Hozirgi kunda Yevropa Hamjamiyati davlatlari energetika ehtiyojlarining 50 foizini import evaziga qoplamoqdalar. Energetika bo‘yicha xalqaro agentlikning ma’lumotiga ko‘ra ushbu qaramlik yanada ortadi. Yevropa Ittifoqning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji 220 mlrd. m.kubni tashkil etgan holda, 2010 yilga borib 300 mlrd.sm.kubga yetadi, ya’ni 35 %ga ortadi. Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarining yoqilg‘i-energetik resurslarga bo‘lgan ehtiyoji ham ayrim ma’lumotlarga ko‘ra taxminan 30 %ga ortdi. Mazkur resurslarning cheklanganligi Yevropa, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini Markaziy Osiyo mintaqasiga e’tibor qaratishga undaydi82. Neft va gaz resurslarini razvedka qilish, qazib olish va eksport qilish Markaziy Osiyo davlatlaridan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni hal etishni va turli xil mavjud to‘siqlarni olib tashlashni taqazo etadi. Undan tashqari, Markaziy Osiyoning Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya davlatlari bilan qo‘shnichiligi dunyo davlatlarining nazarini o‘ziga tortadi. Hozirgi kunda AQSh Yevropa davlatlari va Yaponiya mintaqamizning iqtisodiy potensialiga qiziqish bildirmoqda. Bu esa Markaziy Osiyoda geosiyosiy raqobatning avj olishiga olib keladi. Mazkur jarayonda masalani mintaqa davlatlarining milliy manfaatlari ustuvorligi asosida hal etilishi o‘ta muhim vazifa hisoblanadi. Bu borada ham ma’lum darajada kelishilgan siyosat o‘z ijobiy natijasini berishi muqarrar. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorida yirik kompaniyalarning ish boshlashi, ular tomonidan iqtisodimizga jalb qilinadigan kapitallar mintaqamiz xavfsizligi yo‘lidagi muhim omillardir. Chunki u yoki bu davlatga qo‘yilgan investitsiyalar bevosita xavfsizlik masalalari bilan ham bog‘liqdir. Ma’lumki, investor davlatlar mazkur hududning barqarorligidan manfaatdor bo‘ladi. O‘z o‘rnida, mintaqa davlatlari ham ana shu barqarorlikni saqlab turish maqsadida kelishilgan siyosat olib borishdan manfaatdordir. Markaziy Osiyo davlatlarining u yoki bu davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarning ta’siriga tushib qolmasligi mazkur davlatlarning tashqi siyosatiga va ayniqsa, o‘zaro munosabatlariga bog‘liqdir. Chunki Markaziy Osiyo aslida yagona geosiyosiy hududdir. Shunday ekan, Markaziy Osiyo davlatlari 1994 yilda imzolangan yagona iqtisodiy hududni tashkil etish shartnomasini qayta ko‘rib chiqishlari va iqtisodiy integratsiya jarayoniga katta e’tibor berishlari maqsadga muvofiq, bo‘lar edi. Hududning asosiy boyliklari (Turkmaniston bundan mustasno), ya’ni ishchi kuchi, suv va energetika resurslari, yer osti boyliklarining asosiy qismi Markaziy Osiyoning turt davlati hissasiga to‘g‘ri keladi. Kelishilgan iqtisodiy siyosat orqali EKO, MDH, ShHTda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borish mumkin bo‘ladi. Aslida, iqtisodiy integratsiya ham juda murakkab jarayondir. Zamonaviy rivojlanish jarayoni xalqaro xo‘jalik tizimi vujudga kelayotganligidan dalolat bermoqda. Mazkur xo‘jalik tizimida yirik davlatlar va iqtisodiy tashkilotlarga birlashgan holda, ya’ni umumiy mintaqa bozori orqali ma’lum mintaqa davlatlari ishtirok etmoqdalar. Bu jarayon o‘z o‘rnida iqtisodiyotning transmilliylashayotganligini va ma’lum mintaqalarda iqtisodiy integratsiyaning kuchayayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari bir-biriga yaqin iqtisodiy pozitsiyaga ega bo‘lgan holda o‘z iqtisodiyotlarini rivojlantirishga e’tibor berib, umumjahon iqtisodiyoti integratsiyasi jarayonlaridan orqada qolmasliklari lozimdir. Haqiqiy va amaliy natija beruvchi yagona geoiqtisodiy makonni shakllantirishga rivojlangan milliy iqtisodiyot orqali erishish mumkin. Milliy iqtisodiyotni yuqori darajaga ko‘tarish, bu real ishlab chiqarishni shakllantirish va eksport-import masalalariga katta e’tibor berishdir. Mazkur masalaga pragmatik nuqtai nazardan yondashadigan bo‘lsak har qanday iqtisodiy hamkorlik siyosiy kelishuvlar orqali amalga oshadi, ya’ni iqtisodiy hamkorlik ma’lum bir siyosiy aspektlarsiz amalga oshishi mumkin emas. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov birinchi bo‘lib Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy integrasiya masalasini ko‘tarib, 2001 yilning dekabr oyida «Markaziy Osiyo Hamkorligi» tashkilotini tuzish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu muammo Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda ma’lum bir qiyinchiliklarni vujudga keltirayotganini anglagan davlat raxbarlari bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladilar. Natijada, 2002 yilning 28 fevralida Almatida mintaqa davlatlari rahbarlarining uchrashuvida Markaziy Osiyo iqtisodiy hamdustligi «Markaziy Osiyo Hamkorligi» tashkilotiga aylantirildi va uning siyosiy funksiyalari kengaytirildi. Oxirgi o‘n yil mobaynida mintaqa rahbarlari tomonidan juda ko‘plab ishlar qilindi va natijada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik uchun yagona tizim o‘zagi shakllandi. Tan olmoq zarurki, ushbu tizimning yuzaga kelishi va shakllanishida Prezidentimiz Islom Karimovning xizmatlari katta bo‘ldi. Mintaqa davlatlarining raxbarlari tomonidan olib borilgan bu harakatlar o‘z natijasini bera boshladi. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan iqtisodiy integratsiya uchun huquqiy asos yaratilmoqda. Iqtisodiy, savdo va bojxona munosabatlarning takomillashib borishi natijasida, Markaziy Osiyoning ichida xam kelajakda eksport-import amaliyotlarining rivojlanishi va uning yuqori bosqichga ko‘tarilishini kutish mumkin. Xulosa qilib shuni ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonning asosiy vazifasi hozirgi kundagi turli xil tashqi va ichki omillarni, shuningdek, barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga olgan holda integratsiya jarayonlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishdir. Shunday qilib, XXI asrda mintaqadagi davlatlarning ushbu yo‘nalishdagi harakatlari tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va jug‘rofiy-siyosiy muvozanatni saqlab qolishga xolis ko‘z bilan qarashga undaydi. Mintaqaning kelajakdagi rivojlanishi va taraqqiyoti hozirgi xalqaro munosabatlarning, siyosiy va iqtisodiy aloqalarning sifat jihatidan yangicha tartibda shakllanishiga, mintaqa davlatlarini rahbarlarining yuksak mahorati va mas’uliyatiga bog‘liq. Download 0.65 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling