Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
Tayanch iboralar: leksema, so‘z, ma’no, leksik ma’no, grammmatik ma’no,
erkin ma’no, ko‘chma ma’no, bog‘liq ma’no, kontekstual ma’no, sema, semema, birlashtuvchi sema, farqlovchi sema. Topshiriq. Gapni ko‘chirib yozing, ko‘chma ma’noda qo‘llagan so‘zni topib, izohlang. Bilimsiz kishi nima gapirsa, nodonligi sababli so‘zlaydi, shuning uchun uning tili o‘z boshini yeydi. (Ahmad Yugnakiy) So‘zlar til va nutqning eng muhim birligi sanaladi. Tilning lug‘at tarkibiga kirgan har bir birlik so‘z sanaladi. Kitob, shitob, sof, insof, fazilat, illat, g‘aflat, suv, xom, tom, shom – bularning barchasi tildagi birliklar, ya’ni so‘zlar sanaladi. Keltirilgan so‘zlarning har biri o‘zining leksik mazmuniga ega. Aynan mana shu xususiyati bilan yonidagi boshqa so‘zlardan farqlanadi. Shu bilan birgalikda mazkur so‘zlarni bir yerga jamlab, yig‘ib turgan yana bir belgi, ularning grammatik mazmunga egadorligi ham ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra so‘z leksikologiyada ham, grammatikada ham o‘rganiladi Ma’lum bir ma’no bilan bog‘langan va grammatik jihatdan shakllangan tovush yoki tovushlar yig‘indisiga so‘z deyiladi. So‘zlarda ularni bir yerga jamlab, yig‘ishtirib va ayni paytda ularni farqlab turuvchi xos belgilar bo‘ladi. So‘zlarni bir-biri bilan birlashtirib turadigan va ayni paytda ularning bir-birlaridan farqini ko‘rsatish uchun xizmat qiladigan ma’nolarning jami ularning atash yoki leksik ma’nosi deyiladi. Masalan, uzum ho‘l meva, yegulik ma’nosini bildiradi. U olma, o‘rik, shaftoli, nok kabi meva nomini bildiruvchi so‘zlar bilan birgalikda meva nomlari guruhini tashkil etadi. Bir paytning o‘zida shakl-shamoyili, rangi, o‘sish holati, mevasi bilan boshqa so‘zlardan farqlanadi. Uzum so‘zi atash ma’nosidan tashqari predmetlik, bosh kelishik, birlik ma’nolarini ham anglatadi. Bu uning grammatik ma’nosi sanaladi. Olma, o‘rik, shaftoli, nok so‘zlari ham xuddi shunday grammatik ma’noga ega. Demak, so‘z til elementi sifatida ma’lum ma’no anglatuvchi nutq tovushi yoki tovushlar yig‘indisidan iborat bo‘ladi va nutq elementi sifatida u so‘z birikmasi yoki gapning ma’lum ma’no va grammatik xususiyatga ega bo‘lgan eng kichik qismi hisoblanadi. Leksik ma’no alohidalash, grammatik ma’no umumlashtirish uchun xizmat qiladi. So‘zlar tashqi qobiqqa ega. Har bir so‘z ma’lum bir tovushlardan tashkil topgan bo‘ladi. Masalan, tosh, mosh, qosh, bosh, fosh; tol, tom, toj, ton; to‘n, ta’m, tim so‘zlari birgina tovush yordamida bir-biridan farqlanadi. So‘zlarning ma’lum bir tovushlardan tashkil topishi ularning bu –ularning ifoda plani sanaladi. So‘zlar ifoda planida leksema deyiladi. Leksemaning tovush tomoni, nomi nomema atamasi bilan yuritiladi. Leksemalar tub (qalam, siyoh, bola, oq, qora, katta), yasama (qalamdon, siyohdon, sayilgoh, olmazor, qoray, oqar, bolalik), qo‘shma (qo‘ziqorin, balandparvoz, oshqovoq, moychechak, sheryurak), juft (katta-kichik, baland-past, ota-ona, bola-chaqa), takroriy (tez-tez, katta-katta, tog‘-tog‘) ko‘rinishlarda bo‘ladi. So‘zning ma’no tomoni (yoki semantikasi) uning narsalar, hodisalar, belgilar va shu kabilar bilan bog‘lanishidan kelib chiqadi. Bu jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita kuzatishda bo‘lmay, balki insonning olamni bilishi va ongida aks ettishi bilan bog‘liq holda kechadi. Aslida, borliqni bilish narsalar va hodisalar haqida tushunchaga ega bo‘lish demakdir. Bunda narsa va hodisalarning alohida va umumiy belgilari hisobga olinadi. Masalan, yomg‘ir yog‘in turi sanaladi, qor, do‘l, qirov, buldurug‘, shudring ham shunday, ammo ular ko‘rinishi, yog‘ish holati, davri, yerga tushishi, davriyligi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Aynan mana shu belgilar ularning ayricha so‘zlar ekanligini ta’minlaydi. Tilshunoslikda bu kabi belgilar sema atamasi bilan yuritiladi. So‘z ma’nosi o‘ta murakkab va ko‘p qirrali hodisa sanaladi. So‘z mazmun planida semema deyiladi. Sememaning nomlash, atash bilan bog‘liq belgilari atash semasi, uning uslubiy ma’no kasb etadigan belgilari ifoda semasi, matn ichida muayyan vazifa bajarishiga xoslangan belgilari vazifa semasi deyiladi. So‘zlarning belgilari (semalari) birlashtiruvchi (integral) belgilar (semalar) va farqlovchi (differensial) belgilar (semalar)ga ajratiladi. Qor, yomg‘ir, do‘l, qirov, buldurug‘, shudring so‘zlarini birlashtiruvchi belgi yog‘in semasidir. Unga zid ravishda qor va yomg‘irning yuzlab farqlovchi belgilarini topish mumkin. Rang, shakl, qattiqlik, harakat, bulut, fasl, kiyim semalariga ko‘ra ular bir-biriga zidlanadi. Bunday zidlash, taqqoslashga semik yoki qismlab tahlil qilish deyiladi. Shuningdek, yurmoq, odimlamoq, imillamoq, qadam tashlamoq, g‘izillamoq, uchmoq so‘zlari bitta harakatni ifodalagani bilan ular o‘rtasida darajalanish, farqli holatlar, ma’no tarmoqlanishlari ko‘zga tashlanadi. Shunga ko‘ra ularning har biri alohida so‘z hisoblanadi. Bu ularning mazmun plani (semalari) bilan bog‘liq hodisa sanaladi. So‘zlar narsa va hodisalarni ifodalashidan tashqari so‘zlovchilarning ularga nisbatan bo‘lgan salbiy yoki ijobiy munosabatini ham ifodalashi mumkin. Masalan, bosh so‘zi odam a’zolaridan biri haqidagi tushunchani anglatadi. Xuddi shu tushunchani ifodalaydigan kalla, oshqovoq, kompyuter so‘zlari so‘zlovchining boshga nisbatan bo‘lgan salbiy (kinoyaviy, kesatiq bilan aytilgan) yoki ijobiy qarashini ham bildiradi. Qo‘shimcha ma’no ottenkalari (semalar) insonlarning his- tuyg‘ulari, ichki kechirmalari bilan bog‘liq holda yuzaga chiqanligi uchun ular nutqning ta’sirchanligini, jozibadorligini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling