Djurabayeva Z. A. Ona tili
so‘zlari ishtirokida gaplar tuzing va shakldosh so‘zlarga izoh bering
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
so‘zlari ishtirokida gaplar tuzing va shakldosh so‘zlarga izoh bering.
27-§. SINONIMLAR (MA’NODOSH SO‘ZLAR) VA SINONIMIYA QATORI Reja: 1. Sinonimlar haqida malumot. 2. Sinonimik qator haqida ma’lumot. 3. Sinonimlarni yuzaga kelish sabablari. 4. Sinonimlarning turlari. Tayanch iboralar: sinonim (ma’nodosh) so‘zlar, sinonimik qator, dominanta, ideografik sinonimlar, nutqiy sinonimlar, uslubiy sinonimlar, uslubiy baho, ijobiy baho, salbiy baho, bo‘yoqdor so‘z. Topshiriq. Gaplarni o‘qing, odam, inson, kishi so‘zlarining ishlatilish o‘rinlariga diqqat qiling. Odam qadrli emas, odamgarchilik qadrli, odam noyob emas, odamgarchilik noyobdir. (Yusuf Xos Hojib) Kishining ulug‘ligi uning himmatidan bilinadi. Insonning himmati esa uning qiymatini belgilaydi. (Alisher Navoiy) Tevarak-olamda bizni o‘rab turgan voqea-hodisalar behisob. Biz ularni ifodalash uchun turli har doim muayyan so‘zlardan foydalanamiz. Ba’zi bir hollarda ayni bir predmet yoki hodisani atash maqsadida bir necha so‘zlarni ishlatamiz. Masalan, gul, chechak unib, o‘sib turgan joyni gulzor deb ataymiz. Tilimizda gulzor so‘zining o‘rnini bosadigan guliston, gulshan, chamanzor, bo‘ston kabi leksemalar ham mavjud. Ularning barchasi bir tushunchani ifodalash maqsadida ishlatiladi. Aytilishi va yozilishi turlicha, lekin ma’nosi bir-biriga yaqin bo‘lgan leksemalarga sinonimlar (ma’nodosh so‘zlar) deyiladi. Sinonim yunoncha synonimon – bir xil nomlanish degan ma’noni bildiradi. Ixlosmand, shinavanda, ishqiboz, havasmand, muxlis; mo‘ljallamoq, ko‘zlamoq, chog‘lamoq, chamalamoq, cho‘tlab ko‘rmoq; sevinmoq, suyunmoq, quvonmoq, shodlanmoq; xabardor, ogoh, boxabar, voqif so‘zlarida ham xuddi shunday munosabat kuzatiladi. Sinonimlarning bunday tartibda ketma-ket qo‘yilishiga sinonimik qator deyiladi. Masalan: armiya, qo‘shin, lashkar; boplamoq, qoyil qilmoq, qoyillatmoq, o‘xshatmoq, o‘rinlatmoq, kelishtirmoq, qotirmoq, do‘ndirmoq; botir, jasur, dov yurak, mard, qo‘rqmas; ovqat, osh, taom, xo‘rak; odam, kishi, inson, bashar; chaqqon, abjir, chapdast kabi. Sinonimik qatorni tuzishda ma’nosi barchaga tushunarli bo‘lgan, uslubiy jihatdan betaraf (neytral) so‘z asos qilib olinadi va bu so‘z dominanta (bosh so‘z) deb ataladi. Qolgan so‘zlarning ma’nodoshligi o‘sha asos so‘zga solishtirib aniqlanadi. Masalan: boshliq, rahbar, yo‘lboshchi, boshchi, kattakon; dongdor, mashhur, nomdor; dunyo, jahon, olam, koinot; salomlashmoq, so‘rashmoq, ko‘rishmoq, omonlashmoq kabi. Sinonimlarni aniqlashda ularning barcha belgilari hisobga olinishi kerak. Eng avvalo, sinonimlarning barchasi uchun birdek taalluqli bo‘lgan yagona belgi bo‘lmasa, ular bir-biriga ma’nodosh so‘zlar sanalmaydi. Masalan, chidam, bardosh, toqat, sabr, to‘zim so‘zlaridan iborat sinonimik qatordagi so‘zlar uchun yagona bo‘lgan belgi bu – chidamlilik qobiliyati, dosh berishlik holati sanaladi. Ikkinchidan, so‘zlar jins va tur munosabatini ifodalasa, ular sinonim so‘z sanalmaydi. Masalan, daraxt (jins) – olma, nok, behi, anor, shaftoli (tur), qo‘y (jins) – qo‘zichoq, sovliq, qo‘chqor (tur) so‘zlari sinonim emas. Uchinchidan, narsa va hodisaning emotsional-ekspressiv jihatini yoritadigan so‘zlar, garchi shu narsani ifodalasa ham, sinonim bo‘la olmaydi. Masalan, farzand, bola, zuryod so‘zlari bir- biriga nisbatan ma’nodosh so‘zlar hisoblanadi, ammo erkalash-kichraytirish ma’nosida qo‘llanuvchi bo‘taloq, qo‘zichoq, toychoq, jo‘ja kabi leksemalarini mazkur sinonimik qatorga kiritish mumkin emas. To‘rtinchidan, mohiyati jihatdan bir-biridan keskin farq qiladigan so‘zlar ham sinonim bo‘la olmaydi. Masalan, bitta she’riy janrga kiritilsa ham g‘azal, ruboiy, qit’a, fard ma’nodosh emas. Sinonimlar til taraqqiyoti natijasida paydo bo‘ladi. Masalan, achchiqlanmoq, g‘azablanmoq, qahrlanmoq so‘zlarining tilda turg‘un bo‘lib qolish tarixi bor. Ikkinchidan, chet tillardan so‘z olish natijasida ham sinonimlar vujudga keladi. Arab, fors-tojik, rus va boshqa tillardan kirgan so‘zlar o‘zbek tilidagi so‘zlarga ma’nodosh bo‘lib qolgan. Masalan, qo‘shin so‘zi qatoriga fors-tojik tilidan lashkar, rus tilidan armiya so‘zlari kelib qo‘shilgan va unga sinonim so‘z bo‘lib qolgan. Yov, yog‘iy, g‘anim, dushman; kesatig‘, kinoya, piching, istehzo; o‘git, nasihat, pand kabi holatlar haqida ham yuqoridagi gaplarni aytish mumkin. Sinonimlar o‘zi bildirayotgan ma’noga ko‘ra mutloq sinonimlar hamda uslubiy sinonimlarga ajraladi. Mutloq sinonimlarni birining o‘rnida ikkinchisini qo‘llash mumkin bo‘ladi. Masalan, yor, sevikli, mahbuba leksemalarini birining o‘rnida ikkinchisini ishlatish mumkin. Biroq, kulmoq, jilmaymoq, qah-qah urmoq, xiringlamoq, iljaymoq, tirjaymoq; yo‘l, so‘qmoq, ko‘cha, torko‘cha, shohko‘cha (prospekt), trassa, magistral yo‘l; tilla, oltin, yombi; epkin, shabada, shamol, bo‘ron, quyun kabi so‘zlar bir-biridan uslubiy jihatdan farqlanadi. Bu kabi so‘zlarda ijobiy yoki salbiy uslubiy bo‘yoqdorlik mavjud bo‘ladi. Kulmoq, jilmaymoq, qah-qah urmoq, xiringlamoq, iljaymoq, tirjaymoq leksemalaridagi asos (markaziy) ma’no “kulmoq” bilan bog‘liq. “Kulmoq”da insondagi ruhiy yengillik, shodlikni ifodalash uchun unga mutanosib ravishda yuz muskullarining odatdagi holatdan boshqaga holatga o‘tishi hisobga olinadi. Bu holat inson ongida umumlashma obraz tarzida yuzaga chiqadi. Jilmaymoq, qah-qah urmoq leksemalarida ijobiy, xiringlamoq, iljaymoq, tirjaymoq leksemalarida salbiy qo‘shimcha – emotsional-ekspressiv ma’no mavjud. Oy, hilol; jilg‘a, irmoq, soy, daryo, ko‘l, dengiz, okean; chaqaloq, qizcha, o‘spirin, qiz, juvon, ayol, xotin, kampir; nihol, daraxt so‘zlarida ham yuqoridagi kabi farqli holatlar kuzatiladi. Ularni ham birining o‘rnida boshqasini ishlatib bo‘lmaydi. Masalan, “jilg‘a” “tog‘ yoki tog‘ yon bag‘irlaridan oqib tushadigan kichik soy, suv ma’nosini bersa, “irmoq” “birlashib, katta daryo hosil qiluvchi har bir kichik daryo, daryocha” ma’nolarida keladi. Umuman olganda, sinonimlar til boyligini yuzaga chiqaradigan, so‘zlovchining turli ruhiy holatlarini, kechinmalarini yorqin ifodalash uchun xizmat iqladigan til birliklari sanaladi. Ulardan unumli foydalanish nutqni ta’sirchan va jozibador bo‘lishini ta’minlaydi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling