Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
6- bob. FRAZEOLOGIY
36-§. FRAZEOLOGIYA HAQIDA MA’LUMOT. FRAZEMA TIL VA NUTQ BIRLIGI SIFATIDA Reja: 1. Frazeologizmlar haqida umumiy ma’lumot. 2. Frazeologizmlarning so‘z birikmalaridan farqi. 3. Nutqda frazeologizmlardan foydalanish. Tayanch iboralar: so‘z birikmasi, erkin bog‘lanish, turg‘un bog‘lanish, ibora, turg‘un ibora, frazeologizm, frazeologik birlik. Topshiriq. Yozuvchi Murod Mansurovning “Judolik diyori” asaridan olingan quyidagi parchani o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan iboraga izoh bering. Sultonmurod akamning tepa sochi tikka bo‘lib, uning ko‘zlariga qattiq tikildi. Tilshunoslikda leksemalar o‘rtasidagi ikki xil munosabat farqlanadi. 1. Paradigmatik munosabatlar, ya’ni so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari. 2. Sintagmatik munosabatlar leksik birliklar o‘rtasidagi o‘zaro qo‘shnichilik munosabatlariga asoslangan bo‘lib, so‘zlarning ketma-ketlik tamoyili asosida bir-birlari bilan birikishi asosiga quriladi. Bu jarayonda so‘z qo‘shilmalari yuzaga keladi: moviy osmon, ko‘m-ko‘k osmon, baland osmon, osmonga uchmoq, osmonning rangi, burni osmonga ko‘tarilmoq va hokazo. Bunday bog‘lanishlar son-sanoqsiz bo‘lishi mumkin, ammo ularning har bir amaldagi tilning oltin qoidalariga – so‘zlarning ma’no va grammatik jihatdan mukammal bog‘lanishiga rioya qilgan holda yaratiladi hamda nutqda shu holda qo‘llanadi. Yuqoridagi so‘z qo‘shilmalarida mazkur qoidaga amal qilingan. Osmonning uchmoq (qaratqich- qaralmish munosabati noto‘g‘ri, osmonga tushmoq (ma’no jihatidan to‘g‘ri emas). Tilda qo‘llaniladigan so‘z qo‘shilmalarida ikki xil holat kuzatiladi. a) so‘z qo‘shilmalari: ma’naviyat ildizlari, ma’naviyat va ma’rifat, “Turkiy Guliston yoxud axloq”, Vatan sarhadlari, yurt jamoli, inson manfaati, Vatanga muhabbat, yoshlarning kelajagi va shu kabilar. Bunday so‘z qo‘shilmalari nutq jarayonida tuziladi, ularning qo‘llanilishi so‘zlovchining maqsadi va nutq momentidagi holatga bog‘liq bo‘ladi. So‘z qo‘shilmalari o‘z navbatida teng hamda erkin munosabat asosiga quriladi. Teng bog‘lovchilar yoki yordamchi so‘zlar vositasida bog‘langan so‘z qo‘shilmalarida teng bog‘lanishni kuzatish mumkin: bakalavr va magistr, institut hamda universitet, ona bilan bola kabi. Kelishiklar, ko‘makchilar, ohang va boshqa grammatik vositalar orqali o‘zaro tobelanish asosida hosil qilingan so‘zlar qo‘shilmasiga so‘z birikmasi deyiladi. So‘z birikmalarida bosh va ergash so‘z bo‘ladi. Ergash so‘z har doim bosh so‘zni izohlab, aniqlab, kengaytirib keladi, Masalan, bolajon xalq, bag‘ri keng xalqimiz, xalq qadriyatlari, xalq tarixi, xalqning o‘tmishi, xalqni boqmoq, xalq to‘g‘risida qayg‘urmoq kabi so‘z birikmalarida shu holni ko‘rish mumkin. b) Turg‘un birikmalar. Masalan, adi-badi aytishmoq, aytgani aytgan, arpasini xom o‘rmoq, barmog‘ini bigiz qilmoq, barmog‘ini tishlamoq, burni ko‘tarilmoq, ko‘zi moshdek ochilmoq, oq-qorani ajratmoq, o‘pkasini cho‘pga ilmoq va shu kabi. Odatda ma’nosi bir so‘zga teng keladigan, tilda oldindan taxt holga keltirilgan, ko‘chma ma’nodagi bunday ajralmas barqaror so‘zlar qo‘shilmasiga turg‘un birikmalar yoki frazeologizmlar deyiladi. Frazeologizm yunoncha prasis – ibora va logos – ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib, ular tilda oldindan yaratilgan bo‘ladi, nutqqa tayyor holda olib kiriladi va ularning tarkibidagi so‘zlarni almashtirish mantiqsizlikka olib keladi. Masalan, “Bu gapni eshitib uning tepa sochi tikka bo‘lib ketdi”, “Qo‘rqqanidan boshidan kapalagi uchib ketdi”, “Nima, sizning arpangizni xom o‘rdimmi?” gaplari takibida qo‘llangan tepa, kapalagi, arpa so‘zlarini yon, ninachi, bug‘doy so‘zlariga almashtirishga urinib ko‘ring-chi? Kutilgan ma’no yuzaga chiqarmikan? Agar shunday bo‘lsa, tushunarsiz gap hosil qilingan bo‘ladi. Frazeologizmlar yuqoridagi xususiyatlariga ko‘ra so‘z birikmalaridan keskin farq qiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, erkin birikmalarni nutq jarayonida tuzish, tarkibidagi so‘zlarni (komponentlarni) ixtiyoriy ravishda almashtirish, kengaytirish yoki olib tashlash mumkin bo‘ladi, turg‘un birikmalarni esa bunday qilib bo‘lmaydi. Masalan, nonini tuya qilmoq, ikki oyog‘ini bir etikka suqmoq, to‘nini teskari kiymoq, ilonning yog‘ini yalagan, og‘ziga talqon solmoq va shu kabi. Frazeologizmlardan o‘rinli foydalanish nutqqa uslubiy bo‘yoq beradi, uning ta’sirchanligini oshirish uchun xizmat qiladi. Masalan, sabri tugamoq, hech narsa yoqmaydi, to‘satdan, zabardast, rosa maqtamoq birikmalari o‘rnida toqati toq bo‘lmoq, yuragiga qil sig‘maydi, tomdan tarasha tushganday, tog‘ni ursa talqon qiladigan, ko‘kka ko‘tarmoq frazeologizmlarni qo‘llash nutqning ta’sirchanligini oshiradi. Turg‘un iboralar gap ichida qo‘llanganda bitta gap bo‘lagi vazifasini bajaradi. “Murodjon tog‘ni ursa talqon qiladigan yigit bo‘lib yetishdi”gapi tarkibidagi frazeologizm qanday so‘rog‘iga javob bo‘lib, aniqlovchi vazifasini bajarib kelmoqda. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling