Alkaloid saqlovchi moddalar bilan hab dori tayyorlash
O‘simlik kukunlari alkaloid tuzlarini o‘ziga adsorbsiyalaydi, natijada ularni ichaklarda desorbsiyaga uchrashi juda sekinlik bilan kechadi yoki bu jarayon umuman bo‘lmaydi. Shuning uchun alkaloid saqlovchi preparatlardan hab dori tayyorlashda kraxmal-qand aralashmasidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Rp: Atropini sulfatis 0,015
Papaverini hydrochloridi 0,3
Amyli cum saccharo q.s.
Misce fiant pilulae №15
Da. Signa. Bitta hab doridan kuniga 3 mahal ichilsin.
Atropin sulfat («A» ro‘yxati) va papaverin gidroxlorid («B» ro‘yxati) miqdori tekshiriladi. Dastlab hovonchada karxmal-qand aralashmasi maydalanadi, so‘ng taxminan 0,15 g ni hovonchada qoldirib, qolgani kapsulaga olib qo‘yiladi. 0,15 g atropin sulfat triturati (1:10) va 0,3 g papaverin gidroxlorid solinib aralashtiriladi va unga qolgan kraxmal-qand aralashmasi (kraxmal 1 qism, glyukoza 3 qism va sut qandi 3 qism) qo‘shiladi. Massa yaxshi chiqishi uchun unga dekstrinning glitserinli suvdagi 5% li eritmasi qo‘shiladi. Massa yumshoqroq tayyorlanadi. Bunday hab dori juda yaxshi chiqadi.
Тayyor hab doriga kraxmal sepib, idishga solinadi va surguchlab, muhr qo‘yiladi (O‘zR SSV ning 1996-yil, 17-iyundagi 489-sonli buyrug‘i) va «Ehtiyotlik bilan ishlatilsin» deb yozilgan yorliq yopishtiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |