Fassiolyoz — peroral biogelmintoz, tabiiy o‘choqli invaziya hisoblanadi. Hayvon va odamga kasallik ochiq suv havzalaridan suv ichganda, ovqatga adoleskariylar bilan zararlangan suv o‘sim- liklarini ishlatganda yuqadi. Adoleskariylar ichak shilliq pardalariga kirib, jigar va o‘t yo‘llariga migratsiya qiladi. Migratsiyaning ikkinchi yo‘li gematogen yo‘l bo‘lib, darvoza venasi sistemasi orqali qonga tushadi. Parazitlar 3—4 oydan keyin jinsiy yetiladi va shundan so‘ng tuxumlar qo‘ya boshlaydi.
Invaziyalar patogenezida gepatositlar va xolangiositlarning toksik-allergik zararlanishi hamda gepatobiliar sistemaning jarohat- lanishi katta ahamiyatga ega. Ba’zan fassiolalar teri osti kletchatkasi, o‘pka, qorin bo‘shlig‘i, ko‘z olmasi va boshqa to‘qimalarga kiradi.
Yashirin davri 7 kundan 2 oygacha davom etadi. Kasallikning o‘tkir bosqichida tana harorati ko‘tarilib, qorinda kuchli og‘riqlar, eshakemi toshishi, bo‘g‘ilish va nafas olishning qiyinlashishi kuzatiladi. Jigar kattalashadi. Keyinchalik surunkali bosqichda bemorning o‘ng qovurg‘a osti (jigar sohasi)da og‘riq, ko‘ngil aynishi va ishtaha pasayishi bezovta qiladi. Jigar odatda kattalashadi, jigar abssesslari uchrashi mumkin. Kasallikning keyingi davrlarida bemor ozib ketadi. Qonda eozinofiliya va leykositoz aniqlanadi.
Kasallik hozirgi zamon davolash sistemasida sog‘ayish bilan yakunlanadi. Asoratlar kuzatilganda kasallikning oqibati — jiddiy.
O‘tkir bosqichda kasallik tashxisi immunologik tekshirishlarga — KBR, presipitatsiya reaksiyasi va teri ichiga qo‘yiladigan allergik sinamaga, kasallikning keyingi bosqichlarida esa najasda va duodenal zondlashda fassiolalar tuxumlarini topilishiga asoslangan. Najas chayindisini tekshirish tavsiya qilinadi. Buning uchun najasning ozroq qismi Petri kosachasida suv bilan aralashtiriladi va bir necha minut davomida zarrachalar cho‘kishi uchun tindiriladi. Cho‘kma ustidagi qismi to‘kiladi, unga toza suv qo‘shiladi va shunday tarzda cho‘kma ustida tiniq suyuqlik qolguncha takrorlanadi. Cho‘kmadan bir necha sinamalar olinadi va tekshiriladi.
Davolash uchun sutkasiga 1 kg tana vazniga 30—60 mg dan xloksil qo‘llaniladi, to‘liq davo kursi uchun 1 kg tana vazniga 0,3 g tayinlanadi. Asoratlar rivojlanganda antibiotiklar va simptomatik dorilar qo‘llanadi.
Profilaktikasi hayvonlardagi fassioloz bilan kurashish bo‘yicha veterinar-xo‘jalik tadbirlarini o‘tkazishga asoslangan. Ovqatga yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklarni xom ishlatish yoki oqmaydigan suv manbalaridan suv ichish man etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |