Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
2008 yil, 3 iyun, Nortgempton.
Plyaj tomondan ochiq deraza orqali kirib kelayotgan ashula ovozlariga, uy yonidan o'tayotgan mashinalar va quyoshda toblanishga ulgurgan talabalar shovqiniga beixtiyor quloq solarkan, betashvish yoshlarni kuzatish bilan birga Ella beixtiyor keyingi kunlarda sodir bo'lgan hodisalarni ham xayolidan o'tkazardi. Birinchidan, iti oshxonada o'lib qolganini ko'rdi. Garchi bunga tayyor turishi kerakligini o'ziga ko'p marta aytgan esa-da, u nafaqat chinakam qayg'uni boshdan kechirdi - unda o'zining himoyasizligi va yolg'izlanib qolgani tuyg'usi ham paydo bo'ldi. Ikkinchidan, Ella Orlida bulemiya kasalligi borligini va barcha sinfdoshlari buni allaqachon bilishlarini bildi. Ella buning uchun o'zini shunchalar aybdor his etardiki, hatto kichik qiziga yaqin bo'la olganidan va o'zida onalik tuyg'usi borligidan ham shubhalanib qoldi. Aybdorlik hissini-ku u birinchi marta tuyayotgani yo'q edi, ammo o'zining onalik tuyg’usiga shubha unda birinchi marta paydo bo'lishi edi. Shu vaqt ichida Ella Aziz Z. Zaxara bilan juda ko'p elektron maktublar almashishdi. Ba'zan bir kunda ikki-uchta, ba'zan esa hatto beshta xat bo'lib ketar edi. Ella hamma narsa haqida yozaverar edi va shunisi ajablanarli ediki, u ham sira kanda qilmay beto'xtov javob qaytarardi. Qayoqdan vaqt topar ekan? U Aziz bilan xat yozishuvlarga juda tez o'rganib qoldi va qulay vaqt keldi deguncha birinchi o'rinda pochtani tekshirardi - eng oldin ertalab turib, keyin nonushtadan keyin, keyin ertalabki sayrdan qaytgach va lanch (ikkinchi nonushtani) tayyorlay turib va hatto internet- kafega birrovga kirganida ham. Hatto televizor ko'rayotganida ham, pazandalik klubidagi mashg'ulotlar vaqtida ham, telefonda gaplashaturib ham yoki egizaklari suhbatiga quloq solib turib ham, hamisha noutbukini tizzasida olib o'tirar edi. Azizdan yangi xat kelmagan vaqtlarda Ella eskilarini qayta o'qir, navbatdagi yangi xatni ko'rgan zahoti esa har safar quvonchini yashira olmas va chehrasida uyatchan tabassum paydo bo'lar edi. Bir tekis, osuda kechayotgan hayot o'tmishda qolganini tushunishi uchun Ellaga uncha ko'p vaqt kerak bo'lmadi. Uning hayotida sir paydo bo'lgan edi. Va bu unga yoqardi. Aziz oz bilan qanoatlanadiganlardan emas edi. Qalb qonunlariga bo'ysunmaydigan, kungaboqar quyoshga ochilgani va intilgani kabi, ishq uchun ochilmaydigan va unga bo'ysunmaydiganlarni tirik odamlar hisobiga qo'shmas edi. (Tirik bo'lmaganlar hisobiga o'zi ham kirishi mumkinligi Ellaning xayoliga kelmas edi.) Aziz ob-havo haqida yoki yaqinda ko'rgan filmi haqida yozmas edi. U ancha muhim narsalar haqida: hayot, o'lim va albatta, ishq haqida yozardi. Ella o'z tuyg'ularini, ayniqsa, begonalarga oshkor namoyon etadiganlardan emas edi, lekin juda yig'ilib ketgan va og'riqli tuyg'ularini nihoyat to'kib solishi uchun unga aynan begona kerak bo'lgandir ham. Garchi ularning yozishmalarida yoqtirishga o'xshash nimadir bor bo'lsa hamki, Ellaning nazarida, bu butkul beg'ubor narsa edi. Virtual ishva bo'lsa nima qilipti? Shu yozishmalar bahonasida Ella turmushga chiqqach, but-kul yo'qotilgan qadru qimmatidan ozginasi bo'lsa ham qaytishini umid qilardi. Aziz, ayol kishi o'zining o'ziga hurmatini yo'qotmagan holda, sevish mumkin bo'lgan erkakka o'xshar edi. Balki u ham o'rta yoshli amerika ayolida o'zini qiziqtiradigan nimanidir topgandir. Kibermaydon aybdorlik hissini tuymasdan (bu Ellaga ma'qul edi, zero u busiz ham aybdorlik hissini haddan ziyod ko'p tuyub kelgan edi) ishva qilish va hech qanday xavf-xatarsiz sarguzasht boshdan kechirish (hech qanday sarguzasht boshdan kechirmagan Ella buni juda istar edi) imkonini berar edi. Bu taqiqlangan va lekin bexatar meva edi. Balki, eri bor, uch bolaning onasi bo'lmish ayolning noma'lum kishiga yozayotgan yashirin xatlarini shakkoklik deb hisoblash mumkindir ham. Ammo bu munosabatlarning platoncha (faqat xayoliy) tabiatga ega ekanini hisobga olinsa, deya xulosa qilardi Ella, bu shirin shakkoklik edi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling