Elif Shafaq ishqqa oid qirq qoida
Download 1.48 Mb. Pdf ko'rish
|
Ishqqa oid 40 qoida
2008 yil, 5 iyun, Nortgempton.
Qadrli Aziz! Xatlaringizdan birida kishi o'z hayotini oqilona nazorat qila olishi g'oyasi ummonda suzib yurgan baliqning shu ummonni nazorat qilishga urinishi kabi bo'lmagur (absurd) g'oya, deb yozgan edingiz. Men Sizning «Kutganimiz amalga oshmagan hollarda o'zlikni bilish haqidagi fikr umidlarning puchga chiqishi va ixlosning qaytishi oqibati bo'ladi» degan jumlangiz haqida ko'p o'yladim. Lekin tan olishim kerak: menga hayotni nazorat qilish yoqadi. Har holda, meni yaxshi bilgan odamlar men haqimda shunday deyishadi. So'nggi vaqtlarga qadar men juda qattiqqo'l ona bo'lib kelganman. Mening qoidalarim ko’p (va ular agar ishonsangiz, so'fiylarning qoidalariday uncha yoqimli emas), ularda hech kimga yon bosish yo'q. Bir kuni katta qizim meni bolalar hayotini kavlashtirishda va har bir fikrlaridan va istaklaridan gunoh axtarishimda aybladi. Esingizdami, bir ashula bor edi. Men uni yoqtirmas edim. «Nima bo'ladi, nima bo'ladi?» - bu mening yo'lim emas, chunki men oqim bo'ylab suza olmayman. Bilaman, Siz dindorsiz, men esa - yo'q. Garchi bizning oiladagilar hammamiz shanba kunlari bayram qilsak hamki, men hatto o'zimning oxirgi marta qachon ibodat qilganimni ham eslay olmayman. Yo'q, esladim. Ikki kun oldin oshxonada ibodat qilgan edim. Ammo bu hisobga kirmaydi, chunki u ibodatdan ko’ra shikoyatga ko'proq o'xshardi. Ancha ilgari, kollejda o'qiyotganimda, sharq dinlariga juda qiziqib qolgandim va buddizm, dzen-buddizm haqida qo'p o'qigandim. Hatto g'aroyibotlar shaydosi bo'lgan bir dugonam bilan hindlarning ashramida (diniy-mistik ta'lim maktabida) bir oy yashash rejasini ham tuzgan edik, lekin bu qiziqish uzoqqa bormagan edi. Bu qanchalik qiziqarli ko'rinmasin, lekin hozirgi hayot nuqtai nazaridan qaraganda uni qabul qilib bo'lmaydi. Shundan buyon men bu boradagi fikrimni o'zgartirmadim. Mening dinga bo'lgan bu munosabatim Sizni xafa qilmaydi, deb umid qilaman. Buni Sizga befarq bo'lmagan insonning shunchaki ochiq fikri deb qarang. Sizga samimiyat bilan Ella. Azizam Ella! Xatingiz menga Amsterdamdaligimda, Malaviga ketay deb turganimda yetib keldi. Menga OITS avjiga chiqqan va bolalarning asosiy qismi yetimlar bo'lib qolgan qishloq aholisi fotosuratlarini olish topshirig’ini berishdi. Agar biron hodisa xalal bermasa, to'rt qundan keyin qaytaman. Ko'ramiz. Men bu holni nazorat qila olarmidim? Aslo! Ammo ertagayoq boglanish bo'lishi uchun o'sha yerdan turib Internetga kirish yo'lini axtaraman. So'fiylar beshinchi elementni (unsurni, ya'ni borliq asosida yotuvchi to'rt unsurdan - suv, havo, olov va tuproqdan keyingi unsurni) bo'shliq deb ataydilar. Bu biz oddiy odamlar uchun tushunarsiz va nazorat qilib bo'lmaydigan muqaddas unsur, lekin biz uni hamisha anglay olamiz. Agar «nofaollik» deganda insonning hayotda mutlaqo hech nima qilmasligi va hayotga jiddiy intilmasligi nazarda tutilsa, men bunday «nofaol»lik g'oyasiga ishonmayman. Lekin men beshinchi unsurga bo'lgan e'tiqodga isho- naman. Menimcha, biz hammamiz ham Xudo bilan shartlashib olganmiz. Har holda, men uchun shunday bo'lgan. So'fiylikka qadam qo'yganimda Xudoga kuchim yetganicha hamma ezguliklarni qilishga va'da berganman. Men hayotda o'zim tushuna olmaydigan narsalar borligini qabul qilaman. Menga narsalarning faqat ayrim qismlari, bo'laklari ko'rinadi, xolos, lekin BUTUN reja mening tafakkurim doirasiga sig'maydi. Siz meni dindor deb hisoblayapsiz. Lekin unday emas. Men spiritualistman, bu esa boshqa narsa. Dindorlik bilan ruhoniylik (spiritualizm) orasida katta farq bor. Bizning davrimizda ular orasidagi jarlik mislsiz chuqurlashib ketgan. Atrofimdagi jarayonlarni kuzatar ekanman, hamisha qiyin holatda bo'laman. Biz, bir tomondan, individuumning (ayrim olingan shaxsning) Xudodan, hokimiyatdan, jamiyatdan erkin ekaniga va narsalar ustidan hukm yurita olishiga ishonamiz, ammo ishonchimiz ortgan sari tobora o'z ichimizda berkinib (cheklanib) borayapmiz, dunyo esa tobora moddiylashib borayapti. Ikkinchi tomondan esa, butun insoniyatda ruhiylik jihati tobora ortmoqda. Biz uzoq vaqtlar mobaynida tafakkurga (AQLGA) tayanib yashab keldik, endi esa uning ChEGARASI borligini anglashimizga to'g'ri keladigan davr kelganga o'xshaydi. Bizning davrimizda xuddi O'rta asrlarda bo'lgani kabi, ruhiy portlash sodir bo'layotgani kuzatilayapti. G'arbda tobora ko'pchilik odamlar o'zlarining serg’alva hayotlarida ruhiyatlari uchun ichki maydon ajratishga harakat qilmoqdalar. Garchi ularning niyatlari ezgulik esa-da, lekin amalga oshirish vositalari ko'pincha to'g'ri emas. Ruhiyat eski ovqatga qo'shish mumkin bo'lgan yangi ziravor kabi emas. Ya'ni u tubdan yangilanishsiz, o'z hayotimizga shunchaki qo’shib qo'yishimiz mumkin bo'lgan narsa emas. Men Sizning pazandachilikni yaxshi ko'rishingizni bilaman. Siz Shamsning, butun olam buyuk bir narsa pishirilayotgan kattakon doshqozondir, degan gapidan xabardormisiz? Unda nima pishirilayotgani bizga hozircha noma'lum. Lekin biz nimaiki qilsak, his etsak va o'ylasak, hammasi shu qaynatma tarkibiga kiradi. Va biz o'zimizdan bu qozonga nima solayotganimizni so'rashimiz kerak Xafagarchiligimizni, qahru g'azablarimizni, jahlimizni qo'shmayapmizmi? Yoki bu qozonga Ishqimizni (mehru muhabbatimizni) va mutanosiblik, uyg'unliklarimizni qo’sha olayapmizmikin? Sizga kelganda-chi, azizam Ella, insoniyat pishirayotgan bu taomga Siz nima qo'shayapman deb o'ylaysiz? Men o'zim, Siz haqingizda o'ylagan vaqtimda, chuqur tabassumimni qo'shayapman. Sizga mehru muhabbat ila, Aziz. Download 1.48 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling