«Diniy ekstremizmga aloqador jinoyat sodir etib, afv etilganlarga ham bir xil qaraladi» – IIV vakili
24 dekabr kuni Ichki ishlar vazirligida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, unda afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan vazirliklarning axborotlari eshitildi.
Tadbirda ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mirjamol Miralimov afv etilgan fuqarolarni toifalarga ajratishda nega diniy ekstremizmga aloqador jinoyat sodir etganlikda ayblanib, afv etilgan shaxslarga ko‘proq urg‘u berilishi borasidagi savolga javob berdi.
«Diniy ekstremizmni hech qanday ajratish masalasi yo‘q, qancha fuqaro afv etilgan bo‘lsa hammasiga birdek qaralib, davlat tomonidan mablag‘ berilyapti.
Mirjamol Miralimov
Diniy ekstremizm bilan sudlangan degandan so‘ng nima uchun bunga urg‘u beriladi. Albatta, bu yo‘nalishda juda katta ishlar olib boriladi. O‘sha fuqaro qamoqda jazoni ijro etayotgan vaqtida ichkarida ham katta ishlar olib boriladi. O‘sha fuqaroni to‘g‘ri hayotga qaytarish, uning ongini o‘zgartirish kabi. Bu bo‘yicha maxsus guruhlar bo‘lib, u yerda imom-xatiblar ishlab, ularga to‘g‘ri yo‘lni tushuntiradi, bu yo‘l noto‘g‘ri ekanligini aytadi. Shundan so‘ng o‘sha fuqaro tushunib, o‘zi [bu yo‘ldan] qaytganidan so‘ng ozodlikka chiqadi. Bu toifadagilarga ko‘proq imtiyoz degan narsa yo‘q, chiqqandan so‘ng ularning hammasiga bir xil qaraladi», - dedi IIV mas'uli.
Oliy Majlis Senati Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev ham mavzu yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi.
Shuhrat Cho‘lliyev
«Asosan kimlar afv etilyapti? Odam o‘ldirganlar yoki boshqalar emas, asosiy toifasi adashganlar va bilmay jinoyat qilib qo‘yganlar. Lekin shularning ichida diniy ekstremizm [bilan ayblanganlar] ham bor. Aslida bu og‘ir toifa hisoblanadi. Prezidentimiz oxirgi to‘rt yil davomida chiqaryapti [afv qilyapti], oldin chiqarilmagan ular. Qonun bo‘yicha ular 15-20 yillab yotishi kerak.
Ichkarida ham yaxshi ishlar olib borilmoqda, ular ham bu ishlarni boshqa qilmaymiz, haqiqiy musulmon yo‘lidan ketamiz deganidan so‘ng chiqarilmoqda. Shuning uchun ularga biz mutaxassislar mana shular ham chiqdi deb alohida urg‘u beramiz. Qolganlar umumiy qilib gapirib o‘tilganining sababi, ular adashib yengil jinoyat qilganlar. Ikkitalab odam o‘ldirganlar, nomusga tekkanlar chiqmaydi. Faqatgina adashib o‘g‘irlik yoki boshqa jinoyat qilib qo‘yganlar va bu urg‘u berganlarimiz [diniy ekstremizmga aloqador jinoyatlar] og‘ir toifa,” – deya senatorning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Do'stlaringiz bilan baham: |