7.Тергов ҳаракатларини видеоконференцалоқа режимида ўтказиш асослари ва тартибини тушунтирин
911-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish
Guvohlar, jabrlanuvchilar, gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilar ishtirokidagi tergov harakatlari (so‘roq, shaxslarni va narsalarni tanib olish, yuzlashtirish) mazkur shaxslarni ular turgan joydagi yoki yashash joyidagi viloyatning yoki tumanning yoxud shaharning huquqni muhofaza qiluvchi organiga yoki sudiga chaqirgan, texnik vositalardan foydalangan holda videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilishi mumkin. Videokonferensaloqa jarayonida tergov harakati ishtirokchilari tergov harakati jarayoni va natijalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya orqali bevosita kuzatib boradi.
Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan o‘z tashabbusi bilan yoxud jinoyat protsessi ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra qabul qilinadi.
Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishda foydalaniladigan texnik vositalar va uskunalar quyidagi minimal talablarga javob berishi zarur:
tasvir sifati bo‘yicha — o‘lchami 1920×1080, sekundiga 50 ta kadr;
ovoz sifati bo‘yicha — chastota diapazoni 100-12 000 Gts;
axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha — VPN himoyalangan aloqa kanalidan foydalangan holda.
912-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish asoslari
Tergov harakatlari quyidagi hollarda videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladi:
1) shaxsning jinoyat ishini tergov qilayotgan organga yoki tergov harakati o‘tkazilayotgan joyga sog‘lig‘ining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra bevosita kelish imkoniyati bo‘lmaganda;
2) jinoyat protsessi ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash zarurati tug‘ilganda;
3) kechiktirib bo‘lmaydigan tergov harakatlari o‘tkazilganda;
4) tergov harakatini o‘tkazish qiyinlashishi yoki ortiqcha xarajatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida asosli sabablar mavjud bo‘lganda.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tegishli qaror chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |