913-modda. Tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish shartlari va tartibi
Muayyan tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan taqdirda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud jinoyat protsessining muayyan ishtirokchisini chaqirtirishni va tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazishni tashkil etishni so‘rab tegishli organga ushbu Kodeks talablariga muvofiq topshiriq yuboradi.
Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning topshirig‘ini bajaruvchi mansabdor shaxs chaqirtirilgan jinoyat protsessi ishtirokchisining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirishi, uning ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini ta’minlashi va tergov harakati tugallanguniga qadar uning yonida bo‘lishi kerak.
Tergov harakatini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish uchun mutaxassislar jalb qilinishi mumkin.
Videokonferensaloqa rejimida so‘roq, shaxslarni yoki narsalarni tanib olish yoxud yuzlashtirish ushbu Kodeksning 96 — 108, 112 — 131-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi. Tergov harakati ishtirokchilariga videokonferensaloqada ishtirok etayotgan shaxslarga savollar berish va ulardan javoblar olish, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan protsessual huquqlar va majburiyatlarni amalga oshirish imkoniyati ta’minlanishi kerak.
914-modda. Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalarini qayd qilish
Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tergov harakati jarayoni va natijalari elektron ma’lumotlarni tashuvchi tegishli vositalarga bayonnoma tuzilgan holda yoziladi va qayd etiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud va topshiriqni bajaruvchi mansabdor shaxs tomonidan tuziladi. Videokonferensaloqa materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.
Tergov harakatining bayonnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga rioya qilingan holda tuziladi va unda jinoyat protsessi ishtirokchilari ko‘rsatuvlarining mohiyati aks ettiriladi.
Videokonferensaloqa yozuvining vaqti o‘tkazilgan tergov harakatining aniq vaqtiga mos kelishi kerak. Videokonferensaloqa jarayonidagi tanaffuslar yuzasidan izoh berilishi hamda ular videoyozuvda va bayonnomada aks ettirilishi kerak.
Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan tergov harakati bayonnomasi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud, topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs hamda tergov harakatining boshqa ishtirokchilari tomonidan imzolanadi. Topshiriqni bajarayotgan mansabdor shaxs tomonidan tuzilgan bayonnoma surishtiruvchiga, tergovchiga, prokurorga yoki sudga yuboriladi.
|
|
Do'stlaringiz bilan baham: |