Gedonizm - (grekcha, hedone – huzur-halovat) – axloqshunoslik nazariyasidagi axloqiy talablarni asoslash prinsipi bo‘lib, bu prinsipga ko‘ra huzur-halovat keltiruvchi va azob-uqubatdan qutkazuvchi narsa yaxshilik deb, azob-uqubat keltiruvchi narsa esa yomonlik deb ta’rif qilinadi. Insondagi unga tabiat tomonidan jo qilingan va uning ish amalini belgilaydigan bosh harakatlantiruvchi ibtido huzur-halovatdan iborat, degan tasavvur gedonizmning asosini tashkil etadi. Huzur-halovatga erishish maqsadi birdan bir ishtiyoq va shu bilan birga axloqiy talab deb e’lon qilinadi. Gedonizm axloq-odob prinsipi sifatida kishilarga dunyoning shod-xurramligiga, o‘zlari uchun va boshqalar uchun maksimal rohat-farog‘at olishga intilishni buyuradi.
Gretsiyada Aristipp axloqshunoslikning muxlislari bo‘lgan va huzur-halovatni oliy saodat deb hisoblagan kishilar gedoniklar deb atalgan. Hozirgi zamon burjua nazariyalarida gedonizm odatda faqat metodologik prinsip yaxshilikni ta’riflash usuli sifatidagina mavjuddir. Bugungi kunda axloqshunoslik olimlarining ko‘pchiligi yaxshilikni huzur-halovat orqali ta’riflashni axloq problemalarni qo‘pol sayqallashtirish va vulgarlashtirish deb hisoblamoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |