Etika va Estetika fanlarining predmeti va vazifalari Reja: “Etika” fanining predmeti, muammolari va vazifalari


Download 0.94 Mb.
Pdf ko'rish
bet4/42
Sana22.12.2022
Hajmi0.94 Mb.
#1043336
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   42
Bog'liq
Etika -estetika fanlarining predmeti (1)

Axloq nazariyasi.
Ixtiyor erkinligi. Ixtiyor erkinligi to‘g‘risida fikr yuritishdan oldin erkinlikning o‘zi 
haqida mulohaza qilib ko‘rish lozim bo‘ladi. Chunki «erkinlik» atamasi bir tomondan
sodda, aniq hammaga tushunarli so‘z, ikkinchi tomondan esa o‘ta murakkab, tumanli, 
o‘zgarib turuvchi tushuncha; u hammani, ayniqsa yoshlarni ohang rabodek o‘ziga tortadi. 
«Aslida esa tarixda erkinlik nomi ostida ko‘p ulug‘ ishlar amalga oshirilgan, lekin aynan 
shu nom bilan qanchadan-qanchadan gunohlar qilingan. Har bir kishining xayoliga yuragi 
dukillab urib ketadigan shu nom bilan qanchadan-qancha jinoyatu nodonliklar, ehtiros 
aldoviyu so‘qirliklar o‘zini bezadi va bezamoqda»5. V.Vindelband fikrini davom ettirib, 
erkinlik atamasining mazmuni siyosat va falsafa olamida hozirgacha turli xil bo‘lib 
kelayotgannini, «haqiqiy erkinlik» tushunchasi esa nimani anglatishi hali ham ayon 
emasligini aytib o‘tadi. Bunday «tushunmovchiliklar»ning sababi, bizningcha, shundaki, 
inson erkinligi hech qachon yolg‘iz, alohida olingan erkinlik bo‘lolmaydi, u, Sartr 
aytganidek, erkinliklar ro‘parasidagi erkinlik. Aynan shuning uchun ham u hech qachon 
mutlaqlik kasb etolmaydi, uni doim zamon, makon, inson va narsalar erkinligi - boshqa 
erkinliklar cheklab turadi; inson butunlay erkinlikka erisholmaydi, faqat nimadandir, 
qaysidir bir narsadangina erkin, ozod bo‘lishi mumkin. M., sport musobaqalarida 
universitet sharafini himoya qilish uchun boshqa shaharga borgan talaba darslarga 
qatnashish majburiyatidan ozod qilingan, lekin u darslarga nisbatan erkinlikka esa bo‘lgani 
holda, butunlay erkin emas, sport musobaqalarida qatnashish majburiyatini olgan. Shunday 
qilib, bir erkinlikning qo‘lga kiritilishi ikkinchi erkinlikdan - sport musobaqalarida
qatnashmaslik erkinligidan voz kechishiga olib keladi. Demak, bir tomondan erkinlik 
5 Виндельбанд В. О свободе воли. Минск - Москва, Харвес - АСТ, 2000. С. 8. 


zaruriyatsiz, zaruriyat esa erkinliksiz mavjud emas, ikkinchi tomondan, shuning uchun 
ham, har qanday erkinlik cheklangan holdagina voqe bo‘ladi. 
Endi ixtiyor erkinligi nima, degan masalaga to‘xtalamiz. Dastlabki muammo atama 
bilan bog‘liq. Falsafiy adabiyotlarda asosan «iroda erkinligi» degan noto‘g‘ri ibora 
qo‘llaniladi. Buning sababi - rus tilidagi «volya» so‘zining mantiqan xato, «sila voli» 
tarzida tarjima qilishida, voholanki «volya» - «erk», «erkinlik», «sila voli» - iroda («iroda 
kuchi» emas) ma’nolarini anglatadi. Bizda «Iroda falsafasining» otasi deb nom olgan Artur 
Shopenhauerning mazkur falsafani asoslab bergan to‘rt jildlik fundamental asarida gap 
iroda haqida emas, balki ixtiyor haqida boradi. Asar olmonchadagi asliyatda «Die Welt als 
Wille und Vorstellung» deb ataladi, o‘zbekchasiga bu «Olam ixtiyor va tasavvur sifatida» 
(ruschasiga «Mir kak volya i predstavlenie») deb tarjima qilinadi. Zero Wille - ixtiyor 
degani, iroda esa - Willenskraft yoki Willensstarke (ruschasiga «sila voli»). Falsafiy 
adabiyotlarimizdagi atama borasidagi bunday mantiqsizlik o‘ylab o‘tirmasdan ruschadan 
«shartta o‘chirib tashlash» ning oqibatidan boshqa narsa emas. 
Mantiqsizlik deganimizning ma’nosi shundaki, ixtiyor - xohish, istak demakdir
iroda esa o‘sha xohish, istakni bosib turuvchi, uning amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaydigan 
kuch, ya’ni ixtiyor g‘ildirak bo‘lsa, iroda - tormoz. M., siz chekinshni tashladingiz, lekin 
juda bo‘lmaganda, «bir tortib» qo‘yishni nihoyatda xohlaysiz, shunda iroda vositasida bu 
xohishdan voz kechsangiz irodali odam deb atalishga loyiqsiz, akasincha esa, siz irodasiz 
insonsiz. Demak, ixtiyor – erkinlik, iroda - zaruriyat sifatida namoyon bo‘ladi. To‘g‘ri, 
«ixtiyor» va «iroda» so‘zlari bir mazmunni anglatadigan holatlar ham mavjud. Lekin ular 
juda kam, sanoqli, faqat mislsiz qudratning xohishigina bir vaqtning o‘zida iroda bilan 
mustahkamlanadi, bunda iroda xohishning yuksak darajasi sifatida talqin topadi. Bunday 
talqin to‘rt narsaga xos: gap Xudo, xalq, ota-ona, podsho haqida borgandagina biz 
«Xudoning xohish-irodasi», «xalqning xohish - irodasi» v.h. deyishimiz mumkin xolos. 
Boshqa barcha hodisalarda ixtiyor bilan iroda bir-biridan muxtor tarzda va bir-birining 
ziddi sifatida namoyon bo‘ladi. Shunday qilib, falsafa va axloqshunoslikdagi eng 
murakkab muammolardan biri «iroda erkinligi» emas, balki «ixtiyor erkinligi» degan 
istiloh bilan atalishi maqsadga muvofiqdir. 
Ixtiyor erkinligi eng avvalo ixtiyorning uch bosqichda voqe bo‘lishi bilan bog‘liq. 
Birinchi bosqich - ichidan faqat bittasini tanlab olish va harakatga aylantirish mumkin 
bo‘lgan alohida xohish - istaklarning tug‘ilishidan iborat. Ikkinchi bosqichda mazkur 
xohishlarning o‘z aro bir – birini tutib turishi, teng holatga keltirishi yuz beradi va bu-
tanlov oraqali bir qarorda to‘xtash imkonini yaratadi. Uchinchi bosqich tanlangan 
xohishning o‘ziga mos jismoniy harakatga o‘tishi bilan belgilanadi. 
Erkinlikka kelsak, shuni aytish kerakki, muayyan ixtiyorga berilgan erkinlik faqat 
tanlovning boshlanishida va tanlov jarayonidagina mavjud bo‘ladi. Tanlov jarayoni 
tugashi bilan, ya’ni ikki narsadan birini tanlaganingiz zahoti ixtiyoringiz uchun berilgan 
erkinlikning vakolati tugaydi: siz ixtiyor qilib bo‘ldingiz, bundan buyog‘iga erkin emassiz, 
endi tanlagan narsangizga mos harakatni boshlashingiz kerak. Demak, ixtiyor erkinligi 
tanlanayotgan ikki narsa oralig‘idagi fikrlash mobaynidagina voqe bo‘ladigan hodisadir. 
Tanlovning o‘zi esa ikki xil xohish o‘rtasidagi kurashdan iborat. Bu kurashda faqat 
bitta hohish - qaysinisi kuchli bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi: ham unisining, ham 
bunisining baravar tanlanishi mumkin emas. Ruhshunoslik nuqtai nazaridan tanlov 
hissiyotga asoslangan, qanday sabab orqali vujudga kelishi ahamiyatsiz bo‘lgan ruhiy omil. 


Axloqshunoslikdagi tanlov esa qadriyat bilan bog‘liq, aqlga asoslangan tushuncha. 
Birinchisi - bor narsa, ikkinchisi - bo‘lishi kerak deb hisoblangan narsa; birinchisi -mavjud 
omilni, ikkinchisi - idealni, me’yorni anglatadi. Shunday qilib, insondagi ixtiyor erkinligi 
zaruriyat talabi bilan oqilona, aqlga bo‘ysundirilgan ravishda, ideal va me’yorlarga mos 
tarzda cheklanadi. Aks holda, muayyan bir yo bir necha inson yoki guruhning betiyiq erkin 
ixtiyori nafaqat boshqa insonlar va guruhlar, balki nabotot, hayvonot olami, butun dunyo 
uchun fojiaga aylanishi mumkin.
Yuqorida aytib o‘tilgandek, ixtiyor erkinligi tufayli inson har qadamda axloqiy 
tanlov muammosiga duch keladi. Bu muammo kishida mas’uliyat hissi mavjudligidan 
dalolat beradi. Mas’uliyatni, o‘zgalar va o‘z vijdoni oldida javobgarlikni sezmagan kishi 
xohlagan ishga qo‘l urishi mumkin - uni o‘z qilmishining oqibati qiziqtirmaydi, u faqat 
manfaat ustuvorligini tan oladi, xolos. Unday odamni axloqsiz deb ataydilar. Zero inson 
yo ezgulikni, yo yovuzlikni tanlashi tufayli nimanidir ixtiyor etadi: axloqiy tanlov - har bir 
xatti-harakat, har bir qilmishning ibtido nuqtasi.
Umuman, inson hamda jamiyat axloqiy hayotida ixtiyor erkinligi va tanlovning 
ahamiyati beqiyos. Masalan, tarixdagi bir ta’sirchan voqeani olib ko‘raylik: bozorda 
mutasavvif alloma, ozarboyjon, eski o‘zbek (turkiy), fors tillarida o‘lmas asarlar yaratgan 
buyuk shoir Imoiddin Nasimiyning g‘azalini yod o‘qiyotgan bir yosh yigitni kufrda ayblab, 
hibsga oladilar. Yigit ol - dida ikki yo‘ldan birini tanlash turardi: yo piri Nasimiyni sotish 
va tavba qilib, banddan ozod bo‘lish yoki g‘azalni o‘zimniki, deb o‘limga tik borish. 
Pokdomon, or-nomusli yigit ikkinchi yo‘lni tanlaydi. Qozi uning terisini shilishga 
buyuradi. Olomon-tomoshabinlar yig‘iladi. SHu payt Nasimiy kelib qoladi. Voqeadan 
xabar topgan Nasimiy oldida ham endi tanlov turardi - tanlamaslikning iloji yo‘q edi: yo 
o‘zini oshkor qilib, yosh yigitni jallod qo‘lidan qutqarishi va uning o‘rnini egallashi, yoki 
olomon orasidan sekin sirg‘alib chiqib ketib, muridining o‘limga mahkum etilishi evaziga 
o‘z jonini asrab qolishi kerak. Buyuk mutasavvif shoir birinchi yo‘lni tanlaydi: o‘zini jallod 
qo‘liga tutqazib, begunoh yigitni ozod etadi. Qozi endi Nasimiyning terisini shilishga 
buyuradi. Jallod ishga kirishadi, atrofga qon sachraydi. SHunda qozi odamlarga, nari 
turinglar, bu kofirning tomchi qoni biror eringizga tegsa, o‘sha erni kesib tashlash kerak 
bo‘ladi, deydi. Qozi gapini tugatar-tugatmas, Tangri irodasi bilan bir tomchi qon sachrab 
uning jimjilog‘iga tegadi. Olomon qozidan barmog‘ini kesib tashlashini talab qiladi. Endi 
qozi oldida tanlov turardi: yo barmog‘ini kesishga berib, gapining ustidan chiqishi yoki 
gapidan qaytib, sharmisor bo‘lishi kerak. Qozi axloqan nopok, qo‘rqoq va xudbin odam 
sifatida gapidan qaytadi. Nasimiy esa qiynoqqa mardonavor chidab churq etmaydi, 
aksincha, qozining ahvolini ko‘rib, istehzoli kuladi va so‘nggi g‘azalini yoddan aytadi. 
Nasimiyning bu jasorati asrlardan-asrlarga o‘tdi, ne-ne shoirlarning she’rlarida madh etildi, 
o‘zi esa insoniy poklik va yuksak axloqiylikning o‘lmas timsoli bo‘lib qoldi. Shunday qilib, 
ushbu misolda uch xil tanlovni, uch xil mas’uliyatni va ixtiyor erkinligidan uch xil 
foydalanishni ko‘rdik. Demak, har bir insonning bu dunyoda axloqiy tanlov sinovidan 
o‘tmasligi mumkin emas. 

Download 0.94 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   42




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling