Andijon — Oʻzbekistonning Andijon viloyatida joylashgan shahar. Viloyatning maʼmuriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Oʻzbekistonning yirik industrial shaharlaridan biri. Shahar Fargʻona vodiysining sharqiy qismida, Andijonsoy yoqasida, dengiz sathidan 450 m balandlikda joylashgan. Iyulda oʻrtacha harorat 27— 28 °C, yanvar oyida esa — 3 °C. Aholisi 333,4 ming kishi (2000). Maydoni 74,3 km2. Andijon shahri shimoli-gʻarbdan Oltinkoʻl tumani, gʻarbdan Buloqboshi tumani va janubi-sharqdan Andijon tumani bilan chegaradosh.
Etimologiyasi
Shahar toponomiyasi haqida turli tadqiqodlar, turli xil fikrlar ilgari suriladi. Masalan, baʼzi manbalarda bu nom „andi“, „azoq“ urug‘lari nomidan olingan deyilsa, hozirgi kunda ko‘plab olimlar „Andijon“ nomi so‘g‘dcha „adoq“, yaʼni „yakun“, „oxir“ va „kon“ — „ariq“, „soy“ so‘zlarining birlashuvidan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Bunda „Adoqkon“ soʻzi „Soyning oxirida joylashgan yer“ maʼnosini anglatadi. Bunday faraz hozirda o‘z tasdig‘ini topib bormoqda, chunki Andijon shahri haqiqatdan ham Andijonsoy yoqasida, qadimgi Oqbo‘yra soyi oxirida joylashgan.
Oʻrta asrlarda Andijonning Ark qismida (hozirgi Bobur mahallasi) va Shahristonda olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida VII — VIII asrlarga oid buyumlarning topilishi uning Oʻrta Osiyodagi koʻhna shaharlardan biri ekanligini tasdiqlaydi. Oʻrta asrlarda shahar Arki mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Arab xalifaligi davrida shahar Andukon deb atalgan. Andijon soʻzi ilk bor yozma manbalarda X asr arab sayyohlari Ibn Havqal va Muqaddasiy asarlarida Andukon shaklida qayd etilgan. XI asrda shahar Qoraxoniylar hukmronligi ostiga oʻtadi. Shahar XI —XII asrlarda Fargʻona vodiysining yirik savdo va hunarmandchilik markaziga aylantirilgan. Andijon shahri moʻgʻullar istilosi davrida vayron etilgan, manbalarda qayd etilishicha, XIII asr oxirlarida moʻgʻul xonlari Tuva va Xaydu tomonidan shahar qayta tiklangan. XIV asrning 70-yillarida Fargʻona vodiysi bilan birga Amir Temur davlati tarkibiga kirgan. XV asrning 2-yarmidan Temuriylar davlatiga qarashli Fargʻona viloyatining poytaxti boʻlgan. Shaharda, ayniqsa, Umarshayx Mirzo va uning oʻgʻli Zahiriddin Muhammad Bobur davrida xoʻjalik, fan va madaniyat sohalari rivoj topgan.
„Oshligʻi vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi boʻlur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas… Andijon noshpotisidan yaxshiroq noshpoti boʻlmas. Movarounnahrda Samarqand va Kesh (hozirgi Shahrisabz) qoʻrgʻonidin soʻngra mundin ulugʻroq qoʻrgʻon yoʻqtur. Uch darvozasi bor… Toʻqqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkim bir yerdan ham chiqmas… Eli turqdur“….
— Zahiriddin Muhammad Bobur, „Boburnoma“
1504-yildan Andijon shayboniylar qoʻl ostiga oʻtadi. 1710-yilda Qoʻqon xonligi tarkibiga kiradi va Rossiya Qoʻqon xonligini butunlay bosib olguniga qadar (1876-yilgacha) Andijon bekligining qarorgohi vazifasinibajaradi[1].
Shaharda mahalliy aholidan tashqari Sharqiy Turkiston (Sinszyan)dan kelgan aholi ham istiqomat qilgan. Shahar oʻzining hunarmandchilik buyumlari, ip va ipak gazlamalari bilan shuhrat qozongan.
Do'stlaringiz bilan baham: |