Evolyutsion g`oyalarni rivojlanish tarixi. Evolyutsion nazariya fanining maqsad va muammolari, boshqa fanlar bilan aloqasi. Reja


Download 90.5 Kb.
bet1/4
Sana22.02.2023
Hajmi90.5 Kb.
#1220582
  1   2   3   4
Bog'liq
1-seminar mavzusi


Evolyutsion g`oyalarni rivojlanish tarixi. Evolyutsion nazariya fanining maqsad va muammolari, boshqa fanlar bilan aloqasi.
Reja:

  1. Evolyutsion ta’limot fanining maqsad va muammolari.

  2. Evolyutsiya nazariyasining asosiy prinsiplari.

  3. Evolyutsiya jarayonini o’rganish usullari.

  4. Evolyutsion ta’limotning boshqa fanlar bilan bog’liqligi va o’rganadigan muammolari.

  5. Evolyutsion ta’limotning ahamiyati.



Evolyutsion ta’limotning mazmuni. Inson qadim zamondan beri organik olamning ikki xossasiga ajablanib qaragan. Bu xossalardan biri uning nihoyatda xilma-xilligidir. Hozirgi vaqtda o’simliklarning 500000 dan, hayvonlarning 1500000 dan, zamburug’larning 100000 dan ortiq turi mavjud. Agar shular qatoriga qadimgi geologik era va davrlarda yashab, so’ngra qirilib ketgan 7 000 000 hayvon, 300 000 o’simlik turini qo’shsak, haqiqatan ham organik olamning xilma-xilligiga hech qanday shubha qolmaydi. Har bir organizm turi tuzilishi, hayot faoliyati, yashash muhiti bilan bir-biridan keskin farq qiladi.
Organik olamning ikkinchi ajoyib xossasi organizmlarning tuzilishi va hayot faoliyatiga ko’ra tevarak-atrof muhitiga moslashganligidir. Masalan, shimoliy o’lkalarda yashaydigan hayvonlar oq rangda, cho’l zonasidagi hayvonlar shu yer rangida ekanligi, baliq tuzilishiga ko’ra suv muhitiga, qushlar esa havo muhitiga moslashganligi bunga yaqqol misoldir.
Organik olam qotib qolmaganligi, o’zgarishi to’g’risida bir qancha nazariyalar vujudga kelib bu nazariyalarga ko’ra, organik olamning evolyutsiyasi ayrim biror omilning ta’siri natijasidir deb tushuntirib keldilar. Organik olamning evolyutsiyasi organizmlarning takomillashishga intilishi (J.B. Lamark), alohidalanishi (Vegener), mutatsion o’zgaruvchanlik (De Friz), muhitga nisbatan adekvat moslashuvchi o’zgaruvchanlik (T.D. Lisenko) asosida amalga oshadi, degan g’oyalar shular jumlasidandir.
Organik olamning evolyutsiyasi faqat yagona omil ta’siri natijasidan iborat, deb tushuntirish o’lik va tirik tabiatning o’ziga xos xossalarini chuqur anglamaslik, materiyaning mexanik, fizik-kimyoviy harakat formalari bilan biologik xarakat formalari o’rtasidagi farqqa tushunib yetmaslik oqibatidir. Organik olamning rivojlanishi ba’zi olimlar tomonidan e’tirof etilgan va uni bir tomonlama tushunishga urinish bo’lgan bo’lsa ham, lekin har bir hayvon va o’simlikning o’zi yashayotgan muhit sharoitiga moslashganligi to’g’risidagi masala XIX asrning yarmigacha aniqlanmadi.
Angliyalik tabiatshunos olim Charlz Darvin 1859 yili o’zining «Tabiiy tanlanish yo’li bilan turlarning kelib chiqishi yoki yashash uchun moslashgan zotlarning saqlanib qolishi» degan mashhur asarini nashr ettirdi. Bu asarda u hozir mavjud bo’lgan barcha o’simliklar, hayvonlar million yillar davom etgan tarixiy rivojlanish mahsuli ekanligini isbotlab berdi. Shu bilan bir qatorda, organizmlarning xilma-xil moslanish sabablarini ilmiy nuqtai nazardan yoritdi.
Darvin organik olamning evolyutsiyasi to’g’risidagi ta’limotni yaratishda tabiiyotshunoslikning turli sohalari (sistematika, qiyosiy anatomiya, embriologiya, biogeografiya, paleontologiya va boshqa fanlar) da to’plangan ma’lumotlarga, yangi zot va navlar chiqarish sohasidagi ko’p asrlik seleksiya yutuqlariga hamda o’zi olib borgan kuzatish, tajriba natijalariga, ilmiy xulosalarga tayandi. U juda ko’p dalillarga asoslanib, organik olamning evolyutsiyasi o’zgaruvchanlik, irsiyat, yashash uchun kurash va tabiiy tanlanish ro’y berishi tufayli isbotlab berdi. Darvinning evolyutsion ta’limoti F. Myuller, E. Gekkel, K. Gegenbaur ( Germaniya), A. O. Kovalevskiy, I.I. Mechnikov, V.O. Kovalevskiy, K.A. Timiryazev, I.M. Sechenov, A. N. Seversov (Rossiya) va boshqalar evolyutsion ta’limotni himoya qildilar va uni biologiya fanining turli sohalariga tatbiq etib, mazmunini yangi dalillar bilan boyitdilar. Natijada XIX asrning ikkinchi yarmida biologiya fanining yangi sohasi evolyutsion ta’limot vujudga keldi.
Evolyutsion ta’limot keyinchalik genetika, ekologiya, molekulyar biologiya, bioximiya kabi fanlar yutug’i zaminida mazmunan yanada boyidi va oqibatda XX asrning ikkinchi yarmida evolyutsiyaning sintetik nazariyasi yaratildi.
Evolyutsion ta’limot organik olamning tarixiy rivojlanishini va uni idora etishning umumiy qonuniyatlarini o’rgatuvchi fandir.
Evolyutsiya tabiatdagi turli narsa, hodisalarga mansub. Masalan, astronomiyada sayyoralar va yulduzlar evolyutsiyasi, geologiyada Yer evolyutsiyasi, biologiyada esa organik olam evolyutsiyasi to’g’risida fikr yuritiladi. Ma’lumki, Yerda hayot azaldan bo’lmay, bundan 3-4 milliard yil muqaddam, jonsiz materiyadan vujudga kelgan. Biologik evolyutsiyaning sodir bo’lish jarayoni va natijasi xilma-xildir. Biologik zvolyutsiya natijasida populyatsiyalarning genetik tarkibi, moslanishlarning shakllanishi, turlar vujudga kelishi va nobud bo’lishi, biogeotsenoz hamda biosferaning bir butun holda o’zgarishi ro’y beradi. Binobarin, hozirgi paytda evolyutsiya fani turli darajadagi biologik sistemalarning evolyutsiyasi jarayonini o’rganadi.

Download 90.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling