F. R. Qodirova, Sh. Q. Toshpo’latova, N. M. Kayumova,M. N. A’zamova maktabgacha pedagogika darslik


Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarniO‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan tanishtirish


Download 1.35 Mb.
bet86/221
Sana31.01.2024
Hajmi1.35 Mb.
#1831896
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   221
Bog'liq
Nizomiy nomli toshkent davlat pedagogika universiteti-www.hozir.org

Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarniO‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan tanishtirish.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan yaqindan tanishtirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Dastlab, Konstitutsiya o‘zi nima?, Nima uchun u Respublikamizning bosh qomusi hisoblanadi?, Uning mazmuni, mohiyati, inson va fuqarolarning asosiy holati to‘g‘risida tushuncha berilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan masalalar o‘z ifodasini topgan. Hamma huquqiy me’yorlar undan kelib chiqadi va unga bo‘ysunadi.
“Konstitutsiya” so‘zi lotin tilida “Constitutio” – so‘zidan kelib chiqib, “tuzish”, “o‘rnatish”, “belgilash” degan ma’nolarni anglatadi. Dastlab, qadimgi Rimda jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni qonun asosida belgilangan bo‘lib, u o‘zining uzoq tarixiga ega. Jahonda birinchi Konstitutsiya 1787-yilda AQShda, 1831-yilda Belgiyada, 1874-yilda Shvetsariyada qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikga erishganligining dastlabki yillarida o‘zining Konstitutsiyasini qabul qilinishi o‘zbek davlatchiligining rivojlanishiga asos bo‘ldi. Mustaqillikdan avval O‘zbekiston garchand suveren davlat deb atalgani bilan barcha masalalarni mustaqil hal eta olmagan. Bizning Konstitutsiyamiznig yaratilishi 1990-yilning iyun oyidan boshlangan bo‘lib, bunda Respublikamiz olimlari, oliy kengash deputatlari, butun o‘zbek xalqi ishtirok etdi. Va xalq muhokamasidan o‘tib 1992-yil 8-dekabrda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun umumxalq bayrami deb e’lon qilindi. Qabul qilingan Konstitutsiya mustaqil respublikamizning birinchi Asosiy Qonuni hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – xalqning maqsadini, istagini, davlat suverenitetini, ijtimoiy va davlat tuzilishini, xalqaro munosabatlarni, inson va fuqarolarning huquqiy holatini, davlat organlarining vakolatlarini, saylov tizimi va boshqa muhim masalalarni o‘z ichiga olgan.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan tanishtirishdan maqsad – o‘zi istiqomat qilayotgan davlati, xalq irodasi va uning manfaatlari, milliy davlat, uning ma’muriy-hududiy tuzilishi, milliy davlat ramzlari, fuqarolarning burch va majburiyatlari, unda istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, xalqimizning tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrash, onalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilinishi, har kimning bilim olish va huquqlardan foydalanishi, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari saylov, referendum, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, inson erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari to‘g‘risida tushuncha berish orqali bolalarga huquqiy ta’lim va tarbiya berishdan iborat.
Ma’lumki, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga ta’lim-tarbiya berish “Bolajon” dasturi asosida olib boriladi.
Bolalarga huquqiy tarbiya berish jarayoni asosan o‘rta guruhdan (3-4 yosh) boshlnib, unda bolalarga Konstitutsiya saboqlari asosida ilk huquqiy tushuncha berish, bolalarda ularning umumiy Vatani - O‘zbekiston haqida tasavvur uyg‘otish, o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyiga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish. O‘z shahar, qishloq, mahalla va ko‘chasi haqidagi bilimlarini kengaytirish, o‘zi yashash joyidagi me’morchilik yodgorliklari, chiroyli qurilishlarga qiziqish uyg‘otish, ularning nomlarini to‘liq aytishga o‘rgatish vazifalari qo‘yiladi.
Katta guruhda (4-5 yosh) – bolalarda mustaqil O‘zbekiston davlati haqidagi tushunchalarini kengaytirish. Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlari, “Buyuk Ipak yo‘li” haqida qisqacha ma’lumot berish. O‘zbekistonning mustaqilligi, gerbi, bayrog‘i, madhiyasi haqidagi bilimlari shakllantiriladi. O‘zbekiston madhiyasini ijro eta olishga o‘rgatiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezident tomonidan boshqarilishi, O‘zbekistonning poytaxti Toshkent shahri ekanligi haqida tushuncha beriladi. Bolalarning o‘z tug‘ilgan yurtiga mehr-muhabbat hissini shakllantirish, milliy g‘ururni tarbiyalash, “Konstitutsiya saboqlari” asosida ilk tushunchalar beriladi.

Maktabga tayyorlov guruhi (6-7 yosh) – Bolalarning mustaqil O‘zbekiston haqidagi tasavvurlarini boyitish, O‘zbekistonning qadimiy shaharlari va Buyuk Ipak yo‘li haqida “Konstitutsiya saboqlari” asosida tushunchalar beriladi. O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi, tabiatga va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majbur ekanliklari, o‘z sha’ni, qadr-qimmati va erkinliklari to‘g‘risidagi huquqiy bilimlarga ega bo‘ladilar. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni Konstitutsiya bilan tanishtirishda eng asosiy g‘oya – Mustaqillik g‘oyalarini aks ettirilishi muhim hisoblanadi. Bunda “O‘zbekiston – mening Vatanim”, “Konstitutsiya asosiy qomusimiz”, “Qonun muqaddas”, “Mustaqillik bayrami” mavzularida suxbatlar o‘tkazib, bolalarda dastlabki tasavvur va tushunchalar hosil qilinadi.


  • O‘zbekistonda davlat tili – o‘zbek tilidir degan modda bilan tanishtirish, Tushunchalar berishda – “Til – millatning ulkan va bebaho boyligi” mavzusida suxbat o‘tkazish orqali davlat tili va uning qabul qilinishi bilan bog‘liq bo‘lgan ma’lumotlar beriladi. Ulug‘ bobomiz A.Navoiy o‘zbek tilining “asoschisi” haqida bilimlar, davlatimizda 130 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilishi, ularning yashashi va o‘sib ulg‘ayishi uchun hamma bilan teng sharoitlar yaratilganligi, bu millatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarining o‘zbek xalqi tomonidan hurmat qilinishi, bu millatlarning hohishi bo‘yicha o‘zi istagan tilda ta’lim olishlari mumkinligi to‘g‘risida tushuncha beriladi.


  • O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari Vatanimizning milliy g‘ururi, o‘zligimizni namoyon etuvchi, millatimiz shani va obro‘sini butun jahonga namoyon etishdagi faxrimiz- iftihorimizdir. Davlat ramzlaridan davlat bayrog‘i (1991-yil 18- noyabr), davlat gerbi (1992-yil 2-dekabr), madxiya (1992-yil 10-dekabr) qabul qilinganligi ularning tuzilishi tinchlik timsoli unda aks etgan ranglar va tasvirlar, belgi va ishoralar bilan tanishtiriladi. Mujassam mashg‘ulotlar (nutq o‘stirish, tasviriy faoliyat, atrof olam) orqali tushunchalari kengaytiriladi, davlat madxiyasini barilla kuylab olishga o‘rgatib boriladi.


  • O‘zbekiston Respublikasining poytaxti – Toshkent shaxri. 8-modda shaharning tarixi diqqatga sazovor joylari, ta’lim maskanlari va bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan , shuningdek o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar, qishloq, mahalla va ko‘chalar, yashash joyidagi tarixiy, madaniy- ma’naviy yodgorlik, ularning nomlarini to‘liq aytishga o‘rgatib boriladi. Bunda “Ona shaxrim Toshkentim”. “Samarqand qadimiy shahar”, “Buxoro shahri”, “ O‘zbek xalqining milliy san’ati”, “Xiva shahri”, “Buyuk ipak yo‘li”, “Mening mahallam” haqida suhbatlar o‘tkazilishi maqsadga muvofiqdir.


  • Maktabgacha yoshdagi bolalarni – O‘zbekiston xalqini millatidan qat’iy nazar, O‘zbekistonning fuqarolari tashkil etadi deb nomlangan 8-modda bilan tanishtirishda etnik, diniy yoki til jihatdan boshqa millatga mansub kishilar O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan bo‘lsalar, ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanishi, ularning o‘z diniga e’tiqod qilish va uning rasm-rusumlarini bajarish va o‘z ona tilidan foydalanish huquqi rad etilmaganligi haqida ma’lumot beriladi.


  • O‘zbekiston Respublikasi demokratik davlat bo‘lib, u umuminsoniy prinsiplar asosida unda yashayotgan xar bir inson, uning hayoti, erkinligi, qadr- qimmati, sha’ni va boshqa daxlsiz huquqlari olib qadriyat bo‘lib hisoblanishi to‘g‘risida fikr yuritilganda, inson shaxsining sha’ni va qadr-qimmati huquq va erkinliklariga nisbatan davlatmiz tomonidan qilinayotgan g‘amxo‘rlik, adolat va tinchlikni ta’kidlash, do‘stlik va birdamlik ruhida tarbiyalashni ta’minlash masalalari, ijtimoiy va huquqiy tamoyillar to‘g‘risida tushuncha beriladi.


  • Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan, har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilish qilmaslik huquqiga ega – (31- modda) degan moddani tushuntirishda davlatimiz har bir bolaning fikrlash, vijdon va din erkinligihuquqini hurmat qilinishini ta’minlanishini, bolalar ota- onalar istaklariga muvofiq holda din tanlash, vijdon erkinligiga, hamda erkin fikrlash huquqlariga ega ekanliklari to‘g‘risida ma’lumot beriladi. O‘z dini yoki e’tiqodlarini targ‘ib qilish erkinligi faqat qonunda belgilangan hamda davlat xavfsizligi, jamoat tartibini, aholining ma’naviyati yoki sog‘lig‘ini saqlash yoki boshqa shaxslarning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur hisoblanganligini cheklanishi mumkin.


  • Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir – deb nomlangan 37-moddasini tushuntirishda bolalarda kattalar mehnatiga hurmat va qiziqish hissini uyg‘otish va tarbiyalash va umumlashtirish. Ishlab chiqarish korxonalari, qurilish, dalalar va boshqa sohalarda qilinayotgan mehnat haqida bilimlarini takomillashtirish. O‘zbek xalqining milliy hunarmandchilik duradgorlik mehnati bilan tanishtirish. Tarbiyachi, enaga, oshpaz, bog‘bon va kasb egalari mexnatlariga nisbatan minnaddorchilik tuyg‘ularini tarbiyalash. Mashinasoz, tikuvchi, novvoy, oshpaz, o‘ymakor, haydovchi, o‘qituvchi, shifokor va boshqa kasblar bilan tanishtirish jarayonida kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishlariga zamin tayyorlanadi. O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligida mehnat qilish huquqi 16 yoshdan deb belgilangan.


  • Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega (40-modda). Davlatimiz tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini takomillashgan xizmatlar turlari tashkil etilganligi, bolalar eng yuqori darajadagi andozadagi tibbiy yordam olish huquqiga, sog‘liqni himoya qilish xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega ekanliklari haqida ma’lumot beriladi. Shuningdek, bola tug‘ilmasdan avvalgi ona va bolaga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, sharoitlar, raqamlar va bolalar o‘limini oldini olish chora- tadbirlari, tibbiy- sanitariya yordamini rivojlantirish omillari, bolalarga to‘yimli ovqat va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, atrof muhitni tozalash, tug‘ruq yoshidagi ayollarga ko‘rsatiladigan g‘amxo‘rlik, yordam ishlari, maktabgacha ta’lim muassasasidagi bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam, shifokor, hamshira ishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot va tushunchalar berilishi lozim.


  • Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat tomonidan nazoratidadir – deb nomlangan 41-modda bilan tanishtirishda har bir bola ilm olish huquqiga ega hamma uchun teng imkoniyatlar yaratilganligi. Bu jarayon maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlanganligi va quyidagi bosqichlarga davom ettirilishi:


  • Bepul va majburiy umumiy ta’lim;


  • Bepul o‘rta maxsus ta’lim.


Shuningdek, bola o‘z qobiliyatiga ko‘ra oliy ma’lumotli bo‘lish huquqiga ega. Davlat tomonidan barcha zarur vositalar, shart-sharoitlar yaratilganligi, o‘qitishning zamonaviy usullarini qo‘llash, axborot texnologiyalarini ta’lim jarayonidagi natijasini ommalashtirish, bolalarning maktabga muntazam borishlari, maktab intizomi, bolaning insoniylik qadr-qimmatini hurmat qilish kabi huquqlari haqida tushuncha beriladi.


“1-sentabr – Bilimlar kuni” deb bayram qilinishi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 1-sinfga qadam qo‘ygan bolalar bepul o‘quv-qurollari bilan ta’minlanishi, kutbxonalar barcha manbalar bilan ta’minlanganligi to‘g‘risida fikr yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XI-bobida fuqarolarning burchlari va majburiyatlari haqida yoritilgan bo‘lib, bunda:
  • Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajaradilar – deb nomlangan 47-moddada – maktabgacha yoshdagi bolalarga “burch” iborasining mazmuni bilan tanishtirishda o‘z Vatani, uning milliy an’analari va odatlariga hurmat bilan qarash, odob bilan muloqatga kirisha olish (salomlashish, hayrlashish, minnatdorchilik bildirish), ota-onalari va Vatan oldidagi burchlarini his etish, ularga g‘amxo‘rlik va parvarish qilish kabi fazilatlarni o‘rgatishda tarbiyachi bolalarda muloyimlilik, e’tiborlilik, qat’iyat, sabr-toqat va o‘zaro mehrni tarbiyalashi, yuzaga chiqarishi lozim. Buning uchun “Ota-onaga hurmat”, “Burch”, “Yaxshilik”, “Mening majburiyatlarim” kabi mavzularda suxbatlar uyishtiriladi.


  • Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir (49-modda).


Bunda O‘zbekiston hududidagi tarixiy obidalar, qadimiy yodgorliklar haqida tushuncha beriladi. Bolalar qalbida o‘z xalqiga, uning boy merosiga hurmat va muhabbat tuyg‘ulari tarkib toptiriladi.


Ta’lim-tarbiyaviy jarayonlarda: “Vatanimiz ziyoratgohlari”, “Shahidlar xotirasi maydoni” ga sayoxat uyushtirilishi maqsadga muvofiqdir. Ma’naviy yodgorliklar o‘zbek xalqining og‘zaki ijodi namunalari asosida bolalar ongida bularni asrab avaylash tushunchalari tarbiyalanadi. Bola o‘zi yashayotgan shahar va qishlog‘i, ko‘chasidagi madaniy yodgorliklar haqida tasavvur hosil qilinishi, bolalarni tariximiz va buyuk Sharq allomalarining hayoti va ijodi bilan tanishtiriladi.

  • Fuqarolar atrof-tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar (50-modda).


  • Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish, zarur va ular davlat muhofazasidadir (55-modda).


Bolalarni tabiatdagi go‘zallikdan zavq olishni tarbiyalash orqali ular ongida tabiatga zarar yetkazmaslik, ekologiyani zararlamaslik, tevarak-atrofni iflos qilmaslik, o‘t-o‘lanlarni bosmaslik, daraxt shoxlarini sindirmaslik, hayvon va qushlarga ozor bermaslik, uyalarini buzmaslik va boshqalarni bolalar ongiga singdirish kerak. Bolalarga ekologik madaniyatni tarbiyalash, davlatimiz tomonida ekologiya va tabiatni muhofaza etish, “Suv va suvdan foydalanish”, “Yer osti boyliklari hayvonot dunyosini muhofaza etish va undan oqilona foydalanish”, “O‘simlik dunyosini muhofaza etish” borasidagi chora-tadbirlar haqida tushuncha beriladi.


Ta’lim-tarbiyaviy jarayonni tashkil etishda: “Park” va “Bog‘cha” ga sayr, “Dunyodagi eng asosiy narsa suvning xususiyatlari bilan tanishtirish”, o‘simlik va hayvonlar haqidagi videoroliklar namoyish etish, “Qizil kitob” muhofaza ramzi ekanligi haqida suxbat tashkil etish orqali tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ko‘nikmalari shakllantirib boriladi.

  • O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish - O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda xarbiy va muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar – deb nomlangan 52-moddada bolalarda xarbiy qo‘shin, milliy armiya to‘g‘risida tasavvur hosil qilish, ularga nisbatan qiziqish uyg‘otish orqali Vatan muhabbati va uni ko‘z qorachig‘idek saqlash hissi tarbiyalab boriladi. Bolalarning millat tarixiga qiziqishini shakllantirish maqsadida Amir Temur – yirik davlat arbobi, mashhur sarkarda bo‘lganligi haqida ma’lumot berish. Shuningdek, “14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Ona yurt himoyachilari – milliy qahramonlarimiz” mavzularida suhbatlar tashkil etiladi.


Bosh qomusimizda jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan “Oilaga” maxsus bob ajratilgan bo‘lib, unda davlatimiz tomonidan oilaga, farzandlarga ko‘rsatilayotgan yordam, yetim bolalar va vasiylikka olingan bolalarga ularni boqish, tarbiyalash, o‘qitish jarayonlaridagi ota-ona va farzandlarning huquq va burchlari, voyaga yetgan va mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilish majburuyatlari haqida tushuncha beriladi. Ya’ni, har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga egadir. Ota-ona o‘z bolalarini tarbiyalash huquqiga ega va tarbiyalashi shartligi, bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish ularning ota-onasi zimmasiga yuklatiladi. Bu modda bilan tanishtirishda bevosita “Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya” va “Oila Kodeksi” dan foydalanish maqsadga muvofiqdir.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 89-moddasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – davlat boshlig‘i hisoblanadi va ayni vaqtda ijro etuvchi hokimiyatga va nafaqat uning markaziy bo‘g‘iniga, balki respublikaning barcha ijro etuvchi tizimiga rahbarlik qiladi. Davlat boshlig‘i sifatida u hokimiyatning barcha tarmoqlariga boshchilik qilib, ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi. Prezidentimiz davlatimiz tinchligi, obro‘si, shon-shavkatini butun jahonga tanitishdek ulkan mas’uliyatni amalga oshirayotgan, xalqimiz turmush farovonligi, uyda ulg‘ayayotgan yosh avlod kelajagini ta’minlashdek ulkan vazifalarni amalga oshirayotganligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yaratilgan ilmiy asarlarni o‘rganish va ta’lim-tarbiyaviy jarayonda qo‘llash vazifasi tarbiyachilar zimmasidadir.


Download 1.35 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   82   83   84   85   86   87   88   89   ...   221




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling