Faculty of translation theory and practice department of translation theory and practice
II BOB. SO’Z YASASH USULI ORQALI YASALGAN SO’ZLAR
Download 57.76 Kb.
|
kk
II BOB. SO’Z YASASH USULI ORQALI YASALGAN SO’ZLAR
2.1. So’z yasash usuli orqali yasalgan so’zlarni tarjima qilish So‘z yasalish asosi so‘z yasalishi sathiga xos birlik ekan, uning mohiyati shu nuqtai nazardan belgilanishi lozim bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, yasama so‘zning mohiyatini belgilashga yo‘l ochadi. So‘z yasalishi asosi haqida gap borganida, birinchi navbatda, uning qanday birlik ekani, ya’ni lisoniy birlikmi yoki nutq birligimi, leksemami yoki so‘z ekanini aniq belgilash (u haqda aniq xulosaga ega bo‘lish) shart. Shundagina so‘z yasalishi bilan bog‘liq boshqa hodisalarni ham to‘g‘ri va aniq yoritishga yo‘l ochiladi. O‘zbek tilshunosligida so‘z termini «leksema» ma’nosida ham, «so‘z shakl» ma’nosida ham qo‘llanilib kelindi va hozir ham bu hol ma’lum darajada davom etyapti. Binobarin, yasama so‘zning asosi bo‘luvchi qismning mohiyatini shu nuqtai nazardan aniq belgilash kerak bo‘ladi. Shu asosda so‘z yasalishining mahsuli qanday birlik ekani ham hal etiladi. «So‘z» deganda, umuman, lug‘aviy birlik emas, ma’lum bir (muayyan) grammatik shakldagi lug‘aviy birlik tushunilishi ma’lum. Shu nuqtai nazardan yondoshilsa, so‘z yasalish asosini so‘z deyish mumkin bo‘lmaydi. Chunki u yasama so‘z tarkibida grammatik shaklga ega bo‘lmaydi (So‘z yasalish asosiga so‘z yasovchi qo‘shimcha qo‘shilishining o‘ziyoq shundan dalolat beradi)10. Demak, so‘z yasalish asosiga nisbatan «so‘z» atamasi (termini) xuddi shu ma’noda – «so‘z yasalish uchun asos bo‘luvchi lug‘aviy birlik» ma’nosida qo‘llanadi (so‘zshakl ma’nosida emas) va bunday qo‘llanishga e’tiroz bo‘lishi mumkin emas 1 . Yasama so‘z – lisoniy birlik. So‘z yasalish asosi va so‘z yasovchining tahlilidan ko‘rish mumkinki, so‘z yasovchi so‘z yasalishiga asos bo‘luvchi leksemaning muayyan bir ma’nosi asosida undan yangi so‘z hosil qiladi. Yasama so‘zning ma’nosi so‘z yasalish asosining ana shu muayyan ma’nosi bilan so‘z yasovchining ma’nosi zaminida yuzaga keladi. Shuning uchun ham yasama so‘zning ma’nosini uning tarkibiy qismlari (so‘z yasalish asosi va so‘z yasovchi) ma’nosi bilan asoslash mumkin bo‘ladi. Masalan, bokschi, futbolchi, xokkeychi so‘zlarining ma’nosiga e’tibor bering. Lekin bu holni yasama so‘zning ma’nosi uning tarkibiy qismlari ma’nosiga teng (shu qismlar ma’nosining oddiy qo‘shiluvidan yuzaga keladigan ma’no) deb tushunmaslik kerak. Yasama so‘zning ma’nosi so‘z yasalish asosi ma’nosi bilan so‘z yasovchining ma’nosi sintezidan yuzaga keladi. Shuning uchun ham yasama so‘z ma’nosi (sememasi) tarkibida so‘z yasalish asosi yoki so‘z yasovchining ma’nosi tarkibida bo‘lmagan sema mavjud bo‘ladi. Masalan, pulemyotchi, buldozerchi, tankchi so‘zlarining hammasida –chi so‘z yasovchisi umuman shaxs ma’nosi bilan qatnashyapti. Shu bilan birga, bu so‘zlarning har birida bu shaxsning faoliyatini qayd etuvchi sema ham bor: buldozerchi – buldozerni boshqaruvchi (haydovchi) shaxs; pulemyotchi – pulemyot otuvchi shaxs; tankchi – tank ekipaji a’zosi. Bu narsa yasama so‘zning o‘ziga xos shakl (ifoda) va ma’no butunligiga ega bo‘lgan lisoniy birlik - leksema ekanini ko‘rsatadi. Bu borada ko‘p ta’kidlanganidek, tildagi ma’lum usul va vositalar yordamida yangi so‘zlar hosil qilish so‘z yasalishi deyiladi. So‘z yasalishi tilda mavjud bo‘lgan so‘z yasalishi tarkibini, so‘z yasash usullarini o‘rganadi. So‘z yasalishi tizimi morfemika bilan uzviy bog‘langan. Chunki so‘zning ma’noli qismlari – morfemalar (o‘zak morfema va affiksal morfema) tilda yangi so‘z hosil qilishning eng muhim elementlari hisoblanadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida morfemika bo‘limidan tashqari so‘z yasalishi ham alohida soha sifatida o‘rganib kelinmoqda. Ma’lumki, so‘z yasalishi bo‘limida so‘zlarning yasalish usullari haqida fikr yuritiladi. So‘z yasash usullari esa affiksatsiya (qo‘shimcha qo‘shish orqali), kompozitsiya (so‘zlarni qo‘shish orqali), abbreviatura (so‘zlarni qisqartirish orqali) kabilardir. So‘z yasalishi umumtilshunoslikda derivatsiya (so‘z yasalishi) nomi bilan yuritilib kelmoqda. Hozir derivatologiya alohida soha bo‘lib, leksik va sintaktik derivatsiyaga ham ajratilib o‘rganilmoqda. Derivatsiya hodisasi diaxron (tarixiy) va sinxron (hozirgi) usullariga ega. Biz hozirgi sinxron yasalish masalasi bilan qiziqamiz. Chunki diaxron so‘z yasalishi til tarixining o‘rganish obyekti hisoblanadi. Aslida derivatsiya so‘z yasalishini ham (ishchi, ishla, kitobxon kabi), ichki imkoniyat asosida yangi leksema paydo bo‘lishini ham (kelinchak, ixtisoslashuv, o‘qigan, birov) kabilarni ham o‘rganadi. So‘z yasalishi bu sof nutqiy hodisa, nutqiy jarayon. U derivatsiyaning asosiy qismini tashkil etadi. Biroq uning lisoniy asosi ham bor. Shu bois u til va nutqqa birday daxldor hodisa sanaladi. So‘z yasalishi atamasi ikki ma’noni anglatadi: a) so‘z yasash jarayoni atamasi; b) ushbu jarayonni o‘rganuvchi soha. Aslida so‘z yasalishi deganda qanday usul bilan bo‘lsa ham yangi so‘z hosil qilish tushuniladi. Masalan, affiksatsiya usuli bilan: o‘quvchi, bemaza, paxtakor kabi; kompozitsiya usuli bilan: bilakuzuk, gultojixo‘roz kabi. O‘zbek tilida so‘z yasalishining asosan quyidagi usullari mavjud: affiksatsiya usuli (asosga yasovchi qo‘shimcha qo‘shish yordamida): bil+im, tilak; kompozitsiya usuli (ikki va undan ortiq so‘zning qo‘shilishi orqali so‘z yasash): qora+qurt, oltingugurt; abbreviatsiya usuli (qisqartma qo‘shma so‘zlar): pedkengash, ijroqo‘m. Lekin so‘z yangi ma’no kasb etishi natijasida ham hosil bo‘lishi mumkin. Masalan: ishbilarmon so‘zi hozir yangi ma’no kasb etmoqda. Ya’ni, tadbirkor ma’nosida qo‘llaniladi. Lekin bu yerda yangi so‘z hosil bo‘lgani yo‘q. Demak, so‘z yasalishi, yasama va yangi ma’no kasb etgan so‘zlarning leksemalashuvi hodisasini farqlash kerak ekan. Derivatsiya hodisasida ham tarixiy va zamonaviy so‘z yasalishni farqlash kerak. Hozirgi (sinxron) derivatsiyada yasama so‘z bilan derivatsion (so‘z yasash) qolipida aloqa mavjud. Qolipning shakliy va mazmuniy tomoni hosila so‘zda o‘z izini qoldirgan bo‘ladi. Masalan: kitobchi yasama so‘zida kitob (ot) + chi – kasbi bilan shug‘ullanuvchi shaxs oti yasalgan. Tarixiy derivatsiyada yasama so‘zning shakliy va mazmuniy tomoniga mos qolip bo‘lmaydi. Masalan: qishloq, ovloq kabi so‘zlar anglatgan ma’noni ularni tashkil etuvchi derivatsion qolip asosida aniqlab bo‘lmaydi. Chunki ular tarixiy yasalish asosida yuzaga kelgan. Masalan, qorovul, yasovul, bakovul so‘zlarida ham xuddi shu holatni ko‘ramiz. So‘z yasash (derivatsion) qolip mavjud bo‘lib, har qanday yasama so‘z shu qolip asosida paydo bo‘ladi. Hosila so‘z lisoniylashib, o‘z qolipidan uzilib ketsa ham, ular bilinar-bilinmas qolip bilan bog‘lanib turadi. So‘z yasash qolipi 2 uzvdan tashkil topadi: a) qolipning shakliy tomoni; b) qolipning mazmuniy tomoni. Yasama shakl va mazmun biror qolipga muvofiq kelsa, unga shu qolip hosilasi deb qarash mumkin. Masalan: narsa-qurol otini yasovchi affikslardan hosil bo‘lgan qolip: o‘roq, taroq, kurak kabi. Lekin so‘roq, bilak, tilak bu qolipga ziddir. So‘z yasash qolipining shakliy tomoni ikki qismdan tashkil topadi: 1) yasovchi asos; 2) yasovchi vosita. Masalan: taroqchi otida shu kasb bilan shug‘ullanuvchi shaxs ma’nosini anglatuvchi asos taroq bo‘lib, bu yasovchi asos, - chi esa yasovchi vosita sanaladi. Derivat-operant kabi. Asos mustaqil leksema, yasovchi vosita affiks bo‘ladi. Qolipning yasovchi asosi, albatta, mustaqil so‘z, yasovchi vosita qismi esa so‘z ham, qo‘shimcha ham bo‘lishi mumkin. Masalan, qo‘shma (otboqar), juft (qozon-tovoq) so‘z yasash qoliplarida asos ham, vosita ham so‘z. Yasovchi affikslarning so‘z yasash darajasi bir xil emas. Ayrim affikslar juda ko‘p miqdorda yangi so‘zlar yasash uhun xizmat qilsa, ba’zilari miqdor jihatdan kamroq so‘z yasaydi yoki so‘z yasash xususiyatini hozir umuman yo‘qotgan. Yasovchi affikslar shu jihatdan uch turga bo‘linadi: 1) unumli affikslar. Juda ko‘p so‘z yasashga xizmat qiladi: -chi (ish-chi, jang-chi, bo‘yoqchi), -li (aql-li, bola-li, g‘ayrat-li), -la (tuz-la, oq-la, joy-la), -ma (bo‘l-ma, moslama, qatla-ma), -lik (bola-lik, yosh-lik, tinch-lik, do‘st-lik) kabi; 2) kamunum affikslar. Kamroq so‘z yasashga xizmat qiladi: -q (taro-q), -qin (tosh-qin), -g‘in (yon-g‘in), -kash (mehnat-kash), -in (ek-in), -un (tug-un) kabi; 3) unumsiz affikslar. Hozirgi o‘zbek tilida yangi so‘z yasash xususiyatini yo‘qotgan affikslar: -vul (qoro-vul), -chil (ep-chil), -dak (yugur-dak) kabilar. Hozirgi kunda ba’zi tilshunos olimlar, jumladan, A.Hojiyev so‘z qo‘shish (kompozitsiya) usulida so‘z yasalishi hodisasini inkor etmoqdalar. Tilshunos A.Hojiyevning fikr-mulohazalari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tishni joiz topdik. O‘zbek tili so‘z yasalishiga oid ishlarning hammasida so‘z yasashning “kompozitsiya usuli” qayd etiladi va u so‘z yasashning mahsuldor usuli sifatida ta’riflanadi. Biroq, olimning ta’kidlashicha, hodisaga bevosita o‘zbek tilining o‘z materiallaridan kelib chiqib yondashilsa, bu tilda so‘z yasashning “kompozitsiya usuli” deb atash mumkin va lozim bo‘lgan usuli yo‘qligi ma’lum bo‘ladi11. Download 57.76 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling