Falsafa ma’ruzalar matni


Download 1.02 Mb.
Pdf ko'rish
bet25/27
Sana21.11.2020
Hajmi1.02 Mb.
#148823
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   27
Bog'liq
2 5395657149269412001


ADABIYoTLAR 
 
1. Karimov I.A. O’zbekistonning siyosiy-ijtimoiy va iqtisodiy istiqbolining asosiy tamoyillari. — T., «O’zbekiston; 
1995. 
2. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot 
kafolatlari. T., «O’zbekiston», 1997 
3. Karimov I.A. Bizdan ozod va obod Vatan qolsin. T., «O’zbekiston». 1996. 
4. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. T., «O’zbekiston», 1999. 
5. Karimov I.A. Milliy istiqlol mafkurasi — xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir. T., «O’zbekiston», 2000. 
6. O’zbekiston XXI asrga intilmoqda. – T., O’zbekiston, 2000. 
7. Toynbi A. Postijenie istorii. M., Nauka, 1991. 
8. Berdyaev A. Smisl istorii. M., Nauka 1990. 
 
 

5-mavzu. Qadriyatlar falsafasi. 
O’zbekistonda inson qadri va shaxs erkinliklari 
 
Reja: 
1. Qadriyatlar mavzusining tarixiy ildizlari. 
2. Ijtimoiy taraqqiyot jarayonida qadriyatlarga munosabat. 
3. Qadriyat kategoriyasi, uning asosiy shakllari. 
4. Qadriyatlarning jamiyat va inson hayotidagi ahamiyati. 
5. Yoshlarda qadrlash tamoyillarini to’g’ri tarbiyalash vazifalari. 
 
Qadriyatlar to’g’risidagi fan — Aksiologiya (aksio — qadriyat, logos fan, ta’limot ma’nosini anglatadi) falsafaning 
shu masalani o’rganadigan va u bilan shug’ullanadigan sohasi hisoblanadi. Sobiq Ittifoq davrida bu to’g’rida nihoyatda 
kam ma’lumotlar bor edi. Istiqlol tufayli qadriyatlar to’g’risidagi qarashlarimiz shitob bilan o’zgardi. Sobiq Ittifoqning 
ilgari ulug’langan partiyaviy-sinfiy qadriyatlari sarobga aylandi, zamona realliklari talablariga javob bera olmay, o’tgan 
o’n yilliklardan iborat tarix sahifalari bilan birga yopilib ketdi. O’zbekistonda qadriyatlarga e’tibor kuchaydi, uning turli 
qirralari olim va mutaxassislar tomonidan tahlil etilmoqda. Qadriyatlar falsafasi — Aksiologiyaning ko’pdan-ko’p 
mavzulari mutaxassislarimizning ilmiy izlanishlarida o’ziga xos o’rin tutmoqda. 
«Moziyga qaytib ish qo’rmoq xayrlidir», deb yozgan edi Abdulla Qodiriy «O’tgan kunlar» romanida. Xuddi shunday, 
«Qadriyat o’zi nima?» savoliga javob berishdan oldin mavzuning tarixini, qisqa bo’lsa-da, o’rganmoq lozim. Busiz 
qadriyatlarning bugun va kelajakdagi ahamiyatini tushunib bo’lmaydi. 
Qadriyatlar mavzuining tarixi, ildizlari va insoniyatga xos qadrlash tamoyillari shakllanishi uzoq o’tmishga ega. 
G’arb olimlari bu borada, asosan, Evropa madaniy merosi va g’oyalariga tayanadilar, ko’plab allomalarning nomlarini 
tilga oladilar. G’arbda qadriyatlar bilan shug’ullanadigan falsafiy soha — Aksiologiya (aksio — qadriyat, logos — 
ta’limot) fanining shakllangani ham ularning bunday qarashlari uchun muayyan asos bo’ladi. Biz Suqrot va Aflotun, 
Arastu va Hegellar katta e’tibor bergan bu mavzuning G’arb falsafasida o’z tarixiga ega ekanligiga shubha qilmaymiz. 
Ammo ushbu mavzu ko’hna va navqiron Sharq, xususan O’zbekiston uchun begona emas! Uning eng teran 
jihatlarini faqat G’arbdan emas, balki Sharqdan qidirish ham foydadan xoli bo’lmasa kerak. Nomlari tsivilizatsiyamiz 
tarixiga abadiy bitilgan Xorazmiy, Forobiy, al-Buxoriy, at-Termiziy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubro, Yassaviy
Naqshband, Ulug’bek, Navoiy, Mashrab, Bedil, Behbudiy, Avloniy kabi mutafakkirlar ijodida ham bu mavzuning izlari 
bor, teran qirralari ochilgan. Gap ana shu izlarni izlab topishda, ularni unutmaslikda, sayqallab turishda, zamona 
realliklari nuqtai nazaridan xolisona talqin qilishdadir. 
Avlod va ajdodlarimiz yaratgan qadrlash mezonlarining tarixi eng qadimgi naqllar, rivoyatlar, afsona, hikoyat, 
dostonlarga, ya’ni xalq og’zaki ijodi namunalariga borib taqaladi. Spitamen, Muqanna va Jaloliddin Manguberdi 
to’g’risidagi asarlarda, Alpomish, To’maris va Shiroq to’g’risidagi afsona va dostonlarda vatanparvarlik, xalq va yurt 
ozodligi uchun fidoyilik kabi ko’plab umuminsoniy qadriyatlar tasvirlangan. Ma’naviy merosimizning yorqin namunasi 
– «Avesto» zardo’shtiylikning muqaddas kitobi bo’lganligidan, unda bu dinning qadriyatlar tizimi, qadrlash mezonlari, 
o’sha davrdagi milliy g’oyalar yorqin ifodalangan. 
Qadrlash to’g’risidagi qarashlar rivojida VIII-XII asrlar katta ahamiyatga ega. Bu davrda arab istilosi amalga 
oshirilgan, islom hukmron dinga aylangan edi. E’tirof etish kerakki, Qur’on va Hadislarda ta’riflab berilgan ilohiy 
qadriyat va qadrlash masalalari xalqimiz tarixi va madaniyatiga ta’sir ko’rsatgan. Shu bilan birga, arab istilosi davrida 
ko’pgina milliy qadriyatlarimizning yo’qotib yuborilganligini ham qayd qilmoq kerak. Bu to’g’rida Beruniy «Qadimgi 
xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida afsus bilan yozib qoldirgan. 
Tsivilizatsiyamiz qadriyatlari va xalqimizga xos qadrlash me’yorlari musulmon Sharqi va arablar dunyosi 
madaniyatining rivojiga ham nihoyatda katta aks ta’sir ko’rsatgan. Tarixda nomlari saqlangan allomalarimiz o’z navbatida 
butun jahon, Sharq madaniyatiga g’oyat katta hissa qo’shganlar. Bunday fikrni Abu Hanifa, al-Buxoriy, at-Termiziy, 
Kubro, Ahmad Yassaviy, Naqshband kabi ilohiyot ilmining zabardast allomalari to’g’risida ham aytish joiz. Ularning har 
biri o’z zamonasida islomni tsivilizatsiyamizning yuksak madaniyati nuqtai nazaridan targ’ib va tashviq etdilar, islom 
falsafasini yuksaklikka ko’tardilar, mazkur dinning butun jahonda katta mavqega ega bo’lishida muhim faoliyat 
ko’rsatdilar. Bu esa ushbu zotlarning nomlarini islom dini jahon sahnida qancha tursa, shunga qadar boqiy ayladi. ularning 
islom falsafasi va ilohiyotiga, uni zamona zayllari orasidan o’tishi jarayoniga ko’rsatgan nihoyatda katta ta’siri to’g’risida 
maxsus tadqiqotlar olib borish mumkin. Afsuski, manbalar etarli bo’lishiga qaramasdan, yurtimiz tsivilizatsiyasining islom 
dini rivojiga va azaliy islom mamlakatlarining madaniyati taraqqiyotiga aks ta’siri to’g’risida yozilgan asarlar haligacha 
kam, bu to’g’rida keng qamrovli tadqiqotlar olib borish zaruriyati allaqachon etilgan. 
 
 

Masalaning muhimligi atoqli entsiklopedik olimlar — Xorazmiy, Forobiy, Beruniy, ibn-Sino, al-Farg’oniy kabi 
tsivilizatsiyamizning zabardast namoyandalari ijodi va merosi ko’zgusida yanada yaqqolroq namoyon bo’ladi. Zero, ular nafaqat 
Markaziy Osiyo, arab-musulmon tsivilizatsiyasi, balki jahon madaniyati taraqqiyotiga nihoyatda katta hissa qo’shganlar, yurtimiz 
qadriyatlari ta’sirini butun olamga yoyilishida xizmat qilganlar. 
Shu bilan birga, umuminsoniy madaniyatning bebaho durdonalarini yaratgan Ulug’bek, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi 
zotlarning jahon tsivilizatsiyasiga qo’shgan xizmatlarini tilga olmay bo’ladimi? 
Afsuski, tsivilizatsiyamizga xos eng yuksak qadrlash mezonlarini yaratgan o’rta asrlardagi ko’tarilish davri 
temuriylar saltanatidan so’ng asta-sekin tanazzulga yuz tutdi, markazlashgan davlat parchalanib ketdi. Avval Xiva 
xonligi va Buxoro amirligi, so’ngra Qo’qon xonligi vujudga keldi. Uch yuz yildan ortiqroq davrni o’z ichiga olgan bu 
jarayon xonlik, amirlik, turli sulolalar, urug’lar o’rtasidagi urushlar, tinimsiz ziddiyatlar orqali kechdi, yaxlit 
tsivilizatsiyamizning hamjihatligini ta’minlaydigan umumiy qadriyatlar tizimi darz ketdi, qadrlash mezonlari ham bir 
qadar o’zgara boshladi. 
XIX asrning o’rtalariga kelib, amirlik va xonliklarga bo’linganligiga qaramasdan, mustaqil yashagan Turkiston chor 
Rossiyasi tomonidan bosib olindi, yurtimiz imperiyaning mustamlakasi bo’lib qoldi. Mustamlakachilarning qadriyatlari 
va qadrlash mezonlari xalqimiz orasiga zo’rlik bilan singdirila boshlandi. XIX asrning oxirlari va XX asr boshlarida 
yurtimizda «jadidlar» oqimi vujudga keldi. M. Behbudiy, So’fizoda, Avloniy, Cho’lpon, Fitrat va boshqa jadidlar 
merosiga diqqat qilinsa, o’sha davrda yurtimizda ma’naviy tushunchalarning ko’lami qanchalik keng bo’lganligini, 
falsafiy tilning naqadar boyligini, uning adabiyot bilan qanchaliy uyg’unligini yaqqol ko’rish mumkin. Ularning 
asarlarida gohida biz allaqachon esimizdan, tilimizdan va balki dilimizdan ham chiqarib yuborgan qadriyatlar, 
tushunchalarga duch kelamiz. Jadidlarning merosi xalqimiz madaniyatiga yanada kattaroq ta’sir ko’rsatishi mumkin edi. 
Afsuski, bolsheviklar boshlagan siyosiy jarayonlar bu avlodning boy merosini o’z domiga tortdi, uning taqdiri ayanchli 
kechdi, ta’qiqlab qo’yildi. O’tmish avlodlar ardoqlagan va buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan sharqona qadrlash 
mezonlarini yuz o’ttiz yil sarobga aylantirish uchun qilingan urinishlarning oqibatlari haligacha sezilib turadi. Faqat 
mustaqillik yillariga kelibgina ushbu sohada ham ijobiy siljishlar boshlandi. 
Sobiq Ittifoqda qadriyatlarga munosabat qanday edi? Dunyoning oltidan bir qismini egallab turgan mamlakatda 
qadrlashning umuminsoniy tamoyillarini barqaror qilish u yoqda tursin, haqiqiy qadriyatshunoslik nuqtai nazaridan tadqiqotlar 
olib borishga ham izn berilmas edi. Faqat asrimizning 60-yillariga kelib, qadriyatlar muammosi ba’zi mutaxassislar tomonidan 
tahlil qilina boshlagan bo’lsa-da, 90-yillargacha falsafa darsliklarida alohida mavzu sifatida o’z o’rniga ega bo’lmadi. Hukmron 
mafkuraning tarkibiy qismiga kirmaganligi, mavzularining juda kam tadqiq qilinganligi va nihoyatda oz ahamiyat berilganligidan 
maxsus falsafiy tadqiqotlar sohasiga aylana olmadi. Aksiologiya nomi bilan sobiq Ittifoqda birorta ham darslik yoki o’quv 
qo’llanmasi chop etilmagan, hatto universitetlarning faylasuf, jamiyatshunos, tarixchi va boshqa ijtimoiy mutaxassislar 
tayyorlaydigan gumanitar bo’limlarida ham bu sohaga oid maxsus bilimlar berilmas edi. 
Qadriyatlar to’g’risidagi g’arbda keng tarqalgan aksiologiya fani rivojlangan mamlakatlarda inson qadri va haq-
huquqlariga doir ko’pgina tamoyillarning amaliyoti uchun nazariy asoslardan biri bo’lgan ilmiy sohalar qatoriga kiradi. 
Mustaqillik va qadriyatlar mavzusi. Istiqlol yillarida O’zbekistonda bu mavzuga umuminsoniy tamoyillar asosida 
yondashish shakllandi. Bunday qarashning vujudga kelishi, qadriyatlarning ijtimoiy va ma’naviy yangilanishi, jamiyat 
a’zolarining kamoloti hamda yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati masalalariga davlat miqyosida yuksak e’tibor 
ko’rsatilayotganligi mazkur soha rivojining bosh yo’nalishidir. Qadriyatlarni mustaqillikni mustahkamlashning 
ma’naviy omillaridan biri sifatida qadrlanishi borasidagi ijobiy jarayonlar tadqiqotlarni ko’paytirish, ularga nisbatan 
mas’uliyatni yanada oshirishni taqozo qilmoqda. 
Istiqlol asrlar davomida shakllangan o’ziga xos sharqona va o’zbekona qadrlash masalalari va me’yorlarini qayta 
tiklash hamda zamonaviy talablar darajasida takomillashtirishni kun tartibiga qo’ydi. Mustaqillik istiqlol davrining 
eng asosiy qadriyatidir. Zero, mustaqil bo’lmagan mamlakatning qadriyatlar tizimi hech qachon to’kis bo’lmaydi. 
Mustamlaka mamlakatning ma’naviy hayotida mustamlakachilarning qadriyatlari ustuvor bo’lishi aniq. Faqat 
mustaqillikkina ushbu holatni tubdan o’zgartiradi, mamlakatning qadriyatlar majmuasini jahon tizimining teng huquqli 
va haqiqiy qismiga aylantiradi. Shu sababdan ham istiqlol yangi qadriyatlar tizimini shakllantirishni taqozo qildi. Bu 
zaruriyat esa qadriyatlarni qayta baholash, yurtimizda sharqona, azaliy va umuminsoniy qadrlash mezonlari ustuvor 
bo’lgan hayot tarzini shakllantirish jarayoni bilan uyg’unlashib ketdi. Qadriyatlar sohasidagi o’zgarishlarga e’tibor va 
bu boradagi yangi tamoyillardan ta’lim-tarbiyada foydalanish ehtiyoji oshayotganligining sababi ham ana shunda. 
Qadriyat o’zi nima? Qadriyat tushunchasi nihoyatda xilma-xil ma’noda, turli sohalarda qo’llaniladi. 
Qadriyatning kundalik hayotdagi ma’nosi kishilar o’rtasidagi muloqotlarda, ommaviy axborot vositalarining 
xabarlarida o’ziga xos tarzda namoyon bo’lmoqda. Kundalik hayotda, ko’pchilik nazarida narsalar (masalan, 
qimmatbaho buyumlar, taqinchoqlar), tabiat hodisalari, ijtimoiy voqealar, jamiyatdagi talablar, orzu-umidlar, an’ana va 
marosimlar, madaniy boyliklar va boshqalar qadriyat sifatida tushuniladi. Bundan tashqari, odamlar o’zlari ishonib, 
gohida intilib, qiziqib yoki orzu qilib yashaydigan maqsad, orzu yoki ideallarga ham «qadriyat» tushunchasini 
 
 

qo’llaydilar. Xullas, kundalik hayotda ko’pchilik tomonidan qo’llaniladigan «qadriyat» iborasi, odamlar uchun biror 
zarur ahamiyat kasb etadigan ob’ekt, narsa, hodisa va boshqalarga nisbatan ishlatiladi. 
Tabiat va madaniyat buyumlarining inson ehtiyojini qondirishi va uning maqsadlariga xizmat qilishi 
ta’kidlanganida, asosan ularning foydasi, qimmati nazarda tutiladi. Haqiqatan ham, buyumlarning iqtisodiy qimmati 
kishilar uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ammo buyumning qadri hisobga olinmasa, masalaning aksiologik jihati 
ochilmaydi. Qadriyat kategoriyasi buyum yoki narsalarning iqtisodiy qimmatini ifodalaydigan tushunchadan farq qiladi. 
Shu ma’noda qadriyat  narsa va buyumlarning qimmatiga nisbatan qo’llanilmasdan, balki inson uchun biror 
ahamiyatga ega bo’lgan voqelikning shakllari, holatlari, narsalar, voqealar, hodisalar, jarayonlar, holatlar, sifatlar, talab 
va tartiblar va boshqalarning qadrini va ijtimoiy ahamiyatini ifodalash uchun ishlatiladigan falsafiy kategoriyadir. Bu 
kategoriya o’zida qadriyat ob’ektining nafaqat qimmatini, balki ijtimoiy ahamiyatini, falsafiy-aksiologik mazmunini, 
jamiyat va inson uchun qadrini ham ifodalaydi. 
Qadriyat, baho va qadr. Qadriyatlar muammosiga bag’ishlangan (asosan rus tilidagi) ilmiy-falsafiy manbalarning 
ko’pchiligida qadriyat (tsennost) tushunchasini baho (otsenka) tushunchasi bilan qiyoslash, ularga bir xil daraja va ko’lamdagi 
tushunchalar sifatida qarash hollari uchraydi. Bu ikki tushuncha qiyoslanayotganda, qadr tushunchasi e’tiborga olinmaydi. 
Balki, bunday holga rus tilidagi «otsenka» va «tsena» so’zlarining o’xshash ma’noli (ko’proq iqtisodiy) tushunchalar ekanligi 
sabab bo’lishi ham mumkin. Rus tilida qadr iborasi ishlatilmaydi, uning ruscha tarjimasi yo’q. Qadr tushunchasi o’zbek tilida 
serqirra ma’no va mazmunga ega, u tilimizdagi ba’zi ibora va so’zlarda o’ziga xos sharqona falsafiy mazmun borligidan 
dalolat beradi. 
Qadriyatning mazmuni va ahamiyati «baho» tushunchasida to’la-to’kis aks etmasligi, turlicha ifodalanishi ham 
mumkin. Qadriyatning haqiqiy qadrini, mazmuni va ahamiyatini bahosiga qarab aniqlash qiyin bo’ladigan hollar ham 
uchraydi. Aslida qadriyatning qadrini bilish, uning ahamiyatini anglab olish va baholash bir-biri bilan uzviy bog’liq 
jihatlarni tashkil qiladi. Qadriyatning ahamiyati anglab olinmasa, qadri to’g’ri tushunilmasa, unga to’g’ri baho berib 
bo’lmaydi. Aynan shu ma’noda qadriyatni baholash unga bo’lgan munosabatni ham ifodalaydi, bu esa o’z navbatida 
kishilarning talablari, ehtiyojlari va maqsadlari bilan bog’liqdir. Qadriyatni baholashda qancha xilma-xil maqsad va 
ehtiyojga ega bo’lgan kishilar ishtirok etsa, uning haqiqiy bahosini aniqlash ham shuncha qiyinlashib boraveradi. 
Qadriyatning ob’ekti va sub’ekti. Qadriyatshunoslikda qadriyat tushunchasi bilan bu tushuncha bog’langan 
ob’ekt o’rtasida farq bor, deb qaraladi. Agar qadriyat berilgan qadrni ifodalaydigan falsafiy tushuncha sifatida 
qaralmasa, unga ta’riflarning son-sanoqsiz bo’lishi aniq. Negaki, dunyoda qadrlanadigan narsalar, hodisalar, voqealar, 
jarayonlar, joylar va sifatlar, ideal va maqsadlar nihoyatda ko’p. Qadriyat tushunchasi esa ularning birortasi uchun 
to’g’ridan-to’g’ri ism, atama yoki bevosita nom bo’la olmaydi, balki ularning qadrini anglatadigan tushuncha sifatida 
namoyon bo’ladi. 
Qadriyatlar va ijtimoiy jarayonlar. Odamlar bitta jamiyatda, bir davrda va o’xshash sharoitlarda 
yashayotganliklariga qaramasdan, u yoki bu narsaning qadri turlicha anglab olinadi, tushuniladi va talqin qilinadi. 
Ijtimoiy jarayonlar ta’sirida kishilarning qadriyatlar to’g’risidagi tasavvuri, qarashlari o’zgaradi, bu esa taraqqiyot 
jarayonida odamlarning turmush sharoitlari, hayoti va ma’naviy qiyofasidagi o’zgarishlar bilan bog’liqdir. 
Ana shunga ko’ra, hammada ham qadrlash tuyg’usi doimo bir xil bo’lavermaydi, ijobiy va salbiy qarashlar, turli xil 
jihatlar har qanday qadriyatning qarama-qarshi tomonlarini tashkil qiladi. Ijobiyligi va salbiyligi, baholanishi va 
ahamiyatiga ko’ra bir-biriga mutlaqo ziddek bo’lib ko’rinadigan yaxshilik va yomonlik, haqiqat va haqsizlik, baxt-
saodat va g’am-kulfat, taraqqiyot va tanazzul kabi tushunchalar hayotning bir-biriga zid va chambarchas bog’langan 
tomonlarini ifodalaydi. 
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qadriyatlar jamiyatning rivoji va kishilar hayotining turli davrlarida turlicha 
ahamiyat kasb etadi, tarixiy zaruriyatga mos ravishda goh u, goh bu qadriyat ijtimoiy taraqqiyotning eng oldingi 
pog’onasiga chiqib oladi, boshqalarini xiralashtirganday bo’lib tuyuladi. Natijada ijtimoiy rivojlanish va taraqqiyot 
qonuniyatlariga mos ravishda, oldinga chiqib olgan qadriyatni barqaror qilishga intilish nisbatan kuchayadi. Masalan, 
yurtni yov bosganida – ozodlik, imperiya hukmronligi nihoyasida — istiqlol, urush davrida — tinchlik, tutqunlikda — 
erkinlik, kasal va bemorlik onlarida — salomatlikning qadri oshib ketadi, ularga intilish kuchayadi. 
Ta’lim tarbiyaning muhim omillari bo’lgan qadriyatlarning namoyon bo’lish shakllari orasida o’z ahamiyatini, ijobiylik 
xususiyatlarini doimiy saqlab qoladiganlari ham bor. Bular — inson vujudining tirikligi, umri va hayoti, sihat-salomatligi, 
mehnati, bilimi, muomalasi. ular inson va jamiyat bor ekan, o’zining ijtimoiy ahamiyatini saqlab qolaveradi. Afsuski, ularning 
qarama-qarshisi bo’lgan kasallik, ma’nosiz hayot kechirish, bilimsizlik va boshqalar ham tarixiy jarayonlarning hamrohi. 
Tiriklik bor ekan — o’lim, borliq eng buyuk ma’vo ekan — yo’qlik, inson tirik jonzod ekan — kasallik, hayot kechirishdan 
maqsad mazmunli umr ekan — ma’nosiz qo’yilgan ba’zi qadamlar, yashashning zaruriy shartlaridan biri bilish va anglash 
ekan — bilimsizlik, taraqqiyotga intilish bor ekan — tanazzul va boshqalar insoniyatni doimo ta’qib qiladi. Yuqoridagi ijobiy 
qadriyatlarning ahamiyati ham ularga teskari bo’lgan jihatlarga nisbatan aniqlanadi. Yoshlarda, ayniqsa, talaba va 
o’quvchilarda ma’naviy etuk tuyg’ularni shakllantirishda ana shunday aksiologik bog’liqliklarning botiniy va zohiriy 
tomonlarini o’rgatish katta ahamiyat kasb etadi. 
 
 

Qadriyatlar tizimi. Har qanday jamiyat, ijtimoiy-tarixiy birliklar (urug’, qabila, elat, xalq, millat), ijtimoiy 
sub’ektlar va boshqalar o’ziga xos qadriyatlar tizimiga ega bo’ladi. Bu qadriyatlar tizimida asosiy bo’lmagan qadriyatlar 
muayyan qatorni tashkil qiladi, turli holatlarda namoyon bo’ladi. Jamiyat rivojining muayyan davri yoki biror davlatda 
ham ana shunday qadriyatlar tizimi mavjud bo’ladiki, u o’sha davr, jamiyat va davlat kishilari, ularning faoliyati uchun 
umumiy mezon vazifasini o’taydi. Har bir ijtimoiy tarixiy birlik, sinf va partiyalar ham ana shunday qadriyatlar tizimi 
asosida faoliyat ko’rsatadilar, ulardan foydalanadilar yoki ularga erishishning turli usullarini qo’llaydilar. 
U yoki bu qadriyatning ahamiyatini aniqlashda ana shunday tizimlar mavjud ekanligini unutmaslik, uning biror 
davr, ijtimoiy birlik, soha, jarayon va boshqalar uchun qanday mavqega ega ekanligini nazardan qochirmaslik lozim. 
Qadriyatlarning namoyon bo’lish shakllari. Bir qarashda qadriyatlarning shakllari son-sanoqsiz va nihoyatda 
tartibsizga o’xshab ko’rinadi. Aslida esa bashariyat, olam, tabiat va jamiyatda ajabtovur uyg’unlik mavjud. Qadriyat 
shakllari ham ularga mos ravishda ana shunday uyg’unlikda, qonuniy bog’lanishda, umumiy aloqadorlikdadir. Bunday 
holatda ularning klassifikatsiyasida tabiat va jamiyatdagi narsa, voqea, hodisa, jarayonlar muayyan ko’lamda, qadriyat 
shakllari esa ular bilan bog’liq holda namoyon bo’ladi. 
Makon va zamonda ushbu qadriyat ob’ektlari borliqning biror shakli, jihati, voqelikning biror qismi, olamdagi 
narsalar va atrof-muhitning eng muhim tomonlari sifatida namoyon bo’ladi. ushbu ma’noda qadriyatlarning 
umumbashariy, umumsayyoraviy va mintaqaviy hamda biror kichik hudud yoki joyga bog’liq bo’lgan shakllarini. 
ko’rsatish mumkin. Bunda umumiylik, xususiylik va alohidalikning dialektikasi zamonaviy atamalar «global», «zonal» 
va «lokal» qadriyat ob’ektlarining o’zaro munosabati tarzida zohir bo’ladi. 
Jamiyatning yashashi, odamlarning hayot kechirishi uchun yuqoridagi qadriyatlar bilan birga jamiyatdagi 
umumijtimoiy va umuminsoniy qadriyatlar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning jamiyat, uning tuzilishi, ijtimoiy 
birliklar va ijtimoiy ong shakllariga aloqador turkumlarini ko’rsatish mumkin. Masalan, jamiyatning tuzilishiga xos milliy, 
sinfiy, irqiy va boshqalar yoki ijtimoiy ongning shakllariga bog’liq: siyosiy, huquqiy, axloqiy, diniy, hamda jamiyatning 
asosiy sohalariga bog’liq: iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy. Ijtimoiy qadriyat shakllari orasidagi farqlar aslo mutlaq 
emas, balki nisbiydir. ular orasida o’tib bo’lmas chegaralar yo’q. 
Bugungi kunga kelib qadriyatlar iborasi nihoyatda mashhur bo’lib ketdi. Uni juda keng ma’noda ishlatish, ayniqsa, 
madaniy-ma’naviy hodisalar, urf-odatlar, an’analar va boshqalarga nisbatan umumiy nom yoki atama sifatida qo’llash 
hollari ko’p uchramoqda. Kundalik muloqotda qadri bor narsa, voqea, hodisa, xususiyat va boshqalarni «qadriyat» deb 
atashga ko’pchilik o’rganib qoldi. Ammo har bir so’z, atama va tushunchaning mohiyati va mazmunini o’ziga 
sig’diradigan sifat chegarasi bor. U yoki bu tushunchadan ana shu mazmunga sig’maydigan ko’lamni talab qilishning 
keragi yo’q. Zero, qadriyat tushunchasining ommalashib, mashhur bo’lib ketganligi juda yaxshi. Lekin uni yanada 
kengroq ma’noda yoki zarur bo’lmagan hollarda ham ishlatish bu tushunchaning mazmunini xiralashtirishi, uning 
mohiyatini ifodalaydigan sifat chegarasini sarobga aylantirib qo’yishi, qadrini tushirishi mumkin. 
Xalqimizning «Qadrsiz qadriyat yo’q!», «Qadrlanmaydigan qadriyat sarobga o’xshaydi», degan hikmatlari bor. Ana 
shu sababdan ham, mamlakatimiz taraqqiyoti hozirgi davrining yuksak ifodalari bo’lgan istiqlol, buyuk kelajak, 
vatanparvarlik, insonparvarlik, demokratiya, qonunning ustuvorligi kabi serqirra qadriyatlarni nihoyatda qadrlashimiz 
lozim. Ularning birinchisi — istiqlol e’lon qilgan O’zbekiston taraqqiyotining yangi asr bo’sag’asidagi asosiy haqiqati, 
ikkinchisi - istiqboldagi eng oliy orzu-idealimiz, boshqalari esa qurilayotgan jamiyatimizning ijtimoiy va ma’naviy 
tamoyillarini belgilaydigan purma’no qadriyatlarimizdir. 
Inson qadri. Istiqlol inson qadri, uning manfaat va ehtiyojlari bilan bog’liq masalalarni dolzarblashtirib yubordi. 
Inson qadri uning ijtimoiy xususiyatlari, jamiyatda amalga oshirgan faoliyati, boshqalarga va atrof-muhitga munosabati, 
kamolotga etganligi, ijtimoiy xususiyatlarni o’zlashtirib olganligi va ularni ma’naviy qiyofasida namoyon qila 
olganligida ham ko’rinadi. Odam bolasining shaxsga aylanishi, o’z qadrini va o’zgalar qadrini anglash jarayoni uzoq 
yillar davom etadi. 
Umuman, odamzod naslining hozirgi avlodi uchinchi ming yillikni kutib olayotgan bugungi kunlarda butun dunyoda 
qadrlash falsafasining umuminsoniy mezonlarini amaliyotda qo’llashga ehtiyoj kuchaydi. Taassufki, inson zoti 
sayyoramizda yashagan ilk davridan boshlab qadr va qadriyatni ustuvor bilganida, Er yuzining zamonaviy manzarasi 
butunlay boshqacha tus olgan, kishilikni ekologik bo’hronlar, urush xavfi va ma’naviy tanazzul kabi umumbashariy 
muammolar kutib turmagan bo’larmidi? 
Bugungi kunga kelib, insoniyat yana tabiat va odamzod naslining uyg’unligini saqlab qolish uchun qadr va qadriyat 
nihoyatda zarur ekanligini angladi. XX asrning oxirgi va XXI asrning boshlanishidagi birinchi besh yilliklar BMT 
tomonidan «Inson huquqlari o’n yilligi» deya e’lon qilinganligi, kishilik jamiyati esa yangi ming yillikka umuminsoniy 
qadriyatlarni barqaror qilishga bel bog’lab o’tayotganligi bejiz emas. Hozirgi O’zbekistonda inson manfaatlari va haq-
huquqlarini ro’yobga chiqarish, qadrlashning umuminsoniy tamoyillarini ustuvor qilish bilan bog’liq faoliyatlar butun 
jahonda bu boradagi umumiy hamkorlikni mustahkamlash harakatining tarkibiy qismiga aylanmoqda. 
 
 

Download 1.02 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   27




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling