Yangi davr (XVII asr)da kategoriyalarning tahlili. Yangi davrda fan yanada rivojlanadi. Uning bosh vazifasini olimlar tabiat qonunlarini aniqlashda ko‘radilar. Insonning aqli tabiat hodisalarining o‘xshash o‘zaro ta'sirlarida muqarrar tarzda takrorlanuvchi barqaror aloqalar mavjudligini qadim zamonlardayoq payqagan edi. Bunda muhim, takrorlanuvchi xossalar fan va falsafa kategoriyalarida qayd etiladi, ularning o‘rtasidagi takrorlanuvchi aloqalar esa tabiat qonunlari sifatida tushuniladi. Fan va falsafa qonunlari muhim xossalariga ko‘ar o‘xshash, ikkinchi darajali xossalariga ko‘ra esa bir-biridan farq qiladigan tabiiy jarayonlar rang-barang variantlarining ideal invarianti hisoblanadi. Yangi davr faylasuflarining asosiy e'tibori ilmiy bilish metodologiyasi muammolariga qaratiladi. Bunda yuzaga keladigan eng katta qiyinchilik ziddiyatlar birligi anglab yetilmagan, empirizm va ratsionalizm dialogi esa empirizmning tantanasi bilan tugagan empirik va nazariy bilimning o‘zaro nisbati muammosidir. - Kategoriya tushunchasi va uning tasnifi. Kategoriya nima? Bu savolga javob berish uchun biz qanday fikrlashimiz va o‘z fikrlarimizni boshqa odamlarga qanday yetkazishimizni ko‘rib chiqamiz. Biz tushunchalar, mulohazalar va mushohadalar ko‘rinishida fikrlaymiz. Fikrlash jarayonining asosiy materiali tushunchalar bo‘lib, predmetlar umumiy va muhim belgilarida ular orqali fikrlanadi. Tushunchalar yordamida biz voqyea va hodisalar ma'nosini anglaymiz, ularning o‘zimiz uchun ahamiyatini aniqlaymiz. Tushuncha va tushunish o‘zakdosh so‘zlardir, shu sababli bizning dunyoni tushunishimiz, dunyoga ongli munosabatimiz inson ixtiyorida mavjud bo‘lgan tushunchalar apparati bilan belgilanadi. Biz o‘z fikrlarimizni so‘zlar yordamida ifodalaymiz.
- Fikr bizning dunyo bilan o‘zaro aloqa qilish tajribamizni u yoki bu darajada umumlashtiradi. Dunyo o‘z xossalari, narsalari va munosabatlarining rang-barangligi jihatidan cheksiz darajada boydir. Bizning so‘z boyligimiz o‘zimiz yashayotgan dunyodan qashshoqroqdir. Fanda yangi kashf etilgan hodisalarni ifodalash uchun mos keladigan atamani topish zaruriyati tez-tez yuzaga kelishi tasodifiy hol emas. Bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizni ifodalovchi so‘zlarning ma'no boyligi qancha aniq bo‘lsa, tafakkurimiz shuncha teranroq bo‘ladi, bizning tushunchalar apparatimiz qancha keng bo‘lsa, fikrlash qobiliyatimiz shuncha teranroq bo‘ladi.
- Kategoriya (yunon. kategoria – ta'rif, mulohaza) – borliq hodisalari va unda hukm suruvchi munosabatlarning muhim, tipik mazmunini o‘zida aks ettiradigan o‘ta keng tushuncha. Shunday qilib, tabiiy til tushunchalari fan va falsafa kategoriyalari bilan tinimsiz boyib boradi. Kategoriyalarni tasniflash, borliqning turli shakllari haqidagi falsafiy tasavvurlarga muvofiq amalga oshiriladi. Odatda fan kategoriyalari, xususiy-ilmiy kategoriyalar va falsafa kategoriyalari farqlanadi.
- Fan kategoriyalari tabiiy til tushunchalaridan ancha farq qiladigan so‘zlar bilan ifodalanadi. Aksariyat hollarda ular qadimgi yunon yoki klassik lotin tilidan o‘zlashtiriladi, ba'zan ular muayyan hodisani kashf etgan olimning ismi bilan ataladi. Ilgari ma'lum bo‘lmagan hodisani ifodalash uchun sun'iy tarzda yaratilgan so‘zlar – neologizmlar ham ancha ko‘p uchraydi. Tabiiy tildan farqli o‘laroq, fan tushunchalari va kategoriyalari atamalar (terminlar) hisoblanadi, ya'ni erkin talqinga yo‘l qo‘ymaydigan aniq belgilangan hajm va mazmunga ega bo‘ladi.
- 1. Falsafiy kategoriyalarning birinchi va eng muhim guruhi – har qanday falsafiy muammolarni tahlil qilishda qo‘llaniladigan umumiy kategoriyalar, ya'ni borliq kategoriyalaridir (falsafiy adabiyotlarda bu kategoriyalarni dialektika kategoriyalari deb nomlash odat tusini olgan).
- 2. Ikkinchi guruhni falsafaning turli bo‘limlariga tegishli bo‘lgan maxsus kategoriyalar tashkil etadi. Masalan, ontologiya, borliq, yo‘qlik, substansiya, dunyoning birligi, materiya, ong, makon, vaqt, harakat kabi kategoriyalar mazmunini aniqlaydi va muayyan tarzda talqin qiladi. Naturfalsafa, gnoseologiya, antropologiya, praksiologiya, ijtimoiy falsafa, globallashuv falsafasi ham o‘z kategoriyalar apparatiga egadir.
- 3. Uchinchi guruhni maxsus falsafiy fanlar: mantiq, axloq (etika), estetika kategoriyalari tashkil etadi. Masalan, axloq fanida falsafiy bilimning ayni shu sohasi va falsafaning axloq bilan turdosh bo‘limlari – antropologiya, ijtimoiy falsafa, aksiologiyaga xos bo‘lgan kategoriyalar tizimi (yaxshilik va yomonlik, sha'n va qadr-qimmat, hayot ma'nosi, baxt va boshqalar) vujudga kelgan. Tushunchalar, mulohazalar, mushohadalar, dalillash va hokazolar mantiq kategoriyalari hisoblanadi. Estetikada go‘zallik va xunuklik, fojeaviylik va kulgililik, ulug‘vorlik va tubanlik kabi kategoriyalar qo‘llaniladi. Biz esa falsafaning umumiy kategoriyalarini ko‘rib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |