47) Dialektika ta’limoti va uning moxiyati.
«Dialektika» tushunchasi (yunon. «dialektika» so‘zidan olingan bo‘lib, suhbat olib borish, bahslashuv san’ati degan ma’noni anglatadi) falsafa tarixida turli ma’nolarda foydalanib kelingan. Bahslashuv san’ati qadimgi grek madaniyatida vujudga keldi. Bahslashuv san’atining falsafiy ifodasi qadimgi grek mutafakkiri Suqrot (mil. avv. 469-399) ta’limotida yuqori cho‘qqisiga yetdi. Tarixda Suqrot har qanday haqiqatning mezoni «dialog», yangi savol-javob usuli ekanligini targ‘ibot qilgan mutafakkir sifatida kelgan. Suqrot o‘zidan keyin birorta ham qo‘l yozma qoldirmaganligi tufayli, uning qarashlari asosan shogirdlari tomonidan tartiblashtirilib, ta’limot sifatida tizimlashtirildi. Xususan, Aflotun (mil. avv. 427-347) Suqrot uslublarini-tushunchalarni tahlil qilish va umumlashtirish dialektikaning asosi sifatida o‘z asarlarida targ‘ibot qilgan. Bu faylasuflar tasavvurida bahslashuv natijasida yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi. Bunday yondashish evristik yondashish deb ham atalgan.
Dialektikani bahslashuv san’ati sifatida o‘rta asrlar davrida fransuz faylasufi Pyer Abelyar (1079-1142) «Ha va yo‘q» nomli kitobida eng yuqori cho‘qqisiga yetkazdi. Savol-javob usulida tuzilgan mazkur kitobda bahslashuv san’ati din peshvolarining kishilarni ishontira olish mahoratini ko‘rsatkich mezoni deb qaralgan. Ko‘rib turibmizki, dialektika dastlab mutafakkirlar tomonidan bahslashuv san’ati, notiqlik mahoratining ko‘rsatkichi sifatida tasavvur qilingan ekan. Boshqacha qilib aytilganda, dialektika – «savol-javob» vositasi orqali bahs olib borish qobiliyati, shuningdek, tushunchalarni tahlil qilish, narsalarni tur va jinslarga tasniflash mahorati deb tushunilgan.
Zamonaviy qarashlar: Birinchidan, dialektika dastlab paydo bo‘lganda bahslashuv san’ati sifatida tan olingan bo‘lib, haqiqatga borishning asosiy vositasi sifatida tasavvur qilingan. Keyinchalik, madaniyat, fan taraqqiyotida sekin-asta dunyoni bilishning uslubi sifatida ifodalangan.
Ikkinchidan, dialektika ta’limot sifatida uch xil tarixiy ko‘rinishida shakllanib, stixiyali dialektika, idealistik dialektika va materialistik dialektika bosqichlarini bosib o‘tgan.
Uchinchidan, dialektika dunyoni tasavvur qilishda qo‘llaniladigan tafakkurning o‘ziga xos shunday uslubiki, unda barcha hodisalar o‘zaro bog‘liq bo‘lgan holda turli xil aloqalarda, qarama-qarshi kuchlar va yo‘nalishlarning bir-birini taqozo qiluvchi munosabatlarida namoyon bo‘ladi deb izohlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |