Falsafafanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli ma’ruza rejasi


Download 0.87 Mb.
Pdf ko'rish
bet42/60
Sana31.01.2023
Hajmi0.87 Mb.
#1142839
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   60
Bog'liq
1-мавзу маърузаси

Immanuil Kant (1724-1804) nemis klassik falsafasining asoschisi.


Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza 
yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790)asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o‘ziga xos 
sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant 
bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha bilish jarayoni uch 
bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o‘tadi.
Bilishning birinchi bosqichi -sezgilar darajasida inson narsaning mavjudligini biladi, 
idrok yordamida uni fikrlaydi. Narsani haqiqiy bilish aynan shu ikki bosqichni sintez qilishni 
talab etadi. Idrok darajasidagi bilishning quroli – kategoriyalar. Ular idrokka ichdan xos. 
Hodisalar rang-barangligi kategoriyalar tizimida aks etadi. Kategoriyalar yordamida inson bilimi 
tasodifiy empirik emas, balki umumiy zarur, ya'ni ilmiy xususiyat kasb etadi. Ilmiy bilim 
kategorial bilimdir. Biroq shundan so‘ng Kant sub'ektiv idealist sifatida mulohaza yuritadi: idrok 
tabiat qonunlarini ochmaydi, balki ularni tabiat uchun belgilaydi. Kant fikriga ko‘ra, 
kategoriyalar birligi va ularning bilish (sintez qilish) qobiliyati zamirida dunyoning ob'ektiv 
moddiy birligi emas, balki o‘zlikni anglashning transsendental birligi yotadi.
Idrok etish – bilishning ikkinchi bosqichi. Idrokning kuchi uning sintez qilish qobiliyatida 
namoyon bo‘ladi. Biroq bu to‘liq, cheksiz qobiliyat emas. Idrok tajriba chegarasidan tashqariga 
chiqa olmaydi. Biroq idrok o‘z chegaralarini o‘zi bilmaydi. U doim bu chegaralardan chetga 
chiqadi, ya'ni hodisalar dunyosidan o‘zidagi narsalar dunyosiga kirishga harakat qiladi. Biroq 
tajriba chegaralarini tark etgach (shu tariqa idrok emas, balki aqlga aylangach), u yechib bo‘lmas 
ziddiyatlar sohasiga tushib qoladi, uning mulohazalari esa muqarrar tarzda xom xayolga 
aylanadi.
Aql – bilish jarayonining uchinchi, oliy bosqichi. U hissiyot bilan bevosita emas, balki 
bilvosita – idrok orqali bog‘lanadi. Aql bilishning oliy bosqichi bo‘lsa-da, idrokka ko‘p jihatdan 
yutqizadi. U tajribaning mustahkam zaminidan ajralgach, dunyoqarash darajasidagi savollarning 
birortasiga ham uzil-kesil – ha yoki yo‘q deb javob bera olmaydi. Dunyo vaqtda va makonda 
boshlanadimi yoki u cheksiz va boqiymi? Inson joni boqiymi yoki foniymi? Iroda erkinligi 
mavjudmi yoki dunyoda hyech qanday erkinlik mavjud emas, hamma narsa tabiiy zarurat 
qonuniga ko‘ra yuz beradimi? Xudo bormi yoki yo‘qmi? Idrok bunday savollarni bera olmagan 
bo‘lardi. Aql esa bunday savollarni beradi, biroq ularga javob topa olmaydi. Uning da'volari 
imkoniyat darajasida emas. Sof nazariy aql o‘z mag‘lubiyatini tan olishi lozim, chunki u o‘zidagi 
narsalarni bila olmaydi. 
Ammo nima uchun u shunga qaramay bilishning oliy bosqichi deb e'tirof etiladi? Shuning 
uchunki, aqlning sof g‘oyalari (Kant ularni tamoyillar deb nomlagan) bilishda oliy tartibga solish 
vazifasini bajaradi. Ular idrokka yo‘l ko‘rsatadi. Aql g‘oyalarini ufq chizig‘iga o‘xshatish 
mumkin: garchi bu chiziqqa yetib bo‘lmasa-da, u insonga makonda mo‘ljal olish, ko‘zlangan 
maqsad sari to‘g‘ri harakatlanish imkonini beradi. Shunga qaramay, Kant bilish nazariyasida 
metafizik bo‘lib qoldi: u aqlning ziddiyatliligi (ya'ni cheksizlikning ziddiyatliligi)ni uning 
ojizligi, narsalar mohiyatini anglashga qodir emaslik belgisi sifatida talqin qildi. Holbuki, bu 
amalda, Gegel keyinroq ko‘rsatganidek, aqlning qudratli kuchidan dalolat beradi.
Sof aql tanqidida Kant falsafa o‘zidagi narsalar, ya'ni dunyoning oliy qadriyatlari 
haqidagi emas, balki faqat bilish chegaralari haqidagi fan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga 
keladi. Oliy mohiyatlar va oliy qadriyatlar – bu Xudo, ruh va erkinlik bo‘lib, ularni biz biron-bir 
tajribada ko‘ra olmaymiz, ular haqida oqilona fan bo‘lishi mumkin emas. Biroq ularning 
borligini isbotlashga qodir bo‘lmagan nazariy aql, buning aksini isbotlashga ham qodir emas, 
ya'ni u Xudoning borligiga, ruhning o‘lmasligiga va iroda erkinligiga ishonishni taqiqlamaydi. 
Insonga e'tiqod va ishonmaslik o‘rtasida yo‘l tanlash imkoniyati berilgan. U e'tiqodni tanlashi 


lozim, chunki vijdon ovozi, axloq ovozi undan shuni talab qiladi. Ammo bu endi nazariy aqldan 
amaliy aqlga, gnoseologiyadan axloqqa o‘tishdir.
Kant falsafada o‘ziga xos to‘ntarish yasadi va falsafani alohida fan sifatida tushunish 
asoslarini yaratdi. Yangi bilish nazariyasini asoslashga harakat qilib, u XVII-XVIII asrlarning 
bilishni borliqdan ko‘chirilgan andoza sifatida talqin qiluvchi empirik nazariyalarini tanqid qildi. 
Kant muammoni boshqa zaminga ko‘chirdi va falsafada gnoseologiyaning bilish jarayoniga 
sub'ekt – ob'ekt munosabati sifatida qaraydigan yo‘nalishiga asos soldi.
Biluvchi sub'ekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim 
manbalarinigina o‘zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud 
bo‘lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior 
shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga 
ega emas, degan ma'noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida yetakchi rol o‘ynamasligi 
kerak.
Sub'ekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta'sirini sezgilar darajasida idrok etadi. 
Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg‘ular rang-
barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim sub'ektiv bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng 
idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya'ni ularda qandaydir 
umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi 
sub'ektgina bilim deb hisoblash mumkin bo‘lgan birlikni yaratadi.
Binobarin, bilimning turli shakllariga muayyan tavsif berish mumkin. Masalan, 
matematika hissiylikning makon va vaqt kabi aprior (ya'ni tajribada ko‘rilmagan) shakllariga 
tayanadi. Boshqacha aytganda, biluvchi sub'ekt dunyoga makon va vaqtda mavjudlik nuqtai 
nazaridan qaraydi. Ayni holda makon – tashqi sezgining aprior shakli, vaqt esa – ichki sezgining 
aprior shakli. Bunday apriorlik matematik haqiqatlarning, demak, fan sifatidagi matematikaning 
ham mavjudlik imkoniyatini belgilaydi.
Fizika (va boshqa tabiiy fanlar) ham o‘z apriorligi jihatidan «sof» bo‘lgan va tajribada 
«ifloslanmagan» bir qancha mushohadalarga tayanadi. Tabiatshunoslik aprior mushohadalar va 
idrok kategoriyalarining sintezi sifatida amalga oshiriladi.
Inson bilimlari, fan va madaniyat dunyosi bizning tajribamiz, tuyg‘ularimiz va aqlimiz 
ma'lumotlariga asoslanadi. F.Bekon va R.Dekart fan va madaniyatning yanada rivojlanish 
yo‘llarini tuyg‘ularimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimizning takomillashuvi bilan 
bog‘laganida, to‘la haq edi. Biroq ular bizning tajribaga asoslangan bilimimiz har qancha 
rivojlanmasin va takomillashmasin, u hyech qachon bizga faqat sezgilar, aql va tajribaga 
asoslanib dunyoni oxirigacha tushunish imkonini bermasligini hisobga olmagan.
Bu bilim bizga tabiatan berilgan. U bizning tajribamizdan kelib chiqmaydigan makon, 
vaqt, sababiyat, cheksizlik, Xudo kabi kategoriyalarda mujassamlashgan. Bu insonga oldindan 
berilgan tajribada olingan materialga ishlov berish asboblaridir. Insonning tajribada olingan 
bilimi doirasidan chetga chiquvchi bu transsendent (lotincha o‘tish, bosib o‘tish so‘zidan) 
kategoriyalar bilish chegarasi, imkoniyatlarini biz sezgilar yoki aql yordamida biron-bir narsani 
bila boshlashimizdan oldinroq belgilab qo‘yadi. Shunday qilib, bizning bilimlarimiz dunyosi ikki 
qismdan: tajribada olingan va tajribadan oldingi bilimdan iboratdir.

Download 0.87 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   60




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling