Dunyoni falsafiy idrok etishning o‘ziga xos xususiyati, dunyoni bilish, sezish, ko‘rish
va tushunishning butunlay yangi sohasi – falsafavujudga kelishida namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat
falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong shakli, odamlar
borlig‘i va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga munosabati aks etuvchi, tabiat,
jamiyat, tafakkurning eng umumiy qonunlari kashf etiluvchi va ta’riflanuvchi ma’naviy
faoliyatdir. YA’ni bu dunyoga va insonning undagi o‘rniga nisbatan qarashlarning umumiy
tizimidir. Bunday qarashlar zamirini savollar va insonning ularga javob topish istagi yotuvchi
oqilona yo‘l bilan olingan bilimlar majmuini tashkil etadi. Ammo bilish shunday bir tabiatga
egaki, bir savolga javob ko‘pincha boshqa bir talay savollarni yuzaga keltiradi va ba’zan
muammoga nafaqat oydinlik kiritmaydi, balki uni yanada chigallashtirib, insonning
qiziquvchanligini oshiradi va yangi tadqiqotlarga da’vat etadi. Xullas, bunda ijod, tinimsiz
izlanish, yangilikka intilish muhim o‘rin egallaydi.
Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o‘rganayotgan har bir odamda falsafada
qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq,
asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish
ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional
faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor
beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy
nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek,
hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli
barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan
kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha
muhokama qilinishining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |