Fargʻona davlat universiteti filologiya fakulteti oʻzbek tili yoʻnalishi 20. 94-guruh talabasi


Xurshid Do'stmuhammad hikoyalarida ruhiy kechinmalar va ularning badiiy talqini


Download 96.11 Kb.
bet4/7
Sana31.01.2024
Hajmi96.11 Kb.
#1830654
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
2 5411380156956689202

1.2. Xurshid Do'stmuhammad hikoyalarida ruhiy kechinmalar va ularning badiiy talqini
Xurshid Do’stmuhammadning butun e’tibori bosh qahramon his va ehtiroslari tahliliga, lirik tuyg’ular tufayli paydo bo’lishi fikrlar dialektikasiga qaratilgan “Ibn Mugʻanniy3” hikoyasini taftish qilamiz. Hikoya butunlay ramziy obraz, tafsil va shiorlarga asoslanganligi yashirin falsafiy talqinga moyilligi, aniqroq qilib aytganda murakkab badiiy sintez mahsuli boʻlganligi uchun birdaniga aniq tahlil qilish imkonini bermaydi. Ikki karra ikki barobar toʻrt qabilidagi hikoyalarga koʻnikib qolgan kitobxonning badiiy estetik tafakkuri asardagi tashqi ramziy shiorlari bilan ichki mazmuniy qatlamning aloqadorligini tezda aniqlab yetishga yoʻl bermasligi tabiiy.
Hikoya Ibn Mug’anniyning qor bosgan hovlida mashaqqat chekib hovli adogʻidagi bolaxonali uy tomon borishga intilishi tasviri bilan boshlanadi. Shu mashaqqatli harakat asosida yotgan sirli va mavhum sababni oʻquvchiga yetkazish maqsadida adib uzundan-uzoq jumla tuzadi. Mana shundan keyingina u oʻz qahramonining behad qor uyumlari ichiga kirib qolganligini badiiy jihatdan asoslashga harakat qiladi. Ma’lum boʻlishicha Ibn Mugʻanniy bolaligidan qorni sevar edi. Qor yogʻishi bilan u tashqaridan kelmas edi. Yillar oʻtishi bilan Ibn Mugʻanniy ulgʻaygan bola-chaqasi bilan umrguzaronlik qiladigan hovlining fayzi ketdi. Hikoyada mana shundan keyin ilgari adabiyotda oqlik ezgulik ramzi sifatida talqin qilinib kelingan qor ramziy obrazi butunlay boshqa bir majoziy ma’noda yovuzlik va daxshat ma’nosida badiiy talqin qilina boshlaydi. Chunki qish kuz va bahor mavsunlarining mazmun mohiyati yoʻqolib, bu hovlida tinimsiz qor yogʻishi odatiy holga aylanadi. Muhimi shundaki, shamol boshqa joylardagi qorlarni ham uchirib kelib, Ibn Mugʻanniyning bogʻ-hovlisiga sochadi. Shuning uchun Ibn Mugʻanniy barcha oila a’zolari bilan qor bosgan uyda bandi bo’lib qoladi. Oila a’zolari uchun na kunni, na tunni farqi bo’lib qoladi. Kattalaru bolalar gʻalati kunlarni boshdan kechirayotgan edilar. “Ularning uxlayotganini ham uygʻoqligini ham farqlab boʻlmas hammalari shivirlab hatto imo-ishoralar bilan gaplashadigan boʻlib qolayotgan, bundan xavotirga tushayotgan Ibn Mugʻanniy razm solib koʻrsaki, bu ham holva – uyida gurung, javob muomala qahatga uchrayotganini payqadi. U toʻsatdan, “Gapirsalaring-chi, nima tildan qolyapsizlarmi, hammang” deya baqirib-chaqirib qolar, burchak-burchakda biqinib, koʻrpasiga oʻranib tinimsiz non kavshayotgan oʻgʻillari, onasining pinjidan chiqmaydigan qizi nima gap aytishini bilmay hayron-u lol boʻlib boʻzrayib oʻtiraverishardi. Shundagina Ibn Mug’anniy oʻzi ham tobora kamgap bo’lib borayotganini oʻylab koʻrsa, keyingi ikki-uch kunda uch-to’rt ogʻizdan ortiq soʻz aytmaganini eslab qolar noiloj, bolalikda koʻrgan kechirganini xotirlashga tushar, bolalar takrorlanaverganidan yod boʻlib ketgan otalarining hikoyasini betasir, beparvo tinglar edilar“. Keltirilgan ushbu parchada Xurshid Doʻstmuhammadning Ibn Mugʻanniyning qalb iztiroblari va kechinmalarini xatti-harakatlar, yuz tuzilishi, koʻz qarashlari orqali ochadi. Hikoyani kitobxonga gʻayritabiiy tasavvur tugʻdirishiga sabab boʻlayotgan bir sabab shundaki, adib kichik bir hikoya miqyosida ramziy ma’no kasb etuvchi badiiy obraz va tafsillarga haddan ziyod oʻrin beradi. Bir misol uyning shiftidagi toqilar orasida topilgan yashil baxmalga oʻralgan kitob tafsilotiga adib kuchli ramziy ma’no yuklaydi. Ya’ni bu kitob insoniyatni yuksak ma’naviyatga yetaklovchi boylik ramzini anglatsa, unda yozilgan yagona jumla “Kuyolamni sel qiladur”dan iborat toʻrtta kalom insonning orzu-istaklari ramzini ifodalaydi. Bu orqali ijodkor ajdodlari oʻtgan hovli adogʻidagi boloxonali uy chordogʻida osib qoʻyilgan sozlarni Ibn Mugʻanniy xotirasiga jonlantiradi. Mana shundan keyin u oʻz jonini xavf ostiga qoʻyib, ne-ne mashaqqatlar chekib, qargʻalar va kalamushlar xurujiga qarshi kurashib ana shu uy tomon intiladi va oxir-oqibatda yetib boradi. Xullas, hikoyada yozuvchi uchun ichki dunyoning ruhning kechinmalarini tashqi qiyofa, holat va xatti-harakatlarda tasvirlash, ya’ni dinamik prinsip asosiy mezondir.
X.Doʻstmuhammadning “Bugun ertalab”4 hikoyasida esa psixologik tahlil, tuygʻular realizmi oʻzgacha koʻrinishga ega. Qahramon hamma hikoyalaridagidek ism-sharifli emas. U she’rlardagi lirik qahramonga oʻxshab ketadi, ya’ni dilidagini zohir etayotgan shaxs. Adibning lirik qahramoni oʻz koʻnglini taftish etish, tuygʻular holatini tushuntirish, mazkur kechinmalar tabiatini voqelik, hayot realliklari bilan uygʻunlikda kuzatayotgan, oʻz kechmishidan falsafiy ma’nolar oʻqiyotgan hamda oʻqishga moyil intellektual shaxs. “Kallani ishlatish kerak”. Ana shu ta’kid, uqdirish, da’vat qahramonni oʻziga, oʻzligiga, kechmishiga, buguni va ertasiga nazar tashlashga, oʻtayotgan kunlarida ma’no topishga undaydi. Vaholangki, insonning oʻtgan besamar damlari, xatolari uchun yozgʻirish yoki samarali kunlari uchun olqishlash ham mumkin. Lekin eng muhimi bu emas, insonni tushunish – tiriklikning bosh mezoni. Tuygʻular fikrini oʻqish, kechinmalarning ma’nosini oʻqish, anglash sari tutingan tuygʻular realizmi X.Doʻstmuhammad hikoyasida badiiy psixologizmning oʻziga xos tabiatini belgilab beradi. Shunisi diqqatga sazovorki, odamni va olamni faqat aql bilan bilishning oʻzi kamlik qiladi, uni dil-dildan his etishni ham bilish kerak. Qahramonning ana shu taxlitdagi holatlari yozuvchini ko’proq qiziqtiradi. X.Doʻstmuhammadning “Mahzuna” hikoyasi shoʻroviy axloq va sharq ayoli oʻrtasidagi zidlikni qiyos etuvchi badiiy-psixologik talqini bilan boshqa asarlardan ajralib turadi. Hikoyada milliy xarakter ichki kolliziyalar tasviri orqali maydonga chiqadi. Hikoyaning boshlanishida telefon jiringlaydi. Asar qahramoni Mahzunaning allanimadan xavotirlanayotgani, vahimaga tushayotgani seziladi. Keyin bu pokiza ayol iztiroblarining sabablari ochila boradi. Mahzuna turmush oʻrtogʻi Maqsad bilan ziyofatga boradi. Oʻz axloqiga dunyoqarashiga yot bir muhitga duch keladi. Ziyofat ishtirokchilari orasida oʻzini tamomila begona sezadi. Bemalol qadah koʻtarayotgan, erkaklar bilan tengma-teng askiya aytayotgan ayollarni koʻrib hayo olovida lov-lov yonadi. Bunday davralarda oʻtiraverib, eti oʻlib ketgan “Maqsadjon akasi ikki-uch, “Oling, yeb oʻtiring” deb uni dasturxonga undadi. Mahzuna battar tortinib-qimtinib “sekinroq gapiring” degandek eriga yer ostidan xoʻmraydi”, deb tasvirlaydi muallif bu holatni. Mahzuna bu davraga begona boʻlishi bilan birga, soʻlayotgan gullar orasida yangi ochilgan gulday yashnab turar, oʻzining yoshligi, goʻzalligi, tortinchoqligi bilan hammaning e’tiborini tortar edi. Ushbu holat erkak va ayollar teng huquqda bo’lgan bunday davralarda ishtirok etib yuruvchi yevropacha tarbiya koʻrgan ayollar uchun normal holat boʻlib tuyulishi mumkin edi. Hatto, yevropacha axloqqa koʻra bu holat ayolning gʻalabasi, boshqalardan koʻra ustunligi sifatida baholanadi. Ammo Mahzuna uchun bunaqa emas. Davra koʻrgan ayollardan biri Mahzunaga taskin beradi: “Birinchi safar ziyofatga olib borganlarida oʻlib qolay deganman… Keyin-keyin oʻrganib ketdim…” Mahzuna ruhiyatiga juda qattiq ta’sir qilgan narsa shu davraning sardori ( ziyofat ishtirokchilari, jumladan, Maqsadjonning boshligʻi) Boʻri Sobitovichning oʻziga shahvoniy hirs bilan tikilishi edi. “U kishi koʻziga tikilib turganini Mahzuna ancha kechikib payqadi, oʻgʻirlik ustida qoʻlga tushgan odamdek hurkib, duv qizardi. Koʻzini olib qochdi – shoshib qoʻlini ustal ustiga yashirdi, shunda ham tinchimay eriga qaradi, Maqsad akasi muloyim, odobli tabassumlar sochib basavlat kishidan koʻz uzmay turar edi…” Davradagilarning bu tariqa munosabati, Boʻri Sobitovichning oʻziga yeb qoʻygudek tikilishi, ustiga-ustak turmush oʻrtogʻining oʻzini sodiq quldek yoki xotinfurushdek tutishi Mahzunaning Sharq ayollariga xos nozik qalbini tilka-tilka qiladi. “Mahzuna tushunmadi, qiynalib ketdi, xoʻrligi kelib yigʻlab yuboray dedi”, — deb tasvirlanadi uning holati. Eng yomoni ochiq-oydin pok nomusini toptashga intilayotgan mansabdor – Boʻri Sobitovichning harakatlariga davrada oʻtirgan yosh-u qari, hatto turmush oʻrtogʻi tomonidan xayrixohlik bildiriladi. Bu davrada barcha axloq normalarini, milliy or-nomusini birgina manfaat deb atalmish jozibali narsaga almashib oʻrgangan, Mahzunani ham oʻzining jirkanch maqsadi yoʻlida qurbon qilishdan toymas edi. Ziyofat soʻngida Boʻri Sobitovich yevropalik janoblardek barcha ayollarning qoʻlini oʻpib xayrlashadi. Ayollar bundan hatto faxrlanishar, oʻxshovsiz xiringlashar, bu esa Mahzunani battar dahshatga solar edi. Boʻri Sobitovich oʻzi tomon qoʻl choʻzar ekan “oʻzini Maqsadjon akasining panasiga oldi”. “Mayli, qizim, mayli, dedi u Mahzunaga uzatgan qoʻlini havoda muallaq tutib, yosh ekansiz”. Davraning kemshik qariyasi olovga yana yogʻ sepadi. “Birinchi safar Mahzunaxonni kechira qoling, Boʻrivoy, yigʻilishib tursak koʻnikib ketadilar”. Yozuvchi bu bilan millat axloqida yuz bergan fojialardan birining koʻrinishini ochib beradi. Lekin Mahzuna bunga koʻnika olmaydi. Axloqan tuban ketgan ziyofat ahlining qiyin- qistovi bilan Boʻri Sobitovichga jindek yon bergan (paltosini kiydirishga yoʻl qoʻygan) Mahzuna quloqlari ostida bu Don Juanning “qoʻngʻiroqlashamiz” degan palagʻda ovozini eshitadi. Goʻyo shu soʻzni eshitishning oʻziyoq uni jirkanch bir oʻpqonga uloqtiradi. Pok qalbi bulgʻangandek, guldek badaniga qoʻlansa narsalar yopishib olgandek sezadi oʻzini. Muallif Mahzunaning hayosini, asli poklik dunyosining bebaho malikasi ekanini uning choʻmilish sahnasi orqali mahorat bilan tasvirlab bergan. Sharq e’tiqodida suv poklik ramzi. Axloqiga zid boʻlgan jirkanch davradan qaytib kelgan Mahzuna kirlangan ruhini suv bilan poklamoqchi boʻladi, goʻyo. “Erini oʻrniga yotqizib mehmonxonaga chiqquniga qadar undan vannaxonaga oʻtib suvni oxirigacha sharillatib buraganiga qadar, beixtiyor yechinib ichki kiyimlarigacha uloqtirib tashlagunicha, soʻng sharillatib oqayotgan suv ostiga boshini, yuzini, yelkasini – chap yelkasini, chap yonogʻini tutgunga qadar chidadi – tilini tiydi va… ichidan qattiq oʻqchiq keldi, yoʻtaldi va chiroq nurida simobdek yiltillab tushayotgan suvga, oppoq vannaga, oppoq devorga… oppoq badaniga qarashdan uyalib kaftlarini yuziga bosganicha oʻksib-oʻksib yigʻlab yubordi…” Ertasiga hech gapdan bexabar Maqsadjon komandirovkaga ketadi. Uyda qizchasi bilan yolgʻiz qolgan Mahzuna uchun yana azob-uqubatli, iztirobli soatlar boshlanadi. Hikoya muqaddimasi xotimada yana takror beriladi, qahramon ruhiyatidagi iztirobni ifodalash uchun yozuvchi telefondan foydalanadi. Goʻyo Mahzunaga telefon qoʻngʻirogʻi ham o’sha fayzsiz ziyofat oqshomini, koʻzlari hayvoniy hirs bilan yonib, “telefonlashamiz” deya yaltoqlangan Boʻri Sobitovichni eslatadi. “Telefon qattiq, asabiy jiringladi. Mahzuna qoʻlidagi likobchani tashlab yubordi, likobcha ustol ustiga tushdi, sinmadi”. Asarning oddiy oʻquvchiga gʻayritabiiy tuyulishi mumkin boʻlgan xotimasi, kulminatsion nuqta hisoblanadi. Gʻayrimilliy muhit iskanjasida ruhiy iztirob tortayotgan Mahzuna bir qarorga kela olmay dagʻdagʻa bilan sapchib jiringlayotgan telefon goʻshagini beixtiyor koʻtaradi. Qarangki, fahshga toʻla Boʻri Sobitovich ovozini emas, iymon, hayo, sadoqat ramzi Sharq ayolining – onasining ovozini eshitadi. Qizi tugʻilgan yili vafot etgan onasi narigi dunyodan turib goʻyo Mahzunani ma’naviy qoʻllaydi: “Voy qizim-ey, oʻtakam yorildi-ya!! Telefonni nega olmayapsan? Kechasi bilan alagʻda boʻlib chiqdim-a, bolam!! Uying tinchmi, ishqilib?.. Mahzuna dastakni ikki qoʻllab quchoqlagancha hoʻngrab yubordi”. Xullas, hikoyada milliy xarakterning hayo, vafodorlik, oilaga sodiqlik, poklik kabi qirralari Mahzunaning ichki dunyosining tahlili misolida mahorat bilan ochilgan. Muallif estetik ideali har qanday buzuq muhitda boʻlmasin, haqiqiy oʻzbek oʻzligini yoʻqotmaydi, degan haqiqatni ifodalaydi. Ayollarimizni poklikka undovchi yuksak tarbiyaviy, ma’naviy gʻoyani ilgari suradi.
Hozirgi o’zbek hikoyachiligida nafs haqida talaygina asarlar yaratilgan. Lekin ularning birortasida nafs aniq shakl-u shamoyilga ega obraz sifatida aks ettirilmagan. Bu narsa Xurshid Doʻstmuhammadning “Jajman” 5hikoyasida yuz koʻrsatadi. Hikoyada uzoq oʻtmish, ya’ni zardushtiylik dini hukmron boʻlgan davr bilan hozirgi tarixiy davr — Zardusht bobo, Jajman va bozor obrazlari bevosita sintezlanadi. Hikoya mazmunini Jajman deb ataluvchi sichqonga ham, tulkiga ham, odamga ham oʻxshamaydigan yebtoʻymas maxluqning bozor ahli boshiga solgan turli tashvishlari tashkil etadi. Asar erta tongda beva ayolning faryodi bilan boshlanadi. Mana shundan keyin bozordagilarning oʻy-fikri Jajmanni tutib olish va jazolash boʻlib qoladi. Bozordagi har xil quritilgan meva-chevalarni sotuvchilar Jajmanning nimaligini, uning qaysi bir jonivordan urchiganligini aniq bilmaydilar. Shu bois ulardan ayrimlari uni tutib olib oʻldirishni, boshqalari esa u bilan til topib murosa qilib yashashni ma’qul koʻradilar. Jajmanning nimaligini uning qayerdan qanday paydo boʻlganligini faqat Zardusht bobogina aniq biladi. Jajman dualistik e’tiqodiy qarashlarni ifodalovchi otashparastlikda ezgulik homiysi Axuramazdaga qarshi kurashuvchi yovuz dev Ahriman tomonidan yaratilgan maxluq edi. Demak, nafs balosining ildizlari yovuzlik dunyosiga borib bogʻlanadi. Qoqifurushlarning Jajmanni tutib oʻldirish haqida qarorlari qay darajada qat’iy shiddatli boʻlmasin, uni oʻldirib boʻlmasligini tanho Zardusht bobogina biladi xolos. Bu esa inson bor ekan nafs hech qachon oʻlmasligi haqidagi azaliy va abadiy falsafaning oʻziga xos badiiy in’ikosidan iborat edi. Hikoyada ifodalangan gʻoyaga koʻra hayotda barcha salbiy voqea-hodisalarning mohiyatini anglab yetish uchun insonda pokiza qalb hamda yuksak e’tiqod boʻlishi zarur. Bozor ahli orasida bunday xususiyat faqat Zardusht boboda mujassam edi xolos. Hikoyada Zardusht bobo inson vujudida joy olgan nafsning yovuz Ahriman tomonidan yaratilgan maxluq ekanligini biladigan zot sifatida tasvirlangan. Hikoyaning oʻziga xosligi shundaki, unda ilk bor nafsning obrazi, uning tashqi qiyofasi chiziladi. Bozor ahli va Zardusht bobo obrazlarining tasvirini esa adib oʻquvchilarning tassavuriga havola qiladi. Faqat juda zarur boʻlib qolgan oʻrinlardagina u boboning oʻsiq qoshlari, yoniq koʻzlari va oppoq soqoliga ishora qiladi. Jajmanda barcha jonzotlar xislati mujassamlashgan. Tirik mavjudot, jumladan, eng oliy xilqat — inson ham nafsga ega. Inson birinchi galda oʻz nafsini tiya olishi kerak, ana shunda u emin-erkin yashaydigan ulugʻvor falsafa ifodalangan. Buni Zardusht bobo yaxshi bilsa ham, lekin koʻrgan zahoti Jajmanni eslay olmaydi. Adib Zardusht boboning ruhiy holatini keksalarga xos xotira zaifligi bilan asoslaydi. Ma’lumki nafsning ehtiyoji chegara bilmaydi, unga qancha erkinlik berilsa, shuncha kuchayaveradi. Shu munosabat bilan hikoyadagi makon va zamonning chegaralari badiiy shartlilik tufayli nihoyatda keng qamrovga egaligi masalasiga e’tibor qaratish lozimdek tuyuladi. Adib hikoyaga Zardusht boboning bolaligi haqida tush epizodini kiritadi. U tushda Otash momosini koʻkkoʻz deb hovuchiga olib ketganligini koʻradi. Folklorga xos ushbu motiv ajdodlar sabogʻini unutish — oʻz nafsiga qul boʻlib qolishdan iborat, degan gʻoyaga ishora vazifasini oʻtaydi. Bozordagi sotuvchilar Jajmanni tutib olib, chalajon holga kelguncha kaltaklashadi. Shu payt tim adogʻidagi devor ortida gursillagan ovoz yanada kuchayganligini Zardusht bobo sezadi. Bozor ahli Jajman oʻldi deb hukm oʻqigach, kutilmaganda u insonga xos ovoz bilan “Lo – kila!, lo – kila!..” deb qichqiradi. Shu paytdagina olomon Zardusht boboga murojaat qiladi. Biroq vaqt oʻtgan edi. Tim adogʻidagi devorning bir qismi oʻpirilib, ana shu teshikdan Ahrimanning qoʻsh hovuchi chiqadi. Uning hovuchidan esa oldingi Jajmanga qaraganda durkunroq Jajman sakrab tushadi. Bu esa nafsni oʻldirib boʻlmaydi degan qadimiy gʻoyani oʻziga xos obrazli ifodasi edi.

Download 96.11 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling