Farg’ona tarixi
Ishning tuzulishi va hajmi
Download 80.49 Kb.
|
Ibratning “ Farg’ona tarixi ” asari manba sifatida
Ishning tuzulishi va hajmi. Kurs ishi kirish, ukki bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat.
I.BOB. Ibrat uyg`onish davri o`zbek adabiyotining yalovbardorlaridan biri I.1. Ibratning madaniyat va ma’rifat bobidagi faoliyati O’tgan XX asr o’zbek xalqi ijtimoiy-siyosiy hayotida targ’ibotchilik va da’vatkorlik ruhidagi asr kirib keldi. Bu davr tongida dunyoqarashi shakllanib ulgurgan o’zbek adabiyoti va madaniyatining eng ko’zga ko’ringan arboblarining deyarli barchasi jadidchilik harakatining rahbarlari, asoschilari yoki bu harakatga faol ravishda ijobiy munosabatda bo’lgan kishilar edi. Jadidchilik harakati deb nom olgan, mamlakat, xalq mustaqilligi uchun kurashgan bu mutafakkirlar, birinchi navbatda, maorifni tubdan o’zgartirish, millatni maorif sari undash shiori bilan chiqdilar. Ko’zing och, yotma, g’aflatdan o’son, millat,o’son millat, Toparsan birla avloding, omon, millat, omon, millat. Jadidchilik harakatining eng peshqadam vakili Abdulla Avloniyning ushbu so’zlari faqatgina shior yoki da’vat emas edi. Balki istiqlol fidoiylarining ham amaliy, ham ijodiy faoliyatining tub mohiyatini belgilar edi.3 Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ajziy, Sadriddin Ayniy, Shakuriy, Fitrat, Hamza, So’fizoda, Ishoqxon Ibrat kabilar asrimiz boshlari uyg’onish davrining etuk namoyandalari edilar. Shulardan Ishoqxon Ibrat faoliyatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, Vatan, yurt ozodligi uchun jon fidoiyligi bilan nomlari tilga olinganlar orasida e’tiborli o’rinni olishga loyiq insonligiga guvoh bo’lamiz. U haqda XX asr boshlarida ma’rifatparvar shoir Ibrohim Davron quyidagi fikrlarni aytib o’tgan: “Ishoqxon to’ra ulumi diniya va fanniya va adabiyada ustozi komilligi bilan butun Farg’ona va digar jihat Oziyoyi vustoda (O’rta Osiyoda) inkor o’lunmas darajada bir mavqe’ mumtoza tutmushdur. Ishoqxon to’ra ulumi diniyada mudarrisdur, fununi dunyaviyda, biloshubha, arxitektor, texnik va mexanik va fiziqiya ilminda tilifonist, tilig’rofist va yana ozdur, chunki bu ilmlarni bilur. Ishoqxon to’ra olim va fozil bir zoti oily bo’lub, bu turfa fazoili insoniyaga molik…” Bundan ko’rinadiki, Ishoqxon to’ra Ibrat o’z davrining etuk, ilg’or vakillaridan bo’lib, u qomusiy bilim sohibi bo’lgan. Ishoqxon Ibrat 1862 yil Hamangan yaqinidagi To’raqo’rg’on qishlog’ida dunyoga kelgan. Uning otasi adabiyotga, ayniqsa, she’riyatga ixlosi baland bo’lib, “Xodim” taxallusi bilan she’rlar ham yozgan. Onasi – Huribibi ham o’z davrining o’qimishli,oqila ayollaridan bo’lib, o’z uyida qishloq qizlarini o’qitgan. Oilaviy muhitning ta’siri tufayli Ibrat adabiyotga yoshligidan mehr qo’ygan. Ishoqxon savodini onasining qo`lida chiqaradi. Huribibi maktabdor bo`lib, o`z maktabida faqat quruq yodlash bilangina cheklanmay, qizlarga yozish va husnixatni ham o`rgatar edi. Shuning uchun ham Ishoqxon onasini ko`p asarlarida ustozi sifatida hurmat bilan tilga oladi. 1878 yili Ishoqxon Qo`qonga keladi. XIX asr boshlarida barpo etilgan Muhammad Siddiq Tunqator madrasasiga o`qishga kiradi. Ishoqxon Qo`qonga borib, 1878-1886 yillarda madrasa ta’limini oladi. Bu yillar o`zbek adabiyotida, madaniy hayotida, maorifda katta o`zgarishlar sodir bo`layotgan davrga to`g’ri keldi. U Qo`qon adabiy muhitining yirik namoyandalari Muqimiy, Furqat, Muhyi, Zavqiy, Nodim va Haziniylar bilan yaqin munosabatda bo`ladi. Ishoqxon Ibrat Sharq olimlari asarlarini mustaqil mutolaa qilib, ularni keng o’rganishga harakat qiladi. Bundan tashqari u arab, fors va rus tillarini chuqur o`rganib oladi. 1886 yili madrasani tugatib, ona shahri To`raqo`rg’onga qaytgan Ibrat o`z faoliyatini qishloqda ma`rifat tarqatishdan boshlaydi, o`sha yili qishloqda maktab ochadi. Ishoqxon Ibrat o`zining “Lug’ati sitta alsina”, “Jome`ul -xitut” va “Farg’ona Tarixi ” asarlarida yozishicha, 1887 yili, ya`ni 25 yoshida onasini Makkaga olib borish uchun otlanadi. Huribibi Jidda shahrida vafot etadi. Ishoqjon Ibratning Sharq mamlakatlari safariga chiqishdan asosiy maqsadi, birinchidan, onasini hajga olib borish, ikkinchidan, chet el xalqlari hayoti, madaniyati bilan yaqindan tanishish, uchinchidan, bu mamlakatlarni o`z ko`zi bilan ko`rish istagi edi. U Istanbul, Safiya, Rim kabi Evropaning markaziy shaharlarida bo`ladi. Ancha vaqt Afg’onistonning Qobul, Arabistonning Jidda kabi shaharlarida bo’lib, u yerlarda ancha muddat yashaydi. Makka shahridan Qizil dengiz va Hind okeani orqali Hindistonga o’tib ketadi. 1892 -1896 yillarda Hindistonning eng katta port shaharlaridan Bombey va Kalkuttada yashab, u yerdagi hayot bilan tanishadi. Bu yerda ko`p ishlatiladigan arba` lison, ya`ni to`rt tilni: arab, fors, hind, urdu va ingliz tillarini mukammal o`rgandi. Ishoqxon Ibrat “Turkiston viloyatining gazeti”, “Turkistonskiye vedomosti” hamda o`lkada yangi tarqalayotgan Ismoilbek Gaspiralining “Tarjimon” gazetasi bilan birinchi marta Qo`qon madrasasida o`qib yurgan kezlari tanishadi. 1907 yili Ibrat Orenburgga boradi va Rizo Faxriddinning “Sho`ro” jurnali faoliyati bilan tanishadi. U Orenburgda Gaufman degan kishining matbaasidan pulini o`n yil mobaynida to`lash sharti bilan 1901 yilda chiqqan litografik mashina sotib oladi va o’z yurtiga olib keladi. Ishoqxon katta mashaqqatlar chekib, litografik mashina va harflarni Orenburgdan Qo`qonga poezdda, Qo`qondan To`raqo`rg’onga tuyalarda olib keladi. 1905 yili o`zi qurdirgan hammom o`rnida choyxona tashkil qiladi va katta mashaqqatlar bilan “Matbaai Ishoqiya” nomi bilan nashriyotni ham ishga tushiradi. Xalq o`rtasida kitob va o`quv qo`llanmalariga bo`lgan talabning oshib borayotganini sezgan Ishoqxon Ibrat litografiyani 1910 yilda Namangan shahriga ko`chirib tipolitografiyaga aylantiradi. Bu sohada u butun faoliyatini sarflashga harakat qiladi. Ibratning o’zi ham hatto matbaa ishlaridan xabardor bo’lgan Husain Makaev bilan yonma-yon turib ishlaydi. Ishoqxon to`raning bu qilgan ishi o’zbek xalqining fan va madaniyat sohasidagi katta yutug’i hisoblanadi. Shoir “Tarixi chopxona” she’rida matbaaning tashkil qilinishi, uning vujudga keltirishdagi maqsadlarini shunday ifodalaydi: Maqsad bu ishdan erdi olamga ilm kasri, Ham qo’ymoqqa asarlar yodvori jahona… “Maqsad bu ishdan erdi olamga ilm kasri” deb aytgan Ishoqxon to`ra bu matbaada kitoblar, risolalar, darsliklar, plakatlar, otkritkalar va katta hajmdagi asarlarni nashr etar edi. Bu nashriyotdan chiqarilgan kitoblar soni ko’paydi va ularni sotish uchun Namangan shahrida 13 ta, Chustda 2 ta, Popda 2 ta, Yangiqo’rg’onda 1 ta, To’raqo’rg’onda 1ta kitob do’koni ochildi va nashr qilingan kitoblar arzon narxda sotila boshlandi. Maorif va madaniyat xalq ongini rivojlantirishini sezgan Ibrat 1913 yilda “Matbaai Ishoqiya” qoshida “Altijor al-Namangan” nomli gazeta chiqarishga harakat qiladi. Bu haqda Ufada chiqadigan “Vaqt” gazetasida quyidagi fikrlar keltirilgan: “Namahgan. Mo’tabar andin Ishoq qozi hazratlari “Altijor al-Namangan” isminda bir gazeta chiqararg’a so’rab ariza berdi. Bu zot 1908 inchi yilda Namahganda bir matbaa ochgan edi. Bu yil “Kutubxonai Ishoqiya” isminda kutubxona ochib, turk, tatar, o’zbek tillarinda bo’lg’on adabiyot kitoblari oldirdi. Hozir gazeta chiqarmoq haddindadur. Chin ko’nguldan muvaffaqiyat tilaymiz” Afsuski, ma’rifatparvar Ishoqxon Ibratga gazeta nashr etish nasib etmadi, lekin o`z uyida ancha boy kutubxona tashkil qildi va uni “Kutubxonai Ishoqiya” deb atadi. Minglab o`zbek ziyolilarining yostig’ini quritgan qatag’onning eng dahshatli shamoli - 1937 yilning bahorida Ishoqxon Ibratni ham qamoqqa olinishiga sababchi bo’ldi. 75 yoshni qoralagan nuroniy shoir ma`rifatparvar hibsxonaning ham jismoniy, ham ruhiy azoblariga bardosh bera olmaydi. Uning sudi ham bo`lmaydi, sho`rolar qamoqxonasida ikki oy yotib, hayot bilan vidolashadi.4 Ibrat hayotining so`nggi yillari ancha tahlikali va og’ir o`tadi. Birinchidan, qarilik. Ikkinchidan, 1935 yildan boshlab u barcha lavozimlardan chetlatilgan, qarilik nafaqasi ham tayinlanmagan edi. Butun hayotini vataniga, ilm-fan ravnaqiga, yoshlar tarbiyasiga bag`ishlagan inson o`z davrida qadr-qimmat topa olmadi. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ilm – fan fidoiysi, xalqparvar, vatanparvar insonning so’ngi kunlari shunday fojeali tarzda kechgan. Ishoqxon Ibratning Vatan uchun, ilm – fan rivoji uchun qilgan ishlari biz yoshlarga o’rnakdir. Download 80.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling