21-modda. Qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tartibga solish
O‘zbekiston Respublikasi hududida qimmatli qog‘ozlar yuzasidan tuziladigan bitimlarni tartibga solish birjalardagi va birjalardan tashqaridagi oldi-sotdi bitimlariga, shuningdek qimmatli qog‘ozlarni sovg‘a qilish, meros qilib olishga, ustav fondiga kiritishga hamda ularning mulkdori o‘zgarishiga olib keladigan boshqa harakatlarni amalga oshirishga nisbatan qo‘llaniladi.
Investitsiya institutlari bitimlarni faqat qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan shakldagi topshiriq shartnomalari yoki vositachilik haqlari asosida ularda ko‘rsatilgan barcha zarur shartlarga aniq rioya qilgan holda mijozlar hisobidan amalga oshirishlari mumkin.
Mijoz yoki uning topshiriq shartnomasi bo‘yicha ishonchli vakili shartnoma bajarilguncha bir yoqlama tartibda uning amal qilishini to‘xtatish huquqiga ega.
22-modda. Qimmatli qog‘ozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirish va ularni ro‘yxatga olish
Investitsiya institutlarining qimmatli qog‘ozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirishlariga ular tegishli litsenziyaga ega bo‘lsalar ruxsat etiladi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorida amalga oshiriladigan va ularning narxi, egasi, daromad keltirish darajasi o‘zgarishi, shuningdek qimmatli qog‘ozlar yuzasidan qilinadigan o‘zaro hisob-kitoblar bilan bog‘liq har bir operatsiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Qimmatli qog‘ozlar yuzasidan tuzilgan bitimlar ular amalga oshirilgan vaqtda ro‘yxatdan o‘tkazilishi va savdo qilingan joyda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish (kliring) kontraktlari bo‘yicha hisobot tarzida rasmiylashtirilishi lozim.
Yuridik shaxslar o‘rtasida egasi yozilgan qimmatli qog‘ozlar, shuningdek egasi yozilmagan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha tuzilgan bitimlar ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashkiliy yo‘sinda yo‘lga qo‘yilgan bozorda oldi-sotdi bitimlari tuzish chog‘ida bitim tuzish va unga oid hisob-kitoblar sanasi o‘rtasidagi vaqt qimmatli qog‘ozlar kim oshdi savdosining tashkilotchisi qoidalari, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari asosida belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi va sotuvchiga yetkazilgan zarar uchun xaridor aybdor ekanligi aniqlansa, uning javobgarligiga sabab bo‘ladi.
(22-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrdagi 447–II-sonli Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 1-son, 8-modda)
Do'stlaringiz bilan baham: |