1. Areal haqida tushuncha Areallarni kartalashtirish uslublari


Arealda hayvonlarning tarqalishi. Tur arealini o‘rganishning ahamiyati


Download 236.62 Kb.
bet7/10
Sana02.10.2023
Hajmi236.62 Kb.
#1690593
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10
Bog'liq
MAVZU 7. Areal haqidagi ta’limot asoslari

Arealda hayvonlarning tarqalishi. Tur arealini o‘rganishning ahamiyati


Organizmlarning tarqalish areallarining chegaralari abiotik (iqlim, tuproq, suv sharoiti va boshqalar) yoki biotik xarakterdagi omillar (raqobatdagi boshqa turlarning mavjudligi) bilan belgilanadi.
Agar tur o‘z arealini kengaytirish jarayonida qandaydir kuchli raqobatga duch kelsa, bunda turning tarqalishi to‘xtab qoladi. Bunday sharoitda baryer vazifasini boshqa turning (kuchli konkurentning) areali chegarasi bajaradi.
Hayvonot dunyosining zamonaviy tarqalishini tasavvur qilish uchun paleontologik materiallarga va hozirgi dalillarga tayanish lozim. Ayniqsa, antropogen omillar hayvonlarning yangi xududlarni o‘zlashtirib olishlarida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Inson o‘zining xo‘jalik va iqlimlashtirish faoliyati tufayli alohida hududlarning tabiiy sharoitlarini tubdan o‘zgartirib ko‘pgina aborigen turlarni siqib chiqarilishiga olib kelgan. Faunani yevropalashtirish bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Jumladan, Yangi-Zelandiya, Madagaskar, Avstraliya faunasi tarkibidagi o‘zgarishlar aynan inson faoliyatining natijasidir.
Ongli va ongsiz ravishda inson hayvonlarni turli yuklar bilan ularning o‘zlari tabiiy ravishda egallashlari mumkin bo‘lmagan yangi hududlarga tarqatadi. Bunday ko‘chib o‘tgan turlar o‘zlari uchun qulay sharoit mavjud bo‘lganda va kuchli raqobatchilar bo‘lmaganda o‘z sonini oshirish va egallagan maydonini tez kengaytirish imkoniga ega bo‘lishadi. Masalan, yevropa chugurchug‘i 65 yil ichida AQSH, Kanada, Janubiy Afrika, Avstraliya va Yangi-Zelandiyaga tarqalgan. Materiklarda yashovchi turlarni orollarga iqlimlashtirganda ham ular juda tez o‘z sonini ko‘paytira olishadi. Bunday orollarda biotsenozlar kambag‘al, raqobat kuchsiz namoyon bo‘ladi. Jumladan, Yangi-Zelandiyaga keltirilgan turlar to‘liq dominant hisoblanishadi. Bu turlarning qariyb 50% zi sut emizuvchilar va qushlardan tarkib topgan bo‘lib, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadan olib keltirilgan (bug‘ular, cho‘chqa, kalamushlar, to‘rg‘aylar, qorayaloqlar, zyablik va boshqalar).
Yovvoyi sut emizuvchilarni ongli ravishda iqlimlashtirishga bag‘ishlangan tajribalar dunyo bo‘yicha 160 dan ortiq turlar ustida o‘tkazilgan. Ayniqsa, ondatrani iqlimlashtirish juda katta iqtisodiy samara bergan. Uning MDH hududida egallagan areali o‘zining vatani hisoblangan AQSH va Kanadada egallagan maydonidan ancha ko‘p. Ko‘pgina joylarda amerika norkalari, nutriyalari va bug‘ularini iqlimlashtirish ham muvaffaqiyatln amalga oshgan. Ba’zi qushlar (bir necha tur kakliklar, qirg‘ovullar) ham muvaffaqiyatli iqlimlashtirilgan.
Iqlimlashtirish sohasida Ukrainadagi Askaniya-Nova qo‘rikxonasida amalga oshirilayotgan tadqikotlar diqqatga sazovordir. Mazkur ko‘riqxonada 80 tur sut emizuvchi 350 tur va kenja tur qushlar ustida tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Baliqlarni iqlimlashtirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Zog‘ora, oq amur, do‘ngpeshona, leshch, ripus, ryapushka va boshqa turlarni iqlimlashtirish hamda tarqatish sohasida amalga oshirilgan tadbirlar iqtisodiy jihatdan yuqori samara bermoqda. Suv havzalarining mahsuldorligini oshirish maqsadida oziqa obyektlari bo‘lib xizmat qiluvchi umurtqasiz hayvonlarni (dengiz chuvalchanglari, mollyuskalar, qisqichbaqalar) iqlimlashtirish ham muhimdir.
Inson faoliyati tufayli areali qisqarib ketgan hayvon turlarining arealini qayta tiklash maqsadida ular reakklimatizatsiya (qayta iqlimlashtirish) qilinadi. 1920- yillarda daryo ralari soni MDH hududida mingga yaqin bo‘lgan. Belorussiya va Voronej qo‘riqxonalaridan ularni keng tarqatish hisobiga ular ayni vaqtda 50 ta hududda uchraydi. Ularning umumiy soni bir necha o‘n mingni tashkil etadi. Xuddi shunday chipor bug‘u, zubr va boshqa hayvonlar qayta iqlimlashtirilgan. Shuni takidlash lozimki, har qanday iqlimlashtirish jarayoni chuqur ekologik yondashuvni talab qiladi. Aks holda bu ish foyda keltirish o‘rniga jiddiy zarar ham yetkazishi mumkin. Amaliyotda bunday holatlar ko‘p uchraydi.
Biotsenozda muhim rol o‘ynashidan va xo‘jalik nuqtai- nazaridan foydali va hatto ba’zi sharoitlarda zararli bo‘lishidan qat’iy nazar yo‘qolish arafasida turgan, noyob turlarni muhofaza qilish muhim masala hisoblanadi. Inson turlarning arealini katastrofik ravishda qiskarib ketishida asosiy sababchi sanaladi.
Hayvonlarning tarkalishiga g‘ov bo‘luvchi to‘siqlarni shartli ravishda fizikaviy za ekologik turlarga ajratish mumkin. Fizikaviy to‘siqlarga quruqlikda yashovchi hayvonlar uchun suvlik hududlarini misol qilish mumkin. Suv hayvonlari uchun esa chegara ya’ni to‘siq vazifasini quruqlik hududlari bajaradi.
Darlingtonning (1966) ko‘rsatishicha, hayvonlarning tarqalishida asosiy rolni masofa o‘ynaydi. Ko‘pchilik hollarda hayvonlarning yangi hududlarni egallashida daryolar muhim ahamiyatga ega. Yirik daryolar ko‘pincha hayvonlar tarqalgan hududlarni bo‘laklarga bo‘ladi va asosiy g‘ov bo‘lib hisoblanadi. Amazonka 50 turdagi qushlarning tarqalishini cheklovchi chegara bo‘lib hisoblanadi. Bundan tashqari yuzlab hasharotlar va boshqa turlar ham mazkur chegara orqali o‘z areallarini shakllantirishadi. Volga daryosi o‘zining quyi oqimida bir tomondan cho‘l va dashtda yashovchi sut emizuvchilarning g‘arbiy chegara hududi bo‘lib hisoblanadi (sariq yumronqoziq, eversmann xomyagi, yerqazar). Ikkinchi tomondan ko‘rsichqon, holdor yumronqoziqning sharqiy tarqalish areallarini chegaralaydi. Xuddi shunday faunistik chegara rolini Dnepr daryosi havzasida ham ko‘rish mumkin. Uning o‘ng qirg‘og‘ida krot, xoldor yumronqoziq, yashil kaltakesak tarqalgan, chap qirg‘og‘ida esa dasht zonasi shakllangan bo‘lib, unda yuqorida qayd qilingan turlar uchramaydi. S. I. Medvedev (1932) hisoblariga ko‘ra, Dnepr daryosi g‘arbga tomon taxminan 40 turdagi hasharotlarning tarqalishiga to‘sqinlik qiladi. Kelson (1951) ma’lumotlariga qaraganda, Kolorado daryosi kemiruvchilarning tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi aoosiy g‘ov bo‘lib hisoblaiadi. Daryoning ikkala tomonidagi ekologik sharoitlar o‘xshash, ammo daryo turlarning tarqalishini cheklaydi. Ko‘pchilik hollarda daryolar turlarning tarqalishida, ularning yangi xududlarda o‘rnashib olishlarida ham muhim ahamiyatga ega. Daryolar o‘zlarining qirg‘oqlarida o‘ziga xos yashash muhitlarining shakllanishiga sabab bo‘ladi. Ularning irmoqlarida shakllangan ko‘llar, suv omborlari o‘ziga xos fauna elementlari bilan boyib boradi. Jumladan, O‘rta Osiyoning cho‘l landshaftlarini kesib o‘tuvchi Amudaryo va Sirdaryo kabi suv havzalarining qirg‘oklarida shakllangan to‘qayzorlar, yirik-mayda ko‘llar mazkur hududlarning tabiiy ekologik sharoitlarida hayvonot dunyosining tur tarkibi va zichligida tub o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. To‘qayzorlarda turli-tuman umurtqalilar (yovvoyi mushuklar, bo‘rsiq, yapaloqqushlar, qirg‘ovul, zag‘izg‘on va boshqalar) va umurtqasizlar faunasi shakllangan. Cho‘l zonasini kesib o‘tuvchi daryolar, yirik kanallar bir tomondan hasharotlar, sudralib yuruvchilar va boshqa to‘siqlarni yengib o‘tishi qiyin bo‘lgan hayvonlarning areallarini bo‘laklarga ajratib yuborsa, ikkinchi tomondan ayrim madaniy zonalarni bir-biriga bog‘lovchi "ko‘prik" vazifasini ham o‘taydi. Natijada ayrim turlar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan hududlarga daryo qirg‘oqlaridagi mikroiqlim sharoitlaridan foydalangan holda kirib kelish imkoniga ega bo‘lishadi. Natijada cho‘l zonasining faunasi tur tarkibi bo‘yicha ancha boyiydi. Shu bilan birga ko‘pgina kserofil hayvonlar o‘zlarining dastlabki areallarini chegaralanishi oqibatida son jihatdan ancha kamayib ketishadi. Shu sababli irrigatsiya tizimi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda avvalo hududning ekologik sharoitlarini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Yer usti hayvonlarining tarqalishida tog‘lik zonalar ham alohida o‘rin tutadi. Tog‘larning yon bag‘irlarida iqlimiy xususiyatlarning turli-tumanligi ularda o‘ziga xos o‘simlik qoplamlarining shakllanshpiga olib keladi. Bunday qoplamlarda turli ekologik guruhlarga mansub hayvonlarning uchrashi tushunarli hol. Shunday qilib tog‘ tizmasi ko‘pgina hollarda ekologik g‘ov vazifasini o‘taydi. Palearktika va Indo-Malay faunistik hududlarini ikkiga ajratib turgan Ximolay tog‘i misolida buni yaqqol tushunish mumkin. Hisor va Darvoz tog‘ tizmalarining janubiy va shimoliy yon bag‘irlaridagi hasharotlar faunasi bir-biridan tubdan farq qiladi.
Tog‘ tizmalari hayvonlarning tarqalishida chegara bo‘lishi bilan bir qatorda bir avlodga mansub turlarning ko‘plab tor areallarining shakllanishini ham ta’minlaydi. O‘rta Osiyo tog‘larida 100 turdagi Carabus avlodiga mansub qo‘ng‘izlar uchraydi. Yevropaning tekistlik hududlarida esa, garchi ularning maydoni keng bo‘lishiga qaramasdan 30 turdagi qo‘ng‘izlar uchraydi xolos. Bunga asosiy sabab tog‘larning tizmalarida ekologik sharoitlar har bir kichik hudud uchun o‘ziga xosligidadir. Tekistliklarda esa iqlimiy omillarning o‘zgarishi zonal xarakter kasb etadi. Shu sababli tog‘larda kichik-kichik areallar holida yashovchi ko‘pgina qo‘ng‘iz turlari uchraydi.
Tog‘larda dengiz sathidan balandligiga ko‘ra juda ko‘p to‘siqlar uchraydi va ular o‘zlarining mikroiqlimiy xususiyatlari, o‘simlik formatsiyalari, tuproq tarkibi va boshqalar bilan o‘zaro bir-biridan farq qiladi (Lopatin, 1971). Tog‘lardan tashqari boshqa noqulay ekologik sharoitlar ham hayvonlarning tarqalishiga to‘sqinlik qiladi.
Turli tipdagi cho‘llar yaxshi moslashmagan turlar uchun asosiy to‘siqlardan sanaladi. Bunda qaysi tipga mansub bo‘lishidan qati nazar cho‘lning maydoni muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Saxara cho‘li Efiopiya faunasining ko‘p qismini shimoldan Palearktika faunasidan ajratib turadi. Indo-Malay faunasi esa shimolga qarab harakatlana olmaydi, bunga sabab Old Osiyo va Himolay cho‘llari hosil qilgan to‘siqlardir. Faqat chekka sharqda Osiyo cho‘llarining tugashi sababli, Indo-Malay faunasi tarkibidagi turlar Xitoy orqali Primoregacha kirib keladi.
Hayvonot dunyosining tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi antropogen omillar, biologik omillar (turlar orasida vujudga keladigan o‘zaro munosabatlar) ham muhim o‘rin tutadi.
Turlarning tarqalishida makon va zamon ham alohida ahamiyatga ega. Ayrim turlar, garchi o‘zlarining tarqalishi uchun qulay maydonlar mavjudligiga qaramasdan, bu maydonlarni egallab olishga hali ulgurishmagan. Vaqt o‘tishi bilan bunday maydonlar egallab olinishi mumkin.
Insoniyatning yaratuvchilik faoliyati tufayli hayvonlarning tarqalishiga to‘sqinlik qiluvchi ayrim g‘ovlar o‘z ta’sirini yo‘qotib bormoqda. Jumladan, ko‘priklarning qurilishi tufayli daryolarning ikkala qirg‘og‘ini tutashuvi kulrang yumronqoziq va boshqa turlarning tarqalishida, daryolar suv hayvonlarini bir havzadan ikkinchisiga ko‘chib o‘tishida asosiy o‘rin egallaydi. Shunday qilib suv havzalari bir biotsenozni ikkinchi biotsenozga qo‘shilishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumlaan, Amu-Buxoro kanalining ishga tushishi natijasida Amudaryo havzasi Zarafshon daryosi bilan tutashgan. Bunday tutashuv mazkur havzalar hayvonot olamining ham ko‘shilishiga olib keldi.
Hayvonlarning aktiv tarqalishi bir necha shakllarda (uchish, yugurish, suzish, sudralish) yuz beradi. Tarqalishning muvaffaqiyatli amalga oshishi bir jihatdan lokomotor (harakat) organlarining mukammallik darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Harakat shakllari ichida hayvonlarning ko‘proq va kengroq tarqalishiga imkon beradigani- uchish hisoblanadi. Yangi hududlarni egallashda birgina harakat organlari hal kiluvchi rol o‘ynamaydi, balki barcha omillar tarqalayotgan turning biologik, ekologik xususiyatlariga mos bo‘lishi lozim. Ko‘pincha bunday moslik kamdan-kam hollarda uchraydi.
Ba’zan quruqlik hayvonlari suv havzalari kabi g‘ovlarni yengib o‘ta oladi va orollarga tarqalishi mumkin. Bug‘ular, loslar va yovvoyi echkilar (kosulya) yaxshi suza olishadi. Suv ayg‘irlari 30 km.gacha, laskalar 1,5 km, timsohlar 1000 km.gacha suza olishi aniqlangan.
Hayvonlarning passiv tarqalishi (tuxum, lichinka orqali) turli tashuvchi- faktorlar ta’siri ostida amalga oshadi. Hayvonlarning oquvchi suvlar yordamida tarqalishi gidroxoriya deyiladi. Shamol yordamida tarqalish anemoxoriya deyiladi. Shamol va suv yordamida tarqalish anemo-gidroxoreya deyiladi. Bunday tarqalishda suv yuzasida qalqib turgan turli obyektlardagi hayvonlar shamol yordamida harakatlanadi. Boshqa hayvonlar yordamida tarqalish bioxoriya deyiladi. Bunday xususiyat tasodifiy va qonuniy bo‘lishi mumkin.
Foreziya - bir organizmning ikkinchisiga o‘zining yashash muhitini o‘zgartirish maqsadida yopishib olishidir. Misr orqali kechadigan migratsiya davrida ushlab tekshirilgan 11000 qushdan 881 tasida 1442 ta kanalar borligi aniqlangan. Finlandiyada qushlarning migratsiyasini o‘rgangan Nuorteva va Gudstral (1963) ularda mazkur hududda avval uchratilmagan kanalarning turlari uchrashini aniqlashgan.
Hayvonlarning passiv tarqalishining alohida turi -antropoxoriyadir. Bunda hayvonlarning tarqalishi inson tomonidan amalga oshiriladi. Xuddi shu usulda ko‘pgina hayvon turlari Yer yuzida ongli va ongsiz ravishda tarqalgan.



Download 236.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling