2. Intellektual mulk ob’ektlarining tasnifi va tavsiflari. Intellektual mulkni muhofazalash sohasida O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari tizimi
Intellektual mulk ob’ektlarining tasnifi va tavsiflari
Download 32.5 Kb.
|
Olimov E. Fuqarolik.
Intellektual mulk ob’ektlarining tasnifi va tavsiflari.
Intellektual mulk ob’ektlarining har biri o‘ziga xos xususiyatlarga egaligi ravshan. Demak, bu ob’ektlarni huquqiy muhofazalash samaradorligining yuqori bo‘lishi uchun bu ob’ektlarning muayyan xususiyatlarini hisobga oladigan turli huquqiy himoya tartiblari zarur bo‘ladi. Intellektual mulk ob’ektlarini ko‘rib chiqar ekanmiz, shuni qayd etish mumkinki, intellektual mulkda ob’ektlarning ikki guruhi alohida ajralib turadi: san’at bilan bog‘liq badiiy asarlar va sanoat tarmog‘i – xususan yangi buyumlar, tovarlar va texnologiyalarni ishlab chiqish va bozorga taklif etish bilan bog‘liq ob’ektlar. Aynan ana shu vaziyatlar XX asrda jahonda umum qabul qilingan xalqaro huquqiy standartlar shakllanishiga olib keldi, shunga muvofiq intellektual mulk o‘z ichiga ikki asosiy huquqlar sohasini oladi: ● mualliflik va turdosh huquqlar, unga muvofiq ilmiy, adabiy, musiqiy, badiiy, fotografiya va audiovizual asarlarga huquqlar, shuningdek fonogramma ishlab chiqaruvchilar va ijrochilar, efir va kabel eshittirishlari tashkilotlarining huquqlari himoya qilinadi; ● sanoat mulki, u ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, shuningdek tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joyi, firma nomlariga huquqlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari noan’anaviy intellektual mulk ob’ektlari ham mavjud bo‘lib, ular mualliflik huquqi va sanoat mulki o‘rtasida turib, o‘z ichiga: EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari; integral mikrosxemalar topologiyasi; seleksiya yutuqlari; oshkor etilmagan axborot (nou–xau)larni oladi. Sanab o‘tilgan barcha muayyan huquqiy muhofaza ob’ektlari, xususan, badiiy asarlar va san’at turlari, ixtirolar, tovar belgilari, EHM uchun dasturlar va hokazolar intellektual mulk ob’ektlari deb ataladi. Intellektual mulkning ikkita asosiy huquq sohasiga bo‘linishi sabablarini tushunish uchun eng avvalo yuqorida qayd etilgan intellektual mulk ob’ektlarini to‘laroq ko‘rib chiqamiz: ● adabiyot, fan va san’at asarlari, audiovizual asarlar – bu ob’ektlar, odatda, muayyan ob’ektiv shaklda aks ettirilgan yoki ifodalangan asarlarning asl nusxalari, masalan, bosma matn, surat, musiqiy klip va shu kabilar; ● ixtirolar – bu yangi g‘oya, texnik yechim bo‘lib, amaliyotda texnikaning biror–bir sohasidagi muayyan muammoni hal qilish imkonini beradi va belgilangan mezonlarga javob beradi. Shuni qayd etish kerakki, ixtirolarga foydali modellar deb ataladigan ob’ektlar ancha yaqin turadi. ● sanoat namunalari – bu buyumning tashqi ko‘rinishini belgilab beradigan badiiy–konstruktorlik yechimi (dizayni)dir; ● tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari – bir ishlab chiqaruvchining tovarlari va xizmatlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarning shu kabi tovarlari va xizmatlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilardir; Tovar belgilari va xizmat ko‘rsatish belgilari, tovarlarning kelib chiqish joylari nomi va firma nomlari o‘z mohiyatiga ko‘ra bir maqsadga xizmat qiladi, xususan tovar (xizmatlar) ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida halol raqobatni ta’minlash vosita bo‘ladi, iste’molchi u yoki bu tovar (xizmat)larni sotib olar ekan, shu nom va belgilar orqali bu tovar (xizmat)ning muayyan ishlab chiqaruvchisi kimligini aniqlab oladi. Intellektual mulkning bu ob’ektlari fuqarolik muomalasi ishtirokchilari va ular ishlab chiqaradigan mahsulot (ishlar, xizmatlar)larni xususiy alomatlarini aks ettiruvchi (individuallashtirish) vositasi sifatida bitta umumiy tushunchaga birlashtirilishi mumkin. ● tovarlarning kelib chiqish joyi nomi – mamlakat, aholi punkti yoki boshqa geografik ob’ektning tovarni belgilash uchun foydalaniladigan nomidir. Bunda tovarning alohida xususiyatlari to‘la yoki qisman bo‘lsa ham ushbu geografik ob’ektga xos tabiiy sharoitlar yoki inson omillari bilan belgilanadi; ● firma nomlari – muayyan mavqega ega bo‘lgan firmalarning nomlari; ● EHM uchun dasturlar – EHM va uning tarmog‘lari ishlashi uchun mo‘ljallangan ma’lumotlar va komanda (buyruq)lar majmui; EHM uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari o‘z mohiyati jihatidan sanoat mulkiga nisbatan mualliflik huquqlari ob’ektlariga ancha yaqin. Shuning uchun ularni mualliflik huquqlari me’yorlari bilan muhofaza qilish qabul qilingan. ● ma’lumotlar bazalari – axborotni kompyuterda qidirish va ishlov berish imkoniyatini ta’minlash maqsadlarida sistemalashtirilgan ma’lumotlar majmui. ● integral mikrochizmalar topologiyasi – integral chizma elementlari va ular o‘rtasidagi aloqalar majmuining moddiy eltuvchida qayd qilingan fazoviy–geometrik joylashuvi. Topologiyalarning moddiy eltuvchilari integral mikrochizmalar kristali, ya’ni yarimo‘tkazgich plastina qismi bo‘lib, uning hajmi va yuzasida yarimo‘tkazgich mikrochizmalar, elementlararo birikmalar va kontakt maydonlari elementlari shakllangandir; ● seleksiya yutuqlari – o‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlarini yaratish vazifalarining biologik yechimi bo‘lib, bu yaratilgan nav va zotlar barchaga ma’lum nav va zotlardan aniq farqlanib turadigan, yetarli darajada bir jinsli va barqaror hamda ro‘yxati qonunda ko‘zda tutilgan tartibda belgilangan botanik va zoologik liniyalar va turlarga oid bo‘ladi. Oshkor etilmagan axborot, ishlab chiqarish sirlari (nou–xau) – xizmat va tijorat siri bo‘lgan va uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi uchun qimmatga ega bo‘lgan axborot. Ushbu ro‘yxat bugungi kunda mukammal va to‘liq ro‘yxat hisoblanadi. Ob’ektlarni bunday tasniflashdan maqsad intellektual faoliyatning mavjud barcha turlarini har tomonlama huquqiy muhofazalash imkonini beradigan tizimni yaratishdan iboratdir. Lekin bilimlarning yangi sohalari rivojlanib borgani sari intellektual mulk ham yangi ob’ektlar bilan to‘ldirilishi mumkin. Masalan, bundan 50 yil oldin hech kim integral mikrosxemalar topologiyasi deb atalgan ob’ektning paydo bo‘lishi va jadal rivojlanishini tasavvur ham qila olmagan edi. Bugungi kunda biz biotexnologiyalar, gen muhandisligining jadal rivojlanayotganini ko‘ramiz. Bir necha yillardan so‘ng bugungi kundagi mavjud standartlarga to‘g‘ri kelmaydigan yangi ob’ektlarning paydo bo‘lishi ehtimoldan holi emas. BIMT statistikasining ko‘rsatishicha, jahonda har yili millionga yaqin yangi ixtiro, yarim millionga yaqin sanoat namunasi, milliondan ortiq tovar belgilari yaratiladi, yaratilayotgan adabiyot va san’at asarlarining miqdori shunchalik kattaki, rasmiy jihatdan ularni hisob–kitob qilib bo‘lmaydi. Xulosa qilib shuni qayd etib o‘tish mumkinki, intellektual mulk ob’ektlari nafaqat industrial va iqtisodiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchi, balki fan va texnika sohasida axborot almashinishning muhim vositasi, jamiyat madaniy rivojining ko‘rsatkichi bo‘lib qoldi.
Download 32.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling