Axborot soati materialini
TIBBIYOT SOHASINI ZAMON TALABI DARAJASIDA TAKOMILLASHTIRISH INSON
Download 185.9 Kb. Pdf ko'rish
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
- O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINI YANADA RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA HARAKATLAR STRATEGIYASI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI
- 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi
- 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi
TIBBIYOT SOHASINI ZAMON TALABI DARAJASIDA TAKOMILLASHTIRISH INSON MANFAATLARINI TA’MINLASHGA XIZMAT QILADI Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 5- yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan uchrashib, ushbu tizimni takomillashtirish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Xalqimiz salomatligi, ayniqsa, yosh avlod kelajagiga daxldor bu soha Prezidentning doimiy e’tiborida bo‘lishini alohida ta’kidlagandi. Davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga safari chog‘ida qishloq vrachlik punktlari va klinikalarda bo‘lib, shifokor va bemorlar bilan muloqot qilmoqda. Bu Prezidentimizning mazkur sohaga – xalqimiz salomatligiga doimiy e’tiboridan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev raisligida 7-fevral kuni 5-yanvardagi majlisda belgilangan vazifalar ijrosi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, oliy tibbiyot o‘quv yurtlari rektorlari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari direktorlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari, sog‘liqni saqlash muassasalari rahbarlari ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarni chuqur tahlil qilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, rahbarlar mas’uliyati va shaxsiy javobgarligi xususida atroflicha to‘xtaldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, joylarda tibbiyot sohasidagi vaziyatni o‘zgartirish ishlari talab darajasida olib borilmayapti. Buni aholidan Xalq qabulxonalari va Prezidentning Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab ariza va shikoyatlar tasdiqlab turibdi. Birlamchi tibbiyot muassasalari, ayniqsa, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, patronaj xizmati, tez tibbiy yordam tizimining faoliyati hamon qoniqarsiz ahvolda qolmoqda. Shifoxonalar va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash, jumladan, ijtimoiy dorixonalar tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi talab darajasida emasligi qayd etildi. Tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan ta’minlash, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha sezilarli ishlar ko‘zga tashlanmayapti. Sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini rivojlantirish ishlariga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Tibbiy xizmat inson manfaatlarini ta’minlashning muhim omillaridan biridir. Tibbiyot xodimlari uyma- uy yurib, kasalliklarni profilaktika qilishi, sohadagi o‘zgarishlarni odamlar sezishi kerak. Buning uchun shifokorlarning madaniyatini, ma’naviyatini, mas’uliyatini oshirish, ishga va bemorlarga munosabatini o‘zgartirish zarur, dedi davlatimiz rahbari. Qishloq vrachlik punktlari joylashuvini qayta ko‘rib chiqish, samarasiz ishlayotgan punktlarni optimallashtirish, ularga sarflanayotgan mablag‘larni talab yuqori bo‘lgan QVPlarni moddiy-texnik jihatdan mustahkamlash, maqsadga muvofiqlarini poliklinikalarga aylantirish, malakali shifokorlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq vrachlik punktlari tunu kun ishlashi, vrach u yerda yashashi uchun zarur sharoitlar yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
7 O‘tgan yillarda aholini tibbiy xizmat bilan qamrab olish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Joylarda qishloq vrachlik punktlari bunyod etildi, zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Lekin odamlar quruq binoga bormaydi, mutaxassisga boradi. Shu bois qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarda eng yaxshi mutaxassislar ishlashi kerak. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, respublika va viloyat shifoxonalaridagi malakali vrachlar jadval asosida qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda qabullar o‘tkazishi lozim, dedi Prezidentimiz. Shunda xalqimiz tibbiy xizmatdan rozi bo‘ladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy tuzilmalari faoliyatini yanada takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan markazlarning tuman tibbiyot birlashmalari, bu birlashmalarning qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalar bilan hamkorligini mustahkamlash haqida so‘z yuritildi. Tibbiy xizmatning qaysi turlari bepul amalga oshirilishi va qaysilariga pul to‘lanishini aniq belgilash, har bir muassasada ko‘rinarli joyga yozib qo‘yish zarurligi qayd etildi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 31-oktabrda qabul qilingan «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq bu mahsulotlarning narxi ancha arzonlashdi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departament, tegishli vazirlik va hokimliklar vakillari ishtirokida dori-darmon vositalarining belgilangan narxlarda sotilishi nazorat qilib borilmoqda. Prezidentimiz dori-darmon vositalari noqonuniy ravishda baland narxda sotilishiga yo‘l qo‘ymaslik, xalq manfaatlarini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi departamentda “Ishonch telefonlari” tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu telefon raqamlari har bir dorixonaga osib qo‘yiladi, televideniye orqali ko‘rsatiladi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri A.Ikromov, vazirning birinchi o‘rinbosari A.Hojiboyev, vazir o‘rinbosari E.Bositxonova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi departament boshlig‘i Z.Do‘sanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Erniyazov, Toshkent shahri, Andijon, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Jizzax viloyatlari hamda Bekobod, Oltiariq, Vobkent tumanlari hokimlarining axborotlari tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tibbiy xizmat samaradorligini yanada oshirish, bu borada belgilangan ustuvor yo‘nalish va vazifalarni bekamu-ko‘st bajarish bo‘yicha mutasaddilarga alohida topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilish tibbiyot sohasini yanada takomillashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini zamon talablari darajasiga ko‘tarish ishlari tizimli ravishda olib borilishi va qat’iy nazoratda ekanligini ko‘rsatdi.
STRATEGIYASI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi. Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechilib, bozor islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani va pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini, inflatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolishni ta’minladi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi. Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda. Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida: 1. Aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarda
Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
8 davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish; qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash; iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish; ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish; xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash. 2. Quyidagilar: 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya 2-ilovaga muvofiq; Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar 3-7-ilovalarga muvofiq tuzilsin. 3. Belgilab qo‘yilsinki: Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi; Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi. 4. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 5. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar zimmasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish, shuningdek Harakatlar strategiyasini 2018-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar bilan birgalikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirib borilishini, shuningdek uning joylarda ijro etilishi ustidan tizimli nazoratni ta’minlasin. Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etib boriladi.
Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
9 6. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlar quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin: jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga; jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda byurokratik to‘siq va g‘ovlar yaratilishiga, aholi bilan muloqot jarayonini kampaniyabozlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikka; Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishiga. 7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring qilish hamda uning natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berib borishni ta’minlasin. 8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, shuningdek O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda: mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmog‘ida keng sharhlab borilishini, uning demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, shuningdek inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolat, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni qaror toptirish maqsadida davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini kuchaytirishga yo‘naltirilganini jamoatchilikka tushuntirilishini; Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis, to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin. 9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyot tajribasini, zarur bo‘lganda, xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda, o‘rganishda ko‘maklashsin. 10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin.
Toshkent shahri, 2017-yil 7-fevral
QONUN HUJJATLARINI TARQATISH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH CHORA- TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI Qabul qilingan qonun hujjatlarining so‘zsiz va o‘z vaqtida bajarilishida normativ-huquqiy hujjatlarni o‘z vaqtida tarqatish, ijrochilarga va aholiga ularning mohiyati va mazmunini tushuntirishning samarali mexanizmlarini yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, qonun hujjatlarini tarqatishning yaxlit tizimi shakllanmagan, normativ-huquqiy hujjatlarni, shu jumladan rasmiy tarqatmalarni ijrochilarga yetkazishning, tushuntirish ishlarini olib borishning tartibi va muddatlari hamda bu sohadagi nazorat o‘rnatilmagan. Fuqarolarni huquqiy xabardor qilish asosan an’anaviy ommaviy axborot vositalari orqali qog‘oz ko‘rinishida amalga oshirilmoqda, bu esa huquqiy axborotning to‘liqligi va erkin foydalanilishiga, uning o‘z vaqtida tarqatilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunda aholining ijtimoiy faol qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyoj va so‘rovlari inobatga olinmayapti. Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
10 Mavjud kamchiliklar mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi va qonuniylik tamoyillari samaradorligiga salbiy ta’sir qilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish, ijrochilar va aholini qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyati haqidagi huquqiy axborot bilan ta’minlashning sifatini oshirish, ushbu sohadagi ishlarni tashkil etishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida: 1. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlash, ularning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek tegishli qonun hujjatlari matnidan moneliksiz foydalanish imkonini yaratish va o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida qonun hujjatlari normalarining bir xilda qo‘llanilishi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish vazirlik, davlat qo‘mitalari, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining muhim vazifalari etib belgilansin. 2. 2017-yilning fevralidan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini tashkil etish, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan aniq davlat organlari, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari ko‘rsatilishi shart; hujjat nazoratni amalga oshirish yuklatilgan mas’ul davlat organi yoki tashkiloti, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan imzolangandan keyin, uni ijro etish, ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi; normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga (normativ- huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, o‘zgartirish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali) qog‘oz va elektron shaklda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi; O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazilishini ta’minlaydi; davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarning axborot-tahliliy materiallari asosida, qabul qilingan qonun hujjatlarini ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholiga tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlaydi. 3. Qonun hujjatlarini tarqatish, ularning mohiyati va ahamiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatilsin: normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga o‘z vaqtida yetkazish, ularning normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, uslubiy rahbarlik va nazorat qilish; davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb qilgan holda jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etish; davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, sud-huquq tizimini rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shuningdek mamlakatda qonun ijodkorligi, huquqni qo‘llash, huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish; sud ekspertizasi faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish, sud ekspertlarini tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish; sud ekspertizasi sohasidagi tizimli muammolarni kompleks o‘rganish va ularni hal etishga doir ilmiy asoslangan takliflar va ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqish. 5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi hamda Huquqiy targ‘ibot va huquqiy ta’lim boshqarmasi negizida: boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni tegishli ravishda 10 va 28 shtat birlik bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalaridagi hududiy bo‘limlari; boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni 7 shtat birlik bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik ta’lim va sud-ekspertiza faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etilsin.
Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
11 6. Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash (keyingi o‘rinlarda – Idoralararo kengash)ning yangilangan tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir haftalik muddatda hududiy adliya boshqarmalari boshliqlari rahbarligida, tarkibiga boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning, sudlarning, davlat boshqaruvi organlarining, ta’lim muassasalarining, nodavlat notijorat va boshqa tashkilotlarning vakillarini kiritgan holda Idoralararo kengashning hududiy komissiyalarini tashkil etsin. Quyidagilar Idoralararo kengash va uning hududiy komissiyalarining asosiy vazifalari etib belgilansin: ijrochilar va aholini qonunchilikning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, ushbu faoliyatni tashkil qilishga prinsipial yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish; aholining turli qatlamlari, shu jumladan tadbirkorlar va yoshlarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlarining huquqiy axborotdan keng ko‘lamda foydalanilishini ta’minlash, ushbu sohada fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan samarali hamkorlik qilish faoliyatini muvofiqlashtirish. 7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida har yili tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalarining huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning ahvoli to‘g‘risidagi axborotining eshitilishi amaliyotga joriy qilinsin. 8. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (keyingi o‘rinlarda – Milliy baza)ga 2017-yilning 25-sentabridan normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishi munosabati bilan: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markaziga (keyingi o‘rinlarda – Markaz) qonun hujjatlarining Milliy bazada rasmiy nashr etilishini ta’minlash mas’uliyati yuklatilsin; O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida qonun hujjatlarini tezkor tarqatish maqsadida himoyalangan aloqa kanallari (VPN) orqali idoralararo elektron hamkorlikni tashkil etsin; O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudiga Konstitutsiyaviy sud qarorlarini, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi plenumlarining qonun hujjatlarini qo‘llash masalalari yuzasidan tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi qarorlarini ular imzolangan kundan e’tiboran bir kun ichida elektron shaklda Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborish tavsiya etilsin; O‘zbekiston Respublikasi Tashqi
ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining elektron versiyalarini ular kuchga kirgan kundan e’tiboran bir kun ichida Milliy bazaga joylashtirish uchun Markazga yuborsin; Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Milliy baza doirasida eng ko‘p talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi ma’lumotlar bankini yaratish, Milliy bazani takomillashtirish va Markazning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish uchun belgilangan tartibda texnik ko‘mak (grantlar)ni jalb qilish masalasini ishlab chiqsin. 9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish va huquqiy targ‘ibot tizimini takomillashtirish maqsadida adliya organlari va Markazning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxatlarga ko‘ra olib kiriladigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan uskuna, komputer va server texnikasi, texnik vositalar, dasturiy mahsulotlar va boshqa moddiy-texnika resurslari uchun 3-yil muddatga bojxona to‘lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etilsin. 10. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda: normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning ta’sirchan mexanizmlarini, ularni aholi o‘rtasida keng tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek yangilangan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash to‘g‘risidagi nizom loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Elektron ommaviy-axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarining qabul Axborot soati materialini www.mtm.buxdu.uz veb-saytidan olish mumkin
12 qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyatini yetkazish bo‘yicha rolini yanada kuchaytirishni, qonun hujjatlariga mustaqil ekspertlar, mutaxassislar va aholining fikri va munosabatini aks ettiruvchi tahliliy tok-shoular, munozaralar, bahslar hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini keng muhokama qilishning boshqa zamonaviy shakllarini joriy qilishni nazarda tutuvchi Kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin; huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarning ekspert tadqiqotlariga bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi hududiy bo‘linmalarining sonini ko‘paytirishga doir takliflar kiritsin; manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin. 11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev Toshkent shahri, 2017-yil 8-fevral Download 185.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling