Filologiya fakulteti
,,Uch og’ayni’’ va ,,Tushda kechgan umrlar’’ romanlarida davr va qahramonlar taqdiri
Download 140.01 Kb.
|
Xolmatov O
- Bu sahifa navigatsiya:
- FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI : Siyosiy adabiyotlar
- Ilmiy manbalar
2.2. ,,Uch og’ayni’’ va ,,Tushda kechgan umrlar’’ romanlarida davr va qahramonlar taqdiri E.M. Remark va O’. Hoshimovlarning asarlaridagi mavzu va g’oya yaqinligi ,,Uch og’ayni” hamda ,,Tushda kechgan umrlar” romanlarining o’zaro tahlilida ham ko’rinadi. Remark o’zining eng yaxshi asarlaridan biri bo’lgan ,,Uch og’ayni” romanida birinchi jahon urushida qatnashgan, urushdan keyin hayotda o’z yo’lini topishga intilgan turli taqdirlar va xarakterlarni tasvirlagan. Asar qahramonlarining o’zaro suhbatlari, hatti-harakatlarida, bosh qahramon Robert Lokampning o’y-mulohazalarida ,,yo’qotilgan avlod”ga xos xususiyatlar yaqqol ko’zga tashlanib turadi. Uch og’ayni sifatida nazarda tutilgan do’stlar: Robert Lokamp, Otto Kester, Gotfrid Lents kabi obrazlar urushdan keyin o’z umrlarini imkon qadar mazmunli, betashvish va zavqli o’tkazishga qaror qilganlar. Ular bu dunyodagi mayda-chuyda narsalar, bachkana manfaatlar va urf-odatlarning bari sariq chaqalik qadr-qimmatga ega emas degan xulosaga kelganlar. Ular har qanday g’oya va mafkuralarga bo’lgan ishonchini yo’qotganlar, jamiyat qonunlarining bema’ni ekanligini anglab yetganlar. Ularning dunyoqarashi bu holga kelishiga aynan birinchi jahon urushi sabab bo’lgan. Urushdan so’ng ular o’z hayotlarining mazmuni deb faqat o’zaro do’stlikni tan oldilar. Bir-biriga sodiq bo’lgan bu qahramonlarning do’stligiga har qancha havas qilsak arziydi. Bir qaraganda, bu asar qahramonlari tushkunlikka tushgan, kelajakka bo’lgan umidini butunlay yo’qotgandek bo’lib ko’rinadilar. Ammo aslida unday emas. Bu qahramonlar ezgulik, do’stlik va muhabbat kabi muqaddas tushunchalarni hamon qadrlaydilar. Faqat atrofda, jamiyatda pastkashlik, qabihlik kabi yaramas illatlar avj olgan bir davrda ular bunday muhit bilan birga bo’lish, o’sha muhitga moslashishni xohlamadilar. Ular o’zlari muqaddas deb hisoblagan ezgu tushunchalarga xiyonat qilmadilar. Ular o’zlariga faqat kulfat va adolatsizlik keltirgan o’tmishlarini unutib, ortiqcha narsalar uchun behuda yelib-yugurib, qolgan umrlarini ham barbod qilishni istamaganliklari tufayli shunday bo’lib qoldilar. Quyidagi jumla fikrimizga isbot bo’la oladi deb o’ylaymiz: ,,…Biz o’tmishimizga dahldor barcha narsaga qarshi – soxtalik va xudbinlik, ochko’zlik va shafqatsizlikka qarshi kurashmoqchi edik; biz bag’ritosh bo’lib qoldik va yaqin o’rtog’imizdan boshqa hech kimga, bizni hech qachon aldamagan osmon, tamaki, daraxtlar, non va zamindan bo’lak hech narsaga ishonmay qo’ydik. Natijada bari yemirildi, qalbakilashdi va unutildi. Unuta olmaganlarning ulushi esa faqat nochorlik, noumidlik, loqaydlik va ichkilik bo’ldi. Buyuk insoniy va mardona talpinishlar davri o’tdi. Korchalonlik, sotqinlik va qashshoqlik tantana qildi…”42 Shundan keyin ham Remark yaratgan ushbu qahramonlarni pessemistik obrazlar deb atash noto’g’ri bo’ladi. To’g’ri, ular haqiqat va ezgulik tantanasi uchun faol kurash olib bormaydilar. Biroq ular yashagan muhit va davrda o’sha tushunchalarga bo’lgan sadoqatni saqlab qolish, bu muqaddas narsalarga xiyonat qilmaslikning o’zi ham katta ma’naviy jasorat edi. Remarkning ,,Uch og’ayni” romani qahramonlari chinakamiga realistik obrazlardir. Ular romantizm adabiyotidagi qahramonlar kabi adolat tantanasi uchun o’z hayoti va huzur-halovatidan voz kechmaydilar. Ularning ruhiyatida o’z ,,men” ini o’ylash, o’z manfaati uchun yashash kabi har bir insonga xos bo’lgan tabiiy intilishlar ko’rinib turadi. Biroq, bu sifatlar qahramonlarning badiiy qimmatini tushurmaydi, aksincha, ularga yanada ko’proq badiiy joziba bag’ishlaydi. Romanda o’sha davr ijtimoiy hayotiga oid turli lavhalar, xususan, iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik, odamlardagi sarosima va kelajakka bo’lgan ishonchning yo’qolgani kabi tafsilotlar ham yetarlicha uchraydi. Ayniqsa, Xasse obrazi shu tipga juda mos keladi. U asarda quyidagicha tasvirlanadi: ,,…U ishsiz qolishdan qo’rqib yurak hovuchlab yashaydi. Agar ishdan haydalsa – tamom. Xasse qirq besh yoshlarda edi. Bu yoshdagi odamni kim ishga oladi? Ilgari bunchalikmasdi, qoqilgan odam o’zini o’nglab ketardi, hozir esa ishdan bo’shasang – umrbod ko’chada qolasan… … Tabiatan yumshoq, oqko’ngil bu odamga ichim achib ketdi. Kamtarin, vijdonan ishlaydigan xizmatchi. Hozir bunaqalarga kun yo’q. Nafsilamrini aytadigan bo’lsak, hamma vaqt ham bu toifadagi kishilarga qiyin bo’lgan. Kamtarlik va halollik faqat romanlarda ulug’lanadi. Hayotda esa bunday odamlarning shirasini so’rib, po’stini tuflab tashlashadi…”43 Romanda uchraydigan obrazlar orasida Ferdinand Grau alohida ajralib turadi. U o’lib ketgan marhum insonlarning fotosuratiga qarab ularning portretini chizib, shu orqali tirikchilik qiladigan personaj. Uning o’zaro suhbatlarda aytadigan gaplari, o’zini tutishidagi boshqachaliklar asarga o’zgacha ruh bag’ishlaydi. Valentin Gauzer obrazi ham o’ziga xos. Bu qahramon urushda baxtli tasodif tufayli o’lmay qolgan. Urushdan keyin esa katta meros olgan. Shundan beri har kuni tirik qolganini ,,yuvish” uchun restoran va kafelarda do’stlari va o’rtoqlari bilan maishat qiladi. Bu qahramon qolganlardan ko’ra imkoniyati ko’p, yetarli mol-mulkka ega bo’lsa-da, u ham asardagi boshqa obrazlarga o’xshab yuksak maqsadlar va ulug’vor g’oyalar bilan yashamaydi. Aksincha, qanday qilib bo’lmasin vaqtini chog’ o’tkazishga, qolgan umrini imkon qadar xursandchilik bilan kechirishga intiladi. Asarning deyarli barcha qahramonlari ruhiyatida shunday kayfiyat mavjudligini ko’rishimiz mumkin. Biroq ularni hayotini mazmunsiz, vaqtini be’mani o’tkazadigan bekorchi odamlar sifatida baholab bo’lmaydi. Bu obrazlar mana shu holatlarida ham asarni o’qigan o’quvchida iliq taassurot qoldiradilar. Bunga sabab shuki, ular o’zlari xohlab bu holga tushmadilar. Ularning ham ulug’ rejalari, maqsadlari bor edi bir paytlar. Lekin o’zlari muqaddas deb sanagan g’oyalar natijasida birinchi jahon urushi kelib chiqib, bu urush odamlar boshiga dahshatli darajadagi kulfatlarni solganligini, urushning bir guruh xudbin va ochko’z kimsalarning manfaatlarini niqoblovchi vosita ekanligini o’z ko’zlari bilan ko’rib, o’z ongi bilan anglab yetganlaridan so’ng ularda hech qanday mafkuraga nisbatan ishonch qolmadi. Natijada ular shu ahvolga tushdilar. Bunga birinchi navbatda aybdor o’sha davrdagi hukumat va hukmron doiralarning yaramas siyosati edi. Bu orqali yozuvchi o’z davri voqeligini real obrazlar vositasida ko’rsatibgina qolmay, balki kelajak avlodlarga ogohlantirish qo’ng’irog’ini chalayotgandek bo’ladi. Ya’ni, agar mamlakat adolatsiz siyosat yuritsa, odamlarni, xalqni emas, faqat boylik va o’ljalarni ko’zlab harakat qilsa, bunisi ham yetmagandek mana shu yo’lda o’z fuqarolarini aldab, ulardan foydalanishdan, kerak bo’lsa qurbon qilishdan toymasa, bu mamlakat fuqarolari ko’z o’ngida ishonchni va hurmatni yo’qotadi, odamlar esa mana shunday ahvolga tushadi demoqchi bo’ladi adib. Shu tufayli ham romanni o’qigan kitobxon bu ajoyib odamlarni yoqtirib qoladi, ularga xayrixohlik bildiradi. Roman hayotsevarlik, chin insoniy tuyg’ularga bo’lgan muhabbat ruhida yozilganligi uchun ham qimmatlidir. Uning qahramonlari har qanday qiyinchiliklarga duch kelmasinlar, har qanday pastkashlik oddiy holga aylanib qolgan yaramas jamiyat va muhitda yashamasinlar, baribir o’zaro do’stlik va muhabbat kabi muqaddas tushunchalarga bo’lgan sadoqatlarini saqlab qoladilar. Asar bosh qahramonlaridan bo’lgan Robert Lokamp va Patritsiya Xolman ismli qiz o’rtasidagi muhabbat romanning eng katta yutug’idir. Bizningcha, bu asarning bosh g’oyasi muhabbat bo’lmasa-da, biroq undagi chin muhabbat tasviri har qanday ishqiy asarlardagidan qolishmaydi. Bu ikki qahramonning o’zaro suhbat va uchrashuvlari epizodlariga nazar tashlaydigan bo’lsak, bir-birlariga hadeb sevgi izhor qilavermaydilar. ,,Men seni sevaman” degan so’zni deyarli ishlatmaydilar. Biroq ularning bir-biriga bo’lgan muomalasi, munosabat va hatti-harakatlarida bu holat yorqin ko’zga tashlanib turadi. Ularning park va kafelarda, xiyobonlarda birga qilgan uchrashuv va sayrlari, dengiz bo’yiga qilgan sayohatlari va boshqa shunga o’xshash holatlardagi baxtiyor kayfiyatlari tasviri, Patritsiya to’satdan sog’ligi yomonlashib, og’ir ahvolda qolganida Robertning yelib-yugurishi, Robertning keyinchalik ham sevgilisini xursand qilish, kayfiyatini ko’tarish uchun har narsaga tayyor turishi singari epizodlar o’quvchining qalbini larzaga keltiradi. Garchi Robert Lokamp sevgilisining umri tugab borayotganini bilib tursa-da, baribir qalbining bir chetida Patritsiyaning sog’ayib ketishiga bo’lgan umid, to’g’rirog’i ilinj saqlanib turadi. ,,O’rmon oromi” nomli tog’dagi sanatoriyada ular birgalikdagi so’nggi damlarini o’tkazadilar. Patning o’limi yaqinligini sezib, so’nggi kunlarini sevgilisi Robbi bilan birga xursandchilikda, baxtiyor o’tkazish uchun intilishi hayotsevarlik, yashash ishtiyoqining kuchliligidan dalolat berardi. Asarning finali fojiali bo’ladi: Patritsiya Xolman oxir-oqibat kasallikdan vafot etadi. Robert so’nggi damgacha Patritsiyaning yonidan jilmaydi. Romanning mana shu so’nggi qismlari eng ta’sirli sahnalardir. Ushbu romandagi muhabbat va chin sevgi falsafasining shu tariqa haqqoniy, hech qanday mubolag’alarsiz, ramzlarsiz, aynan hayotdagidek sodda va aniq bayon etilishi muallifning yuksak badiiy mahorat sohibi ekanligini ko’rsatib turibdi. Muhabbat bilan birgalikda chin do’stlik tushunchasi ham romanda g’oyat teran va mohirlik bilan yoritilgan. Uch do’st: Robert Lokamp, Otto Kester va Gotfrid Lentsning bir-biri bilan ahilligi, har qanday sharoitda ham bir-birini qo’llab-quvvatlashga intilishlari ulardagi do’stga sadoqat tuyg’usining naqadar mustahkam ekanligini ko’rsatadi. Ayniqsa, Otto Kester do’sti Robertga pul kerak bo’lib qolganda o’zining eng qadrdon buyumi, jonidan ortiq ko’radigan poygachi mashinasi bo’lmish ,,Karl” ni sotib bo’lsa-da do’stiga pul yetkazib berishi epizodi o’quvchiga boshqacha ta’sir qiladi. Boya aytganimizdek, Patritsiya tog’dagi sanatoriyda yotganida Robert uning oldiga boradi. Ikki sevishganning so’nggi kunlarini quvnoq va xushchaqchaq o’tkazishlari, g’animat bo’lib qolgan hayotdan imkon qadar ko’proq lazzatlanib olishlari uchun o’zining eng qadrdon va yolg’iz bisoti bo’lgan mashinani sotib pul topib berish uncha-muncha olijanob odamlarning ham qo’lidan kelmaydigan oliyjanoblikdir. Mana shunday ta’sirli epizodlari bilan ham asar badiiy jihatdan juda yuksak darajada yozilgan, deb bemalol aytishimiz mumkin. Romanning ifoda yo’sinidagi soddalik va ixchamlik, eng sof va samimiy tuyg’ular tarannumi tasvirida ham hech qanday balandparvoz iboralarda foydalanmaslik, aksincha ularni ham oddiy va sodda yo’sinda, biroq o’quvchiga har qanday jimjimador iboralardan ham ko’ra kuchliroq darajada ta’sir etadigan qilib yozish – bu Remarkning noyob badiiy iste’dod sohibi ekanligining yaqqol isboti. Shuningdek, qahramonlar xarakteri va asardagi ruhni ifodalashda personajlar nutqi katta ahamiyat kasb etadi. Bu borada Y. Bekmurodov shunday degan: ,,Badiiy adabiyotda milliylik va umuminsoniylik faqat xarakterlar ifoda yo‘nalishining voqe bo‘lish formalaridagina emas, balki ularning nutqida ham yorqin namoyon bo‘ladi.”44 Biz ham mana shu fikrga tayangan holda quyida asardan olingan bir necha monologlar orqali yuqoridagi fikrlarimizni dalillashga harakat qilib ko’ramiz:
Bu parchalarda qahramonning ayol kishi haqidagi o’y-fikrlari yoritilgan. Bu fikrlar ayollarning murakkab dunyosi va ruhiyati borasida anchagina qimmatli ahamiyatga ega. ,,…Pat kuyga mahliyo bo’lib qolgandi. Atrofdagi o’rindiqlarda ham juft-juft bo’lib sevishganlar o’tirishar, bir-birini pinjiga tiqilib olishgandi. Biroq Pat menga suykalmas, qo’limni siypalamas, menga qayrilib ham qaramas edi. Go’yo meni unutib qo’ygandek. U butun vujudi bilan ajoyib musiqani tinglardi. Shuning uchun ham uni sevardim. Buyuk san’at asari bo’y ko’rsatib turganida odamlarning bachkana qiliqlari g’ashimni keltiradi. Oshiq-ma’shuqlarning bir-biriga ko’z suzishlari, suykalib-ishqalanishlarini ko’rsam jonim chiqib ketadi. Sevishganlar bir-biri bilan butkul omuxta bo’lib ketmasliklari kerak. Yangi uchrashuvlarning lazzatini tuyishlari uchun bir-birlaridan nariroq yurganlari ma’qul. Tez-tez yolg’iz qolgan odamgina sevgilisi bilan uchrashuv baxtini his qila oladi…” (164-bet) Yuqoridagi parchada esa chin muhabbat falsafasi bayon etilgan. ,,…Taqdirga tan berish? Nima o’zgaradi shu bilan?! Kurashish kerak, garchi yakunda mag’lub bo’lsang ham kurashish lozim. Taqdirga yetmishga kirganda tan bersang ham bo’laveradi…” (221-bet) ,,…Inson taslim bo’lmadimi, demak u o’z qismatidan kuchliroq!..” So’nggi parchalarda esa inson irodasi, yashash uchun kurash va hayotsevarlik g’oyalarini o’z ifodasini topgan. Yuqoridagi fikrlar asar badiiy tuzilishi, poetikasining jozibali bo’lishida, romanning g’oyasini ochishda va mazmuni tushunilishida qimmatli ahamiyatga ega. Shu va shunga o’xshash jumlalar asar davomida juda ko’p uchraydi. Ulardan yuqoridagiga o’xshash yana istalgancha misollar topish mumkin. Bu nafaqat Remarkning, balki asarni o’zbek tiliga tarjima qilgan Nizom Komilning ham mahorati samarasidir. Ayni paytda, romandagi inson xarakteri va psixologiyasi tasviri berilgan o’rinlarni o’zbekchaga mahorat bilan, asarning original variantidagi ruhni saqlab qolgan holda bera olish ham katta mahorat. Shu o’rinda ta’kidlab o’tish kerakki, qahramon xarakteri, psixologiyasi tasvirlangan o’rinlar barcha badiiy asarlarning eng muhim yutug’i hisoblanadi. Taniqli adabiyotshunos olim A.Rahimov ta’kidlaganidek: ,,Inson adabiyotning tasvir predmeti ekan, inson xarakteri tasviri yo’q joyda, badiiy adabiyot ham yo’q, shu bilan birga odam tasviri, ya’ni odamning ichki dunyosi tasviri, uning kechinmalari tasviri demakdir”.46 Endi, O’tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgan umrlar” romaniga e’tibor qaratamiz. Bu asarning ,,Uch og’ayni” bilan g’oyaviy va mazmuniy tomondan o’xshashlik tomonlarini bayon etishga urinib ko’ramiz. Eng avvalo, romanning nomi haqida to’xtalsak. Nimaga endi asar aynan ,,Tushda kechgan umrlar” deb nomlandi? Bunga sabab nima? Ushbu savol-larga asarni o’qib chiqqan o’quvchi undagi qahramonlar taqdiriga, ularning davrning mustabid tuzumi va zo’ravon siyosati ostida jabrdiydaga aylangan-liklariga guvoh bo’lgach javob topishi mumkin bo’ladi. Ya’ni ushbu romanda taqdirlari voqealar markazida turuvchi qahramonlar: Rustam; komissar Soat G’aniyev; Rustamning otasi deputat Shomatov; Qurbonoy xola kabi obrazlar-ning hayoti huddi tushdagidek ma’nisiz o’tdi. Masalan, Rustam o’qishini to’xtatib, armiyaga ketdi. Armiyadan esa afg’on urushiga jo’nadi. Vatani va xalqi uchun emas, sovet hukumatining manfaati uchun qon kechib jang qildi. O’ziga o’xshash yosh-yosh yigitlarning afg’on tuprog’ida bekordan-bekorga o’lib ketishlariga, mahalliy afg’on xalqi ham bu urushdan katta azob-uqubat ko’rganiga guvoh bo’ldi. O’sha urush tufayli erkak kishi uchun eng yomon kasallikka chalindi. Buning ustiga, bir amallab tirik qolib, uyiga qaytganidan keyin ham ko’plab adolatsizliklarga guvoh bo’ldi. Ambartsumyan boshliq bir guruh sovet organi hodimlari ,,o’zbek ishi” masalasidagi katta jinoiy ishni qo’zg’ab, arzimagan ayblar va yolg’on-yashiq tuhmatlar bilan qanchadan-qancha begunoh va aybsiz odamlarni qamab yoki ottirib yubordilar. Ular qatorida begona yurtda o’sha hukumat uchun jon olib jon berayotgan Rustamning otasi, deputat Shomatov ham bor edi. Butun umrini mamlakat uchun, xalqining baxti uchun sarflagan, shu yo’lda bir umr halol xizmat qilgan Shomatov o’n yil muddatga shimoliy Qozog’istondagi lagerlardan biriga surgun qilinadi. Bu hukmni isbotsiz ijro etib bo’lmas edi, albatta. Shomatovning aybini bo’yniga qo’yish, uni o’z aybiga o’zi iqror bo’lishga majbur etish uchun qilingan ,,usul” esa har qanday zolimlik va adolatsizlikning eng yuqori cho’qqisidir. Mustabid tuzum vakillarining bunday qilmishlari faqat ,,o’zbek ishi” qo’zg’algan XX asrning 80-yillaridagina emas, undan avvalroq ham ko’p marta sodir bo’lgan. Asardagi komissar Soat G’aniyev obrazi va uning o’tmishi tafsilotlari orqali bunga guvoh bo’lishimiz mumkin. Otasining izidan borib, sovet komissari bo’lib yetishgan, yoshligidan ko’plab insonlarning yostig’ini quritgan, Fotima ismli yosh juvonning erini nohaq qamatib yuborib, juvonning o’zini nomusini bulg’agan (buning natijasida Fotima isnodni ko’tarolmay o’zini osib qo’yadi) bu obraz qariganda ham o’z qilmishlaridan pushaymon emas. Qo’yib bersa, mana shu holatida ham yana jazo organiga ishga qaytib, o’sha eski, ,,sinalgan” usullar bilan yana minglab odamlarning yostig’ini quritishga tayyor. O’sha Soat G’aniyevdan jabr ko’rgan Fotimaning qizi Qurbonoy xola ham o’z hayotini nima uchun sarflaganini bilmaydi. Qarib qolib, o’t pufagiga tosh to’planib qolgan, buning natijasida sog’ligi yomonlashib ishga yaramay qolgan bo’lsa-da har kungi kundalik yumushlarini qo’ymaydigan, doktorlar man etishsa ham o’z bilganidan qolmay kundalik tashvishlariga sho’ng’ib ketadigan bu ayolning umri ham huddi tushdagidek mazmunsiz va bexalovat kechdi. Rustam va uning otasi deputat Shomatovlar o’zlariga nisbatan qilingan adolatsizlikdan so’ng ko’zlari ochilib, umrlari tushdagidek ma’nisiz o’tganini, hayotlarini nohaq tuzumga xizmat qilish uchun behuda o’tkazganliklarini kech bo’lsa ham anglab yetadilar. Shu bois ham ularning umrini tushda kechgan umr deb baholasak bo’laveradi. Komissar Soat G’aniyev garchi o’tgan umridan afsuslanmasa-da, o’z dunyoqarashini o’zgartirmasa-da, baribir uning taqdiriga nazar tashlasak, uning ham umri bema’ni o’tganligini ko’rishimiz mumkin. U minglab odamlarning qarg’ish va nafratiga mubtalo bo’ldi. O’z farzandlari undan yuz o’girishdi. Bunday hayot kechirgan insonning umrini garchi u o’z umridan rozi bo’lsa-da, mazmunli o’tdi deb bo’lmaydi. Shu bois ham Soat G’aniyevning ham umrini ,,tushda kechgan umrlar” qatoriga bemalol qo’shish mumkin. Ko’rinib turganidek, O’tkir Hoshimovning romanida ham Remark romanlaridagi kabi davrning adolatsizligi, hukumatning manfur siyosati qurboni bo’lgan kishilarning fojiali taqdiri, o’y-kechinmalari tasviri yetakchi o’rinda turadi. Ayniqsa, urush bilan bog’liq bo’lgan epizodlar, urushning insonlar boshiga (nafaqat urush paytida, balki urushdan keyin ham) cheksiz kulfatlar solishi, ko’plab insonlarning hayotini barbod qilishi ta’sirli yo’sinda, tipik obrazlar vositasida ifodalab berilgan.
Bizga ma’lumki, adabiyot har bir davrning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy muammolarini ko’tarib chiqishi va ularga javob izlashiga ko’ra tarbiyaviy ahamiyatga ega. Uning ijtimoiy-ma’rifiy xususiyati, ayniqsa, tahlil va talqin vositasida baholash mezonlariga aniqlik kiritishda yaqqol ko’rinadi. Tabiiyki, bu jarayonda jamiyat hayotini sog’lomlashtirish va dunyoqarashini to’g’ri yo’lga solish yetakchi mavqega erishadi. Qiyosiy adabiyotshunoslik, avvalo, turli mamlakat va millatlar adabiyoti-ning o’xshash va farqli jihatlarini o’zaro taqqoslab tadqiq qilish orqali badiiy adabiyotni chuqurroq o’rganishga katta yordam beradi. Shuningdek, yozuvchi mahoratini tizim shaklida ochib berish, uning milliy yoki jahon adabiyotidagi mavqeini belgilash, yozuvchining o’ziga xos iste’dodini, badiiy mahorati va yashirin qirralarini bilib olish uchun boshqa bir ijodkorning o’xshash asari bilan qiyoslab o’rganish ham muhim sanaladi. Qiyoslash orqali adabiyotning asl maqsadi ochiladi. XX asr jahon va yurtimiz tarixi sahifalariga misli ko’rilmagan taraqqiyotlar, yutuqlar, ilmiy kashfiyotlar bilan birgalikda ommaviy qirg’inbarotlar, ocharchiliklar, yangi turdagi vabo kabi ofatlar bilan muhrlandi. Mana shunday balolarning eng dahshatlisi I va II jahon urushlari edi. Bu urushlar, tabiiyki, insoniyat taqdiri bilan aloqadorligi bois badiiy adabiyotga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Biz ushbu ishimizda aynan XX asrda G’arb va o’zbek adabiyotida urush mavzusida yaratilgan asarlar, ulardagi inson va jamiyat taqdiri masalalariga asosiy e’tibor qaratdik. Shu bilan birgalikda jahon va o’zbek adabiyoti urush mavzusining tarixiy taraqqiyotiga ham to’xtalib o’tdik. Mavzuni bayon qilish jarayonida Erix Mariya Remark va O’tkir Hoshimov romanlarining qiyosiy tahlilidan foydalandik. Ushbu yozuvchilarning badiiy mahorati, o’ziga xos uslub va ifodalariga ham yo’l-yo’lakay e’tibor qaratdik. Ishimiz yakunida quyidagi xulosalarga keldik: 1. Urush mavzusida yaratilgan dastlabki asarlar xalq og’zaki ijodiga mansub bo’lib, bunday asarlarda tantanavor ruh ustun turgan. Ushbu jang-noma va qahramonlik eposlarida bahodirlarning kuch-qudrati va bir qator fazilatlari urush tasvirlari yordamida madh etilgan. 2. Yangi davrga kelib badiiy adabiyotda urushga bo’lgan munosabat o’zgardi. Endilikda, bunday asar qahramonlari qudratli bahodir ko’rinishidagi ideal obrazlar sifatida emas, jabrdiyda, fojiali taqdir egasi bo’lgan real obrazlar sifatida tasvirlana boshlandi. 3. Birinchi jahon urushi ta’sirida G’arb adabiyotida ,,yo’qotilgan avlod” mavzusi vujudga keldi. Ushbu mavzuda G. Stayn, A. Barbyus, R. Oldington, E. Xeminguey, E.M. Remark kabi adiblar ijod qildilar. 4. O’zbek adabiyotida ham XX asrga kelib urushning insonlar boshiga solgan kulfatlari aks ettirilgan asarlar yaratildi. Bu borada O’tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgan umrlar” romani va ,,Urushning so’nggi qurboni” hikoyasi alohida o’rin tutdi. 5. Erix Mariya Remarkning ,,G’arbiy frontda o’zgarish yo’q” hamda O’tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgan umrlar” romanlarida urushda qatnashayotgan yoshlarning frontda kechirgan azoblari, urush sababli yoshlar ruhiyatida sodir bo’lgan o’zgarishlar va frontdagi holatlar haqqoniy tarzda tasvirlab berilgan. 6. Remarkning ,,Uch og’ayni” hamda O’tkir Hoshimovning ,,Tushda kechgan umrlar” romanlarida mavzu va g’oya bir-biriga yaqin turadi. Har ikki asarda ham urush va adolatsiz siyosat sabab hayoti barbod bo’lgan insonlarning murakkab taqdirlari tipik obrazlar vositasida ifodalangan. 7. XX asrga kelib, G’arb adabiyotida ham, o’zbek adabiyotida ham urush hodisasiga nisbatan salbiy munosabat yetakchi xususiyat kasb etdi. Bunday asarlarda urush insonlar boshiga azob-uqubatlar keltiruvchi jarayon sifatida qoralandi. Umuman olganda, urush va inson masalasi yoritilgan asarlar bugungi kun uchun ham, kelajak uchun ham ahamiyatlidir. Bunday asarlarni o’rganish orqali biz tinchlikning qadriga yanada ko’proq yetamiz va bu ne’matni asrab-avaylash burchimiz ekanligini teranroq his qilamiz. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI: Siyosiy adabiyotlar: Каримов И.А. Адабиётга эътибор – маънавиятга, келажакка эътибор. – Тошкент: Ўзбекистон, 2009. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2009 Mirziyoyev Sh. O’zbekiston ziyolilari bilan uchrashuvdagi nutqi. 2017-yil, 3-avgust Ilmiy manbalar: Алимуҳамедов А. Антик адабиёт тарихи. – Тошкент: Ўқитувчи, 1969 Азизов Қ., Қаюмов О. Чет эл адабиёти тарихи. – Тошкент: Ўқитувчи, 1987 Бекмуродов Й. Қаҳрамон жозибаси. ,,Ўзбек тили ва адабиёти”, 1972-йил, 5-сон. Бобоев Т. Замон ва қаҳрамон. –Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1976. Фрамкин И. Антифашистеские романы Ремарка. \\ Ремарк Э.М. Избранное, II том. – Москва: ,,Правда”, 1990. Karimov N. Janrmi yoki uslub. T.: Fan, 1991. Karimov N. Najot adabiyotdadir – ,,Yoshlik” jurnali, 2014-yil 6-son. Lafasov M. Jahon tarixi, akademik litsey va kasb-hunar kolleji talabalari uchun darslik. – Toshkent: TURON-IQBOL, 2011 Мухтор А. Кўҳна дунё қомуси. – ,,Ўзбекистон адабиёти ва санъати”, 1988-yil 3-son Қаюмов О. Чет ел адабиёти тарихи. – Тошкент: Ўқитувчи, 1979 Қосимов А., Хўжаев С. ХХ аср чет ел адабиёти тарихи. – Фарғона, 2002 Раҳимов А. Одамда олам ташвиши. – Тошкент: Ўзбекистон, 1982 Rajabova R. Remarkning ,,Uch og’ayni”si haqida. – ,,Jahon adabiyoti”, 2014-yil 5-son. Расулов А. Янги замон – янги қаҳрамон. –Тошкент: Адабиёт ва санъат, 1976. Саримсоқов Б. Бадиийлик асослари ва мезонлари. – Тошкент, 2004. Qo’chqorov R., Ahmedov S., Rizaev Sh. Adabiyot, 6-sinf uchun darslik. – Toshkent: Ma’naviyat, 2005 Qo’chqorov R., Ahmedov S. Adabiyot, 8-sinf uchun darslik. – Toshkent, 2006 Saidmurodov S. Tinchlik nomi ila – ,,Yoshlik” , 2016-yil 7-son. Sariyev Sh. Adabiyot. Qo’llanma. – Toshkent: SHARQ, 2013 Xolbekov M. XX asr modern adabiyoti manzaralari. – www. arxiv. uz Download 140.01 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling