Fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, O‘tkazish va ekspert xulosasiga baho berishda sud amaliyotida kelib chiqadigan ayrim masalalar haqida


Download 80 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi80 Kb.
#1606216
Bog'liq
Ekspertiza tayinlash


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI PLENUMINING
QARORI
FUQAROLIK ISHLARI BO‘YICHA EKSPERTIZA TAYINLASH, O‘TKAZISH VA EKSPERT XULOSASIGA BAHO BERISHDA SUD AMALIYOTIDA KELIB CHIQADIGAN AYRIM MASALALAR HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi sudlar tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertizani tayinlash, o‘tkazish, shuningdek ekspert xulosasiga baho berish bo‘yicha sud amaliyotini muhokama qilib, fuqarolik protsessida ekspertizaning tobora keng tarqalayotganligini ta’kidlaydi.


Sudlar ekspertiza tayinlashda protsessual qonun normalarini asosan to‘g‘ri qo‘llamoqdalar.
Ba’zan ish holati bo‘yicha albatta ekspertiza o‘tkazilishi lozim bo‘lsada, ishlarni ekspertiza tayinlamasdan hal etish, aksincha, ayrim hollarda maxsus bilim talab etilmaydigan savollarni aniqlash borasida ekspertiza tayinlash yoki ekspertlar oldiga ularning vakolat doirasiga kirmaydigan huquqiy va boshqa masalalarni qo‘yish hollari ham uchramoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi fuqarolik ishlari bo‘yicha ekspertiza tayinlash, o‘tkazish, shuningdek ekspert xulosasini baholash borasidagi sud amaliyotini takomillashtirish maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori fuqarolik ishi holatlarini har taraflama, obyektiv tekshirish maqsadida sud muhokamasida fan, san’at, texnika yoki hunar sohasida maxsus bilim talab qilinadigan masalalarni aniqlash uchun ekspertiza tayinlash orqali ushbu soha yutuqlaridan to‘g‘ri va to‘liq foydalanish zarurligiga qaratilsin.
2. Sud ekspertizasi deganda, sudning maxsus bilim talab qilinadigan masalalar bo‘yicha tekshiruv olib borish va xulosa berishdan iborat protsessual harakati tushuniladi.
Sud ekspertlik faoliyati — bu ekspertizani tashkil etish va o‘tkazishga vakolatli bo‘lgan organlar tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar tizimidir.
3. Sudlar ekspertiza tayinlash va o‘tkazish masalasini hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, FPK, “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hay’atining 1997-yil 19-fevraldagi 12-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasi o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomga, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 1994-yil 21-iyuldagi 336-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Takroriy, komissiyaviy va kompleks sud-tibbiy ekspertizasi bo‘yicha ish yuritish qoidalari”ga, 2006-yil 19-sentabrda tasdiqlangan “X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini tayinlash, tadqiqot uchun yo‘llanadigan materiallarni tayyorlash va rasmiylashtirish to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaga, shuningdek boshqa normativ huquqiy hujjatlarga amal qilishlari lozim.
4. Sudlar FPK 58-moddasiga ko‘ra, ekspertiza quyidagi davlat muassasalari tizimidagi sud ekspertiza muassasalari, shuningdek, boshqa organlar tomonidan o‘tkazilishini nazarda tutishlari lozim:
1) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Respublika sud ekspertiza markazi va uning hududiy bo‘linmalari;
2) O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasidagi vakolatli organining Sud-tibbiy markazi va uning hududiy bo‘linmalari;
3) qonun hujjatlariga muvofiq zimmasiga ekspertiza o‘tkazish yuklanishi mumkin bo‘lgan (ekspertiza o‘tkazishga ixtisoslashmagan) boshqa muassasalar.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli ekspertiza muassasalari ekspertizani O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Respublika Ilmiy-tekshirish kriminalistika markazi tomonidan belgilangan xizmat ko‘rsatish hududlariga muvofiq amalga oshiradilar.
Ish materiallarini xizmat ko‘rsatish hududiga kirmaydigan ekspertiza muassasasiga yuborilishi sud tomonidan asoslantirilgan bo‘lishi lozim (takroriy ekspertiza tayinlanganda, tegishli hududdagi ekspertiza muassasasida kerakli mutaxassis yoki asbob-uskuna yo‘qligi yoki boshqa holatlarda).
5. Sudlarning e’tibori FPK 58-moddasiga muvofiq ekspertiza tadqiqotlari qonunda belgilangan tartibda ekspert etib tayinlangan shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligiga qaratilsin.
Bunda sud eksperti sifatida oliy ma’lumotga, istisno hollarda o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan, ekspertizaning tegishli sohasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan va sud eksperti malakasiga ega bo‘lgan davlat sud-ekspertiza muassasasining xodimi (davlat sud eksperti); sud tomonidan jalb etilgan boshqa (sud-ekspertlik ixtisosiga ega bo‘lmagan) muassasa xodimi yoki mutaxassis ishtirok etishi mumkin.
Sud tomonidan ekspertiza o‘tkazish yuklatilgan boshqa (sud-ekspert ixtisosiga ega bo‘lmagan) muassasa xodimi ekspertiza tayinlagan sudning muassasaga bergan topshirig‘ini bajarish tartibida ekspertiza o‘tkazishga haqlidir.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, protsessual qonun mazmuniga ko‘ra, sudya nafaqat ishni ko‘rish jarayonida, balki ishni sud muhokamasiga tayyorlash bosqichida ham ishda ishtirok etuvchi shaxslarning fikrlarini hisobga olib, ish holatlari va taqdim etilgan dalillarga muvofiq, ekspert xulosasi zarur bo‘lgan barcha hollarda ish bo‘yicha tegishli ekspertiza (tibbiy, psixiatriya, tovarshunoslik, buxgalteriya va boshqa) o‘tkazishni tayinlash huquqiga ega (FPK 204-moddaning 7-bandi). Ekspertiza tayinlashda FPK 95 ― 101-moddalari talabi e’tiborga olinishi, xususan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertlar oldiga ekspert xulosasi bo‘yicha javob berilishi lozim bo‘lgan savollarni qo‘yish huquqi tushuntirilishi kerak.
Ish holatlari bo‘yicha shaxsning ma’lum harakatni sodir etish vaqtidagi ruhiy holatini aniqlash lozim bo‘lgan barcha hollarda sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanishi lozim, masalan, bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi ishlarni ko‘rishda bitim tuzilgan vaqtda shaxs o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmasligi yoki ularni boshqara olmasligi (FK 121-moddasi), shuningdek protsessual qonunda ekspertiza tayinlash nazarda tutilgan hollarda, xususan, ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi (FPK 312-moddasi) va sog‘ligining sezilarli darajada yaxshilanganligi yoki sog‘ayganligi sababli uni muomalaga layoqatli deb topish haqidagi ishlar bo‘yicha (FPK 315-moddasi).
7. Tushuntirilsinki, apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomasi yoki o‘zining tashabbusi bilan ish materiallarida mavjud bo‘lgan yoki taraflar tomonidan qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlar asosida ekspertiza o‘tkazish mumkin bo‘lgan holatlarda, shuningdek, ish apellatsiya yoki kassatsiya instansiyasida ko‘rilayotganda ekspert tekshiruvi o‘tkazish zaruriyati mavjudligi aniqlanib, lekin uni o‘tkazish yangi holat va dalillarni o‘rganishni talab qilgan holatlarda ham ekspertiza tayinlash huquqiga ega.
8. Sudlarga ekspertiza tayinlash haqida sud ajrimi chiqarishni tartibga soluvchi protsessual qonun (FPK 95 — 101-moddalari) normalariga aniq rioya etish zarurligi tushuntirilsin.
Ekspertiza tayinlash haqidagi sud ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi, xususan ajrimda ekspertiza tayinlash uchun asos bo‘lgan holatlar, tarafning aynan qaysi vaji yoki ishning aynan qaysi holati tekshirilishi va ushbu holatni tekshirish uchun qaysi sohadagi mutaxassis fikri talab qilinishi aniq va batafsil qayd etilmog‘i lozim.
Materiallar ekspertizaga yuborilayotganda sud tomonidan ekspert ixtiyoriga quyidagilar taqdim qilinishi kerak:
— tegishli ekspertizani tayinlash haqida ajrim;
— ekspert tekshiruvi obyekti bo‘lgan predmetlar va hujjatlar, zarur hollarda esa taqqoslash tekshiruvini o‘tkazish uchun namunalar hamda o‘zida ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarni mujassamlashtirgan boshqa hujjatlar (ko‘zdan kechirish, so‘roq qilish va boshqa protsessual harakatlar bayonnomalari, ma’lumotnomalar, ko‘chirmalar, fotosuratlar va boshqa).
Ekspertiza tayinlash haqidagi sud ajrimida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
1) ajrim chiqarilgan vaqt va joy;
2) ekspertiza tayinlagan sudning nomi, sudyaning familiyasi (sud tarkibi), sud majlisining kotibi;
3) ishda ishtirok etuvchi shaxslar;
4) ekspertiza tayinlangan ish to‘g‘risida ma’lumotlar;
5) ekspertiza tayinlash asoslari;
6) ekspertiza o‘tkazish yuklatilgan muassasaning nomi;
7) ekspert oldiga qo‘yilgan savollar;
8) taqdim etilgan obyektlar va materiallar, zarur hollarda esa ekspert tekshiruvi obyekti bilan muomala qilishning alohida shartlari.
Ekspertiza o‘tkazish turli muassasa shtatida bo‘lgan ikki yoki undan ortiq ekspertlarga topshirilganda, ajrimda tekshiruv qaysi ixtisosdagi ekspertlar tomonidan o‘tkazilishi kerakligi, ekspertlar komissiyasi faoliyatini tashkil qilish qaysi ekspert muassasasiga yuklatilganligi, tekshirilishi lozim bo‘lgan obyektlar va boshqa materiallar qaysi ekspertiza muassasasiga yuborilayotganligi ham ko‘rsatilishi lozim. Sudning ajrimi har bir ekspertiza muassasasiga yo‘llanadi.
Materiallarning saqlanilishini ta’minlash maqsadida, ular sud tomonidan o‘ralib, muhrlangan holatda yuboriladi. O‘ramda uning ichidagi predmetning nomi, u qachon, qayerda, kimdan va qaysi ish bo‘yicha olinganligi ko‘rsatilib, sudyaning imzosi va sud muhri bilan tasdiqlanishi kerak.
Ekspertlar ixtiyoriga kseronusxa tarzida yuborilayotgan hujjatlarning asliga mosligi haqida sudya tomonidan belgi qo‘yilishi va imzolanishi hamda sudning muhri bilan tasdiqlangan bo‘lishi lozim.
Obyektlarni ekspert ixtiyoriga yuborish mumkin bo‘lmagan hollarda (uy, katta hajmdagi predmetlar va boshqalar) sudlar FPK 239-moddasi talabiga muvofiq, obyektlarni joyida ko‘zdan kechirish va tekshirishni tashkil etishlari kerak.
9. Ekspertiza oldiga hal qilish uchun faqat javobi nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun dalil bo‘la oladigan va fan, san’at, texnika yoki hunar sohasida maxsus bilim talab qiladigan savollar qo‘yilishi mumkin.
Sudlar ekspert oldiga vazifa qo‘yishda ekspertlar xizmatiga qayta murojaat etmaslik uchun javobi muayyan bir ishning to‘g‘ri hal etilishi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan, barcha kompleks savollarni qamrab olishlari lozim.
Hal qilinishi sudning vakolatiga kiruvchi huquq to‘g‘risidagi savollar ekspert oldiga qo‘yilishi mumkin emas.
10. Tegishli ekspertiza tayinlashda, ishning murakkabligi, o‘ziga xosligi va lozim bo‘lgan ekspert tekshiruvi xarakteridan kelib chiqib, sudlar tekshiruv obyektlarini rasmiylashtirish va ekspertga taqdim etish tartibiga aniq rioya etishlari lozim.
Xususan, sud-xatshunoslik ekspertizasi bo‘yicha ekspertning ixtiyoriga tegishli tekshiruv obyektlarini yuborishda bevosita sud tomonidan eksperimental nusxalar olinishiga yo‘l qo‘yiladi. Mazkur eksperimental yozuv va imzo nusxalarini talab qilib olish, shuningdek ekspert o‘rganayotgan obyektni ko‘zdan kechirish taraflar albatta xabardor qilingan holda ularning ishtirokida o‘tkaziladi va bayonnoma tuziladi. Lekin tegishli tarzda xabardor qilingan tarafning hozir bo‘lmaganligi mazkur protsessual harakatning amalga oshirilishiga monelik qilmaydi. Ekspert ixtiyoriga yuborish uchun olingan eksperimental nusxalarning haqiqiyligi uchun ishni ko‘ruvchi sudya mas’uldir.
11. Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi o‘tkazish uchun materiallarni yuborishda sudlar Oliy sud Plenumining 2001-yil 1-iyundagi “Otalikni belgilash haqidagi ishlarni ko‘rishda sudlar tomonidan qonun hujjatlarining tatbiq etilishi to‘g‘risida”gi 6-sonli qarorining 14–16-bandlaridagi tushuntirishlaridan ham kelib chiqishlari lozim.
Boshqa vazifalar qatorida ona va ota tarafidan yaqin va uzoq qarindoshlikni aniqlash masalasini hal etuvchi molekulyar genetikani qo‘llashga asoslangan odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi tekshiruvlari usullarining zamonaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, sudlar marhumning merosxo‘rlari o‘rtasidagi qarindoshlik munosabatlarini aniqlash to‘g‘risidagi nizolarni ko‘rib chiqishda, har bir aniq holat bo‘yicha ona yoki ota tomonidan yaqin va uzoq qarindoshlikni belgilash haqida ish bo‘yicha ekspertiza tayinlash masalasini muhokama qilishi lozim.
12. Sudlarning e’tibori ekspertiza tayinlanayotgan hamma holatlarda tegishli ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimda sudlar FPK 135-moddasi talablariga muvofiq ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarini taraflar o‘rtasida taqsimlash masalasi hal etilishi lozimligiga qaratilsin. Agar ekspertiza o‘tkazish haqidagi iltimosnomani har ikkala taraf kiritsa yoki sud o‘z tashabbusi bilan ekspertiza tayinlagan hollarda ekspertiza o‘tkazish haqidagi ajrimda xarajatlar taraflar o‘rtasida teng taqsimlanganligini ko‘rsatilishi shart. Qolgan hollarda, ekspertiza o‘tkazish xarajatlari sud ajrimida ekspertiza o‘tkazish haqida iltimosnoma kiritgan taraf zimmasiga yuklatilishi lozim.
13. Ekspertizaga yuborilayotgan materiallarni rasmiylashtirish qoidalarining buzilishi ekspertizani o‘tkazishga to‘sqinlik qilgan taqdirda, ekspertiza muassasasi (uning tarkibiy bo‘linmasi) rahbari ekspertizani tayinlagan sudga yozma tarzda xabar berib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur bo‘lgan choralarni ko‘rishni talab qilishga haqli. Agar ko‘rsatilgan kamchiliklar bir oy ichida bartaraf qilinmasa, muassasa rahbari materiallarni ijrosiz qaytaradi.
Ekspertiza ish yurituviga taqdim etilgan materiallar tayinlangan ekspertizani o‘tkazish mazkur muassasada ko‘zda tutilmagan, shuningdek muassasa tegishli mutaxassislar yoxud jihozlarga ega bo‘lmagan taqdirda ham qaytarilishi mumkin.
14. Taqdim etilayotgan materiallar to‘liq bo‘lmagan taqdirda, ekspert ekspertiza tayinlagan sudga qo‘shimcha materiallar taqdim qilinishi haqida ekspertiza muassasasi rahbari (uning tarkibiy bo‘linmasining rahbari) orqali yozma ravishda iltimosnoma yuborishga haqli.
Qo‘shimcha materiallar bir oy ichida taqdim qilinmagan taqdirda, ekspert mavjud materiallar asosida tekshiruv o‘tkazadi. Birorta ham masalani hal qilish imkoni bo‘lmasa, bu haqida ekspert dalolatnoma tuzadi.
Shu bilan birga FPK 59-moddasining ikkinchi qismi mazmunidan kelib chiqqan holda ekspert qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish obyektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni ekspertizani tayinlagan sudga yuboradi.
15. Sudlarning e’tibori, fuqarolik ishlarini ko‘rishda sansalorlik va ishlarni ko‘rish muddati cho‘zilib ketishining oldini olish maqsadida o‘z vaqtida ekspertiza tayinlash, uni o‘tkazish muddatlariga qat’iy rioya qilish lozimligiga qaratilsin.
Sudning ekspertiza tayinlash haqidagi ajrimining o‘z vaqtida bajarilishini aniqlashda, sudlar “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga qarashli ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasi o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan ekspertiza o‘tkazish muddatlaridan kelib chiqishlari lozim.
Xususan, ekspertiza o‘tkazish muddatlarini ekspertiza o‘tkazuvchi muassasa (uning tuzilmaviy bo‘linmasi) rahbari ekspertlarning bandligini inobatga olgan holda quyidagicha belgilaydi:
— 10 kun — obyektlar soni ko‘p bo‘lmagan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etmaydigan ishlar bo‘yicha;
— 20 kun — obyektlar soni ko‘p bo‘lgan yoki murakkab tekshiruvlarni talab etadigan ishlar bo‘yicha;
— 30 kun — obyektlar soni ko‘p bo‘lgan ishlar bo‘yicha (masalan, qurilish-texnik ekspertizalari, DNK sud-biologik ekspertizasi).
16. Sudlar qo‘shimcha, qayta, kompleks va komissiyaviy ekspertiza tayinlash asoslari va tartibini qat’iy farqlashlari lozim.
Sud tomonidan qo‘shimcha ekspertiza ekspertning dastlabki xulosasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida, xulosa to‘liq bo‘lmagan yoki yetarli darajada aniq bo‘lmagan hollarda, xulosa yuzasidan ekspertni so‘roq qilish orqali bartaraf etish imkoni mavjud bo‘lmagan va majburiy qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazish talab etiladigan, shuningdek ilgari tekshiruv o‘tkazilgan fuqarolik ishining holatlari bo‘yicha yangi savollar tug‘ilgan taqdirda tayinlanadi.
17. FPK 96-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, ekspert (ekspertlar komissiyasi) xulosasi asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki ekspertizani o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta ekspertiza tayinlanadi. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, bir necha ekspertlarning xulosalari bir-biriga zidligi deganda ekspertlar komissiyasining xulosalaridagi tafovut (qarama-qarshilik, jiddiy farq) tushuniladi.
Qayta ekspertiza muqaddam xulosa berilgan obyektlarga nisbatan sud tomonidan avval qo‘yilgan savollar yuzasidan tayinlanadi, biroq uni o‘tkazish boshqa ekspertga (yoki ekspertlar komissiyasiga) topshirilishi lozim.
Qayta ekspertizani o‘tkazish ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga asos qilib olingan dalillar haqiqiy emas deb tan olingan yoki ekspertiza o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilgan taqdirda ham tayinlanishi mumkin.
Ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasi ishning haqiqiy holatlariga zid bo‘lsa yoki ishni ko‘rish vaqtida ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangi holatlar aniqlansa, sud tomonidan qayta ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Sud ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosalariga qo‘shilmasa, qayta ekspertiza tayinlash majburiy emas. Ushbu masalani hal etayotganda ekspertiza predmeti bo‘lgan holatlarga doir ishda boshqa dalillarning mavjudligi, shuningdek takroriy ekspertiza o‘tkazishning amaliy imkoniyatlari hisobga olinishi lozim.
Ish bo‘yicha taraflarning ekspert (yoki ekspertlar komissiyasi) xulosasiga qo‘shilmasligi, mutahasis fikri mavjudligi va boshqa vajlar qayta ekspertiza o‘tkazish uchun asos bo‘la olmaydi.
Qayta ekspertiza xulosasida ekspertning (yoki ekspertlar komissiyasining) oldingi ekspertiza xulosasining to‘g‘riligi yoki noto‘g‘riligi haqidagi xulosasi qaysi ma’lumotlarga asoslanganligi ko‘rsatilishi shart.
18. Kompleks ekspertiza u yoki bu holatlarni alohida ekspertiza o‘tkazish orqali aniqlash mumkin bo‘lmagan, yoxud u bir ekspert mutaxassisligining eksperti yoki ekspertlar komissiyasining vakolati doirasidan chiqqanida sud tomonidan tayinlanadi. Kompleks ekspertiza o‘tkazilayotgan vaqtda har bir ekspert tekshiruvni o‘z vakolati doirasida o‘tkazishi lozim. Xulosada har bir ekspert qanday hajmda qanaqa tadqiqotlar o‘tkazganligi, u shaxsan qanday faktlarni aniqlaganligi va qanday xulosaga kelganligi ko‘rsatilishi lozim. Har bir ekspert xulosaning o‘zi tekshiruv o‘tkazgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Bunda ekspertlar birgalikda xulosa tuzish huquqiga ham ega.
19. Komissiyaviy ekspertiza tarkibi sud yoki shu ekspertiza turini o‘tkazishni tashkil etayotgan sud-ekspertlik muassasasi rahbari tomonidan belgilanadigan bir ixtisosdagi bir nechta (2 tadan kam bo‘lmagan) ekspert tomonidan o‘tkazilishi mumkin. Ekspertiza oldiga qo‘yilgan topshiriqni hal qilish zaruratidan kelib chiqqan holda har bir komissiyaviy ekspert tekshiruvni mustaqil va alohida holda olib boradi. Olingan natijalar birgalikda tahlil qilinib, umumiy fikrga kelingach, ekspertlar birgalikda xulosa (yoki xulosa berib bo‘lmaslik to‘g‘risidagi dalolatnoma) tuzadilar va imzolaydilar. Ekspertlar o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, komissiya tarkibidagi har bir ekspert kelishilmagan masalalar bo‘yicha alohida xulosa beradi.
20. Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi FPK 98-moddasiga ko‘ra, ekspert xulosasi yetarlicha tushunarli bo‘lmaganda sud ekspertni chaqirish yo‘li bilan xulosasini og‘zaki tushuntirib berishni taklif qilish huquqiga ega va bu sud majlisi bayonnomasiga kiritilib, o‘qib beriladi hamda ekspert tomonidan imzolanadi.
Sudga faqat xulosa bergan ekspert chaqirilishi va bergan xulosasi doirasida so‘roq qilinishi mumkin. Agar sudda tug‘ilgan qo‘shimcha savollarga javob olish uchun tadqiqotlar o‘tkazish zarur bo‘lsa, qo‘shimcha ekspertiza tayinlash masalasi muhokama qilinishi lozim.
Sudning chaqiruvi bo‘yicha kelish va o‘z oldiga qo‘yilgan masalalar yuzasidan xolis xulosa berish ekspertning majburiyati ekanligidan kelib chiqqan holda ekspert zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmaslik oqibatlari to‘g‘risidagi protsessual qonun talablariga og‘ishmay rioya qilish, shuningdek bila turib yolg‘on xulosa berganlik, sud uzrsiz deb topgan sababga ko‘ra xulosa berishdan bosh tortganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 238 va 240-moddalari asosida javobgar bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirilishi lozimligiga qaratilsin.
21. Ekspert xulosasi deganda, ekspert tomonidan yozma shaklda taqdim etilgan, muayyan fuqarolik ishini to‘g‘ri hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan, sud ajrimi asosida uning oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, batafsil tadqiqot qilingan va asoslantirilgan xulosalarni ifoda etgan, dalil turining biri tushuniladi.
Qonunga muvofiq, ekspert xulosasi kirish, tekshiruv va xulosadan iborat bo‘lishini sudlar nazarda tutmoqlari lozim.
22. FPK 80-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra hech qanday dalil sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emasligini hisobga olgan holda, sudlar ekspert xulosasi boshqa dalillar qatorida ishning hamma holatlarini jamlagan holda har taraflama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqishga asoslangan sudyalarning ichki ishonchiga ko‘ra baholanishi lozimligini nazarda tutishlari lozim.
Sudlar ekspert xulosalarini baholashda uning malakasini, taraflarning manfaatlariga rioya qilinganligini, qo‘llanilgan usullarning ishonchli asoslantirilganligini, shuningdek ekspertlarga yetarli materiallar va tegishli tekshiruv obyektlari taqdim etilganligini hisobga olishlari lozim.
Ekspertning ehtimol tutilgan xulosasi sud qaroriga asos qilib olinishi mumkin emas.
Sudning ekspert xulosasi bilan kelishmaganligi ish yuzasidan qabul qilingan sud hujjatida asoslantirilishi shart.
23. Taraflar uzrsiz sabablarga ko‘ra tadqiqot predmetini ekspertga topshirishdan yoki ekspertiza o‘tkazishda shaxsan ishtirok etishdan bosh tortgan holatlarda, sudlar Oliy sud Plenumining 2007-yil 2-oktabrdagi “Fuqarolik ishlarini ko‘rishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorining 26-bandidagi tushuntirishiga asoslanishlari lozim.
Toshkent sh.,
2008-yil 12-dekabr,
24-son
Download 80 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling