Galogenlarning nisbiy aktivligi
a) Probirkaga kaliy bormid va kaliy yodidning yangi tayyorlangan 0,5 n eritmalaridan 0,5 ml dan quyib chayqating va aralashma ustiga 1 ml benzol quying. Shundan keyin probirkani chayqatib turgan holda tomchilatib xlorli suv qo‘shing. Bunda dastlab yod ajralishi tufayli benzol qatlami binafsha rangga bo‘yaladi, yana xlorli suv qo‘shilganda bu qatlam rangsizlanadi (JO3- ioni hosil bo‘lishi tufayli). Shundan keyin xlorli suvni qo‘shish davom ettirilsa benzol qatlami avval to‘q sariq tusga kiradi, so‘ngra yana (BrO3-hosil bo‘lishi tufayli) rangsizlanadi.
Kuzatilgan hodisalarning mohiyati nimada? Ketma-ket borayotgan oksidlanish-qaytarilish reaksiyalarining tenglamalarini yozing.
b) Uchta probirka olib, ularning har biriga 1 ml dan vodorod sulfidli suv quying. Probirkalarning birinchisiga xlorli suv, ikkinchisiga bromli suv va uchinchisiga yodli suvdan tomchilatib qo‘shib chayqating. Probirkalarning qaysi birida eritma tezroq loyqalanishini kuzating. Buning sababini aytib, tegishli reaksiya tenglamalarini oksidlanish-qaytarilish nuqtayi nazaridan yozing.
Do'stlaringiz bilan baham: |