MAVZU: GAP BO`LAKLARI. GAPNING MAZMUNIGA KO`RA TURLARI. SODDA VA QO`SHMA GAPLAR
Gap bo’laklari. Ma’lumki, gap bo’laklari gapni tashkil qiluvchi so’z shakllari, birikmalari va boshqa sintaktik birliklarning tarkibiy va ma’no xususiyatlariga ko’ra farqlanadi. Bunda tarkibiy xususiyat tushunchasi gap bo’laklarining ifodalanishi, ularning gapdagi boshqa sintaktik hodisalar bilan bog’lanishiva sintaktik mavqe tushunchalarini o’zida birlashtiradi, ular ma’lum bir ma’noni tashishga xizmat qiladi.
Bosh bo’laklar. Ma’lumki, ega fikr obyektini, nutq predmetini ko’rsatuvchi bosh bo’lakdir. An’anaviy tilshunoslikda gapning hokim bo’lagi ega deb e’tirof etiladi. «Ega ikki sostavli gapning bosh bo’laklaridan biridir: u hokim sostavning grammatik markazi, shu sostavdagi bo’laklarga, shuningdek, tobe sostavdagi bosh bo’lakka – kesimga ham hokimdir. Ega absolut hokim holatdagi bo’lakdir. U gapdagi fikr, hukm o’ziga qaratilgan predmetning – nutq predmetining nomidir. Ega harakatni bajaruvchi yo qabul qiluvchi shaxsdir yoki kesim ifodalagan holat, yo belgi qarashli predmet» (G’ulomova A., Asqarova M. Hozirgi zamon o’zbek adabiy tili. Sintaksis. T., 1987, 77).
Keyingi yillarda gapning shakliy tomoni bilan bir qatorda, uning mazmuniy tomonini o’rganishga ham jiddiy e’tibor berilmoqda, ya’ni tilshunoslikda “Mazmuniy sintaksis” degan yangi yo’nalish yuzaga keldi. Bu borada A.Berdialiev, R.Sayfullaeva, A.Nurmonov, N.Mahmudov, A.Ahmedov, S.Solixo’jaeva, M.Abuzalova va boshqalarning tadqiqotlarini ko’rsatib o’tish joiz. Bu tadqiqotlarda gapning bosh bo’laklari xususida ham yangicha qarashlar paydo bo’ldi. Bu, ayniqsa, N.Mahmudov, A.Nurmonov, M.Abuzalovalarning ishlarida o’z ifodasini topdi. Bu qarash bo’yicha o’zida predikativlikni aks ettiradigan, gapni uyushtiruvchi va shakllantiruvchi bo’lak kesimdir. Kesim gapning markaziy bo’lagi bo’lganligidan butun tavsifi – grammatik kategoriyalari: tasdiq-inkorlik, shaxs, zamon, kommunikativ maqsad va hokazolar kesimga qarab belgilanadi. Kesim gap qurilishida uyushtiruvchilik rolini o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |