G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar
O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur
Download 0.55 Mb.
|
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org
O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkuryevropa madaniyati tarixida O'rta asrlar qariyb 1000 yilni - V asrdan XIV asrga qadar bo'lgan davrni qamrab oladi. Bu davr eski yunon-rim madaniyatining yemirilishi, uning o'rnida sharq asosidagi xristian madaniyatining yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Antik davrdagi yagona yunon-rim madaniy hududining ikkiga - sharqiy va g'arbiy hududlarga ajralishi, bu ikki hududdagi madaniy taraqqiyotning bir-biridan sezilarli farqlanishi, antik madaniyat bilan xristian madaniyati o'rtasidagi ziddiyatlar, xristian dini mavqyeining kuchayishi va uning ijtimoiy, badiiy-estetik tafakkurga kuchli ta'sir o'tkazgani - bularning bari o'rta asrlarni o'rganishda ma'lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. IV asr oxirlariga kelib Rim imperiyasi ikki mustaqil qismga - sharqiy va g'arbiy imperiyalarga ajraldi. Bu ikki hudud madaniyati, garchi ularda Rim an'analari saqlangan va xristian dini hukmron mavqye egallagan bo'lsa-da, bir-biridan sezilarli farqlanadi. Aytish kerakki, sharqiy imperiya - qariyb 900 yil yashagan Vizantiya imperiyasi mustaqil davlat sifatida 396 yilda vujudga kelgan bo'lsa-da, madaniyat tarixidagi "vizantiya davri"ni mutaxassislar sal ilgariroq, III asrdan boshlangan deb hisoblaydilar. Vizantiya madaniyatining ilk bosqichlariga (III-VI asrlar) xos xususiyat shuki, unda hali o'z ta'sirini yo'qotmagan antik madaniyat bilan shakllanayotgan xristian madaniyati yonma-yon, bir-biriga aralashmagan holda yashaydi. Tabiiyki, agar yangi madaniyat va yangicha dunyoqarash mavqyeini mustahkamlashga, eskisi esa saqlab qolishga intilishi e'tiborga olinsa, bu holning o'zgarishsiz qolishi mumkin emas, ikkisi orasida keskin kurashlar kechishi muqarrar. Masalan, o'z davrining yirik notig'i - imperator Yulian (332-363) xristianlikning ashaddiy dushmani, antik madaniyat muhibi bo'lgan. Yulian antik madaniyat mavqyeini saqlab qolish uchun ham imperatorlik, ham ijodiy faoliyatidan foydalangan. Jumladan, u xristianlarni quvg'in qilgan, Gomer, Platon kabi qadimgi yunon mualliflarining asarlarini ilohiylashtirishga, shu yo'l bilan xristian cherkoviga muqobil majusiy cherkovini yaratishga intilgan . Adabiy ijodda vizantiyaliklar yunon tilidan foydalandilar, ilk davrda ko'proq antik yunon adabiyoti an'analarini davom ettirdilar. Ayni paytda, endi bu adabiyotda qadimgi yahudiy adabiyotining ta'siri ham kuzatila boshlaydi, diniy janrlar salmog'i ortib boradi. Adabiy tilning jonli yunon tiliga yaqinlashishi, antik yunon she'riyatiga xos she'riy o'lchovlarga muayyan o'zgarishlar kiritilishi kuzatiladi. Jumladan, misrlik shoir va she'rshunos Nonna (V asr) gekzametrni jonli yunon tili tabiatiga moslab isloh qiladi. O'rta asrlar estetik tafakkuri xristian ilohiyotchilari tomonidan, antik falsafani, xususan, neoplatonizm ta'limotini o'zlashtirgan va uni xristian diniy aqidalari ruhida talqin qilgan holda rivoj topdi. Jumladan, antik madaniyat an'analari ruhida tarbiyalangan, tarixga "buyuk kappodokiyaliklar" nomi bilan kirgan vizantiyalik mutafakkirlar - Buyuk Vasiliy (329-379), Grigoriy Nazianzin (330-390), Grigoriy Nisskiy (335-394)lar "mutlaq go'zallik"ni yuksak qadrlaganlar. Ma'lumki, "mutlaq go'zallik" tushunchasi qadimgi yunon faylasuflari, xususan, Platonda mavjud edi. Keyinroq, ellinizm davriga kelib Plotin va uning izdoshlari ta'limotida bu tushuncha yanada kengroq talqinini topgan, muayyan tizim holiga keltirilgan edi. Ob'ektiv idealizm mavqyeida turgan antik faylasuflardan farq qilaroq, vizantiyalik ilohiyotchilar mutlaq go'zallikni Xudo nomi bilan bog'ladilar. Shu sababli ham ularning ta'limotida, xususan, gnoseologiyasida mutlaq go'zallik tushunchasi muhim o'rin tutadi. Zero, ular inson ruhi ko'rinmas go'zallikka intiladi, inson ruhiy izlanishlarining asosiy maqsadi esa mutlaq go'zallikni anglash, idrok qilish deb biladilar. Xudoni tanishga intilayotgan insonni o'ziga jalb etuvchi narsa - go'zallik, uni tanish esa muhabbat, ishq orqali amalga oshadi. Estetik tafakkur tarixida Psevdo-Dionisiy, Dionisiy-Areopagit nomlari bilan mashhur, lekin haqiqiy nomi noma'lum ilohiyotchining "Areopagitiklar"ida vizanitiyaliklarning mutlaq go'zallik haqidagi xristian diniga xos ta'limoti muayyan tizim holiga keltirildi. Jumladan, uning "Ilohiy ismlar haqida" nomli risolasida "mutlaq go'zallik" ("asl go'zallik") tushunchasiga ancha keng ta'rif beriladi. Unga ko'ra, "asl go'zallik"(ya'ni, Xudo)dan mavjud narsalarning bariga, har birining o'ziga yarasha va mos go'zallik baxsh etiladi. Shu bois ham "asl go'zallik" mavjudlikning sababi, jami go'zallikning manbaidir. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ma'naviy-ruhiy izlanishlarning maqsadi - mutlaq go'zallik, unga eltuvchi vositalardan biri esa moddiy olamdagi go'zallikdir. Zero, moddiy olamdagi narsa-hodisalarning barida mutlaq go'zallikdan darak bor. Negaki, ularning har biri mutlaq go'zallikdan o'ziga, o'z maqomiga yarasha nur olgan. Shunga ko'ra, moddiy va ma'naviy reallikdagi hamma narsa ramz(simvol)dirki, ularning har biridan ilohiy nur taraladi, har birida Yaratganning o'zidan nedir bor. Xudoni tanish uchun inson ayni shu ramzlarni ko'ra olishi, ularning mazmun-mohiyatini tushunishni o'rganishi lozim bo'ladi. Dionisiy-Areopagit o'rta asrlar simvolizmi nazariyasini ancha mufassal ishlab chiqdi. To'g'ri, uning ayni shu masalaga bag'ishlangan "Simvolik ilohiyot" nomli asari bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, uning bu boradagi qarashlari boshqa asarlarida ham ancha keng aks etgan. Bundan tashqari, "Simvolik ilohiyot"ning asosiy mazmuni uning asarlariga yozilgan sharhlar orqali ham ma'lum. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ramz(simvol)lar bir paytning o'zida ham haqiqatni ifoda etishga (xoslar uchun), ham uni yashirishga (xos bo'lmagan, duch kelgan kishilardan) xizmat qiladi. Ramzning asosiy vazifalaridan biri - informatsiya yetkazish, bu vazifa esa turli yo'sin va shakllarda amalga oshishi mumkin. Ya'ni, informatsiya bilvosita yoki bevosita yetkazilishi mumkin. Birinchi holda u belgi yoki obraz shaklida yetkaziladi. Belgi shaklida yetkazilgan informatsiya xoslargagina tushunarli bo'lsa, obraz shaklida yetkazilgan informatsiya shu madaniyatga mansub barcha kishilarga tushunarlidir. Areopagit liturgik obrazlar informatsiyani bevosita yetkazadi deb hisoblaydi, chunki liturgik obrazlar (cherkov marosimlari) ifodalaydigina emas, balki bevosita namoyon etadi. To'g'ri, Areopagit liturgik obrazlar masalasiga keng to'xtalmaydi, biroq vizantiyalik ilohiyotchilar uning fikrlarini rivojlantira borib, liturgiyani (diniy marosimni) ramziy qabul qilish tizimini ishlab chiqdilar. Dionisiy-Areopagit ramzlarning ikkita asosiy turini ajratadi: 1) arxetip bilan mushtarak belgilarga ega bo'lgan "o'xshash" ramzlar; 2) bunday belgilarga ega bo'lmagan "o'xshashsiz" ramzlar. Uning o'zi "o'xshashsiz" ramzlarni yuksak qadrlaydi, chunki ularning yordamida yuksak ruhoniy mohiyatga ko'tarilish qulayroq deb biladi. Negaki, ruh bu ramzlarning tashqi belgilarida to'xtalib qolmaydi, balki undan haqiqatni, arxetipni izlaydi. Ulardagi "o'xshamaslik"ning o'zi ruhga qanot bag'ishlaydi, uni tasvirlangan narsadan tamoman yiroq bo'lgan oliy ma'naviy-ruhoniy qadriyatlarga yo'naltiradi. Ramz qatida botin mohiyatning inkishof etilishi esa kishiga ta'rifga sig'maydigan lazzat baxsh etadi. Shu qarashni yanada rivojlantirib, Dionisiy-Areopagit hatto xunuk, noma'qul narsa-hodisalar tasviri ham oliy ruhoniy qadriyatlarni ifodalashi mumkinligini ta'kidlaydi. Mumkingina emas, hatto ularni ifodalash uchun tuban narsalarning tasvirlangani ma'qulroq ham. Chunki bu holda, birinchidan, ilohiy qadriyatlar yanada ko'proq ulug'langan bo'ladi. Ikkinchi tomondan, bu holda butun e'tibor botiniy ma'noga yo'naltiriladi, zero, bunday ramzda e'tiborni tutib qoluvchi tashqi go'zallik yo'q. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, Dionisiy-Areopagitning estetik ta'limotida obraz vositasida Xudoni anglash masalasi markaziy o'rinni egallaydi. Shuning uchun ham, unga ko'ra, simvol(obraz)ning asosiy vazifalari o'zida ruhoniy mohiyatni tajassum etish va insonni unga tomon yuksaltirishdan iboratdir. Dionisiy-Areopagitning antik falsafa va xristian dini aqidalarini sintezlashtirgan holda ishlab chiqqan ta'limoti o'rta asrlar estetik tafakkurida chuqur iz qoldirdi. Vizantiyalik olimlar Aleksandriyada kuzatilgan an'ana - o'tmish merosini yig'ish, o'rganishga jiddiy e'tibor qaratdilar. Jumladan, keyincha Konstantinopol patriarxi bo'lgan Fotiyning (810-891) antik davrdan qolgan bilimlarni jamlash yo'lidagi harakati natijasi o'laroq "Miriobiblion" ("Kutubxona") nomli asar yaratildi. Bu asarda Fotiy va uning shogirdlari tomonidan o'qib chiqilgan, antik davrda, shuningdek, vizantiya madaniyatining ilk davrlarida yaratilgan 300 ga yaqin kitoblar haqida muxtasar qaydlar, annotatsiyalar, ba'zan esa mufassal referatlar shaklidagi ma'lumotlar berilgan; ulardan ancha keng ko'chirmalar berilgan, ayrim hollarda mualliflar haqidagi biografik ma'lumotlar bilan ta'minlangan. Aytish kerakki, "Kutubxona"da mavzu va janr e'tibori bilan xilma-xil (falsafa, tarix, grammatika, ritorika, tabiatshunoslik, tibbiyot, avliyolar hayoti, ilohiyot va boshqa sohalarga oid) kitoblar haqida hyech bir tizimga solinmagan holda ma'lumot beriladi. Fotiyning o'qilgan asarlar haqidagi nozik kuzatishlari uning qiziqishlari doirasi nihoyatda kengligi, dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallaganidan dalolat beradi. Mohiyat e'tibori bilan ushbu asarni tanqidiy-bibliografik qo'llanma deyish mumkinki, u o'z davri uchun katta didaktik qimmatga ega bo'lgani shubhasiz. Ta'lim-tarbiyaning klassik shakli tarafdori va targ'ibotchisi Fotiyning ushbu asarni yaratishdan maqsadi yoshlarning o'tmish madaniyatini o'zlashtirishiga yordam berish bo'lishi tabiiy. Agar Fotiy o'tmishda yaratilgan asarlarning o'qilishini osonlashtirish maqsadida shogirdlari bilan birga maxsus "Lug'at" ham tuzgani e'tiborga olinsa, bu fikrda jon borligi ko'rinadi. Bundan tashqari, "Kutubxona" - katta ilmiy qimmatga ega asar. Zero, qadimda yaratilgan va turli sabablar bilan bizgacha yetib kelmagan ko'plab kitoblar haqida mazkur asar orqaligina ozmi-ko'p ma'ulomotga ega bo'lish mumkin. Vizantiyalik yana bir olim - yevstafiy Solunskiy(1115-1195) qadimgi yunon yozuvchilarining asarlari matnini tiklash, ularga sharh va izohlar yozish bilan shug'ullangan. Jumladan, "Iliada" va "Odisseya"ga yozgan sharhlari Uyg'onish davri filolog-tadqiqotchilari tomonidan yuksak qadrlangan. Faylasuf va yozuvchi Mixail Psell (1018-1079) antik merosni yuksak qadrlagan, uning o'z zamonida juda katta ahamiyatga ega ekanligini chuqur idrok qilgan. Konstantinopol oliy maktabining falsafa professori sifatida u antik faylasuflarning merosini juda yaxshi bilganki, bu narsa uning asarlarida yaqqol seziladi. Antik mutafakkirlar singari Psell ham inson aqliga hurmat bilan qaragan. Unga ko'ra, aql bilan idrok qilish qiyin bo'lgani aqlning o'ziyu Xudo, boshqa har qanday narsa idrok etiladi. M.Psellning falsafa, ilohiyot masalalariga bag'ishlangan asarlarida adabiyot va san'atga doir qimmatli fikrlar bildirilgan. Bu jihatdan, ayniqsa, uning turli kishilarga yo'llagan maktublari ahamiyatlidir. Masalan, xatlaridan birini u "Sening iltimosingni bajarib, ushbu maktubda ritorik g'oyalar haqidagi mo'jaz darslikchani yuboryapman" (shunga ko'ra, maktub hozirda "Ritorik g'oyalar sharhi" nomi ostida beriladi) degan so'zlar bilan boshlaydi. Maktubda ritorika haqida, nutq turlari va har birining o'ziga xosligi, irod qilish yo'llari, ularga qo'yiladigan talablar haqida ma'lumot beriladi. Maktub didaktik xarakterda, ya'ni o'rgatish maqsadiga qaratilgan. M.Psellning uqtirishicha, yaxshi nutq qurish uchun yaxshi so'zlarni tanlashning o'zi kamlik qiladi, zero, haqiqiy go'zallik tanlashda emas, ularni eng maqbul tarzda joylashtirishdadir. Yozuvchilik tajribasidan kelib chiqib, M.Psell o'z fikrlarini obrazli ifodalashga, turli tamsillar orqali yorqinroq tushuntirishga intiladi. Masalan, quruvchi bir nechta xodani ajratib olganining o'zi uyning go'zal bo'lishi uchun kifoya deb o'ylamaganidek, notiq(yozuvchi) ham so'z tanlashning o'zi kifoya deb o'ylamasligi kerak, deydi. Yoki boshqa bir maktubida jumlada so'zlarni joylashtirish haqida so'zlarkan, buni zargar (bezakchi) ishiga qiyoslaydi: zargar ixtiyoridagi turli hajm, kattalik, shaffoflikdagi toshlarni did bilan joylashtirishi lozim, shundagina bu toshlarning bari o'z imkoniyatini namoyon qila oladi - uyg'unlikda yaxlit bir go'zallik hosil qiladi. Aks holda, agar bu toshlar didsiz, betartib joylashtirilsa, ular yakka holicha ega bo'lgan go'zalligi va qimmatini ham namoyon etolmaydi. Shunga monand, so'zlarni did bilan joylashtirish san'atidan mosuvo bo'lsa, notiq(yozuvchi)ning chiroyli so'zlar izlashidan naf kamdir. M.Psell notiq(yozuvchi) mahoratini belgilovchi muhim jihat sifatida nutqning ifoda etilayotgan mazmunga mosligini tushunadi. Jumladan, uning fikricha, ilohiyotchi Grigoriy nutqlarining asosiy fazilati nutq mazmuniga mos so'z, ohang, ritm tanlay olishidadir. Unga ko'ra, Grigoriy nasihat qilganida "sokin va bir tekis sizib oqayotgan zaytun moyiga", dushmanlari bilan bahsda esa "dovul yoxud bulutlar orasida chaqnagan yashinga" o'xshaydi: birinchi holda uning ritmi sokin va xushohang, ikkinchisida keskin va shiddatli. Muhimi, Grigoriy hyech bir o'rinda falsafiy mazmunni nazardan qochirmaydi, ya'ni, har ikki holda ham mazmun yetakchilik qiladi. Demak, Grigoriy uchun nutq - fikrni ifodalash vositasi, shuning uchun ham vosita birinchi planga chiqmaydi, ayni shu narsa, Psell fikricha, uning muvaffaqiyatini ta'minlagan bosh omildir. M.Psell asarning nutqiy tarkibida nutqning turli ko'rinishlari almashinib turishi kerak deb uqtiradi. U jimjimador, balandparvoz, sun'iy shirador nutqni xushlamaydi, uning fikricha, bunday nutq kichik hajmli asarlar yozishdagina ishlatilishi mumkin. Katta hajmli ("nutq turli burilishlardan o'tadigan", ya'ni mazmunning o'zi ham o'zgarib turadigan) asarlarda esa nutq goh shirador, goh jiddiy, goh shiddatli, goh sokin - xullas, ifodalanayotgan mazmun (yoki tasvir predmetiga mos) o'zgarib turishi lozim. Maktubda shogirdiga yo'l-yo'riq ko'rsatarkan, M.Psell o'zining yozuvchi sifatidagi tajribasidan kelib chiqadi. U o'zi ham dastlab jimjimali, balandparvoz nutq shakliga qiziqqani, keyin esa o'rganish uchun boshqa manbalarga - Demosfen, Isokrat, Aristid, Fukidid, Plutarx, Lisiy kabi antik notiq va yozuvchilarga murojaat qilgani, ularning har biridan o'zi uchun nimadir olganini ta'kidlaydi: "O'z nutqimni men har joydan olingan bezaklar bilan ziynatladimki, ular mening nutqimda yaxlit obrazga birikadi. Agar mening kitoblarimni o'qishsa, bir ko'pga aylanadi". Ko'rib turganimizdek, Psell o'tmish merosiga hurmat bilan qaraydi, shogirdlarini ham shunga da'vat qiladi, antik adabiyotdan o'rganishga undaydi. Maktublaridan birida Psell yevripid bilan pisidalik Georgiyni qiyoslab, ulardan qay biri ustun, degan savolni qo'yadi. O'zi qo'ygan savolga yevripid ustun deb javob berarkan, antik dramaturg ijodiga xos ijobiy nuqtalarni ko'rsatadi. Uningcha, yevripidning ustunligi, avvalo, nutq qurilishida: yevripid sahna asarlarida har bir epizod yoki qahramonga mos o'lchov topa bilgan, Grigoriyda esa bunday emas. M.Psell yevripidning sahna asarlarida nutq qurilishi hatto harakatdan yaxshiroq ishlangan deb hisoblaydi. Uning yozishicha, ritmning dramatik holat va qahramonga mosligi, shuning natijasi o'laroq kuchli ehtiroslarning yorqin ifodalangani tufayligina yevripid o'z vaqtida sahnalashtirilgan asarlari bilan afinaliklarni yig'latgan: "Axir, ular eshitayotgan narsalarni haqiqatan ham ko'ryapmiz deb o'ylashgan". Demak, Psell sahnadagi harakatning o'zi kam, dramatik asarning ta'sir kuchini ta'minlashda nutqning roli hal qiluvchi ahamiyatga molik deb biladi. Shunisi e'tiborliki, M.Psellning fikrlarida adabiy hodisalarga tarixiy yondashuv elementlari kuzatiladi. Jumladan, u "she'riy o'lchov va ritmlar vaqt o'tishi bilan minglab xususiyatlar kasb etgani"ni ta'kidlaydi, buni tabiiy hodisa deb hisoblaydi. Ya'ni, u o'tmishdan o'rganishga da'vat etarkan, ko'r-ko'rona taqlidni emas, ijodiy o'zlashtirishni nazarda tutadi. Uning "Italga maqtov" nomli maktubida Vizantiyadagi madaniy-ma'rifiy holatdan qoniqmaslik ko'zga tashlanadi. Psell antik madaniy merosni kelgindi varvarlar, assiriyaliklar, midiyaliklar, misrliklar egallagani holda, qonuniy vorislar - ellinlarning otalar merosidan o'zini tortgani, oqibatda ellinlar varvarlarga, varvarlar esa ellinlarga aylanib qolganini kuyinib gapirgan shogirdi Italni yoqlaydi. Psell qadimda Doro tasarrufida bo'lgan yerlarga borgan yunonlarning u yerda eshitgan hikmatlarga (aslida, bularni qadimgi ellinlar kashf etgan) xayrat bilan quloq tutishlarini afsus bilan ta'kidlaydi. Avvalo, Psell madaniy taraqqiyotdagi evrilishlar mohiyati va oqibatini aniq va lo'nda ifoda etganini qayd etish lozim. Ikkinchi tomondan, bu o'rinda vizantiyaliklarning, jumladan, Psellning antik madaniy merosni egallash yo'lidagi sa'y-harakatlari milliy tuyg'ularga bog'liq tabiiy jarayon ekanligini ko'rish mumkin. Psellning shu maktubida uning yana bir muhim jihati - badiiy ijodda o'ziga xoslikni, individuallikni yoqlashi, qadrlashi ko'zga tashlanadi. U shogirdining kamchiliklari ("go'zallik unga bo'y bermayotir") borligini e'tirof etadi, lekin uni ma'zur tutmoq va baribir "o'z ishining ustasi" ekanligni tan olmoq kerak. Zero, har bir notiqda - u xoh Platon, xoh Ksenokrat va xoh Esxin bo'lsin, - ma'lum o'ziga xoslik borki, maqtashga kelganda ko'proq shunga urg'u beriladi. Shunday ekan, "Ital ham o'ziga xos bo'lish huquqiga ega, istaymanki, u ham, boshqa hamma shogirdlarim ham o'zigagina xos chizgilarni saqlab qolsinlar". Ilk o'rta asrlarda G'arbiy imperiya hududida Rim (aniqrog'i, yunon-rim) madaniyati an'analari davom ettirildiki, buning tashqi belgisi sifatida lotin tilining nafaqat rasmiy, balki adabiyot, ilm-fan va cherkov tili bo'lganini ko'rsatish mumkin. Agar Vizantiyada antik yunon madaniyati an'analari davom ettirilgani, yunon tili adabiyot, ilm-fan va cherkov tili bo'lgani e'tiborga olinsa, ikkisining orasida tashqi o'xshashlik kuzatiladi. Biroq ikkala hududdagi ijtimoiy-tarixiy sharoitning farqliligi madaniy taraqqiyotdagi jiddiy farqlarni keltirib chiqaradi. Agar Vizantiya imperiyasi qariyb to'qqiz yuz yil yashagan bo'lsa, G'arbiy imperiya V asrga keliboq quladi, uning ulkan hududi ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti jihatidan quyi bosqichda turgan qabilalar ( germanlar, franklar, gottlar, keltlar va b.) tomonidan egallandi. Ularga tobe bo'lib qolgan antik madaniyat egasi bo'lmish tub aholining, tabiiyki, o'z an'analari, madaniyatini saqlab qolish imkoniyati kamroq edi. Ikkinchi tomondan, o'zining primitiv madaniyati, og'zaki adabiyotiga ega muzaffar qabilalar antik adabiyotni o'zlashtirishga ehtiyoj sezmadi, aniqrog'i, ular bunga hali tayyor ham emasdi. Nihoyat, bu qabilalar yangi davlatlarga asos soldilar, millat sifatida shakllanish yo'liga kirdilar. Bularning natijasi o'laroq, yetuk o'rta asrlarga (XI-XIII) kelib lotin tilining birlashtiruvchilik mavqyei ham barham topdi - milliy adabiyotlar yuzaga kela boshladi. O'rta asrlardagi ilk adabiy-nazariy mulohazalar sirasida xristian ilohiyotchisi Avreliy Avgustin (354-430) asarlaridagi ayrim qarashlarni ko'rsatish mumkin. Avgustinning "Iqrornoma" ("Ispoved") asari uning juda murakkab va ziddiyatli ma'naviy-ruhiy, e'tiqodiy shakllanish yo'lini bosib o'tganini ko'rsatadi. Avgustin avvaliga majusiy e'tiqodida bo'lgan, keyin ma'lum vaqt moniylik ta'sirida yurgan, yetuk yoshiga kelib - 33 yoshidagina xristianlikni qabul qilgan. Albatta, uning asarlarida bu ziddiyatli hayot yo'li o'zining sezilarli izini qoldirgan. Jumladan, u olam go'zalligini "ilohiy go'zallik"ning aksi deb biladiki, bunda Platon va neaplatoniklar ta'siri yaqqol seziladi. Avgustinga ko'ra, Xudo - mutlaq go'zallik, olam go'zalligining, jami moddiy va ma'naviy go'zallikning ibtidosi, manbaidir. Ko'rinadiki, Avgustin antik faylasuflar ta'limotini xristian dini aqidalari nuqtai nazaridan talqin qiladi, o'zining e'tiqodiy mavqyeidan turib tizimga soladi. Avgustin buni o'zining "Iqrornoma" asarida e'tirof etadi. Uning aytishicha, lotin tiliga o'girilgan platoniklarning asarlarini o'qib, "platoniklar ham boshqacha so'zlar bilan bo'lsa-da ayni shu narsani", ya'ni har nening avval ibtidosi Xudo ekanligini yozishganiga amin bo'lgan. Avgustin ustozlaridan birining uni "boshqa faylasuflarning yolg'on-yashiqqa to'liq asarlariga emas, platoniklar asarlariga duch kelgani" bilan qutlagani, chunki "ularda boshqacha yo'sinlarda bo'lsa-da har vaqt Xudo va Uning Kalomi haqida so'z boradi" deganini yozadi. Demak, ilk o'rta asrlarda xristian ilohiyotchilari neaplatoniklarni begona sanamagan, ularning fikrlarini o'zlariga moslab tushunganlar. Avgustin olam go'zalligini pokiza qalb bilangina ko'rish, idrok etish mumkin deb biladi. Biroq bu o'rinda hissiy idrok haqida gap borayotgani yo'q. Zero, olam go'zalligi - tartibotda. Xudo olamdagi jamiki narsalarni miqdori, hajmi, vazniga qarab shunday mutanosib joylashtirganki, mukammal uyg'unlikdagi tartibot vujudga kelgan. Bu darajadagi uyg'un tartibotni faqat oliy ong - Xudogina yarata oladi. Shunday ekan, bu tartibotni ko'ra olish, uning mohiyatiga yaqinlashish uchun donishmandlik talab etiladi. Zero, olamdagi hamma narsaning o'zaro mutanosibligi, bog'liqligi va shu asosda yuzaga keluvchi butunlikni Xudoning o'zi bergan aql, donishmandlik bilangina idrok etish mumkin. Avgustinga ko'ra, haqiqiy mo'jiza - olam va odamning yaratilishi. Olamda yuz berishi mumkin bo'lgan mo'jizalarning hyech biri olamning yaratilishidek mo'jiza emas, inson yaratishi mumkin bo'lgan mo'jizalarning hyech biri insonning yaratilishidek mo'jiza emas. Bu mo'jizalarning yaratuvchisi ham, qanday yaratilgani ham inson uchun sir, tugal anglash mumkin bo'lmagan jumboq bo'lib qoladi. Butunlik tushunchasi Avgustin estetikasida muhim o'rin tutadi. Unga ko'ra, "butunlik - har qanday go'zallikning shakli"dir. Avgustin olam yaratilishida ko'rilgan mukammal, uyg'un butunlikni o'ziga xos etalon deb biladi, shuning uchun ham har qanday go'zallik qismlarning o'zaro simmetrik, har jihatdan mutanosib joylashuvi asosida yotadi deb hisoblaydi. Avgustin butun va qism munosabatiga to'xtalarkan, o'zicha go'zal qism butundan ajratib olinsa go'zalligini yo'qotadi, aksincha, o'z holicha go'zal bo'lmagan narsa go'zal butunlik tarkibiga kirganida go'zallashadi deb biladi. Shu xil qarashdan kelib chiqib, Avgustin olamni nomukammal deguvchilarni mozaikaga uning bittagina parchasiga qarab baho berayotgan, parchalar hosil qilayotgan butunlikni ko'rishga noqobil kishilarga o'xshatadi. Avgustin go'zallikni qabul qila olish uchun qalb bilan go'zal predmet orasida monandlik bo'lishi, ya'ni qalbning go'zal bo'lishi zarur, inson qalbida go'zallikka nisbatan beg'araz muhabbatning bo'lishi go'zallikni qabul qila olishning muhim shartidir deb biladi. Shuningdek, u go'zallikni qabul qilishda ongning ahamiyatini yuqori qo'yadi. Unga ko'ra, go'zallikning asosi bo'lmish mutanosiblik sezgilar bilan emas, ong bilan idrok etiladi. Shunday ekan, sezgilar go'zallik masalasida oliy hakamlikka da'vo qilolmaydi. Zero, sezgilar ongga berayotgan ma'lumotlardan estetik butunlik hosil bo'lmaydi. Aksincha, butunlik tushunchasi estetik baho berishga kirishayotgan inson ongida avvaldan mavjud, shu tufayli ham u o'zi kuzatayotgan narsadan shunga (ya'ni, tasavvuridagi butunlik tushunchasiga) mos butunlikni qidiradi. Adabiyotning bilish imkoniyatlari masalasida Avgustin ko'p jihatdan Platonga hamfikr. Avvalgi faslda ko'rilganidek, Platon poeziya narsa haqidagi tasavvur - "soya"ga taqlid qilgani uchun uning mohiyatiga yetishdan ojiz deb hisoblaydi. Avgustinga ko'ra, ko'zga ko'rinib turgan go'zallik - yolg'on go'zallik, filokaliya va poeziya ayni shu yolg'on go'zallikkagina intiladi. Haqiqiy go'zallikni idrok etish esa falsafaning chekiga tushadi, chunki oliy ong tomonidan yaratilgan go'zallikni ko'ra olish va u orqali haqiqiy go'zallikni idrok etishda ong hal qiluvchi rol o'ynaydi. Ko'rinib turibdiki, Platon singari Avgustin ham poeziyaning ahamiyatini quyiroqqa qo'yadi. Agar ma'naviy-axloqiy jihatdan yondashgan Platon "soya"ga taqlid qilgan poeziya tarbiyaga zararli ta'sir qilishini ta'kidlasa, Avgustin ham shunga yaqin mavqyeda turadi. Jumladan, "Iqrornoma"da u bolalik yillarini eslab, qandaydir Eneyning adashib-uloqib yurishlari haqidagi she'rlarni yodlash yoxud Didonaning o'limiga qayg'urib yig'lashga ketgan vaqtini zoe deb biladi. Negaki, o'sha paytlarda Eneyning adashishlarini o'ylagani holda o'zining Xudodan adashib yurganini, Didonaning o'limiga yig'lagani holda o'zining Yaratgan uchun o'lik bo'lganini idrok qilishdan ojiz bo'lgan. "Iqrornoma"da teatrga nisbatan ham xuddi shunga o'xshash fikrlar bildiriladi. Avgustin ilgari teatr shaydosi bo'lganini eslarkan, teatr o'zini, umuman, odamlarni nimasi bilan jalb etadi degan savolni qo'yadi. Uning fikricha, teatrga kishini jalb etuvchi narsa - hamdardlik, ya'ni, qahramonlar taqdiriga qayg'urish, ular bilan birga quvonish yo qayg'ulanish imkoniyati. Tomoshabin sahnadagi qahramonlarning taqdiriga kuyinadi, ularga hamdard bo'ladi va oxir oqibat o'sha qayg'ulanishdan qoniqish, lazzat oladi. Ko'rib turganimizdek, Avgustin teatrning ta'siri masalasini antik olimlarga, xususan, Aristotelga monand tushunadi. Biroq endi, xristianlikni qabul qilgach, uning qarashlari tamom o'zgargan: u sahnadagi "to'qib chiqarilgan" voqyea-hodisalar, qahramonlarga hamdard bo'lishni, bundan qayg'ulanishni ma'qullamaydi. Avgustin hali ham hamdardlik hissini yo'qotmaganini, faqat endi "halok etuvchi lazzat va arzimas baxtini yo'qotganidan og'ir iztirob chekayotgan" qahramonga emas, tomoshabinga (ya'ni, o'sha paytdagi o'ziga, hali Xudoni tanimagan gumrohga) ko'proq achinishini yozadi. Unga ko'ra, bunisi endi haqiqiy achinish, haqiqiy hamdardlik, zero, bu endi teatrdagi kabi lazzat topish ilinjidagi achinish, hamdardlik emas. Avgustinning bu xil qarashlari sabablarini aniqroq tasavvur qilish uchun musiqaga oid fikrlariga ham qisqacha to'xtalish joiz. "Iqrornoma"ning bir o'rnida u o'zining cherkov qo'shiqlarini tinglayotgan paytdagi ruhiy holatini taftish etadi. Avgustin tinglash asnosi mazmundan ko'ra ko'proq kuy ohangiga mahliyo bo'lib borayotganini, bu bilan o'zi sezmagan holda gunohga bo'y berayotganini yozadi. Zero, unga ko'ra, kuy mazmunni (ya'ni, xudoning madhi) ifodalagani uchungina yashashga haqli. E'tibor qilinsa, Avgustinning adabiyot, teatr va cherkov qo'shiqchiligi haqida aytgan fikrlarida umumlashtiruvchi jihatni ilg'ab olish qiyin emas. Unga ko'ra, san'at ruhga ozuqa bo'lishi, xudoni tanish va tanitishga xizmat qilishi lozim. Uning obraz tabiati, uni tushunish masalasidagi qarashlari ham shu bilan bog'liq. Jumladan, u "Iqrornoma"da ustozi Amvrosiyning "harf o'ldiradi, ruh esa yaratadi" tarzida ta'lim berganini, ustozi yuzaki tushunilganda tubandek ko'ringan o'rinlarni ruhoniy ma'noda talqin qilib berganida, garchi hali uning so'zlari haq-nohaqligini bilmasa-da, o'ziga xush kelganini aytadi. Avgustinga ko'ra, tasvirlangan narsa misoli bir sirli parda, ma'no-mohiyatga yetish uchun o'sha pardani ko'tarish taqozo etiladi. Bundan ko'rinadiki, o'rta asrlarda keng tarqalgan obrazning ramziy (majoziy) tabiati haqidagi qarashlar Avgustin estetikasiga ham xosdir. Agar Avgustin antik falsafani xristian e'tiqodiga xizmat qildirish yo'lini tutgan bo'lsa, keyinroq yashagan faylasuf Anitsiy Manliy Severin Boesiy (480-525) antik ilm-fanni lotin dunyosiga tanitish maqsadini qo'ygan. Boesiy shu maqsadda qomusiy fanlar sirasiga kiruvchi yettita fanga oid antik manbalarni tarjima qiladi, ularga sharhlar yozadi. Uning bu xil asarlaridan "Arifmetika haqida", "Musiqa haqida" nomli risolalari bizga qadar yetib kelgan. Boesiy Aristotel va Platon asarlarini to'la lotin tiliga tarjima qilish, ularni sintezlash maqsadini ham qo'ygan. Lekin uning bu maqsadi amalga oshmay qolgan: faylasuf davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan va keyin qatl qilingan. Uning do'sti Kassiodorning e'tirofiga ko'ra, Boesiy qadim yunon allomalari kuchi bilan yaratilgan san'at va ilmlarning barini Rimga ona tilida o'qish imkonini yaratgan . Albatta, bu kabi e'tirofga loyiq ko'rilgan olimning boshqa sohalarga, jumladan, grammatika va ritorikaga oid asarlar ham yaratgani, ularning o'z davrida ahamiyatli bo'lganini taxmin qilish mumkin. Zero, uning "Musiqa haqida" nomli asarida antik olimlarga tayanib bildirilgan original qarashlari o'z vaqtida juda mashhur bo'lgani, musiqa nazariyotchilari tomonidan mo'tabar manba sanalgani shunday o'ylashga asos beradi. Boesiy antik merosga faylasuf sifatida yondashgan bo'lsa, uning do'sti Kassiodor - to'liq ismi Magn Avreliy Kassiodor Senator (487-575) amaliy jihatdan yondashadi. Bolalikdan bilimga chanqoq Kassiodor juda ko'p o'qigan, o'z davrining eng o'qimishli kishilaridan biri bo'lgan. Kassiodor hyech bir madaniyat quruq joyda paydo bo'lmaydi, yangi madaniyat o'tmish madaniyatini to'la o'zlashtirmog'i lozim degan aqida bilan yashagan. Albatta, undagi bu fikr antik mualliflar asarlarini o'rganish davomida paydo bo'lgan, hayot maslagiga aylangan. Qirol saroyida nufuzli mansablarni egallab turgan paytlari Kassiodor Rimda diniy maktab ochib, unda dunyoviy fanlarni o'qitishni orzu qilgan. Biroq uning niyatlari amalga oshmaydi. Kassiodor qirol xizmatidan ketib, o'zining mulki bo'lmish Vivariyda rohiblar maktabini ochadi (tax. 540 yil), niyatlarini o'z imkoniyatlari doirasida ro'yobga chiqarishga intiladi. Vivariumda diniy bilimlardan tashqari ritorika, grammatika, mantiq, matematika singari fanlar ham o'qitilgan. Shuningdek, Vivariumda skriptoriy - xattotlik ustaxonasi ham tashkil qilinib, unda rohiblar kitoblarni ko'chirish, muqovalash ishlari bilan shug'ullanadilar; ularning sa'y-harakatlari bilan diniy va dunyoviy mazmundagi kitoblar yevropaga tarqaladi, Vivariumda boy kutubxona vujudga keladi, ko'plab asarlar kelajak uchun saqlab qolinadi. Kassiodorning o'zi bu ishlarga bevosita rahbarlik qiladi. Uning ikki kitobdan iborat "Diniy va dunyoviy adabiyot bo'yicha yo'riqnoma" nomli asari xattotlik, kutubxonachilik ishi bo'yicha muhim qo'llanma bo'lib xizmat qildi. Kassiodor nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarga oid kitoblarni ham ko'chirish zarur deb uqtiradi. Chunki, unga ko'ra, dunyoviy va diniy ilmlar orasida ziddiyat yo'q, aksincha, muqaddas kitoblardagi g'aybdan berilgan bilimlarni dunyoviy ilmlar aql bilan rivojlantiradi. Shu ma'noda, u dunyoviy fanlarni o'rganish muqaddas kitoblarni teranroq talqin qilishga yordam beradi deb hisoblaydiki, bu o'z davri uchun juda ilg'or qarash edi. IX asrda Buyuk Karl asos solgan ulkan saltanat G'arbiy yevropa xalqlari ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotida ham, madaniy taraqqiyotida ham juda katta ahamiyatga ega edi. Shu ma'noda, mutaxassislarning Karl davrida boshlangan madaniy harakatni "Karoling uyg'onishi" deb nomlashlari bejiz emas. Roman, german, kelt qabilalarini birlashtirgan bu ulkan saltanatni boshqarish uchun yangi qonunlar, yagona davlat tili, shuningdek, yangi kadrlar suv bilan havodek zarur edi. Shu zarurat talabi bilan Karl va uning safdoshlari maorifni isloh qilishga astoydil kirishadilar. Yangi tashkil qilingan maktablarda klassik lotin tili bilan bir qatorda grammatika, ritorika fanlarini o'qitish, xristian diniga oid asarlar bilan birga antik mualliflarning asarlarini o'rganish yo'lga qo'yiladi. Maorif islohotiga bevosita rahbarlik qilgan Karl bu ishni amalga oshirish uchun saltanatning turli joylarida yashovchi o'qimishli kishilarni - olimlar, shoirlar, tarixchilarni o'z saroyiga yig'adi. Keyincha Karlning o'zi bu olimlar guruhini "Akademiya" deb ataydi. Karl Akademiyasiga yig'ilgan olimlarning faoliyatini muayyan ma'noda ma'rifatchilik faoliyati deyish mumkin. Zero, ularning butun sa'y-harakatlari, garchi torroq doirada (ya'ni, ko'proq qirollik xizmati uchun kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan) bo'lsa-da ma'rifat yoyishga qaratilgan edi. Masalan, akademiyada faoliyat olib borganlarning peshvosi Flakk Abbin Alkuin (735-804) yaxshi pedagog bo'lgan: imperator farzandlariga murabbiylik qilgan va ular uchun dialektika, grammatika, ritorika, orfografiya bo'yicha o'quv qo'llanmalar, ma'naviy-axloqiy masalalarga bag'ishlangan risolalar yaratgan. Shu bilan birga, Alkuindan qator poemalar, lirik she'rlar, epigrammalar turkumi, avliyolar hayotiga bag'ishlangan hasbi hollarni o'z ichiga olgan kattagina adabiy meros qolgan. O'rta asrlarning oxirlariga kelib Uyg'onish davriga xos hodisalar kuzatila boshlaydi. Jumladan, yagona lotin tili hukmronligining barham topib borishi, "karoling uyg'onishi" davridan farq qilaroq, milliy tillardagi adabiyotlarning rivojlana boshlagani shuning yorqin dalilidir. Davr ziyolilari endi antik mualliflar asarlarini to'plash yoki ularga sharhlar yozish emas, ularni o'z ona tilisiga o'girish muhimroq ekanini anglay boshlaydilar. Zero, o'tmish madaniyatini egallash yangi milliy madaniyatlarni taraqqiy ettirishda muhim edi. Masalan, Brunetto Latini (1200-1294) Sitseron asarlarini jonli italyan tiliga o'giradi. Xuddi shu muallif o'rta asrlarda mavjud bilimlarni o'z ichiga olgan uch jildlik "Xazina" nomli qomusni fransuz tilida yaratadi. Yoki fransuz shoiri Estash Deshanning "Qo'shiq va balladalar to'qish san'ati" (1392) nomli asari o'rta asrlardagi poetika masalalariga bag'ishlangan ilk risola sanalishi mumkin. Bular XIII asrga kelib yevropa mamlakatlarida Uyg'onish nasimlari esa boshlaganidan, yevropa xalqlari madaniy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo'yganidan dalolatdir. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, o'rta asrlar adabiy tanqidiy tafakkur rivojiga katta o'zgarish olib kirmadi. Negaki, o'rta asrlar bir madaniyatning yemirilishi va uning vayronalari ustida yangi bir madaniyatning shakllanish davri tarzida kechdi. Tarix maydoniga kirgan yangi millatlar uchun o'rta asrlar o'zlari vayron qilgan madaniyatni o'zlashtirish, yangi madaniyatni yaratish bosqichiga kirish davri bo'ldi. Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling