G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


XVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri


Download 0.55 Mb.
bet4/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

XVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri

XVII asr yevropa adabiyotida uchta yo'nalish � Uyg'onish davrining gumanistik an'analarini davom ettirgan renessans realizmi, klassitsizm va barokko yo'nalishlarining yetakchilik qilgani kuzatiladi. Albatta, bu hol avvalo, yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy shart-sharoitlardagi farqlilik bilan izohlanadi. Ikkinchi tomondan, bu yo'nalishlarning bir-biriga ta'siri, o'zaro aloqalariga ham ko'z yumib bo'lmaydi. Zero, mohiyatan ularning bari Uyg'onishdan oziqlanadi, undan turtki oladi: biri uni davom ettiradi, ikkinchisi qadimiyatni uning ruhi bilan to'yintirgan holda muayyan maqsadlarga bo'ysundiradi, yana biri uning inkori sifatida namoyon bo'ladi.


***

Mutaxassislar klassitsizm adabiy yo'nalishining paydo bo'lishini 1515 yil - italyan yozuvchisi Trissinoning �Sofonisba� nomli tragediyasining yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqyealarini antik rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Aristotel �Poetika�sida qo'yilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Klassitsizmning ilk nazariy asoslari ham, avvalgi bobda ko'rilganidek, Uyg'onish davri oxirlarida paydo bo'la boshlagan edi. Bu esa, bir tomondan, yevropa adabiyotlari uchun umumiy qilib olingan o'rta asrlar, uyg'onish davri tarzidagi davrlashtirishda muayyan shartlilik borligi, ushbu davriy bosqichlarning turli mamlakatlarda kechishi xronologik jihatdan farqlanishini, ikkinchi yoqdan, bu davrlarga xos xususiyatlarning ko'pincha yonma-yon yashagani, qorishiq holda namoyon bo'lganini ko'rsatadi. Shuning uchun biz klassitsizm adabiy yo'nalish sifatida to'la qaror topib, adabiy jarayonda yetakchi mavqye egallagan Fransiyaga to'xtalamiz.


Fransiyada klassitsizm madaniyatining gullab yashnashiga asos bo'lgan qator omillar mavjud edi. Ulardan birinchisi klassitsizmning vujudga kelgan ijtimoiy-tarixiy sharoitda davlat va millat manfaatlariga to'la mosligi edi. XVII asrga kelib Fransiya G'arbiy yevropadagi eng qudratli mamlakatga aylandi: Genrix IV tomonidan boshlangan markazlashgan davlat tashkil qilish harakati bu davrga kelib nihoyasiga yetdi, Fransiyada tom ma'nodagi absolyut monarxiya vujudga keldi. Klassitsizm XVII asr Fransiyasining qirol hukumati tan olgan rasmiy va chin ma'noda yetakchi badiiy metodi bo'lib qoldi. Qirol hukumati klassitsist adiblarga maosh tayin qiladi, ularni qo'llab-quvvatlaydi. Bu bejiz emas edi. Klassitsizm adabiyoti markazlashgan fransuz davlatchiligining mustahkamlanishi, fransuzlarning yagona millat sifatida birlashishiga xizmat qilishi lozim edi. Darhaqiqat klassitsizm madaniyati ushbu missiyani sharaf bilan uddaladi, fransuz jamiyati va milliy madaniyati tarixidagi juda muhim bosqich bo'lib qoldi.
Fransuz klassitsizmining gullab yashnashiga asos bo'lgan yana bir muhim omil Dekart falsafasi bo'lib, u XVII asr fransuz falsafiy tafakkurining cho'qqisi hisoblanadi. Dekart falsafada ratsionalizm oqimining asoschisi, unga ko'ra, haqiqatning bosh mezoni va manbai ongdir. Ya'ni, Dekart haqiqat manbai borliqda yoki tajribada emas, balki tafakkur qurilmalarida deb biladi. Shundan kelib chiqqan holda klassitsizmning asosiy tamoyillari belgilanadi. Ularga ko'ra, san'at aql tomonidan qat'iy tartibga solinishi kerak, badiiy asar aqlga muvofiq va aniq tahlilga imkon beradigan tarzda qurilishi lozim, san'at asarining kuchi tafakkur qudrati va mantig'i bilan belgilanadi.
Fransuz klassitsistlarining ilk amaliyotchi va nazariyotchilaridan biri sifatida Fransua de Malerb (1555-1628) e'tirof etiladi. Malerb qirol Genrix IV saroyida katta nufuzga ega bo'lib, markazlashgan davlat qurayotgan hukumatning mafkurachisi sifatida adabiyotni shu maqsadlarga xizmat qildirish borasida astoydil harakat qilgan. Malerb o'zining adabiy-tanqidiy qarashlariga xayrixoh kishilardan iborat to'garak tashkil qilib, uni boshqargan. To'garakda fransuz shoirlarining asarlarini muhokama qilish barobarida Malerb o'zining adabiy-estetik qarashlarini singdirib borgan. Malerb adabiyotshunoslikka oid maxsus asar yaratgan emas, uning qarashlari shoir Deportning she'riy to'plami varaqlariga bitib qo'yilgan qayd va sharhlarda saqlanib qolgan. Malerb asarning g'oyaviy-mazmuniy tomonlariga emas, ko'proq shakl jihatlariga e'tibor qaratadi, u qat'iy qoidalar asosidagi ratsionalistik shakl tarafdori, poeziyaning barcha zamonlar va barcha xalqlar uchun umumiy bo'lgan buzilmas qoidalari mavjud deb biladi. Malerb ijodni ilhom natijasi emas, balki o'zlashtirib olingan badiiy mahorat sirlarini amalda tatbiq etish deb hisoblaydi. Unga ko'ra, ijod - mehnat, grammatika va uslub qoidalarini yaxshi bilgan odam mehnatidir. Demak, o'qimishli, fikrlash va tildan foydalanish madaniyatini egallagan har qanday odam ijod qilishi mumkin. Buning uchun esa, ya'ni har qanday o'qimishli, fikrlash va tildan foydalanish madaniyatini egallagan odam ijod qila olishi uchun universal qoidalarning ishlab chiqilishi va ularga qat'iy amal qilinishi talab etiladi. Ko'rib turganimizdek, Malerb qarashlarida klassitsizm estetikasiga xos �normativlik� to'la namoyon bo'ladi. Malerbning �normalashtirish�ga intilishi, masalan, adabiy til haqidagi qarashlarida ko'rinadi. U adabiy til �norma�si sifatida poytaxt zodagonlari tilini tan oladi, uni har qanday shevalardan, xususan, gaskon shevasidan tozalash zarur deb biladi. Ayni paytda, u jonli xalq tilidan uzilmaslik, bozordagi avom tilidan ham foydalanish, uni zodagonlar tiliga moslashtirish kerakligini ham e'tirof etadi. Fransuz adabiy tilini isloh qilish harakatidagi Malerb lotin tili uchun ishlab chiqilgan normalarga tanqidiy qaraydi, adabiy til umumxalq tili asosida, millatning til amaliyotiga tayangan holda shakllanadi deb biladi. Malerbning adabiy til haqidagi qarashlari markazlashgan fransuz davlatchiligi haqidagi qarashlariga hamohang edi. Buni uning mavjud janrlar ichida odaga alohida e'tibor bergani, odaning asosiy mavzusi mamlakatni obod, xalqni farovon etuvchi mutlaq monarxiyani ulug'lash bo'lmog'i kerak deb hisoblaganida ham ko'rish mumkin.
Antik merosdan tanqidiy yondashgan holda foydalanish lozimligini fransuz klassitsistlaridan yana biri - Fransua Oje(1599-1670) ham ta'kidlaydi. Jan de Shelandrning �Tir va Sidon� nomli tragediyasiga so'z boshi yozarkan, muallifni ushbu asarni e'lon qilishga undagan, shunga arziydigan asarligiga ishontirgan o'zi ekanligini, asarda antik meros tarafdorlarida e'tiroz uyg'otuvchi jihatlar borligini e'tiborga olib, ularga oldindan javob berish maqsadida ekanini ta'kidlaydi. Oje antik merosni to'la inkor qiluvchilarni ham, unga etalon deb qarovchilarni ham yoqlamaydi. Uningcha, antik yozuvchilar Yunoniston sharafi uchun mehnat qilganlar, demak, fransuz yozuvchilari ularga izma-iz emas, o'z xalqi ruhi va tili xususiyatlarini hisobga olgan holda ergashishlari zarur. Oje antik merosga munosabat masalasida oqilona mavqye egallaydi, o'zining qarashlarini izchil asoslashga intiladi. Uning uqtirishicha, har bir millatning ruhi, fe'l-atvori, badiiy didi o'ziga xos va xuddi shu narsa uni boshqalardan farqlab turadi. Shunga ko'ra, qadimdagi salaflardan o'rganish, ulardan olish kerak, lekin hamma narsani emas, balki shu zamonga, shu millat ma'naviyatiga moslashtirish mumkin bo'lgan narsalarnigina olish kerak. Oje Uyg'onish davrida fransuz adiblari na shuhratda va na mukammal asarlar yaratish bobida antik ijodkorlar darajasiga yetolmaganini e'tirof etib, buning sababi qadimdagi salaflarga haddan ziyod taqlid qilinganida deb hisoblaydi.
Oje antik ijodkorlar amal qilgan qoidalarga ko'r hassaga yopishgandek yopishib olish kerak emas deydi. Chunki bu qoidalar muayyan zamon(antik davr) va makon(antik Gretsiya va Rim)da shu davr kishilari uchun ishlab chiqilgan. Bu qoidalarni ayni shu jihatdan o'rganish, ularni bugungi davr, makon va kishilarga moslashtirgan holda qo'llash, shunga ko'ra bir o'rinda ularni to'ldirish, boshqa bir o'rinda qisqartirish kerak deydi. Ojega ko'ra antik merosga eng to'g'ri munosabat shunday, buni hatto Aristotel ham ma'qullagan bo'lur edi.
Ojening antik merosga munosabati asosida tarixiylik prinsipi yotadi, ayni shu narsa uning asosli xulosalar chiqarishiga zamin bo'lib xizmat qiladi. Jumladan, u antik ijodkorlar ishlab chiqqan qoidalar bevosita o'sha davr sharoiti bilan bog'liq deb hisoblaydi. Unga ko'ra, antik mualliflarning uch birlik qoidasiga qat'iy amal qilganlarining sababi shundaki, antik tragediyalar diniy marosimning bir qismi bo'lgan, diniy marosimlar esa o'zgarishga moyil emas, yangilikni qabul qilishi qiyin. Ikkinchi tomoni, antik mualliflar orasida musobaqalar o'tkazilgan, shuning uchun ular hakamlar va tomoshabinlarni, ya'ni, belgilangan qoidalarni hisobga olishga majbur edilar. Oje tragediyalar syujetiga yunonlar orasida ma'lum va mashhur voqyealar olinganining sababini ham shunda deb biladi. Shu xil mulohazalarga tayanib, Oje, agar antik ijodkorlar asar yaratishda o'z davri talablaridan kelib chiqqan, qoidalar shu asarlar asosida ishlab chiqilgan ekan, hozirda ularga qat'iy amal qilishni talab qilish to'g'ri emas degan xulosaga keladi. Ojening italyan adabiyotida vujudga kelgan tragikomediyani ma'qullashi ham shu asoslarga tayanadi. Ma'lumki, antik adabiyotda tragik va komik unsurlarning aralashishiga yo'l qo'yilmagan. Oje buni noto'g'ri deb biladi, chunki hayotda �insonning chekiga baxt va yo baxtsizlik tushganiga qarab bir kun, hatto bir soat davomida kulgu bilan ko'z yosh, huzur va g'am� almashinib turishi mumkin. E'tibor berilsa, tarixiylik prinsipi asosida fikrlash Ojeda realizmga moyillikni keltirib chiqarayotganini ko'rish mumkin bo'ladi. Umuman olganda, Malerb va Ojening qarashlari fransuz klassitsizmining ilk davrida muayyan masalalar bahsli bo'lib turgani, klassitsizm hali to'la ma'noda �normativlik� xususiyatiga ega bo'lib ulgurmaganini ko'rsatadi.
Fransuz klassitsizmi hukumatni kardinal Rishele boshqargan Lyudovik XIV davrida, ayniqsa, keng rivojlandi, uning adabiy-estetik prinsiplari konkretlashtirildi, klassitsizm talablari �normativlik� kasb etdi. Bunda ayni shu davrda �adabiyot respublikasining bosh hakami� maqomida faoliyat yuritgan Jan Shaplenning (1595-1674) roli kattadir. Shaplenning adabiy-tanqidiy merosi u qadar katta emas, asosan, so'z boshilaru xatlardan tashkil topgan. Shunga qaramay, u klassitsizmning asoschilaridan biri sanaladi. O'zining adabiy-estetik qarashlari markaziga Shaplen �foyda� tushunchasini qo'ydi. Unga ko'ra, san'at va adabiyot zavq berishining o'zi kifoya emas, u insonga foyda keltirishi kerak. Uyg'onish davrida yuzaga kelgan �san'at va adabiyotning asosiy vazifasi insonga zavq, huzur berishdir� degan qarash ustuvor mavqyega da'vo qilayotgan bir paytda Shaplenning bu xil qarashi aktual edi. Ikkinchi tomoni, Shaplen uyg'onish davri gedonizmini inkor qilmaydi, balki �foyda� tushunchasi bilan to'ldiradi. Unga ko'ra, san'at va adabiyot zavqlanish, huzurlanish orqali insonga foyda keltirishi lozim Shu bilan bog'liq holda Shaplen �haqiqatga monandlik� talabini asosiy qilib qo'yadi. U haqiqatga monand qilib tasvirlangan holdagina asar o'quvchini o'ziga bog'lashi, �asir� etishi, shu holdagina �foyda� keltirishi mumkin deb biladi. Uning qarashicha, asar syujeti, undagi tasviriy vositalar illyustrativ xarakterga ega bo'lmog'i kerak, chunki badiiy ijod �foydali haqiqat�ni illyustratsiya qilib berishdir. Shunga o'xshash, avvalo �foyda�ni ko'zda tutgani uchun Shaplen katarsis zolimlarning jazo topishi va ezgulikning tantanasi asosiga qurilishi shart deb hisoblaydi. Aytish kerakki, Shaplen markazga qo'ygan �foyda�lilik tushunchasi adabiyotni jamiyat, aniqrog'i, monarxik davlat manfaatlariga xizmat qildirish maqsadi bilan bevosita aloqadordir.
Shaplenning �Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va bu boradagi e'tirozlar raddiga� nomli maktubida klassitsizm dramasiga qo'yiluvchi asosiy talablar ishlab chiqilgan. Garchi maktub shoir Antuan Godoga yozilgan deb taxmin qilinsa-da, aslida, Shaplenga fikrlarini ifodalash uchun maktub shakli qulay ko'ringani haqiqatga yaqinroq. Shaplenga ko'ra, dramatik poeziyada �mukammal taqlid� bo'lmog'i kerak. Mukammal taqlid shundayki, unda �taqlid predmeti bilan taqlidchi orasidagi farq sezilmasligi lozim, zero, taqlidchining vazifasi narsalarni haqiqiy, realdek taqdim etishdan iboratdir� . Shaplen antik teatr tomoshalaridagi qator jihatlar: kiyimlar, dekoratsiyalar, xabarchining bo'lishi, tanaffus paytida spektakl ruhiga mos raqs, musiqa ijrosi - bularning bari ijro etilayotgan voqyeaning haqiqatga monandligini ta'kidlashga xizmat qilgan bo'lib, bular antik mualliflarning tomoshabinni ishontirish uchun qilgan harakati natijasidir deb yozadi. Shaplenga ko'ra, sahnada o'ynalayotgan voqyeaga nisbatan tomoshabinda zarracha shubha uyg'otmaslik sharti shunchalik muhimki, aksariyat nazariyotchilar tragediya syujeti haqiqatda yuz bergan voqyealar asosiga qurilishi kerak deb hisoblaganlar. Haqiqatga monandlikni badiiylikning bosh sharti derkan, Shaplen sahnada o'ynalayotgan voqyeaga nisbatan ishonch yo'qolsa, asarning ta'siri ham yo'qolishidan ogoh etadi. Demak, ko'zda tutilgan �foyda�ga erishish uchun tomoshabin ishonchiga putur yetkazadigan bironta ham ortiqcha tafsilot bo'lmasligi kerak. Haqiqatga monandlikka erishish uchun ham antik mualliflar o'zlarini �yigirma to'rt soat� qoidasi bilan cheklab olganlar. Shaplenning fikricha, agar sahnadagi voqyealar yigirma to'rt soatdan ortiq vaqtga cho'zilsa, haqiqatga monandlik yo'qoladi. Zero, tomoshabinda muallif taqdim etayotgan voqyealarning haqqoniyligiga ishontirishga yo'naltiruvchi tasavvur bo'lsa-da, unda o'sha tasavvurni inkor etuvchi ko'z va aql ham bordir. Ko'rinadiki, �foyda� bilan bog'liq holda haqiqatga monandlik talabini qo'ygan Shaplen dramatik asarni shularga moslovchi qoidalarni yoqlaydi, ularga qat'iy amal qilish zaruratini ilmiy asoslashga intiladi.
P.Kornelning �Sid� tragikomediyasi munosabati bilan avj olgan bahs fransuz klassitsizmi taraqqiyotidagi muhim bosqich sanaladi. �Sid� sahnaga qo'yilishi (1637, mart) bilanoq taniqli dramaturg Jan Mere muallifni plagiatda ayblab hajviy she'r bitadi, uni yana bir dramaturg - Klavers ham qo'llab-quvvatlaydi. Kornel bularga o'z vaqtida javob qiladi. Biroq aprel oyida �Sid� munosabati bilan qaydlar� nomli imzosiz, g'arazgo'ylik bilan yozilgan maqola e'lon qilinadi. Maqolaning muallifi dramaturg va romannavis Jorj de Skyuderi bo'lib, u Kornel asarida mavjud qoidalarga amal qilinmaganligini isbotlashga intiladi. Kornel �Oqlov xati� nomli javobida o'ziga qo'yilgan ayblarni inkor qilarkan, �Qaydlar�ni �doktrinaning shedevri� deb ataydi. Bu bejiz emas edi. Chunki �Qaydlar� tamomila �normativ� xarakterda bo'lib, unda asar qanday yozilishi kerakligi haqida aniq ko'rsatmalar berilgan edi. Aytish kerakki, bir oy ichidayoq tanqidning Kornelga qarshi otlangani bejiz emas, bu, aslida, kardinal Rishele tomonidan uyushtirilgan kampaniya edi . �Qaydlar�ning ruhi, ohangi ko'pchilikka yoqmaydi, shuning uchun bahs yanada qizg'inlashadi. Skyuderining iltimosi (asli Rishelening ko'rsatmasi) bilan Fransuz Akademiyasi bahsga hakamlik qilishni o'z zimmasiga oladi. Shu tariqa �Sid� tragikomediyasi munosabati bilan Fransuz Akademiyasining fikri� dunyoga keladi. Garchi mutaxassislar �Akademiya fikri� Shaplen tomonidan yozilgan desalar-da , tabiiyki, u ko'pchilikning fikri sifatida qabul qilinadi.

�Akademiya fikri� garchi Skyuderining �Qaydlar�iga javob tarzida yozilgan va uning haqligini doim ham yoqlamagan bo'lsa-da, umuman olganda, uning mualliflari Skyuderiga hamfikr ekanligi yaqqol ko'rinadi. Masalan, mualliflar bahsning adabiyot �foyda� (utilitar yondashuv) keltirishi kerakmi yoki �zavq, huzurmi� (gedonistik yondashuv) degan nuqtasida tomonlarning ikkisi ham o'zicha haqligini e'tirof etadilar-da, �huzur o'z-o'zicha foyda bo'lmasa-da, har holda uning manbai� ekanligi, chunki �oqilona huzur baxsh etuvchi asar�gina yaxshi sanalishi mumkinligini ta'kidlaydilar. Ko'rinadiki, bu o'rinda mohiyatan utilitar yondashuv yoqlanadi, zero, �oqilona huzur� - foyda keltiradigan huzurdir . Tan olish kerak, �oqilona huzur� degan talabda ratsional mag'iz yo'q emas. Jumladan, �Akademiya fikri�da tomoshabinlarni kun kelib jamiyatga ofat keltirishi mumkin bo'lgan sahnalar bilan huzurlantirish mumkin emasligi ta'kidlanadi. Tomoshabin ko'zini nomaqbul narsalarga ko'niktirib borish koni zarar, shunga ko'ra, teatr tomoshasi yovuzlik, qallobligu g'irromlik maktabi bo'lib qolmasligi, sahnada bunday xatti-harakatlarning jazo topishi muqarrar ekanligi ham ko'rsatilishi lozim. Toki, teatrni tark etayotgan tomoshabin dilida huzur bilan birga qo'rquv ham o'rin olsin.



�Foyda�dan kelib chiqqan holda, �Akademiya fikri�da ham �haqiqatga monandlik� talabi birinchi planga chiqariladi. Sirasi, �Sid�ga qo'yilgan ayblar ham, asosan, shu talabdan chekinish hollari bilan bog'liqdir. Masalan, �Sid�ning qahramoni Ximena yaxshi xulqli qiz sifatida beriladi. Biroq qizning otasini o'ldirgan odamga turmushga chiqishi bunga zid. Ya'ni, qiz bu o'rinda aqlga muvofiq emas, balki ko'nglini egallagan his amri bilan ish tutadi. Garchi voqyea real hayotda xuddi shu tarzda kechgan bo'lsa-da, bu, mualliflar fikricha, Kornelni qisman oqlaydi, xolos. Chunki teatr uchun har qanday haqiqat ham maqbul emas, hayotda shunday haqiqatlar borki, jamiyatning foydasi uchun ularni butkul tilga olmaslik, hyech iloji bo'lmasa, ular haqida notabiiy, nonormal voqyeadek so'zlash kerak. Agar ijodkor shu kabi tarixiy voqyeani qalamga olsa, uni o'zgartirishi, jamiyat axloqi va ehtiyojlari, san'atning qoidalariga moslashtirishi shartdir. Haqiqatga monandlik talabi vaqt, joy, sharoit, xarakter kabi masalalarda ham qoidalarga amal qilishni taqozo qiladi. Jumladan, mualliflar �Sid�ning kamchiligi vaqtda emas, balki material hajmining kattaligida deb hisoblaydilar: bir kunga joylangan voqyealarning ko'pligidan chalkashlik yuzaga keladi, natijada voqyealarni nigoh bilan qamrab olish qiyinlashadi. Ayni paytda, Skyuderidan farq qilaroq, mualliflar ijodkorni haqiqatda turli vaqtlarda yuz bergan voqyealarni bir kun doirasiga keltirishi, agar bu oqilona amalga oshirilsa, xato emas deb biladilar. Xarakter va holatlar tahliliga o'tilganda, mualliflar �Qaydlar�ni tobora ko'proq ko'proq yoqlay boshlaydilar. Jumladan, ular Ximenaning muhabbati qancha ulkan bo'lmasin, otasining qotiliga turmushga chiqishi nojoizligini takrorlarkan, �biz Ximenani aslo otasining qotilini sevgani uchun qoralamaymiz <...> biz qizni faqat shuning uchun qoralaymizki, uning muhabbati burch hissidan ustun chiqdi� . Mualliflar bu o'rinda Kornelning aybini qiz qalbidagi muhabbat va burch orasidagi kurashda loaqal muvozanat saqlamaganlikda, aql idrok qonunlariga zid holda hisni burchdan ustun qo'yganida ko'radilar. Zero, klassitsizm aqlni har nedan, birinchi galda, hisdan ustun qo'yadi. Ularning uqtirishicha, mohirona tasvirlangan bunday o'tkir his-tuyg'ular tomoshabin aqlini adashtiradi, ulardan ayrimlari qahramonlar yo'l qo'ygan xatodan huzurlansa, boshqalari shunday xato qilib huzurlanadilar. �Sid�ning muvaffaqiyati, qizg'in kutib olinganining sababi, mualliflar fikricha, shundaki, personajlar qalb tug'yonlari tomoshabinlarni larzaga solib, asarga maftun etgan, natijada ular asarning juda yaxshi chiqqan alohida qismlari ta'sirida butunga yuksak baho berganlar. �Akademiya fikri�ning mualliflari go'yo �Sid�ning ma'qul jihatlari borligini e'tirof etganlari holda, Kornel aqlga muvofiq tarzda ishlab chiqilgan qoidalardan chekinganlikda aybli degan xulosaga keladilar. To'g'ri, ular antik adiblar ham bu qoidalardan ba'zan chekinganini tan oladilar, lekin ushbu chekinishlar qoidalar hali to'la shakllanib bo'lmay yuz bergan. Ya'ni, bu bilan ular ilgariroq o'zining qarashlarini himoya qilgan Kornel va uning tomonida turganlarning e'tirozlarini rad etishadi. Ularning uqtirishicha, hozirgi adiblar qadimdagi salaflari qoldirgan ma'naviy boyliklarga vorisdir, ularning imtiyozlariga emas. Shunga ko'ra, ular �evripid yoki Senekaning kamchiliklari� hozirgi adiblar yo'l qo'ygan kamchiliklarni oqlay olmaydi. Aytilganlardan ayon bo'ladiki, �Akademiya fikri� adabiyot aqlga muvofiq tarzda ishlab chiqilgan qoidalarga qat'iy amal qilmog'i lozim, degan qarashni ilmiy asoslash, uni qonunlashtirish maqsadiga bo'ysundirilgandir.
Kardinal Rishele, xuddi siyosatdagi kabi, badiiy adabiyotda ham o'z qarashlarini o'tkazishga, ularning ustuvor bo'lishiga intilgan. Rishele tomonidan 1635 yilda Akademiya ta'sis etilgani ham, asli, shu maqsad bilan bog'liq bo'lib, �Sid� muhokamasi kardinalning adabiyotda tartib-intizom o'rnatish yo'lidagi harakatlarining debochasi edi. �Akademiya fikri� e'lon qilinganidan so'ng Kornelning ikki yilga poytaxtni tark etib, Ruanda yashashi, adabiy jarayondan chetlashishi ham bejiz emas. Zero, Rishele o'z maqsadini amalga oshirishga ancha jiddiy kirishgan edi. Buni shundan ham bilsa bo'ladiki, �Akademiya fikri�dan so'ng ko'p o'tmay kardinalning topshirig'i bilan yozilgan Skyuderining �Teatr himoyasiga� (1639), Sarazenning �Teatr haqida o'ylar� (1639), La Menarderning �Poetika� (1639) asarlari yaratilgan edi. Ravshanki, uchala asarda ham �Akademiya fikri�dagi aqidalarni himoya qilish, ularni yanada kuchaytirishga intilish kuzatiladi. Masalan, La Menarder o'z asari haqida �men San'at bo'yicha yo'riqnoma yozishga harakat qildim�, bu mashaqqatli ishga jazm qilarkan, �Faylasufga (Aristotelga � mual.) badiiy mahoratga oid barcha haqiqatlarning manbai deb qaradim� deya e'tirof etadi . Bundan ko'rinadiki, La Menarder ham ijodkorlar amal qilishi lozim bo'lgan qoidalar majmui (yo'riqnoma) tayyorlashni maqsad qiladi, antik davrda ishlab chiqilgan qoidalarni esa etalon deb biladi.
Fransua d�Obinyak (1604-1676) qalamiga mansub �Teatr amaliyoti� nomli asar ham shu yillarda yozilgan, lekin keyinroq - 1657 yilda nashr etilgan. F.d�Obinyakning dramatik asar haqidagi qarashlari markazida tomoshabin turadi, aniqrog'i, u o'z hukm-xulosalarini tomoshabin mavqyeida turib chiqarishga harakat qiladi. Unga ko'ra, �dramatik asarni ma'qul yoki noma'qul qilmoqchi ekanmiz <...> biz tasvirlanayotgan narsalar haqiqatda yuz bermoqda degan shartni qabul qilamiz�, shuning uchun ham pesadagi personajlar ayni shunday harakat qilishi va shunday gapirishi, unda tasvirlangan shart-sharoitlarda ayni shunday voqyealar yuz berishi mumkinlini his etgachgina ma'qullay olamiz. Zero, faqat shu holdagina tasvirlanayotgan voqyealar bizga taqdim etilayotgandek sodir bo'lganiga ishonamiz . Uning uqtirishicha, ijodkor o'z asariga ikki jihatdan, bir tomondan, tomosha deb, ikkinchi tomondan, haqiqatda bo'lib o'tgan (yoki shunday deb qaralayotgan) voqyea deb yondashmog'i kerak. Birinchi jihatdan qaraganida, ijodkor tomoshabinni hayratga solish, uni zavqlantirish yo'lida bor imkoniyatini ishga soladi; ikkinchi jihatdan qaraganida esa �faqat haqiqatga monandlikni saqlash� haqida qayg'urmog'i lozim. Bu ikki jihat orasida muvozanat saqlash mumkin bo'lmagan holda esa haqiqatga monandlik ustuvor bo'lmog'i, ya'ni ijodkor �go'yo tomoshabinlar umuman yo'qday� ularni unutmog'i kerak, zero, �tomoshabinlarga mo'ljallangani ochiqdan ochiq sezilib turgan narsa yaroqsizdir�.
F.d�Obinyak teatr tomoshasi bilan unda tasvirlanayotgan voqyeani, aktyor bilan rolni, tomosha vaqti bilan sahnadagi vaqtni farqlash kerak deb uqtiradi. Bu, bir tomondan, asarni estetik hodisa sifatida qabul qilish talabi bilan, ikkinchi tomondan, yana haqiqatga monandlik talabi bilan izohlanadi. Tomosha vaqti (Parij, XVII asr) bilan sahnadagi vaqtning (antik Rim) aralashib ketishi maqbul emas, bu holda asarga putur yetadi, haqiqatga monandlik buziladi. Umuman olganda, d�Obinyak qarashlarini quvvatlash kerak, biroq u fikrini chuqurlashtirib, dramatik asarda tasvirlangan narsa bilan voqyelik (tomosha vaqti) orasida hyech bir aloqa bo'lmasligi lozim, degan xulosaga olib keladi. Mazkur fikrni asoslash uchun u teatr tarixiga bir qur nazar tashlaydi. Uning aytishicha, komediya o'z takomilida uchta bosqichni bosib o'tgan. Antik komediyada tomosha bilan voqyelik farqlanmagan, masalan, Aristofanning �ilk komediyalarida tasvirlagan voqyealar bilan davrning ijtimoiy kurashlari qorishib ketgan�, natijada �sahnadagi Suqrotga qaratilgan gaplar bevosita tomoshaga kelgan Suqrotga ham qaratilgan�. Ya'ni, mavjud hol ijodkor uchun o'zi yomon ko'rgan kishilarni yakson qilish vositasi bo'lgan asarlar yaratilishiga imkon beradiki, bu san'at qonunlariga bo'ysunuvchi aqlga muvofiq emas. Buning zararini anglagan hukumat komediyalarda shaxslar nomini atashni man qilsa-da, �odamlar yomon ishda mohirlar�: �o'rta komediya�larda shunday yoza boshladilarki, garchi shaxslar nomi atalmasa-da, ularda gap kim haqida ketayotganligi aniq bilinib turadi. Bu hol ham xavfli topilib, man qilinadi. Nihoyat, �yangi komediya� maydonga kelib, personajlar nomigina emas, voqyea ham to'qima asosida qurilgan, natijada: �Tomosha voqyelikdan to'la ajraldi, endi sahnada o'ynalayotgan voqyea na respublikaga va na tomoshabinlarga zarracha aloqasi yo'q voqyea sifatida qabul qilina boshlandi�. Ravshanki, d�Obinyakning bu qarashlari mustahkamlanib ulgurgan monarxik davlat manfaatlariga mos, chunki bunday sharoitda adabiyotning ijtimoiy yo'naltirilganligi barqarorlikka putur yetkazishi mumkin. Ya'ni, mavjud tuzum uchun adabiyotning real voqyelikdan uzoqlashishi har jihatdan ma'qul edi.
F.d�Obinyak asarning qabul qilinishi tomoshabinlarning milliy mansubligi, urf-odatlari, turmush tarzi kabi jihatlarga ham ko'p jihatdan bog'liq deb biladi. Shunga ko'ra, dramatik asar syujeti tomoshabinning didi va hislariga mos bo'lmasa, u muvaffaqiyat qozonolmaydi. Demak, �dramatik poemaning shakl-shamoyili u kimning oldida o'ynalishi bilan bog'liq bo'lmog'i kerak�. Fikrining dalili uchun d�Obinyak antik afinaliklar bilan o'ziga zamondosh fransuzlarni qiyoslaydi. Antik Afinada podsholarning zolimligi, baxtsizliklari tasvirlangan pesalar o'ynalgan, buning sababi deb esa u yerda xalq hokimiyati bo'lgani, afinaliklar har qanday monarxiyani istibdod, mustabidlik deb hisoblashganini keltiradi. Fransuzlar esa, aksincha: �biz o'z qirollarimizga nisbatan hurmat va muhabbat hissini tuyamiz <...> biz qirollarning yovuz bo'lishi mumkinligiga ishona olmaymiz, bas, biz fuqaroning, hatto u zulm chekayotgan bo'lsa-da, qirollarning muqaddas shaxsiga daxl qilishi, ularning hokimiyatiga qarshi bosh ko'tarishiga, sahnadagina bo'lsa ham, chiday olmaymiz� .
F.d�Obinyakka ko'ra, haqiqatda bo'lgan yoki bo'lishi mumkin bo'lgan voqyea dramatik asarning tasvir predmeti bo'la olmaydi, haqiqatga monand voqyeagina syujet asosida yotishi mumkindir. Unga ko'ra, poeziya haqiqatga emas, balki u haqdagi odamlarning aksariyatiga xos qarashlarga taqlid qiladi deb biladi. U aytadiki, haqiqatda bo'lgan narsa, masalan, Neronning to'qqiz oy qaerda yotganini bilish uchungina onasini o'ldirtirib, qornini yordirtirib ko'rgani dahshat bo'libgina emas, balki bo'lishi mumkin emasdek ko'rinadi. Mavjud tarixlar (ya'ni, hayotda yuz bergan voqyealar) ichida barcha shart-sharoitlari teatr asarida aks etishi mumkin bo'lgani topilmaydi. Shundan kelib chiqib, u agar tarix dramatik asar yaratish uchun barcha fazilatlarga ega bo'lsa, undagi haqiqat saqlab qolinmog'i lozim, aks holda ijodkor tarixni �o'zining san'at orqali ifoda etmoqchi bo'lgan ijodiy niyatiga to'la bo'ysundirish huquqiga egadir�. F.d�Obinyak ijodkor tarixda nafaqat juz'iy holatlarni, balki asosiy voqyealarni ham o'zgartirishga haqli, bu o'rinda yagona shart - yaxshi asar yaratish, deb yozadi. Unga ko'ra, san'atkor yilnomachi bo'lmagani uchun sanalarga yopishib olishi shart bo'lmaganidek, tarixchi bo'lmagani uchun tarixiy haqiqatga qat'iy amal qilishi ham shart emas. Ayni paytda, ijodkor tafsilotlari barchaga ma'lum bo'lgan tarixni o'zgartirishda ehtiyot bo'lmog'i, haqiqatga amal qilish orqasida yomon asar yozgandan ko'ra bunday tarixni qalamga olmagani ma'quldir.
F.d�Obinyakka ko'ra, sahna asari mohiyatan rangtasvir asariga o'xshash, u �jonli va gapiruvchi tasvir�dir. Shundan kelib chiqqan holda u uch birlik qoidasiga qat'iy amal qilish zarur deb biladi. Chunki rangtasvir asarida ikkita originalni birdan tasvirlab bo'lmaganidek, sahna asarida ham ikkita voqyeani tasvirlab bo'lmaydi. Ijodkor asar yozishga kirisharkan, dramatik asar hayotiy voqyeani barcha tafsilotlari bilan yoxud qahramon hayotini to'lasicha tasvirlashdan ojizligini yodda tutmog'i kerak. Demak, ijodkor ko'lamli voqyealar ichidan eng muhimini ajrata bilishi kerakki, shu voqyea o'zi bilan uzviy bog'liq o'ta siqiq holda berilgan boshqa voqyealarni qamray olsin va natijada tomoshabinga voqyeaning bir qirrasi taqdim etilgani holda, u voqyea haqida to'la tasavvur ola bilsin. F.d�Obinyak joy birligi talabini teatr tomoshasi paytida voqyea joyini o'zgartirishning iloji yo'qligi bilan asoslaydi. Vaqt birligi masalasiga to'xtalarkan, u �tomoshaning real vaqti� va �asarda tasvirlangan voqyeaning davomiyligi�ni farqlaydi. Sahna asarida tasvirlangan voqyealar bir kun davom etishi kerakligini ta'kidlarkan, d�Obinyak ijodkor voqyeaning butun mohiyatini aks ettira oladigan kunni ajrata bilishi kerakligini ta'kidlaydi. Biroq voqyealarni bir kun doirasiga sig'dirishning o'zi kam, ijodkor bu ishni haqiqatga monandlikka zarracha putur yetkazmagan holda amalga oshirmog'i zarur. Zero, haqiqatga monandlik bosh qoidadirki, usiz boshqa qoidalar o'z ahamiyatini yo'qotadi.
1660 yilda Per Kornelning uch jildlik asarlar to'plami chop etilib, uning birinchi jildi �Dramatik asarning foydaliligi va unsurlari haqida mulohazalar�, ikkinchisi �Tragediya haqida mulohazalar�, uchinchisi �Uch birlik haqida mulohazalar� deb nomlanuvchi so'z boshilar bilan ochiladi. Kornelning adabiy tanqidiy merosida bulardan tashqari qator nutqlar, ko'plab adabiy tanqidiy maqolalar, boshqa asarlariga yozilgan so'z boshilar ham mavjud. Albatta, katta ijodiy tajribaga ega, asarlari tanqidchilikda o'tkir bahslarga sabab bo'lgan adibning qarashlari adabiy tanqidiy tafakkur tadrijida sezilarli iz qoldirgan. Adabiy-estetik qarashlariga ko'ra, Kornel klassitsizm mavqyeida turishi shubhasiz. Lekin uning adabiy-estetik qarashlarida ham, badiiy ijoddagi izlanishlarida ham klassitsizm dogmalaridan chekinilgan o'rinlar talaygina. Zero, adabiyotni qat'iy normalarga bo'ysundirishga, �doktrina�ga qarshi bo'lgan Kornel �toki san'at mavjud ekan, uning qonunlari bo'lishi muqarrar, lekin qonunlarning o'zi o'zgarmas (muqarrar) emasdir� deb hisoblaydi. Kornel adabiyotning vazifasi (gedonistik yoki utilitar yondashuv) masalasidagi bahsni g'oyat foydasiz deb biladi. Chunki �qoidalar asosida zavq baxsh etib bo'lmaganidek, foydasiz zavq baxsh etish ham mumkin emas <...> foyda poeziyada faqat zavq shaklidagina mavjud bo'lsa-da, u zaruriy jihat bo'lib qolaveradi� . Kornel dramatik asar qismlari haqida so'z yuritarkan, Aristotelga tayanadi, lekin ulardan o'z davri uchun ahamiyati ko'proq bo'lgan syujet, xarakterlar, fikr, ifoda, musiqa, dekoratsiya kabi unsurlarga alohida to'xtaladi. Uning uqtirishicha, bu unsurlar ichida syujetgina to'lasicha poetik mahorat bilan bog'liq, qolgan unsurlar esa boshqa fan va san'atlar ko'magiga muhtoj. Ya'ni, ijodkor xarakterlarni to'laqonli yaratish uchun axloq fanidan xabardor bo'lishi kerak, shuningdek, fikr - ritorika, ifoda - grammatika fanlariga asoslanmog'i lozim. Qolgan ikki unsur esa musiqa va rassomlik san'atlari bilan bog'liqdirki, ijodkor ulardan xabardor bo'lishi zarurdir.
Adabiy tanqid Kornelni uch birlik qoidasidan chekinganlikda ko'p bor ayblagan. Kornel bu etirozlarga �agar men qoidalardan chekingan bo'lsam, bu aslo ularni bilmaganim tufayli emas� deya javob qiladi. Darhaqiqat, Kornel bu qoidalarni yaxshi bilgan, umuman olganda, ularni qabul qilgan ham. Shunga qaramay, ijodiy niyat ijrosi uchun zarur o'rinlarda ulardan chekinavergan. Tanqid antik mutafakkirlarga tayanib bildirgan e'tirozlarga javoban Kornel �joy birligi masalasida na Aristotel va na Goratsiyda hyech bir ko'rsatmaga duch kelmadim� deb yozadi. Unga ko'ra, ijodkorni bu qoidalar bilan bog'lab qo'yib bo'lmaydi, zero, �qadimgilar biz uchun yo'l solib, qo'riq ochdilar, biz esa unga ishlov berishimiz lozim�. Kornel antik ijodkorlarga mutelarcha ergashishni ma'qullamaydi, chunki badiiy ijodda an'ana va yangilik uyg'un bo'lishi kerak deb hisoblaydi. Uning uqtirishicha, ijodkor mustaqil holda ham nimadir yaratish, san'at qoidalariga amal qilgan holda yangilik kiritishga intilishi zarur. Bu yo'lda ijodkorlar jur'at qilmog'i lozim, chunki, Tatsit aytmoqchi, hozir bizga namuna bo'lib turgan narsalarni yaratish uchun o'z vaqtida namuna bo'lmagan, bas, biz namunalarga tayanmay yaratgan narsalar vaqti kelib boshqalarga namuna bo'lib qolishi mumkin.
Klassitsizmning adabiy-estetik asoslari, poetik qoidalarini yaxlit holda muxtasar va mufassal bayon qilish Nikola Bualo-Depreoga (1636-1711) nasib etdi. Uning �She'riy san'at� nomli asari 1674 yilda chop etildi. Bualo asarni yozgan paytga kelib klassitsizmning adabiy-estetik, nazariy asoslari to'la shakllanib ulgurgan, asosiy masalalarda bir to'xtamga kelingan edi. �She'riy san'at� Goratsiyning �Poeziya ilmi� asaridan andoza olib, she'riy yo'lda bitilgan risoladir. Aytish kerak, hozirda Bualo risolasini o'qigan o'quvchi unda bildirilgan fikrlarni to'g'ri deb topishi, unga bu fikrlarda hyech bir �izm�ga xos narsa yo'qdek ko'rinishi ehtimoli ko'proq. Biroq muallifning fikr qarashlari asar yozilgan davr kontekstida olib qaralsa, uning klassitsizm talablari doirasida fikr yuritgani ayon bo'ladi. Masalan, Bualo �... she'rga chiroyu ko'rk bo'lsin ma'no, She'rning boshiga bo'rk bo'lsin ma'no� degan talabni qo'yadi. Aslida, Bualoning talabi to'g'ri, lekin ushbu talab shoir ijodda aql ustuvor bo'lmog'i kerak degan qarashdan keltirib chiqariladi. Unga ko'ra, �Hammadan muhimi ma'nodir, ma'no, Yo'lida necha bor dovon bor ammo�. Bualo ma'noning yo'lidagi dovonlar deb ortiqcha tafsilotlar (�Ortiqcha tafsilot she'rga zeb emas�), jimjimadorlik (�She'rni burlesk bilan bulg'amang faqat�), soxta ko'tarinkilik (�Hovliqma jumlalar she'rga zeb emas�) kabilarni ko'rsatadi. Bualo she'riyatning she'rbozlik, qofiyabozlik deb tushunilishiga qarshi, ilgari shunday bo'lganini afsus-la qayd etarkan, uni chinakam san'atga aylantirish uchun qator yo'riqlar beradi:
Nafis, sodda bo'lsin sizning hikoya,
Faqat u maroqli bo'lsa kifoya.
Buzmang, oz emasdir vaznning kuchi...
Diqqat nazaringiz charchab qolmagay,
Unlilar orasi ochiq qolmagay.
Ohangdosh so'zlardan oqizing to'lqin,
Undoshlar behuda solmasin shovqin...
Tilning qonunlari - daxlsiz qonun,
Qutlug' va qat'iydir ular siz uchun.
Ohangi yot bo'lsa, tartibi buzuq
Bunday she'r o'ziga tortolmas tuzuk.
Xorijiy so'zlarga yo'l bermang sira,
Aniq, yorqin bo'lsin jumla, ibora...
Bualo badiiy ijodda aqlning ustuvorligi har jihatdan mukammal, muayyan tartibga qat'iy bo'ysunuvchi shaklni hosil qiladi deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u �shoshilmay, sabrga qo'shib sabotni� ishlash, �bir misra qo'shsangiz uchni o'chirib� she'rga sayqal berishni maslahat beradi. Shoir shu yo'sin ishlagandagina she'r talab darajasidagi shaklga ega bo'ladi:
Shoir joylashtirsin barin jo-bajo,
Kirishu xotima topsin bir ado.
Bualo lirik janrlar haqida so'z yuritarkan, ularning eng muhim xususiyatlarini qayd etishga harakat qiladi. Jumladan, idilliya �o'rmonlarda go'yoki shamol, Yugurib o'ynagan cho'pon qiz misol�, unga �soddaligu kamtarlik qanot, Yarqiroq dabdaba, baytlar unga yot� deb yozadi. Unga ko'ra, idilliya o'zining sodda samimiyati bilan �yuraklarga quyilgan roz�, �mayinparvoz� qo'shiqdir. Yoki sonet haqida to'xtalarkan, uning asosiy shakl xususiyatlarini lo'nda bayon qiladi:
... avvalo qo'sh katren ...
Ularni ulasin ikki qofiya.
Ikki terset bilan tugasin Sonet
Xulosa fikrni tashisin terset.
Bualo har bir janr o'zining mazmun xususiyatlari, shunga mos uslub va ohangga ega deb biladi. U janr xususiyatlarining qorishib ketishi, belgilangan mazmunga tanlangan so'zlar yoki ohangning nomuvofiqligini yoqlamaydi:
Ba'zan qofiyaboz tutaqib yomon,
Nay bilan surnayni otib bir tomon.
Eklog o'rtasida shart turib nogoh
Taratar karnaydan jangovar sado.
Bualo she'rdagi soxtalikni, hissiy quruqlikni jimjimador so'zlar bilan xaspo'shlashga urinish, balandparvozlik, bir xillikni qoralaydi. Uning uqtirishicha, �ishq haqida ishqsiz yozish� mumkin emas, �faqat ishq o'tida o'rtangan shoir Bu hisni haqqoniy yozishga qodir�dir. �She'riy san'at�ni �qalamkash degani bizda oz emas� deya boshlagan Bualo qalamkashlarni o'z iste'dodini hushyor baholashga, huda-behuda tizmalarni she'r deb tushunmaslikka chaqiradi. U �jo'n gapni ash'or� deguvchilarni oddiygina qilib �qofiyaboz� deb ataydi, tabiat iste'dod ato etganlargina she'riyat cho'qqilarini zabt etishga qodir, faqat o'shalargina o'quvchi qalbidan joy ola biladi deya ularni ogohlantiradi.
Bualo dramaturgiya haqida yozarkan, �teatrga yozish - sharafsiz mehnat� ekanligini, bu masalada �bilag'onlar bisyor�ligiyu ularga asarni ma'qul qilish oson bo'lmasligini ta'kidlaydi. Agar bu davr fransuz adabiyotida dramaturgiyaning yetakchilik qilgani, nazariy ishlarda asosiy e'tibor dramaturgiyaga qaratilgani yodga olinsa, Bualo bu gaplarni aytganida nechog'li haq bo'lganini anglash qiyin emas. Bualo dramatik asarga qo'yayotgan talablar uning sahna uchun yozilishi, bunda tomoshabinni nazarda tutish shartligidan kelib chiqadi. Unga ko'ra, tomoshabin sahnaga �beparvo, mudroq� boqmasin, agar dramatik asar �titratib dillarga solmasa kamand, yoqmasa yurakda og'riq-iztirob�, dramaturg �mehnati zoe�dir. Dramatik asar mualliflariga ko'pso'zlilik, ortiqcha safsatadan qochishni maslahat berib, tomoshabin diliga yo'l topish uchun quyidagi yo'riqni beradi:
... zafarga garov -
She'ringizda yongan hayajon-olov.
Chiroyli bir tugun, harakat a'mol
Bizni olib kirsin qissaga darhol.
Bualoga ko'ra, dramatik asar syujetining shiddat bilan rivojlanishi juda muhim. Chunki bu holda avvaliga �shiddat bilan yuksalgan hayajon� keyin �engil par singari yoyiladi�,- �nogahoniy yechim� syujetni go'yo nurlantirib tomoshabinga huzur baxsh etadi. Bualo har qanday voqyea ham �sahnada inkishof etishga loyiq emas�, chunki �ba'zan eshitganni ko'rgan noravo� deb uqtiradi. Syujet voqyealarining haqiqatga monand bo'lishi juda muhim:
Asir etolmagay bizlarni yolg'on,
Haqiqat ko'rinsin haqiqatsimon.
Puchak mo'jizalar maftun etolmas,
Bizni maftun etar neki bo'lsa rost.
Ayni chog'da, Bualo poeziyaning obrazlar vositasida fikrlashi, unda badiiy to'qima va fantaziyaga hamisha o'rin borligini yodda tutadi, adabiyotdagi �majozman deganni qatag'on etuvchilar�ni yoqlamaydi, shoir kalomini �xayol va afsona bezasin� deb uqtiradi. Bualoning uqtirishicha, uch birlik qoidasiga amal qilinishi haqiqatga monandlikka erishishning muhim shartidir. U dramatik asarda �makon-joy birligi buzilmasligi�ni shart qiladi, shuningdek, sahnaga o'ttiz yillik voqyealarni �sudrab chiqish�, ilk sahnadagi o'spirinni oxirgi sahnada nogiron-qariya qilib ko'rsatish nomaqbul deb biladi. Bualo qo'ygan talablardan yana biri dramatik holat bilan qahramon xatti-harakatlarining muvofiqligidir:
Har nechuk holatda barq ursin albat
Qahramon xulqiga oid alomat.
Ijodkor personajlarni yaratishda u yashagan asr, mamlakatni e'tiborda tutishi, personaj shunga mutanosib holda (�O'ziga o'xshasin ular, albatta�) harakatlanishi, so'zlashi darkor. Bualoga ko'ra, bu borada nomutanosiblikning bo'lishi romanlarga xos, biroq �teatrning o'zga hukmi bor, Hukmrondir bunda mantiq va qonun�. Xarakterlarni to'laqonli, jonli tasvirlash uchun ijodkor hayotni, insonning fe'l-atvorini yaxshi bilishi zarur. Zero, �tabiat har kimga berib mohiyat, Baxsh etmish shunga mos xulqi xosiyat�. Ya'ni, insonning mohiyati fe'l-atvorda zohir bo'ladiki, shoir avvalo shuni ilg'ay olishi darkordir. Bu borada shoirning asosiy ustozi tabiat - hayotning o'zi bo'lmog'i kerak:
Komediyada shon quchmoq bo'lsa kim
Bilsinkim tabiat unga muallim.
Bualo ijodkorlarni hayotni bilishga, �ahli shahar va ahli saroy�ni kuzatib, �o'ziga xos sifatga boy�larni izlab topish, so'ng ularni asarga olib kirishga undaydi. Uning komil ishonchiga ko'ra, �go'zal poemani oddiy tilak yo - qulay bir tasodif� emas, balki �tajriba, mehnat� dunyoga keltiradi.

Bualoning diqqat markazida poeziyagina emas, poet (bu so'z umuman ijodkor ma'nosida ishlatiladi) ham turadi, u qaysi masaladan so'z ochmasin, har ikkisi nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Risolaning to'rtinchi, yakunlovchi qo'shig'ida ijodkor shaxsi, uning faoliyati bilan bog'liq masalalardan bahs yuritilgani ham muallifning ularga katta e'tiborini ko'rsatadi. Bualo poeziyadagi iste'dodsizlikni fojea, iste'dodsiz ekani holda shoirlik da'vosida bo'lishni bedodlik deb biladi. Shuning uchun ham agar �iste'dodingiz novvoylikda bo'lsa, novvoylik qiling�, bu �qofiyabozlikdan ming marta afzal� deb uqtiradi. Bualo ijodkorning shaxsiy fazilatlariga ham yuksak talablar qo'yadi. Jumladan, asarda �razolatdan yiroq, beg'ubor, ma'sum, go'zal qalb� tajassum topmog'i lozim, buning uchun esa ijodkorning o'zi shunday qalbga ega bo'lmog'i zarur. Aksincha bo'lib, kimki razolatni tasvirlasa, u jazo va tahqirga loyiqdir. Ijodni daromad manbai deb bilmaslik (�Shoirlar, baxsh etsin sizga ehtiros, Oltin kumush emas, shuhrat va e'zoz), faqirona turmush kechirishga tayyorlik(�... ammo biz ahli tamiz-ku, Kambag'allik, axir, qismatimiz-ku�), puch maqtovlaru soxta shuhratga uchmaslik, hasad tuyg'usidan yiroq bo'lishlik(�Xasadni bilmagay haqiqiy shoir�), she'rga mukkadan ketgancha hayotdan uzilib qolmaslik(�Shoir tirik inson, kitob qurtimas�), nodon tanqidiga parvo qilmasligu oqilning xolis tanqidini qabul qilishga hozirlik - bular Bualoning shoirlarga bergan yo'riqlaridan ayrimlari, xolos.



Bualo �She'riy san'at�ni yozgan paytda klassitsizm fransuz adabiy-madaniy hayotida yetakchi mavqye egallagan bo'lsa, 80-yillarda boshlanib qariyb chorak asr davom etgan �qadimlar� va �yangilar� bahsi endi uning asoslari yemirila boshlaganini namoyon etadi. Antik merosga munosabat masalasi ushbu bahsning asosini tashkil qilib, �yangilar� ilm-fan, adabiyot va san'atda o'z zamonalari antik davrdan yuksakroq pog'onaga chiqqan degan qarashni olg'a suradilar. Sharl Perroning �Buyuk Lyudovik asri� nomli poemasining e'lon qilinishi bahsning boshlanishiga turtki bo'ldi. Poemada imperator Avgust (qadimgi Rim) davri bilan Lyudovik XIV davri (zamona) qiyoslanib, keyingisi har jihatdan yuksakroq deb ta'kidlanadi. Sh.Perro o'zining �Qadimlar va yangilar orasidagi parallellar� (1688-1697) degan umumiy nom ostida e'lon qilingan dialoglarida bu qarashni atroflicha asoslashga intildi. Perro adabiyot va san'at taraqqiy etib borishi, buning qonuniy hodisaligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, kishilik jamiyati tarixi inson hayotiga o'xshash: agar antik davr kishilik jamiyatining bolaligi bo'lsa, o'z zamonasi uning yetuklik davridir. Shunga ko'ra, zamonaviy adabiyot ham antik adabiyotga nisbatan ma'naviy boyligi va madaniylashgani jihatidan yuksakroq darajada turishi tabiiydir. Perro antik adabiy-estetik tafakkur asosi bo'lgan mimesis tamoyilini, poeziya tabiatga taqlid qiladi degan qarashni inkor qiladi. Zero, u ong tabiatdan ustun deb biladi. Unga ko'ra, ijodkorning vazifasi tabiatga taqlid qilish emas, balki go'zallik idealini ifodalashdir . Ya'ni, �qadimlar� tabiatga taqlid qilgan bo'lsa, �yangilar� o'sha tabiatda �go'zallik idealini� ilg'ab oladilar-da, shu idealga taqlid qiladilar. Boshqa klassitsistlar kabi Perro ham poeziya ongga bo'ysundirilgan qat'iy qoida va yo'riqlarga tayanishi kerak deb biladi. Biroq boshqalardan farqli ravishda, Aristotel va Goratsiylar qoidalarni falsafiy g'oyadan kelib chiqib emas, antik adabiyot tajribasiga tayanib ishlab chiqqanlari uchun tanqid qiladi. Ya'ni, u poeziyaning falsafiy g'oyaga asoslangan, barcha davrlar uchun universal qoidalari bo'lishi kerak deb biladi. Perro adabiyotni hayotga yaqinlashtirish tarafdori. Shuning uchun ham u badiiy prozaga, ayniqsa, romanga alohida e'tibor beradi. Agar Uyg'onish davri olimlari, shuningdek, aksariyat klassitsistlar romanga ko'ngilochar asar sifatida qaragan bo'lsalar, Perroning e'tiborini janrning jamiyat va inson munosabatlarini ochib bera olish imkoniyatlari tortadi. Aytish kerakki, Perroning bu fikrlarida ma'rifatchilik davri adabiy tanqidiy tafakkuriga xos jihatlar kuzatiladi. Shunisi e'tiborliki, bahsda Perro tomonida turgan Bernar Fontenel qarashlarida ham shu hol ko'zga tashlanadi. Fontenel tafakkur bobidagi cheklovlarga qarshi chiqadi, inson mustaqil va erkin fikr yuritish huquqiga ega deb hisoblaydiki, bu bilan ma'rifatchilik qarashlariga yanada yaqinroq keladi. Albatta, Fontenelning bu qarashi, ma'lum ma'noda, klassitsizmning turli cheklovlariga nisbatan isyon deb tushunilishi mumkin. Shunga o'xshash, Fontenelning antik merosga nisbatan ancha keskin munosabati ham, aslida, uni �etalon� sifatida qabul qilishga qarshi isyon natijasidir. Jumladan, u antik miflarni �uydirma, bir-biriga yopishmagan safsata va fantaziyalar uyumi� deb baholaydi. Hatto, bahs qizig'ida u miflarning obrazli tabiati, ularning ramziy-majoziy mazmun-mohiyatini ham inkor qiladi. Unga ko'ra, antik adabiyot an'analari yuksak ongning mujassami emas, balki xurofot va inonchlar yig'indisidir . �Qadimlar� mavqyeida turgan Bualo antik adabiyot o'zida mangu idealni mujassam aks ettiradigan, shuning uchun ham universallik kasb etuvchi ko'zgu deb biladi. U �yangilar�ning bu masaladagi qarashlarini tanqid qilarkan, Perroni antik merosni asliyat tilida o'qiy olmasligini, shunday ekan, uning xulosalari mutlaqo asossizligini ta'kidlaydi. Chunki, Bualoga ko'ra, asliyat tilini bilmagan Perro antik ijodkorlar asarlarini o'z fantaziyasigagina tayanib talqin qiladi, ikkinchi tomondan, she'rning go'zalligi ko'proq tilda mujassam, demak, u haqda tarjima asosida hukm qilib bo'lmaydi .
�Qadimlar� va �yangilar� bahsi adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi muhim bir bosqich, XVII va XVIII asrlarni ajratuvchi va ayni chog'da bog'lab turuvchi zanjir halqasi sanaladi. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, bu bejiz emas. Zero, �yangilar�, garchi umuman olganda klassitsizm mavqyeida qolgan bo'lsalar-da, ularning qarashlarida klassitsizmning qator muhim nuqtalariga qo'shilmaslik, ma'rifatchilik davri adabiy tanqidiy tafakkuri kurtaklari ko'zga tashlanadi.
Perro roman janriga jiddiy e'tibor bilan qaraganini aytib o'tdik. Bu bejiz emas edi. Zero, bu davrga kelib, roman janr sifatida ancha takomillashib ulgurgan, �Don Kixot�dek buyuk asarni bergan edi. Perro �Don Kixot�ni gumanistik ruh bilan yo'g'rilgani, muallifini ilgarigi romanlarga xos ko'p jihatlardan (oldi-qochdi syujet, uydirma va h.) voz kechgani uchun ma'qullagan edi. Darhaqiqat, �Don Kixot� roman unchalik jiddiy bo'lmagan, yosh oyimchalaru bekorchi to'ralarning ko'ngil xushligi uchungina xizmat qiladigan janr emasligi, janrning juda katta imkoniyatlari borligini namoyon etdi. Eng muhimi, Perro ko'pchilik uchun hali nihon bo'lgan bu imkoniyatlarni ko'ra oldi va tegishlicha baholadi. Albatta, romanga munosabati o'zgargan bir Perro emas edi. Ayni shu davrda roman haqidagi ilk maxsus risolaning yaratilgani shuning yorqin dalilidir. Per-Daniel Yue qalamiga mansub �Romanning paydo bo'lishi haqida risola�da roman ilk bor tarixiy aspektda, klassitsizm mavqyeidan turib tadqiq etiladi.
Yue romanning ibtidosini Provans yo Italiyadan izlash xato, aslida romanning ildizlarini juda qadimdan, uzoq o'lkalardan qidirish kerakligini ta'kidlaydi. Chunki, uning yozishicha, ilgari she'riy yo'lda bitilgan asarlarni ham roman deb yuritganlar. Yue roman antik davrlarda yuzaga kelgan va uzoq asrlar davomidagi rivojlanish jarayonida hozirgi holiga kelgan. Roman janrini tarixiy taraqqiyotda ko'rgani uchun ham Yue o'z davriga kelib roman janri tushunchasi o'zgarganini nazarda tutadi. U o'z davrida roman deganda �o'quvchilarga zavq berish orqali nasihat qilish maqsadida to'qib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan� asar tushunilishini ta'kidlaydi. Yue ushbu ta'rifga izoh berarkan, �to'qima� deyishdan murod romanni tarixdan ajratish ekanligini aytib, romanning asosiy mavzusi sevgi bo'lmog'i lozim deb uqtiradi. Agar ilgari �roman o'qish - vaqtni behuda sovurish� deb hisoblangan bo'lsa, Yue bunga qarshi o'laroq �romanning bosh maqsadi <...> har vaqt ezgulikning taqdirlanishi, yovuzlikning jazolanishini ko'rsatish orqali o'quvchiga saboq berish� deb belgilaydi. Shuningdek, ilgarigi olimlar romanni �poeziya�dan, romannavislarni �poet�likdan nari qilishgan bo'lsa, Yue kishini �... she'r to'qigani uchun emas, balki yaratgan obrazlari uchun poet deb ataladi�, shunga ko'ra �romannavislarni ham poetlar qatoriga kiritish mumkin� deb biladi.
Yue romanni poemaga qiyoslarkan, uning haqiqatga monandlik jihatidan ustunligi, tilining soddaligi, majoziy ifodaning ancha kamligi va shuning uchun ham yengil tushunilishi, tasvir uchun keng ko'lamdagi materialni qamray olishi, turli g'oyalarni o'ziga singdira olish imkoniyati kabi jihatlarni ta'kidlaydi. E'tibor berilsa, Yue romanning keyingi davrlarda adabiyotda yetakchilik maqomini egallashiga imkon bergan janr xususiyatlarini qayd etgani ko'riladi. Aytilganlardan ko'rinadiki, risolada romanga xayrixohlik ruhi, uni poeziyaning to'laqonli vakili sifatida tan oldirishga intilish ustuvor. Masalan, Yue �roman o'qish o'quvchilarning xudojo'yligiga putur yetkazadi, axloqini buzadi� tarzidagi qarashlarga to'xtalib, haqiqatan ham bu ehtimol mavjudligini tan oladi. Biroq, unga ko'ra, axloq buzilishining sababini kitobdan emas, o'quvchilarning o'zlaridan izlash kerak. Zero, nopok aqllar har qanday narsani ham bulg'ashga, har qanday yaxshi narsani ham yovuzlikka do'ndirishga qodir. Boshqa tomondan, Yue o'z zamonidagi yaxshi romanlar bu qusurdan - shakkoklik va axloqsizlik urug'ini sepish illatidan forig' deb biladi. Chunki ularda nopokligu axloqsizlik o'tkinchi muzaffariyatdan so'ng muqarrar ravishda sharmandalik va baxtsizlikka olib kelishi, buning aksicha, halollik va ezgulik uzoq tazyiqlardan so'ng e'zozu sharafga loyiq bo'lishi tasvirlanadi. E'tirozlarga qarshi o'laroq, Yue romanning tarbiyaviy ahamiyatini ta'kidlaydi. Uning aytishicha, �romanlar - gapirmaydigan tarbiyachilar�, ular �yosh aqllarni universitet zangi va maktab changidan tozalaydi�, ularni hayotga tayyorlaydi. Hatto, Yue tarbiya vositasi sifatida romanning imkoniyati kengroq deb biladi, chunki, uning fikricha, Plutarxning �badiiy shakl bilan bezatilgan falsafiy ta'limot yosh qalblarga ravonroq yo'l topadi� degani romanga ham to'la taalluqlidir.
***

Adabiyot va san'atda barokko oqimining yuzaga kelishini mutaxassislar Uyg'onish davri g'oyalarining inqiroz topishi bilan izohlab tushuntiradilar. Agar Uyg'onishning bosh omili yevropada burjuaziyaning iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishi bo'lsa, barokkoning maydonga kelishi XVI asrning ikkinchi yarmidan ko'zga tashlangan turg'unlik bilan bog'liqdir. Mutaxassislar barokkoga xos ayrim jihatlar Uyg'onish davrining Shekspir, Tasso, Monten singari ulug' namoyandalari asarlarida ham ko'zga tashlanishini ta'kidlaydilar . Albatta, bu o'rinda ko'proq barokko dunyoqarashiga xos jihatlar ko'zda tutiladi: Uyg'onish davri optimizmi o'rnini egallay boshlagan insonga, uning ertangi kuniga ishonchsizlik va buning natijasi o'laroq yuzaga kelgan tushkunlik, mung ohanglari bevosita mavjud ijtimoiy evrilishlarning natijasi edi. Agar Uyg'onish davri ijodkorlari hayotni sevish, undan zavqlanish, huzurlanishni targ'ib etgan epikurcha falsafaga asoslangan bo'lsalar, bu davr ijodkorlari ongini dunyo foniyligi, jamiki qadriyatlar o'tkinchiligini uqtiruvchi stoiklar falsafasi egallaydi. Bunday falsafa lirika rivojiga rag'bat bermaydi: she'riyatda his-tuyg'ular o'rniga ularni bo'g'uvchi fikriy mushohadalar ustuvorlik qiladi; foniy dunyo go'yo qimmatga ega emas, u faqat ramzu majozlar materiali, koni xolos. Barokko uslubi kishini hayratga solishga, uni lol qilishga intiladi: unga birmuncha jimjimador, tumanli ifoda xosdir. Barokkoning ifoda vositalari orasida metafora hukmron mavqyeni egallaydi, metaforiklik barokko uslubining belgilovchi xususiyatiga aylanadi. Shuni ham aytish kerakki, mutaxassislar XVI asr oxiri -XVII asr boshlarida maydonga kelgan ispan adabiyotidagi kulteranizm va konseptizm, inglizlardagi evfuizm, italyan adabiyotidagi marinizm, fransuzlardagi pretsioz adabiyot kabilarni barokko doirasidagi oqimlar sifatida ko'rsatadilar.


Ilk bor barokko she'riyatining xususiyatlarini o'z ijodida mujassam namoyon etgan ispan shoiri Gongora (1561-1627) fikrni go'yo pardalab, anglanishini qiyinlashtiruvchi jimjimador va go'zal uslubni urfga kiritdi. Buni sodda uslubga qarshi qo'yarkan, Gongora o'zining ijodiy-estetik mavqyeini hamma uchun emas, madaniyatli kishilar uchungina yozish kerak deya asoslaydi (shuning uchun ham Gongora va uning davomchilarini birlashtirgan oqim "gongorizm" bilan bir qatorda "kulteranizm" degan nom oldi). Shu o'rinda "kulteranist"lar bilan klassitsistlarni birlashtiradigan umumiy nuqta ko'zga tashlanadi: har ikkisi ham madaniyatli kishilar uchun yozish kerak deb biladi. Biroq shunisi borki, klassitsistlar antik adabiyotni biladigan va uning qoidalarini qabul qilgan kishilarni madaniyatli kishilar deb bilsalar, gongoristlar irreallikni, ong osti qatlamlarini idrok etishga qobil kishilarni shunday deb biladilar. Faqat avomgina o'zining to'pori moddiyunligi bois zaminga bog'liqligicha qoladi, chinakam shoir avomdan yuksak turadi va undan hazar qiladi, uning qo'shiqlari oz sonli xoslar, nozikta'b kishilarga atalgandir. Shunga o'xshash holni barokko ichidagi yana bir oqim � "konseptizm" vakillarida ham ko'rish mumkin. Bu oqim namoyandalari o'z asarlarida so'z o'yinlari, tushunish o'ta qiyin ko'chimlarni qo'llaganlarki, bu ko'chimlar kutilmagan qiyoslar, murakkab assotsiatsiyalarga tayanadi. Natijada ular o'ziga xos topishmoq, intellektual jumboqqa aylanadi. Muhimi, ularni idrok etish uchun hissiy emas, chuqur aqliy mushohada yuritish talab etiladi. Ya'ni, konseptistlarning asarlari ham xoslarga � muayyan tayyorgarlikka ega bo'lgan, zehni o'tkir kishilarga mo'ljallanadi. Boshqacha aytsak, konseptistlar o'z asarlarini o'quvchiga o'tkir zehnlilik mashqi sifatida taqdim etishadi, estetik zavqni jumboqni yechishda deb bilishadi.
Marinizm oqimining asoschisi Jambatista Marino(1569-1625) ijodiy-estetik prinsiplari jihatidan Gongoraga o'xshash: she'rlaridagi hissiy to'yintirilganlik, dunyoning foniyligi va shu bilan bog'lik pessimistik ruh, uslubdagi jijimadorlik, murakkab assotsiatsiyalarga asoslangan ko'chimlar va sh.k. Marinoning ijoddagi eng e'tiborli xususiyatlaridan biri shuki, u barcha san'atlar o'zaro bog'liq, ular asli bitta, faqat ifoda usuliga ko'ra farqlanadi deb biladi. Marino rangtasvirda jim turgan she'riyatni, she'riyatda so'zlayotgan rangtasvirni ko'radi. Poeziya va she'riyatning maqsadi bitta � odamlarga huzur baxsh etishgina emas, ularni ma'nan yuksaltirish, qalblarini tozartirishdan iboratdir. Marinoga ko'ra, rangtasvir san'ati hammaga, hatto omilarga ham tushunarli, poeziyani anglashga esa faqat "o'qimishli, fozil kishilar" qobildirlar. Marino san'atlarning o'zaro ta'siri, ularning bir-birini boyitishini e'tirof etgani holda, ularning ichida poeziyani yetakchi deb biladi. Jumladan, u musiqa haqida so'z yuritarkan, "so'z va fikrlarni ifodalamagan holda jaranglayotgan narsa musiqa deb atalishga loyiq emas" deb hisoblaydi.
Biz yuqorida so'z yuritgan oqimlarning vakillari o'zlarini "yangi san'at" vakillari, o'z uslublarini "zamonaviy uslub" (stile moderno) deb hisoblaganlar. Badiiy ijod amaliyotida yuz bergan o'zgarishlar tabiiy ravishda ularni nazariy jihatdan idrok etish ehtiyojini tug'diradi. Italiya va Ispaniyada birin-ketin Baltasar Grasian(1601-1658), Matteo Peregrini(1595-1652), Emmanuel Tezauro (1591-1675) kabi barokko nazariyotchilari maydonga chiqadilar.
Ispan barokko adabiyotining yirik namoyandasi, nosir va nazariyotchi Baltasar Grasian kattagina adabiy meros qoldirgan. Uning "Qahramon"(1637), "Siyosatchi" (1640), "Zakiylik yoki tez idrok san'ati" (1642), "Xushmuomala" (1646), "Kundalik folnoma yoki ehtiyotkorlik san'ati" (1647), "Tanqidchi" (1651-1657) kabi asarlari o'z vaqtida katta shuhrat topgan, adabiyotning keyingi rivojiga sezilarli ta'sir ko'rsatgan. O'z ijodiy faoliyatida yangi uslubni amalda tatbiq etgan Grasian nazariy ishlarida yangi adabiyotning qonuniyatlarini ochishga intiladi. Uning "Zakiylik yoki tez idrok san'ati" (1642) nomli asari tuzilishi jihatidan lotin, ispan, fransuz, italyan va portugal she'riyati namunalarini jamlagan majmuaga o'xshaydi. Biroq Grasian oddiygina majmua tuzishni emas, balki turli xalqlar she'riyatidan olingan sara she'rlar misolida zakiylik tabiatini o'rganishni, bu bilan o'z davri adabiy tanqidini o'zgartirishni maqsad qiladi. Grasian "zakiylik, tez idrok" tug'dirgan she'riyat tabiatini anglatishga Uyg'onish davridan boshlab singdirib kelinayotgan Aristotel "Poetika" ojizligini tushunib yetdi. Ayni chog'da, u Aristotelni inkor qilmaydi, balki yangi she'riyat uchun faylasufning "Mantiq" yoki "Poetika"si emas, "Ritorika"si zarurroq deb biladi. Grasianga ko'ra, estetika mantiqdan tamom farqli fan, Go'zallik saltanati esa XVI asr nazariyotchilari izlagan joydan tamom boshqa joydadir.
Grasian "did" (gusto) terminini ilk bor mantiqiy mushohadadan tamom farqlanuvchi estetik mushohada ma'nosida qo'llaydi. Garchi bu atama ilgariroq Lope de Vega tomonidan qo'llangan bo'lsa-da, u tamom boshqa tushunchani anglatgan. Grasian esa "did" deganda aqlning tanqidiy fikrlash qobiliyatini nazarda tutdiki, keyincha bu tushuncha estetika fanida keng o'rin tutadi. Shuningdek, Grasianning ijodiy intuitsiyani, "tez idrok"ning bir-biridan tamom yiroq hodisalar mohiyatini ilg'ash va bir zumda ularni birlashtira olish qobiliyatini nazariy o'rganish zarurati haqidagi fikrlari ham ilm-fan uchun qimmatli va qiziqarli edi. Grasian "tez idrok" (agudeza) deganda noma'lum narsaning g'oyat tez harakatga keluvchi intuitsiya yordamida anglanishini tushunadi. Unga ko'ra, badiiy bilish tabiatan intiutiv bilish bo'lib u voqyelikni idrok etishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Shulardan kelib chiqqan holda Grasian antik ritorika san'atning barcha hodisalarini, dunyoni estetik idrok etish xususiyatlarini to'la qamrab ollmasligini ta'kidlaydi. Zero, qadimgilar mantiqiy bilish qonunlarini kashf etganlar, sillogizmlar tizimini ishlab chiqqanlar, biroq ular "o'tkir zehn" uchun yaroqli emas. Qadimgilar "O'tkir zehn" faqat daholargagina xos deb hisoblab, shu xususiyat namoyon bo'lganda hayratlanishnigina bilganlar, u amal qiluvchi qonunlarni belgilamaganlar. Holbuki, Grasianga ko'ra, agar mantiqiy fikrlash qonuniyatlarini ishlab chiqish mumkin bo'lgan ekan, "o'tkir zehn" qonuniyatlarini ishlab chiqish ham mumkindir.
Tezauroning "Aristotel durbini" asarining barokko uchun ahamiyatini mutaxassislar Bualo "Poetik san'ati"ning klassitsizm uchun ahamiyatiga qiyoslaydilar. U ham Aristotelni inkor qilmaydi, balki Grasian singari u ham yangi san'at uchun "Poetika" emas, "Ritorika" muhimroq deb biladi, buni yanada ochiqroq ko'rsatadi. Tezauro "tez idrok san'ati" mantiq va mantiqiy qurilmalarga bog'liq emasligini qayta-qayta takrorlaydi, taxayyul asosiga qurilgan poetik olam o'zigagina xos, tafakkur qonuniyatlaridan tamom farqli qonuniyatlarga tayanadi deb biladi. Shu qonuniyatlarni tadqiq etishga jazm etgan Tezauro zakiylik haqida ancha izchil ta'limot yaratadi.
Tezauroga ko'ra, "yangi san'at" namoyandalarining asarlarini vujudga keltirgan Zakiylik Ongning ko'rinishlaridan biridir. Zakiylikning ikkita asosiy qirrasi bor � Zehn va Donolik . Zehn narsa-hodisalar botinidagi mohiyatga kirib boradi, donolik esa bir-biridan yiroq narsa-hodisalar mohiyatidagi o'xshashliklar, aloqalarni tez ilg'ab oladi-da, biridan ikkinchisini keltirib chiqaradi, birining o'rniga ikkinchisini qo'yadi. Ko'rinib turganidek, bu o'rinda gap obraz � Metaforaning yuzaga kelishi haqida boradi. Umuman, Tezauro poetikasi metaforaga asoslanadi, unga ko'ra metafora "poeziyaning onasidir". Metafora tabiatini, uning xil va turlarini o'rganish uchun Tezauro me'morlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi san'atlarga ham murojaat etadi. Jumladan, u me'morlikdagi tashqi bezaklar insonni ramziy metaforani anglashga yetaklaydi deb biladi. Umuman, ko'zga tashlanib turgan har qanday tasvir qalbning turli holatlarini ifodalashga xizmat qilishi, ongga esa yangi muammolarni ochishi lozim. Shunga binoan, u inson sezgilariga ta'sir qilish uchun san'at bezakdor, yorqin, kutilmaganliklarga boy bo'lishi kerak deb uqtiradi.
Tezauro olamiy ramz, Ilohiy Metaforani anglashga olib keladigan san'at nazariyasini ishlab chiqishga intiladi. Zakiylikni, iqtidorni u xudoning yaratuvchilik qudratiga monand hodisa deb tushunadi. Zero, san'atkor yo'q narsadan yangi mavjudlikni yaratadi, Xoliqning o'zi kabi obrazlar va irreal olamni yaratadi. Yaratuvchilik dahosi insongagina berilgan emas, u tabiatning o'zida-da mavjud. Asrorga yetgan xoslar undagi belgilarda tabiatning zakiy niyatini anglay oladi. Xudoning o'zi metaforalar, analogiyalar va konchettolar olamini yaratganki, omilarga ular oddiygina bezak bo'lib tuyuladi, holbuki, gap olamning yaratilishi haqida borarkan, ularning hyech biri bejiz, bema'ni emas. Bulardan ko'rinadiki, Tezauro falsafasi o'rta asr xristianligidan ko'ra antik panteizm, neoplatonizmga yaqinroq turadi. Xuddi Marino singari Tezauro ham Yaratuvchini mohir notiq, dirijyor, rassom sifatida tasavvur etadi.
Tezauro "Axloqiy falsafa" asarida yana Zakiylik masalasiga qaytadi va fikrni majoziy ifodalash uning muhim xususiyati ekanligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, Zakiylikni namoyon etish uchun fikrni to'g'ridan-to'g'ri emas, balki majoziy yo'l bilan, kutilmagan yo'sinda ifodalash talab qilinadi. Bunday ifoda san'atga xos bo'lib, u haqiqat emas, biroq haqiqatga taqlid qiladi. Shuningdek, Tezauro muhim bilan qiziqarli, kulgili va qayg'uli jihatlarni birlashtira olish ham Zakiylikning belgilaridan deb biladi. Uning uqtirishicha, "shu darajadaga jiddiy, yo shu darajadagi qayg'uli va yo shu darajadagi ulug'vor hodisa mavjud emaski, uni ham shaklan va ham mazmunan hazilga aylantirib bo'lmasa". Yaxshi ma'lumki, antik qoidalarga asoslangan klassitsistlarning ayni shu narsaga qarshi bo'lganlariga qaramay, ijod amaliyotida bu narsa mavjud edi, Tezauro esa birinchilardan bo'lib buning qonuniyligini asoslashga jazm etadi.
Tezauro bitta fikrni uslubiy jihatdan turfa shakllarda ifodalash mumkinligini jonli misollarda ko'rsatarkan, bu xil turfalik fikrni zakiylik bilan shaklga solish, metaforik yo'lda aytish imkoni tufayligina mavjudligini ta'kidlaydi. Ayni chog'da, u ifoda shakli bilan mazmun bir-biriga uzviy bog'liqligini, ulardan biri o'zgarsa, ikkinchisining ham muqarrar o'zgarishi taqozo etiladi deya uqtiradi. Demak, yozuvchi ifoda yo'sinini tanlar ekan, uning o'zi yetkazmoqchi bo'lgan mazmun, hissiy tonallikka qay darajada mosligi haqida jiddiy bosh qotirishi lozim. Ko'rinadiki, garchi barokko adabiyoti vakillari uslubidagi jimjimadorlik, o'rinsiz murakkabliklar o'z vaqtida (va keyin ham) ko'plab e'tirozlar tug'dirgan bo'lsa-da, uning yetuk namoyandalari, xususan, Tezauro singari nazariyotchilari shaklbozlikdan, "shakl shakl uchun" aqidasidan yiroq bo'lganini ham e'tirof etish, bu adabiyot vakillarining bariga bir xil munosabatda bo'lmoqdan tiyilish lozim ekan.
Barokkoga nisbatan birmuncha tanqidiy mavqyeda turganlardan biri Italyan nazariyotchisi, "Zakiylik haqida risola" muallifi Matteo Peregrinidir. U barokko adabiyotiga umuman qarshi bo'lmagani holda, undagi ortiqchaliklarni yoqlamaydi, ularni tanqid qiladi. Albatta, uning barokkodagi ortiqchaliklar - tafsilotlarning o'ta ko'pligi, metafora va o'xshatishlardan isrof darajasida foydalanish hollarini tanqid qilgani, ayniqsa, barokkoga urf bo'lgani uchungina ergashgan o'rtamiyona ijodkorlarga nisbatan asosli va adolatli edi. Jumladan, u zakiylik masalasiga o'ta mahliyolik natijasida uning modaga aylanib qolgani muammoni jiddiy o'rganish, nazariy asoslashga halal beradi deydi. Tezauro zakiylik tafakkur sohasiga emas, balki Go'zallik yo Ko'ngilxushlik sohasiga daxldor deb biladi. Unga ko'ra, zakiylik zohiriy (ya'ni, shaklda namoyon bo'luvchi) nayrang bo'lib, mazmunga aloqador emas. Ayni paytda, Peregrini tafakkurning emas, qandaydir badiiyatning mahsuli bo'lgan mo'jizaviy Zakiylik mavjud bo'lishi mumkinligini ham, garchi bu hodisani tushuntirishga jazm etmasa-da, inkor qilmaydi. Barokkoning boshqa nazariyotchilaridan farqli o'laroq, Peregrini mantiq va estetika, tafakkur va badiiy ijodni keskin farqlashgacha borib yetmaydi.
Sforsa Pallavichinining (1607-1667) adabiyotshunoslikka oid qarashlari �Uslub va dialog san'atlari haqida mulohazalar�(1646) hamda �Ezgulik haqida� (1644) nomli asarlarida aks etgan. Uning badiiy ijod tabiati haqidagi mulohazalari e'tiborga molik. Jumladan, she'r va musiqani qandaydir nazariya emas, ilhom dunyoga keltiradi deb hisoblaydi. Fikrining dalili uchun u Tassoning ijod onlari ehtiroslari jo'shib, telbalarcha holatga tushganini eslatib o'tadi. Unga ko'ra, shoir va musiqachining his-tuyg'ulari na haqiqat, na yolg'on bo'lolmaydi. Shunday ekan, san'atga axloq mezonlari bilan yondashib bo'lmaydi, badiiyat va axloq bitta narsa emas. Pallavichini ta'kidlaydiki, san'at uchun bittagina qoida mavjud: u qanchalik jonli bo'lsa, shunchalik mukammaldir; poetik asarning birgina maqsadi bizning ongimizni hashamatli obrazlar, yangi va mo'jizaviy tushunchalar bilan bezashdan iboratdir. Poeziya haqiqatga monand bo'lishi lozimligi shubhasiz, biroq uning haqiqatga monandligi obrazlarning jonliligi bilan belgilanib, tarixiy haqiqatdan tamom farqlidir. E'tibor berilsa, Pallavichinining bu qarashlari klassitsizm aqidalariga zid o'laroq, ularga aks ta'sir sifatida yuzaga kelganini sezish qiyin emas.
Pallavichini uslubga qo'ygan asosiy talablardan biri musiqiylik bo'lib, bu talabni u faqat she'riy nutqqa emas, nasriy nutqqa ham qo'yadi. Unga ko'ra, musiqiylikka erishish uchun yozuvchi nutqiy bo'laklar, periodlar, kolonlar va takrorlar ustida jiddiy ishlamog'i lozim. Pallavichini metaforaga �lo'nda qilib ifodalangan mo'jizaviy kuzatish� deb ta'rif beradi. U yozuvchilik dahosi bir-biridan tamom yiroq, hyech qo'shilishi mumkin emasdek tuyulgan narsa-tushunchalar orasidagi yashirin rishtalarni topish va ularni birlashtira olishda deb hisoblaydiki, bunga erishishning asosi zakiylikdir. Mutaxassislar Pallavichinining qarashlari XVIII-XIX asrda vujudga kelgan idealistik estetikaning ko'plab tamoyillarini tayyorlagan deb hisoblaydilar.
Daniele Bartoli (1608-1685) italyan barokko adabiyotidagi eng yaxshi nosirlardan biri sanaladi. Uning �Adabiyotchi� (1645) hamda �Donishmand istirohati� (1649) nomli asarlarida bildirilgan adabiy tanqidiy fikrlari o'z davri uchun, adabiy tanqidiy tafakkur rivoji uchun ham sezilarli qimmatga ega. Bartoli ijodda ham, ilmda ham ancha bosiq, mo'tadil mavqye tutadi. U yangi uslub - barokko uslubi haqida to'xtalarkan, shubhasiz, uni yoqlaydi. Chunki endilikda did noziklashgan, xalqning konfet o'rniga cho'chqayong'oq yeb qanoat hosil qilgan vaqti o'tib ketgan, shu bois, Bartolining obrazli qilib uqtirishicha, o'quvchi qulog'iga quyilayotgan ichimlikning qimmatli bo'lishi kifoya emas, balki idish ham, ichimlikning quyilish yo'sini ham unga munosib bo'lishi lozim. Ayni paytda, Bartoli barokko uslubiga xos ortiqchaliklarni, ayniqsa, bu uslubga ko'r-ko'rona taqlid qiluvchilarni tanqid qiladi, aytadiki, ular zakiy ifoda topish uchun ijodiy taxayyulni nechog'li zo'riqtirmasin, qanchalik ter to'kib ishlamasin - niyatlari o'lik tug'ilaveradi. Bartoli ularning mehnatlari mahsulini shamning xira yorug'ida shishadan ishlangan buyumga o'xshatadi: unga teginsang - chilparchin bo'ladi, durustroq razm solsang - bir pulga qimmatligi ayon bo'ladi qoladi. Ularning asarlari ko'ngilochar, huzurbaxsh mavzularda yozilgan bo'lsa-da, bir holatdan ikkinchisiga sakrab yurilgani uchun kasalning alahlashini esalatadi. Bartoliga ko'ra, bunday asarlarning doyasi zakiylik emas, ulardagi zakiylik misoli yashin: bir lahza ichida paydo bo'ladi, yashaydi va izsiz g'oyib bo'ladi. U asarlardagi o'rinsiz hashamdorlikni yoqlamaydi, bunday asarlarni tovusning dumiga o'xshatadi: patlarning rang-barangligi ko'zni qamashtirsa-da, yurishga halaqit beradi. Bartolining uqtirishicha, zakiylik yolg'on emas, real bo'lishi kerak; fikr kuchi bilan zakiylikni sig'maydigan joyiga ham zo'rlab tiqishtirish ma'qul emas. Uning topib qiyos qilishicha, keyingi hol xuddi chiroyli bo'lish ilinjida yuz terisini kesib, unga turli toshlar qadayotgan, aslida o'ylaganining aksi bo'layotganiga fahmi yetmayotgan varvarni eslatadi. U me'yorni saqlashga, turfa bezaklar va zakiy ifodalarni suiste'mol qilmaslikka undaydi, toki zakiy ifodalarning bisyorligi fikr qashshoqligini yashirishga xizmat qilib qolmasin.
***

Albatta, kichik bir ocherk doirasida XVII asr yevropa adabiyotshunosligida yuz bergan barcha o'zgarishlarni qamrab olish mumkin emas, shu bois biz undagi asosiy hodisalarga muxtasar to'xtalish bilan cheklandik, umid qilamizki, shuning o'zi o'quvchiga masala yuzasidan ilk umumiy tasavvurni bera oladi. Agar berilgan ma'lumotlar o'quvchini qiziqtirib, uning masalani yoxud ayrim olimlar merosini chuqurroq o'rganishiga turtki bo'lsa, oldimizga qo'ygan maqsadga erishgan bo'lamiz. Majmua


Gesiod

Teogoniya


(Parcha)

Biz o'z qo'shig'imizni Muzalar - Gelikon1


ilohalaridan boshlaymiz.
Ular yuksak va muqaddas Gelikon tog'ida yashaydilar.
Zevs qurbongohi va binafsharang buloqni
doira bo'lib aylanadilar,
Nozik oyoqlari bilan asta bosib raqs etadilar,
qo'shiq kuylaydilar...
Muqaddas Gelikon yon bag'irlarida qo'y boqib
yurgan vaqtlarida
Ular Gesiodga o'zlarining go'zal qo'shiqlarini o'rgatdilar.
Ulug' Zevs-podshoh qizlari - Olimp Muzalari eng avval
Mana bunday so'zlar bilan menga murojaat qildilar:
�Ey, yaylov cho'ponlari, qorinning g'amida yurgan badbaxtlar,
Bizlar yolg'onni ayni haqiqat tarzida hikoya
qilishga ko'p mohirmiz.
Ammo, agar istasak, unda haqiqatni ham hikoya qila olamiz�
Zevsning hikoya qilishda mohir qizlari menga shunday dedilar.
Yam-yashil dafna daraxtidan menga mo'jizakor
tayoq yasab berdilar-da,
So'ng bo'lib o'tgan va endi bo'ladigan ishlarni kuylab yurishim uchun
Ilohiy qo'shiqlar aytish iqtidorini ruhimga singdirdilar.
Ular menga buyurdilar saodatli xudolar urug'ini ulug'lashni,
Eng avval va oxir - ularning o'zlarini muttasil madh etmoqni...
Izohlar:

1. Gelikon - Gesiod yashagan Beotiyadagi tog'.


Isokrat

Panegirik


(1) Meni har vaqt hayron qoldiradigan narsa shuki, bayramlarda uyushtiriladigan kurash yoki yugurish musobaqalarida g'olib chiqqan atletlarga katta mukofot beriladi-yu, o'z manfaati uchungina emas, balki umum manfaati uchun mehnat qilayotganlarga na bir mukofot va na aytarli e'zoz; (2) holbuki, ular hurmatga ko'proq loyiq, zero, atletlar boridan ikki karra kuchli bo'lib qolganlarida ham hyech kimga naf keltirmaydilar, fikrlaydigan odam esa hammaga - uning tafakkur mevalaridan bahramand bo'lishni istaganki odam bor bariga foydalidir. (3) Biroq hozir bu holni e'tiborga olmasga qaror qilib va ushbu nutqim keltiradigan sharafni yetarli mukofot hisoblagan holda, men bu yerga Elladani birlashishga va varvarlarga qarshi urushga da'vat etmoq uchun keldim. Garchi notiq degan nomga da'vo qiluvchilarning ko'pi mengacha ham bu mavzuda so'zlagan bo'lsalar-da, (4) men ulardan o'zishga qat'iy chog'landim, zero, nutqlarning sarasi deb eng muhim masalalarga bag'ishlangan, notiqqa o'zini ko'rsatish imkonini yaratish bilan birga tinglovchilarga ham katta naf keltiradigan nutqni bilaman, umid qilamanki, mening nutqim ayni shunday. (5) Boz ustiga, hali vaqt ham unchalik yo'qotilmaganki, harakatga undash kech bo'lgan bo'lsa. Notiq esa faqat ish amalga oshib, endi uni muhokama qilishdan ma'ni qolmagan yoki masala tugal hal etilib, unga biron nima qo'shish imkoni qolmagan holdagina jim turishi lozim. (6) Biroq, agar avvalgi chiqishlar samarasiz bo'lgani sababidan ish o'rnidan jilmay turgan bo'lsa-yu, muvaffaqiyat topgan holda bizni o'zaro urushlaru ulkan kulfatlardan xalos etishi mumkin bo'lgan nutq ustida ishlash nahotki o'rinsiz bo'lsa? (7) Mabodo predmet mohiyati haqida fikr bildirishning faqat bitta usuli bo'lganida edi, boshqalar aytgan gaplarni takrorlab tinglovchilarni bezdirish ortiqcha bo'lur edi; (8) biroq toki nutqda bitta narsani turlicha talqin qilish - kabirni sag'irga, sag'irni kabirga aylantirish, o'tmish hodisalariga yangicha nazar solish, yaqinda yuz berganlarini esa o'tmish orqali qayta ko'rib chiqish imkonlari mavjud ekan, demak, ilgari so'z borgan predmetdan qochish emas, uni yanada yaxshiroq ifodalashga harakat qilmoq kerak. (9) Bo'lib o'tgan voqyealar hammamizga ma'lum, biroq ulardan o'z vaqtida saboq chiqarish, ularning asl mohiyatini anglash va ifodalay olish imkoni faqat oqil kishilargagina berilgan. (10) Agar yangilikdan ko'ra mahorat va ijro mukammalligi, mavzu tanlashdagi o'ziga xoslikdan ko'ra uni yoritishdagi o'ziga xoslik ko'proq qadrlansa, san'atlar, jumladan, notiqlik san'ati yuksak kamolotga erishadi.
(11) Ayrimlar malakasi kam tinglovchiga og'irlik qilishini ro'kach qilib nozik ishlov berilgan nutqni ma'qullamasdan yanglishadilar, negaki, ular favqulodda vazifa qo'yilgani sababli tantanavorlikni taqozo etuvchi nutq bilan bezaklardan forig' sud nutqini farqlamaydilar; o'ylashadiki, go'yo maqbul me'yorni faqat o'zlarigina biladilar, serhasham va tantanavor so'zlovchilar esa sodda va aniq ifodaga go'yo qobil emas. (12) Bundaylar o'zlaridan juday-la ilgarilab ketmagan notiqlarnigina maqtaydilarki, bu isbotlab o'tirishga ham arzimaydi. Ularning fikri meni qiziqtirmaydi: men nutqimdan boshqalarda uchramaydigan fazilatlarni izlaydigan ahli darklarga, bilimdon va talabchan tinglovchilarga murojaat qilaman va bevosita asosiy masalaga o'tishdan avval ular uchun yana bir-ikki og'iz qo'shib qo'yaman. (13) Nutqning boshlanishida, odatda, yaxshi tayyorlanishga ulgura olmaganlari yoki muhim mavzuga munosib so'z topish qiyinligini ro'kach qilib oldindan uzrxohlik qiladilar. (14) Shuning o'rnida aytay: agar nutqim o'zining predmeti yoki mening sha'nimga munosib chiqmay qolsa, o'ziga sarflangan vaqtni, aniqrog'i, butun umrimni oqlamasa, mayli, alohida iqtidorga ega bo'lmagan holda bundayin vazifani uddalashga jazm etganim uchun mendan hazar qilsinlar, mazahlarga ko'mib tashlasinlar. O'zim haqimda aytmoqchi bo'lganlarim - shular. <...>
Oratoro' Gretsii. M.: Xudojestvennaya .literatura, 1985.- S.39-40

Platon

Davlat
Navkarlarni ikki jihatdan


tarbiyalash: musiqiy va gimnastik
- Tarbiya qanday amalga oshiriladi? Sirasi, bu borada juda qadim zamonlarda topilgandan yaxshirog'ini topish qiyin. Tana uchun - gimnastik tarbiya, qalb uchun - musik tarbiya .
- Ha, shunday.
- Musik tarbiya bizda gimnastik tarbiyadan oldin boshlanadi.
- Nega shunday bo'lmasin ekan?
- Musik tarbiya haqida so'zlarkan, sen unga so'z san'atini ham qo'shayotirsan, to'g'rimi?
- Ha.
So'z san'atining ikki xili: haqiqiy va yolg'on.

Navkarlar tarbiyasida miflarning roli


- So'z san'atining esa ikki xili bor: biri - haqiqiy, ikkinchisi - yolg'on?
- Ha.
- Ikkala xili bilan ham tarbiyalash kerak, biroq avval yolg'oni bilan?

- Nima demoqchiligingni sira tushunmayapman.


- Murg'ak bolalarga avval miflarni hikoya qilishimizni tushunmayapsanmi? Miflar, umuman aytganda, yolg'on, biroq ularda haqiqat ham mavjud. Bolalar bilan ishlarkan, biz miflarga gimnastik mashqlardan oldin murojaat qilamiz.
- Ha, shunday
- Shuning uchun ham avval musik tarbiyaga, so'ng esa gimnastik tarbiyaga kirishmoq kerak dedim-da.
- To'g'ri.
- Nahotki bilmasang, har qanday ishda ham eng muhimi - boshlanishi, ayniqsa, bu ish murg'ak va nafis narsaga taalluqli bo'lsa. Ko'proq ayni shu vaqtda unda muhrlanmog'i istalgan sifatlar shakllanadi, qaror topadi.
- Mutlaqo to'g'ri.
- Bolalarimizning duch kelgan miflarni, qaysiki - tayinu notayin kaslar tomonidan to'qilgan, aksariyati biz ular ulg'ayganlarida ongida bo'lishi kerak deb hisoblagan qarashlarga zid keluvchi miflarni tinglashlari, murg'ak qalblariga singdirishiga osongina yo'l qo'yib bera olamizmi?
- Biz bunga aslo yo'l qo'ymaymiz.
- Eng avvalo, ravshanki, biz mif yaratuvchilarni nazoratga olishimiz kerak: agar ularning asarlari yaxshi bo'lsa, qabul qilamiz, yo'qsa - rad etamiz. Biz tarbiyachilarni va onalarni bolalarga faqat tan olingan miflarni hikoya qilishga ko'ndiramiz, toki ularning yordamida bolalar qalbi mashqlar orqali tarbiyalangan tanalaridan oldinroq shakllansin. Ular hozirda hikoya qilib berayotgan miflarning ko'pini esa chiqitga uloqtirish kerak.
- Aynan qaysilarini?
- Biz ahamiyatliroq miflardan kelib chiqib maydalari haqida ham hukm qila olamiz: axir, ular bir xil xususiyatlarga va bir xil ta'sir kuchiga ega. Yo sen bunga qo'shilmaysanmi?
- Qo'shilaman, lekin tushunolmadim, sen qaysi ahamiyatliroq miflar haqida so'zlayotirsan?
- Gesiod, Gomer va boshqa shoirlar hikoya qilganlarini. Ular odamlar uchun yolg'on rivoyatlar to'qib, bu rivoyatlarni hikoya qila boshladilar, to hanuz hikoya qilib keladilar.
- Qaysilari? Sen ulardagi neni tanbehga loyiq ko'ryapsan?
- Avvalo va asosan tanbeh berilishi kerak bo'lgan narsani, alohida ta'kidlab aytsam, to'qimaning muvaffaqiyatsiz chiqqanini.
- Mabodo kimdir xudolar va qahramonlar haqida so'zlay turib ularning xususiyatlarini salbiy tasvirlasa, bu bamisoli rassom birovning suratini asliga aslo o'xshamaydigan qilib chizganidek bo'lur.
- Bu nav tanbeh o'rinli, lekin biz bunda nimani nazarda tutamiz?
- Uran go'yo Gesiod asarida eslatilgan ishni qildi va buning uchun Kronos undan o'ch oldi degan odam hammadan oldin eng ulug' voqyea haqida o'ta muvaffaqiyatsiz, ulkan yolg'onni to'qigan kimsadir. Men hali aqli g'o'r yoshlarga Kronosning qilmishlari, unga o'g'li tomonidan yetkazilgan azoblar haqida, hatto ular chin haqiqat bo'lganida ham, osonlik bilan hikoya qilib berish kerak emas deb hisoblayman, aksincha, bu o'rinlarni hikoya qilmay chetlab o'tilgani yaxshiroq; mabodo qandaydir sabab bilan ularni hikoya qilish zarur bo'lsa, mayli, juda ozchilik hufyona eshitsin, biroq o'shanda ham eshitishga sazovor bo'lganlar soni oz bo'lib qolishi uchun ular el qatori cho'chqacha emas, kattaroq - topish mushkulroq narsani qurbonlikka keltirsinlar.
- Haqiqatan ham bu haqdagi hikoyalar og'ir.
- Bizning davlatimizda, Adimant, ularni hikoya qilmaslik kerak. Bularni hikoya qilish bilan yosh tinglovchida o'ta adolatsiz xatti-harakating ham aslo g'ayrioddiy emas, hatto o'z otangni noma'qul qilmishi uchun har qanday yo'sinda jazolaganingda ham dastlabki va buyuk xudolar qilgan ishni takrorlagan bo'lasan xolos, degan tasavvur qoldirmaslik kerak.
- Zevsga qasam bo'lsin, menga ham tuyulyaptiki, bu haqda gapirish yaramaydi.
- Umuman, xudolarning o'zaro urushlari, bir-birlariga ishlatgan hiyla-nayrangalari, janjallari - asli bular haqiqat ham emas - haqida ham gapirish yaramaydi; axir, hademay davlatimiz himoyasiga turishi lozim bo'lganlar o'zaro g'animlikning shunchalar oson paydo bo'lishini og'ir sharmandalik deb hisoblashlari kerak. Gigantlarning o'zaro janglari, xudolaru qahramonlar bilan qarindoshlari, yaqinlari orasidagi juda ko'p turfa kelishmovchiliklarni bayon qilishu tasvirlash ham umuman joiz emas - aksincha, agarki biz fuqarolarning hyech biri boshqasiga nisbatan dilida hyech qachon dushmanlik tuymasin, bu narsa nopoklikdir, degan e'tiqodni singdirmoqchi ekanmiz, unda qariyalaru kampirlar bolalariga, hatto ular birmuncha ulg'ayganlarida ham, ko'proq ayni shu haqda hikoya qilishlari lozim; shoirlarni ham o'z ijodlarida bundan og'ishmaslikka majbur qilmoq kerak. Bizning davlatimizda Gefestning onasi Gerani kishanband etganiyu xotiniga yon bosgan otasi Zevs uni Olimpdan uloqtirgani, yoki Gomer to'qigan xudolarning o'zaro urushlari haqida, ularda ma'lum majoziy ishoralar bormi yo yo'qligidan qat'iy nazar, hikoya qilinmasligi lozim. Bola qaerda majoz boru qaerda yo'qligini idrok qilishdan ojiz, bunday murg'ak yoshida o'ziga singdirgan qarashlar esa, odatda, juda chuqur, o'zgarmas va o'chmas iz qoldiradi. Mana shuning uchun ham, sirasi, bolalar tomonidan eshitilgan dastlabki miflarning tamomila ezgulikka yo'naltirilgan bo'lishiga erishish zarur.
- Bu fikr asosli. Lekin kimdir bizdan bu haqda ham so'rab, qaysi va nima haqdagi miflar desa, qaysi miflarni ko'rsatishimiz mumkin?
- Adimant,- dedim men.- sen bilan men hozir shoir emas, davlatning asoschilarimiz. Miflar yaratish esa asoschilarning vazifasi emas, ular poetik ijodga qo'yiluvchi asosiy talablar qanday bo'lishi kerakligini bilsalar va shulardan chekinishga yo'l qo'ymasalar kifoya. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.155-158
- <...> Gomer �Zevsning ulug' dargohida ikkita idish bor, Biri baxtli tuhfalarga, boshqasi baxtsiz tuhfalarga to'liq�, agar kimgaki Zevs shu ikki idishdan aralashtirib bersa, uning �Hayotida goh quvonch, goh g'am-alam aralash keladi�; kimgaki omixta qilmasdan, faqat ikkinchi idishdan bersa, uni �Xudolar yerida muttasil ochlik quvib yuradi� deganida aqldan toyib qattiq yanglishadi. <...> Biz yana yoshlarimiz Esxil aytgan mana bu tarzidagi gaplarni tinglashiga yo'l qo'yishimiz mumkin emas:
Biron xonadonga qirg'in keltirmoq istasa
Agar, bandalariga sababni xudo yaratur.
Agar biron-bir asarda yambda yozilgan shunday misralar uchrasayu, ularda Nioba yo Pelopidlarning iztiroblari, yo Troya urushi voqyealari va yo shu ruhdagi boshqa bir narsa tasvirlangan bo'lsa, u holda bularning bari xudodan ekanligini tan olmasligimiz, yoki, agar bularni xudodan deb bilsak, uning hozir biz izlayotgan ma'nisini ochib berishimiz, ya'ni xudoning qilganlari har vaqt adolatu undan keladigani faqat rahmat, bu odamlarga berilgan jazo ham asli o'zlarining foydalarigadir, deya uqtirishimiz kerak. Shoirlarning bu odamlar kulfat chekayotganiga sabab - jazolangani, jazoning sababchisi esa xudo, deya ta'kidlashlariga aslo izn bermaslik lozim. Biroq, agar shoirlar bu odamlar chindan jazoga muhtoj edilar, faqat yomonlargina jazoga mustahiq bo'ladilar va jazo olganlari tufayli ham xudodan foyda ko'rmoqdalar deya uqtirsalar, buni ma'qullash mumkin. Aksincha, qachonki xudo o'zi rahmat bo'lgani holda kim uchundir kulfat manbai ham bo'ladi desalar, bu bilan har yo'sin kurashmoq lozim: hyech kim - na yoshu na qari, agar o'z davlatida qonuniylik bo'lishiga intilsa, bu haqda gapirmasligi, xoh nazmiy va xoh nasriy bayonda bo'lsin tinglamasligi shart, zero, bunday da'vo nopok bo'lishi bilan birga, biz uchun foydali emas, boz ustiga, o'z ichida tumtaroq va ziddiyatlarga to'ladir. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.159-160
Navkarlar tarbiyasida poeziyaning roli
- <...> Aidni mavjud, mavjud bo'lganda ham dahshatli deb bilgan kishi o'lim qo'rquvidan forig' bo'la oladimi, bunday odam mag'lubiyat yoki qullikdan ko'ra jangda o'lmoqni afzal bila oladimi?
- Hyech qachon.
- Ko'rinib turganidek, biz bunday miflar haqida ham qayg'urishimiz, ularni hikoya qilishga jazm etuvchilardan Aidda neki bo'lsa barini birdek qoralayvermaslikni, aksincha, maqtashlarini talab qilishimiz lozim: axir, ular bu nav qoralashlarida haq emaslar, boz ustiga, bu bo'lg'uvsi jangchilar uchun foydali ham emas.
- Ha, bu bilan jiddiy shug'ullanish kerak.
- Unda mana bu singari o'rinlarni ilk misrasidanoq bitta qoldirmay o'chirib tashlaylik:
Qaniydi tirik bo'lib, chorakordek dalada peshona teri to'ksam,
Faqir dehqon izmida burda non topib yesam. Xo'broq edi
Yuz chandon... bunda jonsiz o'liklarga o'lik shoh bo'lganimdan <...>


<...> - Biz Gomer va boshqa shoirlardan uzr so'raymiz - mabodo asarlaridagi shu va shunga o'xshash misralarni o'chirsak, bizdan achchiqlanmasinlar; biz ularni aksariyat tinglovchilar uchun yoqimsiz ekani yoxud badiiy zaifligi uchun o'chirmaymiz, aksincha, ular badiiy jihatdan qanchalik mukammal bo'lsa,- modomiki inson hur bo'lmog'i va o'limdan ko'ra qullik asoratiga tushib qolishdan ko'proq qo'rqishi kerak ekan,- ularni bolalar ham, kattalar ham shunchalik kam tinglashlari kerak deb bilamiz. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.165-166


<...> - Shuningdek, biz tarbiyamizdagi yoshlarning ta'magir, poraxo'r bo'lib yetishishlariga ham yo'l qo'yolmaymiz.
- Aslo.

- Demak, ular �Sovg'a xush kelar hammaga - xudolaru ulug' shohlarga� tarzidagi madhlarni tinglamasliklari kerak. <...>


Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.171
Ifoda usullari yoki poetik san'at uslublari haqida
- <...> roviylar va shoirlar nima haqda gapirmasinlar, u yo o'tmish, yo hozir va yo kelajak haqidagi hikoya bo'ladi, to'g'ri emasmi?
- Albatta, boshqacha bo'lmaydi ham!
- Hikoya qilishni esa yo oddiy rivoya, yo taqlid vositasida va yo har ikkisini qo'shgan holda amalga oshiradilar, to'g'rimi?
- Men aniqroq anglab olishim kerak.
- <...> Menga ayt-chi, �Iliada�ning boshlanishi, Xrisning Agamemnondan qizini ozod qilishni so'ragani, Agamemnonning darg'azab bo'lganiyu maqsadiga yetolmagan Xrisning xudodan axeyaliklarni jazolashni tilagani haqida gapirgan o'rinlarni bilasanmi?
- Ha, bilaman.
- Demak, u holda bu o'rinlarni:
barcha axeyaliklarga iltijo qildi u,
Ayniqsa, qudratli Atridlar - axeya qo'shini ustunlariga
misralari bilan tugatarkan, shoir faqat o'z tilidan gapirayotgani, bizning xayolimizda go'yo bu o'rinda o'zi emas, kimdir birov gapirayotgandek tasavvur hosil qilishga intilmayotganini ham bilasan. Bundan keyin esa u shunday gapiradiki, go'yo uning o'zi - Xris; shoir bizni imkon qadar bu gaplarni o'zi - Gomer emas, keksa kohin gapirayotir deb tasavvur qildirmoqqa harakat qiladi. Hikoyaning qolgan qismini ham shoir - voqyealar xoh Ilionda, xoh Itaka va xoh �Odisseya�da tasvirlangan boshqa joylarda kechayotgan bo'lsin - xuddi shu yo'sin davom ettiradi.
- Albatta-da.
- Shunaqa ekan, shoir o'zgalarning nutqini keltirsa ham, orada o'z tilidan gapirsa ham, bu hammasi baribir hikoya bo'lib qolaveradimi?
- Bo'lmasam-chi?
- Biroq shoir o'zga shaxs nomidan qandaydir nutq keltirsa, biz u o'z nutqini o'sha, hozir gapirishi haqida biz ogohlantirilgan shaxs nutqiga iloji boricha o'xshatmoqda, demaymizmi?
- Ha, shunday deymiz.
- O'zingni qiyofa va yo nutqda boshqa odamga o'xshatish, aslida, o'sha o'xshatilayotgan odamga taqlid qilish degani emasmi?
- Xo'sh, keyin-chi?
- Shunaqa ekan, chamasi, Gomer ham, boshqa shoirlar ham taqlid vositasida hikoya qilar ekanlar.
- Albatta.
- Agar shoir asarning hyech bir joyida o'zini yashirmaganida, uning butun ijodi ham, hikoyasi ham taqlidga tamom begona bo'lur edi. <...> Mabodo Xrisning kelgani, qizi uchun tovon keltirgani va axeyaliklarga, ayniqsa, ularning podsholariga iltijo qilayotganini aytgach, Gomer hikoyasini, go'yo Xrisga aylanib qolgandek gapirmasdan, hamon Gomerligicha qolib davom ettirganida, tushunyapsanmi, bu taqlid emas, balki oddiy hikoya bo'lur edi. <...>
- Tushunaman.
- Endi tushunsang kerakki, buning tamom aksi ham bo'lishi mumkin: buning uchun o'zgalar nutqi orasidan shoir o'z tilidan aytganlarni chiqarib, faqat o'zgalar suhbati qoldirilsa kifoya.
- Buni ham tushunyapman - tragediyalarda shunday bo'ladi.
- Fikrimni to'g'ri fahmlading, o'ylashimcha, avvalroq tushuntira olmagan narsani endi anglata oldim: poeziya va mif yaratishning bir turi to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, o'zing aytganingdek, tragediya va komediya; boshqa bir turi shoir o'zi aytgan gaplardan iborat - buni difiramblarda ko'rish mumkin; epik poeziya va boshqa ko'p turlarda - bu ikki usul qorishiq keladi <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.173-176
San'at eydosga taqlidning taqlidi sifatida
- Istaysanmi, shu yerdan muhokamani o'zimizning odatdagi usulimiz bilan boshlaymiz: bir nom bilan ataladigan ko'plab narsalarni biz odatda bitta turga mansub etamiz. Tushunyapsanmi?
- Tushunyapman.
- Endi istalgan bir ko'plikni olib qaraylik. Senga ma'qul bo'lsa, masalan, dunyoda krovat va stollar juda ko'p...
- Albatta.
- Lekin bu predmetlarning g'oyasi (eydos) bor yo'g'i ikkita - biri stol uchun, ikkinchisi krovat uchun.
- Shunday.
- Odatda biz g'oyaga qarab turib usta u yoki bu narsani yasayapti deymiz: birov bizga kerak bo'lgan krovat yasaydi, boshqasi stol, - boshqa barcha hollarda ham shuning o'zi. Biroq ustalarning hyech bittasi g'oyaning o'zini yaratmaydi. Yo usta bu ishni uddalay oladimi?
- Hyech iloji yo'q.
- Qani aytchi, mana bunday odamni ham usta deb ataysanmi...
- Qanday odamni?
- Qaysiki, hunarmandlarning har biri alohida holda yasayotgan barcha narsalarning yaratuvchisini.
- Sen noyob mahorat egasi bo'lgan odam haqida gapirayotirsan.
- Bunisi hali nima ham bo'pti! Mana, ehtimol, nima seni bundan-da ko'proq lol qoldirar: o'sha usta har turli narsalarni yasashga qodirgina emas, u jamiki narsa - yerdan unganki o'simliklar, jami tirik mavjudot, jumladan, o'zini ham, zamin, osmon va xudolarni, yeru osmon, shuningdek, Aidda mavjud narsalarning barini yaratadi.
- Sen favqulodda, hayratlanarli darajada mohir odamni aytayotirsan.
- Ishonmayapsan-a? Ayt-chi, seningcha, bunaqa ustalar umuman bo'lmaydimi yo nimadir qilib, yagona bir usul qo'llab bu narsalarning yaratuvchisiga aylanish mumkinmi? Nahot fahmlamayotgan bo'lsang, axir, sen o'zing ham buni qaysidir yo'sinda amalga oshirishga qodirsan?
- Qay yo'sinda?
- Bu ish uncha qiyin emas, u tez-tez va ko'p amalga oshirib turiladi. Tezroq amin bo'lmoqchi bo'lsang, qo'lingga ko'zguni ol-da, chor tarafga aylantir - shu on Quyoshni ham, osmondagi boshqa jismlarni ham, yerni, o'zing bilan birga boshqa maxluqlar va narsalarni ham, o'simliklarni, umuman, hozirgina aytilganlarning barini paydo qila olasan.
- To'g'ri, lekin bu haqiqatda mavjud narsalar emas, faqat ko'rinish bo'ladi.
- Juda soz. Sen muhokama ma'nisiga yaxshi kirib boryapsan. Shunaqa ustalar sirasiga, o'ylaymanki, musavvir ham kiradi. Shunday emasmi?
- Nega kirmasin ekan?
- Ammo, menimcha, sen musavvir, aslida, o'zi yaratayotgan narsani yaratayotgani yo'q deya e'tiroz qilasan, garchi qaysidir ma'noda u ham krovat yaratayotgan bo'lsa-da. Shunday emasmi?
- Ha, axir, u yaratgan narsa faqat ko'rinish.
- Unda duradgor usta-chi? Axir, hozirgina u g'oyani (krovatning g'oyasi), qaysiki, biz haqiqatda krovat deb hisoblagan narsani emas, qandaydir krovatni yasayapti demaganmiding?
- Ha, men shunday dedim.
- Agar u mavjud narsani yasamayotgan ekan, u haqiqatda mavjud narsani emas, faqat unga o'xshash narsani yaratadi. Agar birov duradgor yoki boshqa istalgan hunarmand yasagan mahsulotni haqiqatda mavjud deb hisoblasa, haq bo'lib chiqishi mahol.
- Jilla qursa biz kabi muhokama qilish bilan mashg'ul kishilar bunday fikrda bo'lmas edilar.
- Demak, agar duradgor yasagan mahsulot asliyatning atigi qandaydir xiraroq o'xshashi bo'lsa, biz aslo xayron bo'lmaymiz.
- Aslo.
- Istaysanmi, shundan kelib chiqib bunday taqlidchi qanday bo'lishini anglashga urinib ko'ramiz?
- Marhamat qil.
- Xo'sh, demak, o'sha krovatlar uch xil bo'ladi: birinchisi tabiatning o'zida mavjud bo'lib, biz uni, o'ylashimcha, xudoning ijodi deb tan olgan bo'lardik. Yoki, ehtimol, boshqa birovningmi?
- Yo'q, men o'ylaymanki, faqat Uning.
- Ikkinchisi - duradgorning ijodi.
- Ha.
- Uchinchisi - musavvirning asari, shunday emasmi?

- Shunaqa ham deylik.


- Musavvir, duradgor, xudo - mana shular uch xil krovatning uch nafar yaratuvchilari.
- Ha, ular uch nafar.
- Shunday qilib, xudo o'zi xohlamagani sababli yoki tabiatda bittagina tugallangan krovat bo'lishini taqozo etgan zarurat tufayli faqat bitta krovatnigina yaratdiki, o'sha krovatgina haqiqiy; uning ikkita yoki ko'proq o'xshashi xudo tomonidan yaratilmadi, bas, tabiatda bo'lishi ham mumkin emas.
- Nega endi?
- Negaki, mabodo u jami ikkita krovat yaratganida ham, baribir, ular bitta va aynan o'sha ko'rinishga ega bo'lur edi: u o'sha yagona, haqiqiy krovatligicha qolar, krovatlar ikkita bo'lmas edi. Shuning uchun ham u o'z tabiatiga ko'ra yagona bo'lgan krovatni yaratdi.
- To'g'ri fikr.
- Men o'ylaymanki, xudo buni bilgan holda, aslo qanaqadir bir krovatni yasash yoki krovat yasovchi usta bo'lishni emas, haqiqatda mavjud krovatning haqiqiy yaratuvchisi bo'lishni istadi.
- Shunaqaga o'xshaydi.
- Istaysanmi, biz uni shu narsaning yaratuvchisi yoki shunga o'xshash bir nom bilan ataymiz?
- Ha, bu adolatli bo'lur edi, chunki shu narsani ham, boshqa barcha narsalarni ham tabiatga muvofiq holda yaratgan uning o'zidir.
- Duradgorni-chi, uni nima deb atasak bo'ladi? Krovat yasovchi usta debmi?
- Ha.
- Musavvir-chi - uni ham shu narsalarning yaratuvchisi yo ustasi deymizmi?

- Aslo.
- Unday bo'lsa, shu jihatdan musavvir kim, sen nima deysan?


- Mening nazarimda, unga eng munosib nom mana bu: musavvir ustalarning asarlariga taqlid qiluvchidir.
- Yaxshi. Demak, sen taqlidchi deb mohiyatdan uch o'rin nari turuvchi asarlar yaratayotgan odamni atayapsan?
- Albatta.
- Demak, tragediya yaratuvchisi ham shunday: modomiki u ham taqlidchi ekan, tabiiyki, u ham shoh va haqiqatdan uch o'rin narida turadi; boshqa barcha taqlidchilar ham xuddi shunday.
- Balki.
- Shunday qilib, taqlidchilar masalasida sen bilan kelishib oldik. Musavvir masalasida menga yana shuni ayt-chi: seningcha u tabiatda mavjud narsalarni aks ettirishga harakat qiladimi yo ustalar yasagan narsalarga taqlid qiladimi?
- Ustalar yasagan narsalarga.
- O'sha narsalar aslida qanday bo'lsa shundayligichami yo ularning o'ziga ko'rinayotgan holichami?
- O'zing buni qanday tushunasan?
- Mana bunday: karavot, agar unga ro'paradan, yonboshdan yo boshqa qay bir tarafdan qaralsa, o'z-o'zidan farqlanadimi yo bu yerda hyech qanday farq yo'g'-u, faqat bizga boshqacha bo'lib tuyulyaptimi? Xuddi shu narsa boshqa har qanday narsada ham bo'ladimi?
- Ha, xuddi shunday bo'ladi. U faqat boshqacha bo'lib tuyuladi xolos, aslida bu yerda hyech qanday farq yo'q.
- Sen mana shu narsani mushohada qilib ko'r. Musavvir har gal o'z oldiga qanday vazifani qo'yadi? U haqiqiy mavjudlikni aks ettirishga intiladimi yo faqat ko'rinishnimi? Boshqacha aytsak, rangtasvir soyalarni aks ettirishmi yo voqyelikni?
- Soyalarni.
- Demak, taqlidiy san'atlar voqyelikdan uzoq. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.422-425
Shoir haqiqiy voqyelikni emas, soyalarni aks ettiradi.


<...> Gomerdan boshlab shoirlarning hammasi ezgulik va boshqa barcha narsalarning soyasini aks ettiradilar, ular uchun ijodning predmeti shugina bo'lib, haqiqatga teginmaydilar? Bu hozirgina biz keltirgan misolda ko'rganimiz kabi: musavvir bizga haqiqiy bo'lib ko'rinadigan etikdo'zni tasvirlaydi, holbuki, o'sha musavvir etikdo'zlik ishida hyech vaqoni tushunmaydi; uning chizgan suratini tomosha qiluvchilar ham shunga o'xshash - ular faqat ranglar va chizgilarga qarabgina hukm yuritadilar.
- Albatta.
- Xuddi shu gapni, men o'ylaymanki, shoirlar haqida ham ayta olamiz: shoir turfa so'zlar va iboralar vositasida, garchi o'zi bu borada hyech narsa bilmasa va faqat taqlid qilishgagina qobil bo'lsa-da, u yoki bu kasb-koru san'atlarning nozikliklarini shunday tasvirlaydiki, u ishlatgan so'zlar ta'siridagi boshqa, o'zi singari bu masalada tamom g'ofil kishilarga juda ham yaxshi aytilgandek tuyulaveradi; buning allaqanday tabiiy jozibasi shunchalar kuchliki, shoir mavzun va ravon she'r bilan etikdo'zlik haqida so'zladimi, harbiy yurishlar va yo har qanday boshqa narsa haqidami - ahamiyatsiz. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.428-429
Taqlidiy poeziya fe'l-xuyni buzadi
va shu bois davlatdan quvilishi kerak.
- Biroq biz hali poeziga eng katta ayblovimizni qo'yganimizcha yo'q: uning butun dahshati shundaki, poeziya hatto haqiqiy insonlarni ham aynitishga qodir, bundan faqat kamdan kam kishilargina mustasnodir. <...> biz, hatto bizlarning eng yaxshilarimiz ham, Gomer yoki boshqa bir tragediya ijodkori qahramonning g'am-anduhga cho'mgan, oh-vohu shikoyatlarga to'liq nutq irod qilayotganini tasvirlaganida, boshqalarni esa shunga monand jon-jahdi bilan ko'ksilariga mushtlab kuylashga majbur qilganida, o'zingga ma'lum, ko'nglimizda huzur his qilamiz, shu taassurotga berilib ketib, qahramonni uning iztiroblariga sherik bo'lgan holda kuzatamiz va u kabi hamma narsani jiddiy qabul qilamiz. Biz o'zimizni imkon qadar shunday holatga sololgan ijodkorni maqtaymiz, yaxshi shoir deb ataymiz. <...> E'tibor qilganmisan, kun kelib birortamizning boshimizga kulfat tushganida biz buning tamom aksi - har qanday holatda xotirjamlikni saqlay olishimiz, hislarimizni mahkam jilovlay bilishimiz bilan maqtanamiz? Axir, aslida er kishining fazilati ham - shu, haligina maqtaganimiz esa ayollarga xos xususiyat edi. <...> Shunday ekan, modomiki biz qahramonning tasvirlangan holatiga tushishni istamasak va buni hatto uyatli deb bilsag-u, o'sha holat bizda jirkanish hosil qilish o'rniga ko'nglimizga huzur baxsh etsa va maqtovlarga sabab bo'lsa, bizning maqtovlarimiz yaxshi va o'rinli bo'la oladimi? <...> Men o'ylaymanki, o'zgalarning iztirobu kechinmalari biz uchun beshak yuqumli: ularga nisbatan ko'nglimizda kuchli shafqat qo'zg'alsa, uni o'zimiz iztirobga tushgan hollarda jilovlashimiz juda qiyin bo'ladi; buni kamdan kam kishilar biladi, nazarda tutadi. <...> U ishq rohati bo'ladimi yo g'azab, ko'nglimizning boshqa turfa mayllari, o'zimiz aytgandek, bizning har bir harakatimizga ergashib keluvchi qayg'u yo huzur bo'ladimi - bularning bari bizda poetik taqlidni vujudga keltiradi. Taqlid esa bularning barini oziqlantiradi, qurib bitgani ma'qul bo'lgan narsalarni sug'oradi, ularning bizning ustimizdan hokimligini o'rnatadi; holbuki, yomonroq va baxtsizroq emas, yaxshiroq va baxtliroq bo'lish uchun bu hislarni o'zimizga tobe' tutishimiz lozim edi. <...>
Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.435-437


Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling