G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar
Download 0.55 Mb.
|
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org
Kvint Goratsiy FlakkPizonlarga1 bag'ishlov (she'riy asarning birligi va butunligi) Agarda rassom insonning boshiga ot engsasini ulasa edi va turli a'zolar quramasini ola-bula patlar bilan bezasa edi yoki go'zal xotin badanini qora baliq shakli bilan tamomlagan bo'lsa edi, - buni ko'rgan vaqtda, do'stlarim, siz qahqahadan o'zingizni tuta bilarmidingiz? Ishoning, Pizonlar, bunday surat shunday bir kitobga o'xshaydiki, unda bir-biriga qovushmagan xayollar, kasal odamning tushi kabi, shu qadar poyma-poydirki, oyoq bilan bosh bir butun vujud tashkil qila olmaydi2. "Rassomlarga, shuningdek shoirlarga ham har nimaga urinib ko'rishga azaldan to'la huquq berilgan", derlar. Bilamiz bu gaplarni! Bu erkinlikni so'rashga va berishga biz rozimiz. Lekin vahshiy maxluq bilan beozor maxluq og'iz-burun o'pishuvi uchun emas, qushlar bilan ilonlar, sherlar bilan qo'ylar birikuvi uchun emas. Muhim va ko'p narsa va'da qiluvchi bir boshlang'ichdan keyin aksar vaqt ko'proq porloqlik berish uchun asarga rangdor quroqlarmi boshqa narsami yopishtiriladi, og'ochzorning ko'lkasinimi, Diananing mehrobimi3 va go'zal dalalar og'ushida oqqan anhorning buralishlarini yoki Reyn daryosini, yo bo'lmasa, ko'kda ko'ringan kamalakni bizga tavsiflab berishga boshlaydilar. Lekin bu narsa bu yerda joyiga tushmagan bo'ladi. Sen ehtimol, sarlavhalarni yozishga ustadirsan? Ammo bunda daryoda g'arq bo'lganlar tasvirlanar ekan, haybarakallachilarning nima daxli bor? qo'shquloq yasamoqchi bo'lding, kulolchilik charxini aylantirding - nimaga tuvak chiqib qoldi? Bir so'z bilan aytganda, nima qilishni fikrlagan bo'lsang, u vohid - butun bo'lsin4. Ota-bola Pizonlar, aksar vaqt bizni - shoirlarni, haqiqat sarobi halok qiladi, qisqa so'zlashga qancha tirishmasin, borgan sari anglashilmas bo'layotirman; ba'zi odam yengil bo'lishga tirishib, kuchni va ruhni yo'qotadi, manavi esa, ulug'vor bo'lishga urinib, sun'iy - tumtaroqli bo'lib qolgan; bo'rondan qo'rquvchi tuproqda g'oyat ehtiyot bo'lib surgaladi, kimki oddiy-anchayin narsani bezash bilan ajoyib qilmoqchi bo'lsa, u o'rmonda delfinni, dengiz o'rtasida yovvoyi cho'chqani yozadi... Yozuvchilar! O'z kuchingizga mos keladigan mavzularni tanlang va yelkangiz nimani ko'tarmaydi, nimani ko'tara oladi, buni juda diqqat bilan tortib-o'lchab ko'ring. Kimki o'z holi qudratiga yarasha ishni tanlagan bo'lsa, bunda har vaqt ifoda - so'z yetarli bo'ladi va tartib ham ochiqlik bo'ladi. Tartibning quvvati ham husn � bu yerda nima aytish lozim esa uni xuddi mana shu yerda aytishdadir (yoki men xato qilamanmi?). (So'zlarni va ifodalarni tanlash) Sen so'zlarni mohir, aniq qo'shib, go'zal taqqoslab, ma'lum bir so'zga yangilik bera bilsang, u vaqt yoqishing mumkin. Lekin yangi tushuncha uchun biron yangi so'zga zaruriyat sezilsa hamda qadim shoirlarda eshitilmagan biron gap matlub bo'lsa, mutavoze ravishda kiritmoq lozim79. Endigina kiritilgan yangi so'zlarda, grek ruhi biroz o'zgarilsa, ular haq qozonadi. Plavt bilan Setsiliyga6 imkon berib, nimaga Variy7 yoki Vergiliyga8 rad qiladi rimlik? Kamtarlik bilan ishlayin-da, men yana marhamat ko'rmay? Otalarning so'zini Katon9, Enniy10 tili boyitdi, buyumlarga yangi-yangi ismlar topib qo'shishdi. Zamonasining tamg'asida zarb urib, yangi so'zlar kiritishga haq berilgan, yana berilajakdir. Yil o'tishi bilan o'rmon barglari o'zgaradi, eski barglar to'kiladi,- eskirgan so'zlar shunday halok bo'lar, yangilari yigitday ko'rkam gullaydi. Biz ham, bizning bor narsamiz ham o'limga mahkum erur... Eskirgan ko'p so'zlar yana tiriladi, boshqalar � odat istasa,- bukun hurmat ko'rgan so'zlar o'lar: til qonunining, qoidasining buyuk sudyasi odatdir. (Merosdan foydalanish) Umumiy narsani o'zingga mos bir shaklda ifodalash qiyindir; Hyech kim eshitmagan va bilmagan narsani ilk marta to'qib chiqarishdan ko'ra, sen Iliadaning11 qo'shig'ini katta muvafaqqiyat bilan pardalarga bo'la olasan. Agarda yuzaki va tuban doirada aylanib qolmasang12, agarda tarjimon kabi so'zma-so'z ko'chirmasang, oyoqlaringni tortib olishga yo nomus, yoki asarning ma'nosi imkon bermaydigan bir razolatga botmasang, u vaqt umumga ma'lum bo'lgan narsa sening moling � ne'mating bo'lib qoladi. (Dramatik personajning xarakteri uning yoshi bilan uyg'un bo'lishi haqida) Istasangki, har pardaning yuksalishin kutsin tomoshabinlar Va o'tirsin to qo'shiqchi "olqishlangiz", deb turarkan ularga, Sen har yoshga maxsus bo'lgan odatlarni qayd etishing kerakdir. Yosh choqlar ham yetuk choqlar ifodasin saqlashing kerak bo'lur. Tetik qadam bosa bilgan va so'zlarni ayta bilgan yosh bola O'z tenglari bilan birga o'ynamoqni istar, lekin bir damda Goh qizishlar, goh qarabsan, sokinlashar, har soatda o'zgarar. Soqol murtsiz bir o'spirin nazoratsiz qoldimi, bas, u endi Otlarni ham kuchuklarni, yorqin, go'zal Mars maydonin13 sevadi. Yomon yo'lga mumday yumshoq, to'g'ri yo'lga da'vatlarga o'jardir. Foydalikni kech ko'radi; aqchalarni yuboradi sovurib, U qaynoqdir, kekkaygandir, nima sevsa, uni oson tark etar, Bunga tamom teskaridir erkak ruhi ham uning yetuk yoshi, Keyinchalik o'zgartirish og'ir bo'lgan har narsadan u qochar, Boylik, hurmat, tanish-bilish qidirishga majbur qiladi uni. Chol atrofin qurshab olar ko'p mashaqqat; sababi: Yo u boylik qidiradi, topgach uni, qo'l tegizishga qo'rqar, Yo bo'lmasa, har bir ishni qo'rqa-pisa va qiziqmay boshqarar. Kelgusida bo'lar, deya, har bir ishni ketga suraverdi. U zabardast va inodchi; u o'z yoshlik choqlarini, o'tmishni Maqtaydi-da, so'ngra zamon yoshlarini tekshirar, hukm qilar, O'zi bilan ko'p qulaylik keltiradi jarayonida yillar, Ko'p narsani olib kelar qaytishida; chol rolini yigitchaga Yoki bola rollarini yetuk erga taqib qo'ymaslik uchun Biz hamisha har bir yoshga uyg'un bo'lgan rol beraylik. (Greklardan ta'lim olish) Kecha kunduz qo'ldan aslo qo'ymayin Greklarning ijodlarin o'rganishga tirishingiz... (Shakl ham mundarija) To'g'ri yozmoq istaysanmi � chalish to'g'ri fikr etishga: Suqrot14 maktabi senga tushuntirar bu narsani, Mavzu yaxshi o'ylanilsa, so'zlar o'zi oqaverar. Vataniga va do'stiga nisbatan o'z burchini kim Idrok qilsa; otasini, qardoshini va mehmonni qanday sevmoq lozimligin bilsa, senat vazifasi, Sudya ishi va urushga ketayotgan qo'mondonning Vazifasi nimalardir,- kimki idrok qilsa buni, U, shubhasiz, har bir rolga loyiq obraz bera bilar, Men aqlli taqlidchiga shunday kengash berardim: Urf-odatga va hayotga qara, undan jonli so'z ol! Ba'zi joyi go'zal, to'g'ri, lekin asl nafosatdan Mahrum, kuchsiz va san'atsiz oddiy turmush asarlari Tamtaroqli va bema'ni puch she'rlarga qaraganda, Xalqni ko'proq maftun qilar va yaxshiroq jalb etar. Mangu shonga15 intilgani uchun ilhom, ijodiy ruh Greklarga bag'ishladi go'zal, o'tkir, salmoqli nutq... (Chinakam shoirning obrazi) Kim o'yinga mohir emas, kim otmaydi Mars dalada na lapta, Na to'p, na disk, atrofini qalin qurshab olgan tomoshabinlar Birdan uning ahvoliga haqli kulgi yog'dirmasin yana deb; Ammo yana shunday she'r yozishga kirishadi nimaga16 Yozmasin u? U ozoddir hamda yaxshi oiladan va hatto E'tiborli suvoriydir, bekami ko'st u xususiy hayotda. Sen hyech nima qilolmaysan Minervadan17 beixtiyor, aytmaysan. Bunga kafil aqling, zavqing. Lekin yozmoq uchun jazm qilsang sen. U mahalda sen Metsiyning18 sezgilarin sudya qilib saylagil19 Murojaat qil otanga, yana menga; yozgan narsalaringni To'qqiz yilcha yashirib qo'y; nashr etguncha tuzatishlik qulaydir. Butun halqqa e'lon bo'lgan so'zni esa hyech qaytarib bo'lmaydi. Go'zal she'rni tabiatmi yoki san'at yaratadi, bu hali Masaladir. Va lekin men bilmaymanki, agar talant bo'lmasa, Biron narsa yaratishga fan qodirmi yoki talant san'atsiz? Ikkisi ham bir-birini chaqirishib, bo'lishadi ko'p inoq, Kim marraga20 ilk yetigsa tayyorlansa, bolalikdan boshlab u Hormay tolmay yuk ko'targan, terlab-pishgan, sovuq yegan, ishlagan, Lazzat nima, sharob nima � hyech bilmagan; kimki ilhom nayiga Berilibdi � dastavval u muallimda ta'lim ko'rgan, o'qigan; Kifoyadir bugun aytish: "Men ajoyib, go'zal qo'shiq to'qiyman. Qoloqlarni zillat bossin, uyalaman eng keyingi bo'lishdan Yoki o'zim o'qimagan narsalarni bilmasligim tonmoqdan". (Shoir va tanqid) Olomonni mol olishga jarchi chaqirgan kabi, No'noq shoir jalb etadi maqtovchilarni shunday, Agar yer-suv, o'sib turgan kapitalga boy bo'lsa u. Loaqal u ko'ngil tortar ziyofatlar berishga, Kambag'al-chun kafil bo'lish yoki suddan qo'llashga Qobil bo'lsa, tang qolardim agar shunday baxtiyor, Chin do'stlarni ayra bilsa qalbakilardan oz-moz. Sen birovga sovg'a bersang yoki bermoqchi bo'lsang, Sen shu vaqtda she'rlaringni unga o'qib bermagil: U shodlanib qichqiradi: "A'lo! Go'zal! Ko'p nafis!" Hatto birdan rangi o'chib, mehrli ko'zlaridan Yosh to'kadi, dik uradi, shavqdan yerni tepadi. O'likning tepasida faryod-fig'on qilish uchun Yollanganlar singari, balki ulardan ko'proq Ingraydilar, so'zlaydilar g'oyat xazin so'zlarni, Masxarachi maqtovchidan chindan ko'proq mutaassir. Qadahlarni tuta berib qiynash boylarda odat, Shaxs do'stlikka loyiqmi-yo'q, ular buni may bilan Sinamoqchi bo'lishadi. She'r to'qisang agarda, Tulki teri yopingan maqtovlardan cho'chigil. Kvintilga21 she'r o'qisalar: "Do'stim,- deydi u,- Buni, mana buni tuzat", desang ikki-uch martaba Urinsam-da eplolmadim; u der: "Bo'lmasa o'chir, Sandonda ezilmagan she'rni tuzatish uchun". Inod qilsang, o'z xatongni tuzatmasga tirishsang, U vaqtda u behudaga so'z sotib o'tirmaydi, O'z farzanding, o'zing yolg'iz sevaber, deb topshirar. Ham she'rlarni qabul etmas vijdonli, ongli cudya, Dag'alini chiqit qilar, qorishiq bayt ostiga Qora tortar, takabburlik pardozlarin kesib tashlar; Mug'loq she'rni ravshanlashga majbur etar; yo'l qo'ymas Tutal gapga; o'zgartishga tegish joyni qayd etadi.- Qisqasi, u Aristarxdir22, demas: "Nechun ranjitay Do'stni ikir-chikir bilan? Lekin bu ikir-chikir Falokatga sudrar, yomon deyilsa va kulinsa gar. Naq quturgan yo saramas kasaliga mubtalo, Yo qo'tirga, yoki ruhiy xastadan qochgan kabi Har kim qochar, har ongli shaxs hurkar tentak shoirdan, Orqasidan yugurishib tinchlik bermas bolalar". Izohlar: 1. Pizonlar - bu yerda aristokrat Pizon va uning ikki o'g'li ko'zda tutiladi. O'g'illarning kattasi endigina drama yoza boshlagan edi. Goratsiy ana shunga xat yozib yubordi. 2. Qila olmaydi - Goratsiy bu yerda, o'z asarlarining kompozitsiyasining yaxshi chiqishiga e'tibor bermaydigan shoirlarni ko'zda tutadi. 3. Diana - qadimgi rimliklarda yorug'lik va tabiat ma'budasi. 4. Bo'lsin - birlik, butunlik, garmoniylik va undan keyin mutanosiblik - antik dunyo san'atining asoslaridir. 5. Kiritmoq lozim - Goratsiy bu yerda arxaist shoirlar bilan-ular ehtimol konservativ nasabdor aristokratlar namoyandasi bo'lsalar kerak-munozara qiladi; arxaist shoirlar: faqat qadimgi rim shoirlarigagina ergashish kerak. Gretsiyadan hyech qanday yangilik olish kerak emas, der edilar. 6. Setsiliy - Rim dramaturgi, Plavtning kichik zamondoshi bo'lib, komediyalar yozgan. 7. Variy - Rim shoiri, Goratsiyning zamondoshi. 8. Vergiliy - mashhur Rim shoiri. 9. Katon - miloddan ilgarigi hisobning III-II asrida yashagan Rim oratori va yozuvchisi. 10. Enniy - miloddan ilgarigi hisobning III-II asrida yashagan Rim shoiri. 11. "Iliada" - mashhur afsonaviy grek shoiri Gomerning dostoni. 12. Qolmasang - ya'ni odamlar yurib yanchgan yo'ldan ketmay, balki yangi, original yo'llar topib, ustalik bilan undan foydalansang, demoqchi. 13. Mars maydoni - Rimda turli musobaqa o'yinlari bajariladigan maydon. 14. Sokrat - miloddan ilgarigi V asrda yashagan mashhur grek filosofi. 15. Mangu shon - keyingi misralarda, greklarda bo'lgan chin ko'ngildan oldinga intilishni rimliklarda bo'lgan praktitsizmga va ichiqoralikka qarshi qo'yadi. 16. Kirishadi - Goratsiy boshqa bir yerda she'r yozish qo'lidan kelsa-kelmasa urinadigan kishilardan shikoyat qiladi. 17. Minerva (yoki Afina-Pallada) - Zevsning onasiz tug'ilgan qizi Gefest Zevsning boshiga oybolta bilan urganda, boshi yorilib, Afina-Pallada (Minerva) sakrab chiqqan. 18. Metsiy-qadimgi Rimning adabiy tanqidchilaridan biri. 19. Saylagil - Goratsiy Pizonning katta o'g'liga murojaat qiladi. 20. Marraga - ya'ni chopish musobaqasida yutib chiqish. 21. Kvintiliy Var-Goratsiyning do'sti. 22. Aristarx - grek tanqidchisi va Gomer poemalarining redaktori. Oybek. Mukammal asarlar to'plami.-T.,1979 � Mixail Psell Italning sharafiga <...> Axir nutq xillari turfa, nutqqa xos fazilatlarning barini jam etish kamdan kam kishilarga nasib etadi. Shunday ham bo'ladiki, birov aniqlik va soflik payidan bo'ladi-yu, nutqi ajib muhtashamlik kasb etadi; boshqa birovi hashamatga erishadi-yu, aniqlikdan ayri tushadi; birovning nutqi tabiiy jilo bilan jilvalansa, boshqasi sun'iy go'zallikni xush ko'radi. Lisiy nutqi soddaligi bilan xo'b, Isokrat esa nutqini bezaydi. Fukidid nutqi o'ta serhasham, Gerodot nutqida bu narsa yo'q, lekin nafisligi beqiyos. Shuning uchun, agar har jihatdan mukammal ko'rinmasa, Italni ma'zur tutaylik: u o'z ishining ustasi, lekin go'zallik uning izmiga bo'ysunmayotir. U tinglovchi andishasini qilmaydi, uning ochiq-oshkor gaplari yoqimsiz; axir, uning nutqi daromadlardan tarkib topgan, holbuki, qunt bilan sayqallangan nutq notekis, uzuq-yuluq bo'lmasligi kerak. Uning nutqi ko'ngilni shavqqa to'ldirmaydi, biroq fikrlashga, aytilganlarni xotirda tutishga majbur qiladi; bu nutq mahmadanalik bilan yoki huzurlantirish orqali ishontirmaydi, go'zalligi bilan oshuftayu shirinligi bilan maftun etmaydi, balki mushohada kuchi bilan o'ziga tobe etadi. Buning sababini qaysidir bir jihat bilangina bog'lab bo'lmaydi: bu nutqni entimemalar bog'lab turadi, turfa ritorik usullar to'qimasi yuksaltiradi va u o'z-o'ziga qaratilgandir. <...> Biz Platon nutqining go'zalligi va ulug'vorligini bir yo'sin, Ksenofantnikini boshqa bir yo'sin, suqrotchi Esxinnikini tamom boshqa bir yo'sinda maqtaymiz. <...> Mayli, Ital o'ziga xos bo'lish huquqiga ega bo'lsin, menga qolsa, u ham, boshqa barcha shogirdlarim ham o'zlarigagina xos xususiyatlarni saqlab qolsinlar. Sizlar o'ylab topgan yangi so'zlar, irod etgan nutqlar menga manzur. Axir, sizlarni dunyoga keltirgan o'zim, bas, men, sizlarning otangiz, sizdan to'ragan avlodni,- mayli uning boshi yelkasiga qapishgan, qo'li egri, tizzasi chiqqan bo'lsin,- avaylab qabul qilaman, yuvib tarayman, nutqingizga o'zimning doyalik san'atimni tatbiq qilaman <...> <...> Men ham attikalikman, men ham bolaparvarman <...> sizlarni qalb to'lg'oqlarida dunyoga keltirdim va sizlarning lisoniy farzandlaringizni jondek suyaman. Farzandlaringiz o'sib unsinlar, bilaklari kuchga to'lsin. Siz esa men uchun tug'avering. Axir, mukammal bo'lmoq uchun avval tug'ilmoq kerak, tug'ilmagan narsa mukammal bo'lolmaydi. Ayrim asarlarning uslubi haqida Levkippa yoki Xarikliya haqidagi kitoblarni yo boshqa shu kabi ko'ngilochar narsalarni o'qiganlarni, Lemnosli Filostrat yoki Lukian tomonidan ko'ngilxushligi uchun yozilgan quvnoq asarlarni mutolaa qiluvchilar menga uy qurishni poydevorni mustahkamlash, asos qoziqlar qoqish, devor ko'tarib tom yopishdan emas, turfa suratu naqshlar, turli toshlar bilan bezashdan boshlamoqchi bo'lganlarni eslatadi. Ko'pchilik bunday yo'l tutganlar haq deb biladilar. Ayrimlar, mening bilishimcha, jimjimador til bilan hatto mo'jazroq asarlar yozishga ham uringanlar. Bunday asarlarning dastlabki harflaridanoq momaqaldiroq guldurardi, shu bois ham, go'yo yarq etib o'tgan yashindan so'ng bo'lganidek, hammayoq zimistonga aylanadi. Qisqa maktublar va uncha uzun bo'lmagan murojaatlarda bunday til ham yaroqli, zero, bunda nutqning chigal burilishlari yo'q va o'tmasroq didli tinglovchiga turfa rang jimjimalar balki manzur ham bo'lar. Ammo nutq turli burilishlarga uchraydigan va ijodiy kuchni namoyon etish talab qilinadigan jiddiy asarlar va murojaatlarda bundayin jimjimadorlik eshitishga halal beradi. Axir, nutqning zavqlantiruvchi shakllari bilan bir qatorda boshqa shakllari ham mavjud. Muhokamaning ayrim o'rinlarda huzurbaxsh, boshqa bir o'rnida qahrli nutq kerak; ba'zan nutqning jimjimador, ba'zan esa sodda bo'lishi talab etiladi. Goh diqqatingni jamlab aqlingni zo'riqtirishing, goh esa uni tamom bo'sh qo'yib, tinchlantirishingga to'g'ri keladi. So'zni aniq qo'llay olish - oson ish emas <...> Men o'zim ham shunday boshlagan, ilk o'qigan kitoblarimda tonggi shabnamni ham, mushki anbar iforini ham, turfa chechaklarni ham topgan edim. Biroq men ulardan bir narsani - boshlagan ishimning maqsadi tomon dadil odimlashim uchun kuch topolmadim, shu bois ilk qadamlarimdanoq qoqila boshladim. Shunda men boshqa, eng yaxshi va to'g'ri yo'lga burildim <...> Endi men Demosfen, Isokrat, Aristid va Fukididlarning kitoblarini tanladim. Bu ro'yxatga men yana Platon dialoglari, Plutarxning barcha asarlari, notiq Lisiydan va men uchun o'zining aqli va go'zalligi bilan bularning baridan yuksak turuvchi ilohiyotchi Grigoriydan saqlanib qolgan bitiklarni qo'shdim. Men Demosfendan har qanday ishda kerak narsani o'zlashtirdim, undan nutqni qanday qilib yaxshiroq qurish mumkinligini o'rgandim. Isokratdan ifoda aniqligi, qadimiyat nafosati va nutqning sofligini, Aristiddan huzurbaxsh qudratni, epixeremlar to'g'riligini, ko'plab entimemalar bilan ishlashu nutq usullaridan foydalanishni o'zlashtirdim. Fukididdan qanday qilib tilga yangilik kiritishni, fikrni zo'riqtirishni o'rgandim. Men undan go'zallik emas, oqillikni, so'zlarni to'g'ri biriktirish va fikrni turlicha ifodalash yo'llarini topdim. Borki nafosatning tajassumi, fikrning turfa evrilishlariyu uning barcha ohanglarini, menimcha, Plutarxdan topdim. Men uning rivoyasiga xos soddalikdan ham, o'z fikrni turli yo'sinlarda ifodalay olish malakasidan ham zavqlandim. Lisiyning san'ati meni har qanday og'ir holatlarda ham qutqardi. Biroq hammasidan ham ko'proq menga ilohiyot muzasi ko'mak berardi... <...> Agar men o'z asarimda pardali qilib so'zlamoqchi, fikrni ishoralar bilan ifodalamoqchi bo'lsam, bunga meni Fukididning nutqlari o'rgatdi. Agar nutqni shakllantirish uchun san'atkorona usullar kerak bo'lsa, Demosfenning san'ati menga namuna bo'ldi. Isokratning tili predmetni aniq, ichki ziddiyatlarsiz va ma'noni o'zgartirmasdan tushuntirish kerak bo'lgan hollarda juda asqotdi. Platon esa ilohiy, unga taqlid qilish imkondan tashqari. Bir qarasang, Platondagi aniqlikka erishish osonday tuyuladi, aslida esa bu judayam tik bir cho'qqidirki, uni zabt etish benihoya og'ir. Uning asarlarini Lisiy va Fukidid asarlariga qiyoslab, uning ham shulardek yozishini istaganlar, o'ylashimcha, Platonni o'qiganu uqmaganlardir. Agar ezgulik va so'zda yuksak maqomdagi Grigoriy bo'lmaganida, men Platonni barcha faylasufu notiqlar bilan qiyoslab, uning nutqi haqiqatan beqiyos ekanligini tan olgan bo'lur edim. Mazkur eranlar bilan uzoq muloqotda bo'lganimdan so'nggina nutqimga tugal mukammallik bag'ishlash uchun menga tilning yoqimliligi ham kerak bo'ldi. Ana shundagina men nutqimga bezak berish uchun Xarikliya haqidagi qissalarni ham, Levkipp haqidagi qissalarni ham, umuman shu xildagi mavjud bo'lgan kitoblarning barini oldim. O'zimdan aytay, ularning har biridan yaxshi xususiyatlarnigina saylab oldim. Men o'z nutqimga har joydan olingan bezaklarni kiritdim, turli joylardan olingan narsalar mening nutqimda yagona obrazga quyildi. Men asli bittaman, lekin o'zimga ko'pchilikni singdirdim. Bas, qachonki mening kitoblarim o'qilsa, o'sha bitta ko'pchilikka aylanadi Pamyatniki vizantiyskoy literatur� IX-XIV vv.-M.,1969.- S.146-147, 151-153 Download 0.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling