G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar


Download 0.55 Mb.
bet7/18
Sana24.12.2022
Hajmi0.55 Mb.
#1057136
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18
Bog'liq
G\'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar-fayllar.org

Yuliy Sezar Skaliger

Poetika


<...>Nega endi Goratsiy komediyaning poetik asar ekanligiga shubha qiladi?1 U ulug'vor bo'lmagani uchun poeziya doirasidan ixroj qilinayotgan emasmikan? Axir bu bema'nilik-ku. Komediya, mening o'ylashimcha, badiiy asarlarning deyarli eng asl va qadimiysi bo'lsa-yu, qandoq qilib uni bu sirada sanamaslik mumkin? Axir, undagi hamma narsa o'ylab topilgan, u tamom to'qima materiyadan iborat emasmi? Boshqa bir masala: Lukan shoirmi? Albatta. Zero, grammatiklar, o'z odatlariga ko'ra, tuturuqsiz da'vo qilib, Lukanni tarix yozganlikda ayblaydilar2. Faraz qilaylik, bu sof tarix bo'lsin. Biroq, axir, Lukan Liviydan3 farqlanadi, birinchi galda she'riy yo'l bilan yozgani bilan farqlanadiki, bu esa uning shoirligiga dalolat qiladi. Ikkinchidan, epik shoirlarda tarix mazmunning asosi bo'lib xizmat qilishi kimga ma'lum emas? Ular birini yashirib, birini bezabroq tarixga, shubhasiz, o'zgacha qiyofa beradilar va undan poema yaratadilar. Gomer ham, agar xuddi shunday qilmagan bo'lsa, nima qilgan? Yo tragiklar bundan boshqacha yo'l tutadilarmi? Xuddi shunday Lukanda ham ko'p narsalar to'qima: Sezar qarshisida namoyon bo'luvchi Vatan obrazi, narigi dunyodan kelgan soya va shu kabilar4. Bugina emas, Lukan shoir degan nomga munosib emas deganni-ku qo'ying, men bu nomga hatto Liviy ham munosib deb bilaman. Axir, xuddi tragiklar o'zlari tanlagan narsa haqida hikoya qilarkan personajlarni harakatlanish va gapirishga majbur qilgani kabi, Liviy va Fukididlar5 ham (tarixiy shaxslar tilidan - tarj.) shunday gaplarni kiritadilarki, ular nisbat berilayotgan odamlar tomonidan hyech vaqt aytilgan emas. Hatto Aristotelning o'zi, o'ta talabchan turib versifikatorlarni shoir nomidan mahrum etgan bo'lsa-da, bu masalada boshqacha yozadi: hos epoiesen Empedocles deya umuman hyech qanday to'qima yaratmagan Empedoklni poieten6 deb ataydi. Ayrimlar, ular sirasida Plutarx ham bor, poeziya bilan poemani quyidagicha farqlaydilar: poeziya deb katta asarni, poema deb esa kichkina asarni atashadi. Albatta, bu to'g'ri emas. Chunki poema - asarning o'zi, ya'ni, shakllanayotgan materiya. Poeziya esa o'sha poemaning mazmuni va g'oyasidir. Shundayki, bizda fe'lning uchta shaxsidan kelib chiqqan uchta ot bor: poema - pepoiemai, poeziya - pepoiesai, poet - pepoietai fe'llaridan kelib chiqadi, xuddi hairema, hairesis, hairetes7 silsilasi kabi. Demak, �Iliada� - poema, Gomer - poet, Gomer �Margit�ni8 yozishda asoslangan mazmun va g'oya - poeziya. Poetika esa - ilm, ya'ni biz poeziya deb ataydigan narsani yaratishni o'rgatuvchi qoidalar tizimidir. <...> Poetik asarlar esa uch jihatdan: biz nimaga taqlid qilayotganimiz, qanday vositalar bilan taqlid qilayotganimiz va qay yo'sin taqlid qilayotganimizga ko'ra farqlanadi. <...>

<...> Turlar quyidagi tartibda tasniflanadi. Birinchisi oddiy rivoyadir. Lukretsiyning poemasi shunday9. Bu turni yunonlar diegetikon, exgematikon, apodiegematikon10 degan nomlar bilan atashadi. Ikkinchisi komediyalarda bo'lgani kabi suhbatlarda ifodalanadi, yunonlar uni to'la asos bilan dialogetikon11 deb ataganlar, zero, ko'pincha bahs ma'nosini ifodalash uchun ham shu so'zni qo'llaganlar. Chunki dialektos12 so'zi til, nutq ma'nolaridan o'zga ma'noni anglatmaydi. Nutq esa, ilgari aytganimizdek, fikrni o'zgaga yetkazish uchun xizmat qiladi, axir dia, xuddi diapro, diamperes13 so'zlaridagi kabi �o'zgaga yetkazish�, �uzatish� ma'nolarini ifodalaydi. Shuning uchun bir necha kishining, ayrim grammatiklar xato talqin qilganidek ikki kishining emas, suhbati bayon etilgan nasriy nutq dialog deb ataladi. Tit Liviy komediyalarga tatbiqan ularni diverbiyalar14 deb ataydi. Chamasi, Aristotelning tasdiqlashiga ko'ra, dialogning yaratuvchisi Aleksamen Teosli15 bo'lgan. U so'z san'atining mazkur turini ajoyib fikrlari va ilohiy nutqi bilan shuhrat toptirgan. Uni mimga yaqinlashtirgan, mimga xos shaloqlik bilan bulg'agan Lukian16 bo'ladi. Agar avvalida erkin bo'lgan bu nutqni keyinroq vaznga solib pesalar yozilgan bo'lsa, afinalik Kratet uni vazn kishanlaridan qayta ozod qildi va yana vaznsiz pesalar yoza boshladi17. Bu nav dialogetikon o'ziga xos xatti-harakatlarga muvofiq tarzda dramatikon deb nomlandi, zotan, dran doriy tilida �harakat qilmoq� ma'nosini bildiradi. Bu tarz nomlashga ayrim qismlarning aktyorlar tomonidan o'tirgan holda ijro etilishi ham halal bermadi, axir so'z san'atining bu turi o'zining asosiy qismlaridan kelib chiqqan holda nomlandi, bundan tashqari, o'tirishda ham muayyan harakat mavjuddir. Shuning uchun (bu yerda, so'z san'atining bu turida) taqlidni amalga oshiruvchi aktyor paydo bo'ladi, axir bejiz dran deyilmagan. Hatto ayrimlar bu turni, garchi o'zlari taqlid umuman poeziyaning maqsadi ekanligini e'tirof etsalar-da, taqlid qiluvchi tur18 deb atashga ham jur'at qildilar. Qorishiq tur esa shundayki, unda shoir ham hikoya qiladi, ham unga dialoglar kiritadi. Yunonlar uni mikton deb to'g'ri nomlaydilar, koinon deb atashlari esa unchalik to'g'ri emas19. <...>
YETTINChI KITOB

EPINOMIS20



<...> Nimaiki mavjud bo'lsa, u �narsa� so'zi bilan ataladi. Bu narsalarning ayrimlari birlamchi, boshqalari birlamchi narsalarning obrazlaridir. Ho'kiz, odam, eman - birlamchi narsa bo'lsa, ularning suratlari yoki qandaydir boshqa tasvirlari - obrazlardir. Buni teranroq va nozikroq mushohada qilib ko'rsak, ushbu obrazlardan biri to'lasicha san'atga tegishli, ikkinchisiga tabiat egalik qiladi, uchinchisi esa qorishiq, unda san'at tabiatga yangi sifatlarni qo'shgan bo'ladi. Masalan, voqyelikning nomaterial narsalar orqali amalga oshirilgan aks ettirilishi to'laligicha san'atga tegishli, xususan, raqs, chunki unda aks ettirish tana harakati va holati hisobiga amalga oshadi, tabiat unga hyech bir materiya bermaydi; maymun to'laligicha tabiatga tegishli bo'lib, unda odam obrazi aks etgan. Qorishiq taqlid shakllari shundayki, ularda san'at tabiatdan olingan materiyaga qandaydir shakl berib o'ziniki qilib oladi. Bu narsa turli usullarda voqye bo'ladi. Ularning ayrimlari ko'zga ochiq ko'rinadi: rangtasvir, haykaltaroshlik, sangtaroshlik, metallni eritib quyish. Boshqalari esa odatda unchalik oshkor ko'rinmaydi, biroq ular ham oqil kishilar nigohidan chetda qolmaydi. Masalan, agar tabiat otlarni yuk tashish uchun yaratgan bo'lsa, bug'doy yanchgandan so'ng hirmondan somon tashiyotgan dehqon, shubhasiz, otga taqlid qilayotgan bo'ladi. Hatto uyning o'zi ham g'orning o'xshashi sifatida namoyon bo'ladi. Odamlar ilk bor tabiat yaratgan bo'm-bo'sh g'orlarga duch kelib, bu g'orlarning foydasini anglagach, avvaliga o'zlari qoyalarda g'or o'yishga kirishganlar, shundan keyingina xoriyu to'sinlarni o'ylab topganlar. Demak, san'at(hunar)larning aksariyati taqliddan boshqa narsa emas. Etikdo'zlik hunari ham shunday. Jonivorlarga tuyoqlari qanday naf keltirishini fahmlangach, avvaliga daraxt po'stlog'i yo oshlanmagan teridan qo'pol etiklar tikila boshlandi, keyin esa tajriba va mahorat bu qo'pol narsalarga ko'rkam tus berdi. Tikuvchilik hunari barglardan qilingan libosga taqlid qiladi. To'qimachilik esa odamlar o'rgimchakning ishiga razm solib, iplarning to'qilishini o'ylab topganlarida yuzaga keldi. Biroq ayni shu o'rinda bu turdagi san'atlar mohiyatini muhokama qilishimiz nojoiz. Bizni qiziqtirgan masalaga kelsak, bunda, avvalo, har qanday taqlid ma'lum bir maqsad yo'lida amalga oshirilishini tushunmoq zarur. Deylik, qadimgilar shonli ishlar qilgan eranlar xotirasini abadiylashtirish uchun haykallar qo'yarkan, ajdodlar ibrati avlodlarni ham shunday shonli ishlarga ruhlantirsin deya niyat qilganlar. Demak, hyech bir taqlid shunday, taqlid qilishning o'zi uchungina amalga oshirilmas ekan. Axir qilich qilichning o'zi uchun emas, balki uning egasi o'zini mahofazalangan his etishi uchun yasaladi. Modomiki shunday ekan, mutlaqo ravshanki, bizning nutqimiz ham taqliddan boshqa narsa emas. Axir ismlarning o'zi narsalarning belgisidir, narsalarni nomlash ham xuddi shunday amalga oshadi. Har qanday narsa (xudoni istisno qilganda) yo substansiya, yo substansiyaga aloqador, yo substansiyadan kelib chiqadi va yo substansiyaga tomon intiladi( zero, xudo na substansiya, na aksidensiya emas, balki �O'zi�dir). Aksidensiyalar substansiyaga aloqador, substansiyadan bevosita yoki sifat orqali amalga oshuvchi harakat kelib chiqadi va yaralish substansiyasi tomon intiladi21. <...> Demak, mavjud narsalarning bari yo �bu� (hos), yo �shunday� (sic) ekan. Alohida olingan so'zlar �shu�ni, ya'ni nedir mavjud narsani ifodalaydi, masalan �odam� va �oq�; bu ikkisi qo'shilganda �shunday� - �oq odam� ifoda etiladi. Shunday qilib, nutq taqlid orqali voqye bo'luvchi barcha san'atlarning qurolidir. Biroq taqlid qandaydir yagona usul, ba'zan esa hatto moddiy narsa orqaligina amalga oshmaydi. �Eney jang qilmoqda� tarzidagi oddiy xabar berilishi bir narsa, xabarda usul va holatlarning ko'rsatilishi, masalan: shamshir-la qurollanib, otliq holda, jahd bilan, - tamom boshqa narsa. Zero, bunisi endi jang qilayotganning qiyofasi, harakatning o'zigina emas. Shunday qilib, harakat tarzi, joy tavsifi, vaqt, his-tuyg'ular, nutq va sh.k.lar tasvirni to'liq va jonli qiladi, buning natijasida manzara aniq va nozik bo'lishidan tashqari unda nur va soya, bo'rtiqlik, kuch, ifodaviylik yuzaga keladi. Bularning bari shoir sa'y-harakati bilan yaratiladi, shu bois ham Aristotel shoirning asosiy maqsadini to'lasicha taqlidda ko'radi, taqlid qilish qobiliyati mavjudotlar ichida faqat insongagina xos deb biladi. Bu da'vosida qattiq turib (bir marta aytgach, bu fikrni qayta-qayta takrorlaydi) olib, u bizni ikkita puch xulosaga olib keladi. Birinchisi, u umuman poeziyanigina emas, epopeya janrini ham Sofronning mimlari va Teosli Aleksamenning nasrda yozilgan falsafiy dialoglarini ham birlashtirib yubordi22. Ikkinchisi, u Gerodotning tarixi she'riy yo'lda yozilgan holda ham baribir tarix bo'lib qolaveradi deganida ko'rinadi. Bu da'volarning birinchisi shu darajada puchki, unga ko'ra epos prozaik nutq janri bo'lib qoladi. Tarix masalasida ham tamom o'zgacha hol kuzatiladi, chunki bu holda u tarix emas, balki tarixiy poeziya bo'ladi. Axir poeziyaning maqsadi taqlid qilish emas, balki zavqlantirgan holda o'git berishdirki, bundan aqllaru qalblar to'g'ri yo'nalish oladi va natijada inson saodat deb ataluvchi mukammal bir holatga erishadi. Agar poeziyaning maqsadi taqlid qilishning o'zigina bo'lganida edi, unda har nega taqlid qilganki odam bor shoir bo'lib chiqar edi: dialoglardagi Suqrot ham, notiq ham, �Davlat�dagi, ya'ni o'zi shoirlarni haydayotgan Platon ham shoir23; hatto bozorda o'z tilidan xo'jayini buyruqlarini bayon qilayotgan gumashta ham shoir. Bugina emas, (mazkur yondashuvda) epik shoir biron bir personajni tasvirlaganida shoiru, o'zi gapirganida shoir emas (bo'lib chiqadi)24. Xuddi shunga o'xshash, �Iliada� - poema, chunki unda to'qima qahramonlar harakat qiladi, ayni paytda, u Gomer shaxsiyatini ifodalagani uchun poema bo'lmasligi kerak. Buning ustiga ko'plab she'riy janrlar mavjudki, ulardan hyech biri bu ta'rifga mos kelmaydi: lirika, skoliya, pean, elegiya, satira, silva, epitalama, gimn va boshqalar25, - ularda taqlid umuman mavjud emas, ular faqat sof epangelia, ya'ni yaratilgan obrazlar emas kuylovchining o'z qalbidan chiqayotgan hislar haqidagi �xabar� yoki shularning ifodasidan iboratdir. Xo'sh, uning (Aristotel - tarj.) Empedoklni shoir nomidan judo qilishiga kelsak, bunisi endi mutlaqo noto'g'ri. Axir uning o'zi Empedokl haqida so'zlay turib �yaratmoq� so'zini ishlatadi: hos epoiesen Empedocles. Xuddi shunga monand, Pifagor, Solon, Fokilid, Feognid, Parmenid, Nikandr, Arat, Oppianlar ham axloqchi shoirlar, tabiatshunos shoirlar, ilohiyotchi shoirlardir26. Agar kimdir Gerodotning totli hikoyalarini she'riy yo'lda bayon etganida, u tarixchi shoir bo'lib qolur edi. Shuning uchun ham tan olmoq kerakki, shoirning maqsadi - zavqlantirgan holda ta'lim berishdir. Poeziya siyosatning bir juzvini tashkil qilib, siyosiy faoliyat bilan o'ziga xos aloqada bo'ladi, zero, qonun amrlari, notiq va hukmdorlarning xalqqa murojaatlari - bularning bari poeziya tufayli ma'lum go'zallik va joziba kasb etib, fuqarolarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu sababli ham go'yo poeziya sofistikaga qarindosh, shoirning vazifasi yolg'onga zeb berishdangina iborat qabilidagi da'vo noto'g'ridir27. Zero to'qima kechroq paydo bo'lgan va poeziyaning o'zi bilan bir vaqtda tug'ilgan haqiqatga qo'shilgan. Axir avvaliga komediyalarda aslida qanday voqye bo'lgani va aytilganiga mos bo'lgan yolg'iz chin haqiqat gapirilgan. So'ng esa to'qima voqyealar hikoya qilina boshlandiki, ular haqida ilgari hyech narsa eshitmagan tomoshabinlarga o'zining yangiligi bilan ko'proq manzur bo'ldi, bu ma'qullash to'qima bilan aldov uchun sahnaga yo'l ochdi. Bundan kam bo'lmagan xatoga nutq mohiyatan zaruriy haqiqatni ifodalaydi deb yozganlarida ham yo'l qo'yadilar. Axir, modomiki har qanday narsa ham zaruriy emas, nutq esa har qanday narsani ifodalar ekan, demak, har qanday nutq ham zaruriy bo'lmaydi. Haqiqat, avval aytganimizdek, boshqa joyda, narsa - tushunchaning ifodasi va har bir narsa ortida aniq tushuncha mavjud. Demak, nutqning xos funksiyasi ifodalashdir. Biroq har qanday raqam juft sonni ifodalamaganidek, har qanday nutq ham zaruriy narsani ifodalashi lozim emas. Shuningdek, ayrimlarning poeziya g'oyasini, komediyani mazmunan tuban bo'lganligi uchun poetik asar sifatida tan olishga noloyiq deb hisoblovchilar qilgani kabi, amallar ulug'vorligidan keltirib chiqarishga urinishi ham bekor. O'z o'rnida biz bu xatolikni inkor qildik. Shunday qilib, quyidagicha xulosa qilish lozim. Poeziya taqliddan yuzaga kelmaydi, zero har qanday poetik asar ham taqlid emas; har qanday taqlid qiluvchi ham shoir emas. Shuningdek, to'qima yo aldovdan ham emas, zero, poeziya aldamaydi yoki aldasa ham doim emas; aks holda poeziya bilan poeziya emasning farqi qolmaydi. Nihoyat, taqlid har qanday nutqda amalga oshadi, chunki so'zlar narsalarning obrazidir. Shoirning maqsadi esa huzurlantirib ta'lim berishdir.
Izohlar:

1. Qarang: Goratsiy. Poeziya ilmi, 320


2. Skaliger bu o'rinda �grammatiklar� deya kimni nazarda tutganini aytish qiyin. Ehtimol, �grammatik�larga �bepisand� munosabat an'anasi Sekst Empirikka borib taqalsa kerak, u tanqidchini �me'mor�ga, �grammatik�ni esa uning xizmatchisiga o'xshatgan; unga ko'ra, �grammatik� faqat �glossalarni sharhlashi, prosodiyalarni joylashtirishi va shu kabilar bilimdoni� bo'lishgagina qobil. (Sekst Empirik. Olimlarga qarshi, I,79)
3. Tit Liviy - mil.av. 59-mil.17 yillarda yashagan Rim tarixchisi.
4. Qarang: Lukan. Farsaliya, I ,185-192, III,9-93
5. Fukidid - mil.av.455-400 yillarda yashagan rim tarixchisi.
6. Hos epoiesen Empedocles - yun., �Empedokl yaratgani kabi�; poieten - yun., �shoir�; Empedokl - mil.av. V asrda yashagan yunon faylasufi, falsafiy poemalar muallifi.
7. pepoiemai, pepoiesai, pepoietai - yun., poiein fe'lidan osil qilingan perfektning shaxs formalari; hairema, hairesis, hairetes - �topilma�, �topmoq�, �topuvchi�
8. �Margit� - mil.av. VII asrga mansub komediya, uning muallifi Gomer deb hisoblashgan.
9. Tit Lukretsiy Kar - mil.av. 95-55 yillarda yashagan rim shoiri va faylasufi, �Narsalarning tabiati haqida� nomli falsafiy poema muallifi.
10. Diegetikon, exgematikon, apodiegematikon - yun., �hikoya qiluvchi�, �roviy�.
11. Yun., �so'zlashuv�.
12. Yun., �nutq�.
13. Dia - yun., �orqali�; diapro, diamperes - yun., �orqali�, �(narsani) teshib o'tish, ichidan o'tish�
14. Diverbium - lot., �suhbat�, �dialog�(Qarang: Liviy Tit. Istoriya Rima s yego osnovaniya, VII, 2).
15. Aristotel bizgacha yetib kelmagan �Shoirlar haqida� nomli kitobida Aleksamen Teoslini dialog janrining asoschisi deb atagan(Qarang: Diogen Laertskiy. O jizni, ucheniyax i izrecheniyax znamenit�x filosofov, III, 48).
16. Lukian - mil.av. I asrda yashagan yunon satirigi, dialoglar muallifi.
17. Kratet - mil.av. V asrda yashagan komediyanavis; Aristotelning guvohlik berishicha, birinchi bo'lib komedyalarida alohida shaxslar ustidan kulishdan voz kechib, umumiy mazmundagi syujetlar ishlab chiqishni boshlagan.
18. Platon va uning davomchilari taqlidni aynan dramatik janrlarning spetsifik xususiyati deb hisoblaganlar.
19. Mikton - yun., �qorishiq�, koinon - yun., �umumiy�.
20. Yun., �so'ng mulohazalar�.
21. Qiyoslang: Aristotel. Metafizika, IV, II, 1003b
22. Sofron - mil.av. V asr, nasriy mimlar, akterlar tomonidan xonadonlarda yoki ko'cha-ko'yda o'ynalgan kichik sahna asarlari mualllifi. Aristotel (qarang: Poetika, 1447a28) haqiqatan ham taqlid vositasi sifatida nutqdan foydalanuvchi barcha san'atlarni bitta turga mansub etib, ularni ritm va garmoniyaga qarshi qo'yadi; to'g'ri, u shu joyning o'zidayoq Gomer bilan Empedokl o'rtasida vazndan boshqa umumiylik yo'qligini ham ta'kilaydi.
23. Platon o'zi modellashtirayotgan ideal davlatda shoirlarga o'rin qoldirmaydi, chunki poetik taqlid fuqarolarga zararli ta'sir qiladi deb hisoblaydi (Platon. Zakono', 817; qiyoslang: Gosudarstvo, III, 398)
24. Skaliger bu o'rinda Aristotelning taqlid barcha san'atlarga xos degan konsepsiyasini Platonning taqlid faqat dramatik asarga xos degan qarashi bilan almashtiradi.
25. Gimn - diniy yo maqtov mazmunidagi xor lirikasi; pean - Apollonga bag'ishlangan madhiya; melika - bir ovozli lirika; skoliyalar - ziyofat qo'shig'i; elegiya - elegik distix (gekzametr va pentametr o'lchovlari almashinib turuvchi) bilan yozilgan she'r; epitalama - kelin-kuyovlarni qutlovchi to'y qo'shig'i; silva - tematik jihatdan bir-biriga bog'liq bo'lmagan she'rlardan tarkib topgan to'plam.
26. Pifagor - mil.av. VI asr, yunon matematik va faylasufi, falsafiy poemalar muallifi deb hisoblangan; Solon - mil.av. VI asr, afina qonun chiqaruvchilariban biri va elegik shoir; Fokidid - mil.av. VI asr, epik shoir; Feognid - mil.av. VI asr, ikkita elegiyalar to'plami muallifi; Parmenid - mil.av. V asr, eleatlar maktabiga mansub faylasuf, falsafiy plemalar muallifi; Nikandr - mil.av. III- II asrlar, yunon shoiri, grammatik va hakim, �Jonivorlar zaharlarining ta'siri haqida�, �Zaharlar va ularni ziddi haqida� nomli poemalar muallifi; Arat - mil.av. 315-240 yillar, yunon olimi, shoir va astronom, �Samo hodisalari� poemasi muallifi; Oppian - mil. II- III asrlar, yunon shoiri; �Baliq ovi haqida�, �It shikori haqida�, �Qushlarni tutish haqida� nomli poemalar unga nisbat beriladi.
27. �Predmetlilik� tamoyilidan kelib chiqib poeziyani tasniflash bo'yicha yana bir urinish. Skaligerning fikricha, mantiq bilan poeziya ikkisi uchun umumiy bo'lgan belgilovchi predmetga ega emas, ular uchun faqat vosita - so'z umumiy, xolos; siyosat bilan poeziya, axloq bilan poeziya uchun esa bunday umumiy predmetni ko'rsatish mumkin.
Literaturn�e manifest� zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.50-70


Download 0.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling