3. Gruntlarni zichlash usullari
Zamin gruntlarini zichlash yuzaki va chuqur turlarga bo`linadi.
Yuzaki zichlashda g`altaksimon moslamalar va gurzilardan foydalaniladi.
Dastlab gruntlar yengil g`altak (0,5...1 t) yordamida zichlanadi. So`ngra, o`rtacha og`irlikdagi (5...10 t) g`altaklar ishlatiladi. Zichlashni yakunlash og`ir g`altaklar bilan amalga oshiriladi. Bu usullardan asosan, keng maydonli gilli va namlangan qumli gruntlar sharoitida foydalaniladi.
Gurzilar yordamida zichlash ham qurilish amaliyotida keng qo`llaniladi. Temirbeton yoki metall quyma gurzilarni (massasi 1...3 t) maxsus yuk ko`taruvchi moslamalar yordamida 4...5 m balandlikdan bir yerga ..10 marta urib, grunt zichlanadi.
Bo`sh gruntlarni chuqur zichlash quyidagi usullar yordamida amalga oshirilishi mumkin.
Qumli yoki gruntli qoziqlar yordamida zichlash. Bu usul bo`yicha bo`sh grunt, uning sirtidagi belgilangan joylarda metall quvur qoqish yoki tebratish yordamida cho`ktiriladi. Belgilangan chuqurlikga yetgach, quvurga qum yoki qum-tosh aralashmasi oz-ozdan solinib va shibbalanilib, quvur esa asta-sekin yuqoriga ko`tarilib boriladi
Tebratkich yordamida o`rnatiluvchi quvurlar uchiga to`rt tomonga ochiladigan maxsus qanotli moslama kiygiziladi. Qoziqning chuqurlashish jarayonida moslama yopiq holda (uchi nayza shaklida) bo`ladi. Quvur loyihaviy chuqurlikka yetgach, uning ichki bo`shligi namlangan qum bilan to`ldiriladi, so`ngra, tebratgich ishga tushiriladi. Bunda moslamaning og`zi ochilib, qum quvur bo`shlig`ini to`ldiradi va grunt zichlana boshlaydi.
Lyossli o`ta cho`kuvchan gruntlarni suvlash yordamida zichlash usuli kanallar va ulardagi inshootlar qurilishida keng qo`llaniladi. Kanallarni beton bilan qoplashdan ilgari, ularning o`zani birmuncha davr suv ta`sirida bo`lishi lozim. Bir joyga yig`ilgan gidrotexnika inshootlarini barpo etishda, qurilish maydonchasida bir qancha kichik o`lchamli handakchalar qaziladi va ularga suv quyiladi. Suvning gruntga erkin sizib o`tishini ta`minlash uchun, handakchalar tovoniga 10 sm qalinlikkacha qum sepiladi. Odatda handaklar oraligi 4...7 m qabul qilinadi.
Suv yordamida tebratib zichlash usuli qumli va yirik bo`lakli gruntlar sharoitida yaxshi samara beradi. Tebratish paytida, bunday gruntlarning bo`laklari orasidagi ishqalanish kuchlari kamayadi, natijada ular orasida o`zaro siljish yuz berib, grunt o`zining xususiy og`irligi ta`sirida zichlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |