Guliston davlat universiteti axborot texnologiyalari fakulteti amaliy matematika va axborot texnologiyalari kafedrasi
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga doir xorijiy mamlakatlar tajribalari
Download 168.28 Kb.
|
1. Kichik biznes ma\'ruza matni (1) (3)
4. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga doir xorijiy mamlakatlar tajribalari
Ta’kidlash kerakki, deyarli barcha rivojlangan mamlakatlar iqtisodiy siyosatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratilib, taraqqiyotning asosiy omili sifatida e’tirof etilgan. Jahon amaliyot tajribalari ko‘rsatishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik o‘zining qator ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlari bilan iqtisodiyotda salmoqli o‘rin egallashi, sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirishi, xususiy korxonalar faoliyatida tadbirkorlikning shakllanishi, bozordagi talab va taklifga samarali ta’sir ko‘rsatishi, aholi va ishlab chiqarish ehtiyojlarini qondirish orqali o‘zining katta salohiyatga ega ekanligini namoyon qilmoqda. O‘z navbatida, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalari yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish darajasi o‘sishining va aholi bandligini ta’minlashning muhim manbai hisoblanadi. Jahonda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushiga band aholining qariyb 50 foizi va yalpi ichki mahsulot hajmining 50-60 foizi to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2010 yilda kichik va o‘rta korxonalarning YaIM dagi ulushi Buyuk Britaniyada 65-70 foizni, AQShda 50-52 foizni, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 63-67 foizni va Italiyada 57-60 foizni tashkil qilgan. Kichik va o‘rta korxonalar ayniqsa AQSh, Italiya va Yaponiyada keng rivojlangan. Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2011 yilda 22,7 mln. ta kichik va o‘rta korxonalar qayd qilingan bo‘lib, har 1000 nafar aholi hisobiga o‘rtacha 77,8 ta korxona to‘g‘ri keladi. Yoki, mamlakatda ish bilan band aholining 56 foizi ushbu sohada faoliyat yuritadi. Yaponiyada ish bilan band aholining 78 foizi, Italiyada 73 foiz va Yevropa Ittifoqi davlatlarida esa 72 foizi aynan kichik va o‘rta korxonalarda faoliyat ko‘rsatadi. Rivojlangan davlatlarda kichik korxonalarning asosiy o‘lchami bo‘lib mahsulot ishlab chiqarish hajmi va ishchilar soni hisoblanadi. O‘z navbatida, “kichik biznes” tushunchasi odatda iqtisodiyotdagi o‘rta va aksariyat hollarda kichik korxonalar majmuini ifodalashda qo‘llaniladi. O‘z navbatida “kichik biznes” atamasi asosan ingliz tilida gaplashuvchi mamlakatlarga xos bo‘lib, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarda ular “mayda va o‘rta korxonalar” atamasi orqali ifodalanadi. Kichik biznesning turli mamlakatlardagi farqi nafaqat atamashunoslik sohasiga balki, uning miqyoslarini belgilash mezonlariga ham taalluqli bo‘lib, ular asosan sifat ko‘rsatkichlariga nisbatan kam farqlanadi. Binobarin, bu tushunchaning bugungi kunga qadar yagona bir to‘xtamga kelgan ta’rifi mavjud emas. Masalan, jahonning 75 mamlakatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini tavsiflovchi 50 dan ziyod turli statistik ko‘rsatkichlar qo‘llaniladi. Jumladan, AQSh da kichik biznes ishlari bo‘yicha Ma’muriyat tomonidan mazkur toifaga ishlab chiqarish vositalariga mustaqil ravishda egalik qiluvchi va ularni boshqaruvchi, tarmoqda hukmron mavqeiga ega bo‘lmagan, 500 tagacha ishchi faoliyat yuritayotgan korxonalar kiritilgan. AQSh ning kichik biznes ishlari bo‘yicha ma’muriyati tomonidan kichik korxonalar o‘lchamini belgilaydigan alohida katalog ishlab chiqilgan. Bu yerda kichik biznes subyektlarining tarmoq yo‘nalishi, ma’lum vaqt ichida o‘rtacha yillik daromad (tarmoqlarga bog‘liq holda-oxirgi 12 oyda, 3 xo‘jalik- moliyaviy yil bo‘yicha) ko‘rsatkichlari hisobga olingan. Odatda, mustaqil egalik qilinadigan va boshqariladigan, tarmoqda ustuvorlik qilmaydigan va 500 tagacha ishchi yollaydigan firmalar kichik korxonalar hisoblanadi. Ayrim tarmoqlar bo‘yicha o‘lchov sifatida ishchilarning o‘rtacha soni, iste’molchilarning o‘rtacha soni va shunga o‘xshash boshqa ko‘rsatkichlar xizmat qiladi. Savdodagi firmalarning so‘nggi 3 yildagi moliyaviy xo‘jalik faoliyatidagi o‘rtacha yillik daromadi 5 mln. dollardan oshmagan bo‘lsa ular kichik hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligida esa kichik korxonalar bo‘lib, oxirgi 3 yildagi o‘rtacha yillik daromadi 500 ming dollardan oshmagan fermer xo‘jaliklari hisoblanadi. Faqat bu o‘lcham yirik shoxli qoramolchilikda-1,5 mln. dollarni va parandachilik yo‘nalishida tuxum ishlab chiqarishda 9 mln. dollarni tashkil qiladi. O‘z navbatida kichik biznes miqyoslarini belgilashda kapital qo‘yish sohasi-tarmoqlar xususiyati inobatga olinishi ham tabiiy holdir. Chunki, iqtisodiyotni barcha tarmoqlari o‘zlarining jonli mehnat sarfi, ishlab chiqarish jarayonlarini mexanizatsiyalash darajasi va boshqalar bilan farqlanadi. Shunga ko‘ra, mehnat sig‘imi yuqori bo‘lgan qayta ishlash, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun yirik korxona hisoblanishi shubhasizdir. Bunday holat deyarli barcha mamlakatlarda e’tiborga olinadi. Masalan, Yaponiyada kichik korxonalar maqomini aniqlash uchun quyidagi ko‘rsatkichlarga amal qilish qabul qilingan. Ya’ni: kapital hajmi; ishlovchilar soni; qaysi tarmoqqa mansubligi. Yaponiyada ishlov berish va tog‘-kon sanoatida ishlovchilar soni 20 tagacha bo‘lgan, ulgurji savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida 5 tagacha bo‘lgan korxonalar juda mayda korxonalar hisoblanadi. Ishlab chiqaruvchi tarmoqlardagi kichik korxonalar guruhi alohida ajralib turadi. Ya’ni, kichik korxonalarda ishlovchilar soni 50 kishigacha bo‘lishi lozim. Yaponiyadagi kichik korxonalar maqomini aniqlashga bunday yondashish, bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi tufayli diqqatga sazovordir. Uning e’tiborga loyiq tomonlaridan biri shundaki, sonlar ya’ni miqdor ko‘rsatkichlari emas, balki ularni tanlab olish tamoyili asosiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Yaponiyada muayyan me’yoriy hujjatlarda korxona o‘lchami emas, balki uning bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat yordamisiz faoliyat ko‘rsata olishi muhim hisoblanadi. Evropa davlatlarida ham ko‘plab hunarmandchilik korxonalari mavjud bo‘lib, ular maqomi qonunchilik asosida belgilab berilgan. Masalan, Fransiyada kichik va o‘rta tadbirkorlarning umumiy konfederatsiyasi tomonidan mulkdagi kapitalning katta qismi korxona egasiga tegishli bo‘lgan, ishchilarga shaxsan rahbarlik hamda doimiy va bevosita aloqani ta’minlagan, 10 tadan 50 tagacha ishchiga ega korxonalar kichik biznes subyektlari qatoriga, 50 dan 500 tagacha ishchiga ega korxonalar o‘rta biznes subyektlari qatoriga, ishlovchilar soni mulk egasini, oila a’zolarini va yollanma ishchilar hamda shogirdlarni hisobga olgan holda 10 tadan oshmagan korxonalarni esa xunarmandchilik korxonalari qatoriga kiritilgan. Hunarmandlar va kichik korxonalar o‘rtasidagi asosiy farq shundan iboratki, hunarmand o‘z ishlab chiqarishida ishchi sifatida qatnashishi lozim. Davlat, hunarmandchilik korxonalariga boshqa korxonalarga nisbatan ko‘proq imtiyozlar beradi, shuning uchun ham ular o‘z ishlab chiqarishini kengaytirishni xohlashmaydi va aksincha mayda tadbirkorlar sifatida faoliyat yuritishni ma’qul ko‘rishadi. Dunyo mamlakatlari o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik turli xil shakllanish va rivojlanish jarayonlariga ega. Amaliyot tajribalarining ko‘rsatishicha, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning ikki omili mavjud bo‘lib, ularning birinchisi, ularni tashkil qilish va maqomini belgilash, ikkinchisi esa kichik va o‘rta korxonalarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan olganda, rivojlangan mamlakatlarda kichik va o‘rta korxonalarni rag‘batlantirish tizimini tahlil qilish va xulosalar chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, AQShda yirik kompaniyalardan farqli ravishda kichik korxonalar qarz sarmoyasiga emas, balki, asosan o‘z mablag‘lariga tayanadi. Shunday bo‘lsada, tez rivojlanayotgan firmalar jalb qilinadigan mablag‘lar hisobiga qisman moliyalanishga ehtiyoj sezadi. Buyuk Britaniyada, kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning asosiy hukumat dasturi “Loon Quarantie Scheme” hisoblanadi. Bu dastur tijorat banklaridan mustaqil ravishda kredit ololmaydigan tadbirkorlik turlariga kredit olish imkonini beradi. Bunda hukumat 70 foizgacha, xatar mavjud bo‘lgan joylarda esa 85 foizgacha mablag qaytmasligini kafolatlaydi. Bunday kafolatda foiz stavkasi yiliga 2,5 foizni, xatar mavjud bo‘lgan joylarda esa 2 foizni tashkil etadi. Shu tariqa, banklar tomonidan kichik tadbirkorlikka taqdim etadigan kreditlarning 70-80 foizi hukumat tomonidan kafolatlanadi. Bu kafolatlarni qoplash uchun har yili byudjetdan o‘rtacha 50 mln. funt sterling ajratiladi. “Mahalliy ahamiyatdagi korxonalarga ko‘maklashish agentligi” kichik korxonalarni hududiy qo‘llab-quvvatlaydigan 200 ta mustaqil byurodan iborat assotsiatsiyadir. Uning “Korxonalarni tashkil etishga ko‘maklashish sxemasi” dasturi, o‘z firmasi yoki korxonasini ochishni hohlagan ishsizlarga moliyaviy yordam beradi. Boshqa dastur - “Kreditlarni kafolatlash” dasturiga muvofiq, uch yil mobaynida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan tadbirkorlarga sug‘urta mukofotlari beriladi. XX asrning to‘qsoninchi yillardan boshlab, Britaniya sanoat konfederatsiyasi “Tadbirkorlarni kengaytirish dasturi”ni amalga oshirmoqda. Unda kichik tadbirkorlik bilan amaliy munosabatlar o‘rnatgan va uning rivojlanishidan manfaatdor huquqiy va jismoniy shaxslardan olinadigan maxsus badal kichik korxonalarni moliyalashning qo‘shimcha manbai hisoblanadi. Shuningdek, joylarda kichik tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xududiy (mahalliy) huqumatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashini ta’minlaydigan, hamda, o‘z ishini tashkil etish yoki kengaytirishda yoshlarga ko‘maklashadigan, kichik tadbirkorlik sohasida tadbirkorlarni tayyorlaydigan maxsus dasturlar mavjud. Biroq, xususiy jamg‘armalar va bank kreditlari kichik biznes subyektlarini moliyalashtirishning asosiy manbalari bo‘lib qolmoqda. Saksoninchi yillar boshida fond birjasida ro‘yxatga olinmagan, lekin kichik tadbirkorlikni moliyaviy resurslar bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan kompaniyalar qimmatli qog‘ozlari shakllandi. Kichik tadbirkorlik korxonalarini moliyalashtiradigan maxsus firmalar ham keng tarqala boshladi. Yevropada hatarli sarmoya sohasidagi sarmoya qo‘yishning 40 foizi ular ulushiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, kredit siyosatida kichik tadbirkorlikka ko‘p e’tibor qaratadigan har bir bank o‘ziga xos shaxsiy kreditlash tizimini yaratishga intiladi. Masalan, “Barkley benk”da yangi kichik korxonalar tashkil etilishini va faoliyat yuritayotganlarini kengaytirishni moliyalaydigan ikkita dastur ishlab chiqilgan. Birinchisiga ko‘ra, kredit miqdori 5 mingdan 100 mingacha funt sterling bo‘lishi mumkin, bu 5 yil muddatga beriladi. Bank kredit summasidan emas, firmaning yillik aylanma mablag‘idan yiliga 15-17 foiz oladi. Ikkinchi dasturga ko‘ra, asosiy uskunalarni xarid qilish uchun 2 yildan 20 yilgacha muddatga 5 mingdan 500 ming funt sterlinggacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratiladi. Foiz stavkasi Angliya Bankining amaldagi stavkasiga muvofiq yoki bankning o‘zi tomonidan belgilanadi. Buyuk Britaniya tadbirkorlik sirlari o‘qitiluvchi beshta asosiy maktabda davlat tomonidan moliyalashtiriluvchi “Yangi korxona” umummilliy dasturga amal qiladi. Aksariyat nufuzli universitet biznes maktablarining tinglovchilari iqtisodiyotning umumiy muammolari hamda shaxsiy ishni tashkil etish asoslarini o‘rganadi. Odatda bunday dasturlar oz vaqt davom etadi. Masalan, Londondagi biznes maktabida ushbu dasturlar bo‘yicha tahsil 16 hafta davom etadi, shundan 4-6 haftasi biznes iqtisodiyoti umumiy muammolarini jadal o‘rganishga qaratilsa, 10-12 hafta shaxsiy ishni yo‘lga qo‘yishga bag‘ishlanadi. O‘qitish haqi 4 ming funt sterlingdan iborat bo‘lib, barcha sarf-xarajatlarni qoplaydi (homiylar yordam beradi). Har yili bunday maktablarni 200 nafar bitiruvchi tamomlaydi. Universitet texnik oliy o‘quv yurtlari, hududiy boshqaruv markazlari va xususiy maslahat firmalarda 6-10 haftalik o‘qish davomiyligiga ega “kichik biznes” kurslari mavjud. Kichik tadbirkorlik uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kurslar hukumat agentliklari hisobidan moliyalashtiriladi. 1992 yildan Buyuk Britaniyada “ochiq universitet biznes maktabi” faoliyat boshlaydi. Tinglovchilar o‘zlari uchun qulay vaqtda qatnashi mumkin bo‘lgan ushbu kechki kurslar “Barkleyz benk”, va “Ichki” kompaniyalari tomonidan moliyalashtiriladi. Kursda o‘qish haqi 350 funt sterling. O‘quv dasturi o‘z ichiga marketing, boshqaruvning tashkiliy masalalari, moliya strategiyasini olgan. Hukumat biznes bilan qo‘shimcha tarzda shug‘ullanuvchi maktab o‘quvchilari va talabalarni qo‘llab-quvvatlaydi, xorijda biznes sohasini o‘rganuvchi talabalarga stipendiya ajratadi. Hozirgi paytda Britaniya hukumatining jiddiy qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, kichik korxonalar ko‘pincha inqrozga uchramoqda. Buning asosiy sabablaridan biri o‘zaro to‘lovlarning vaqtida amalga oshirilmasligidir. Chunki Buyuk Britaniyada G‘arbiy Evropadagi eng nomukammal hisob-kitoblar tizimi amal qiladi. Ya’ni, qonun tomonidan to‘lovlarni uch oygacha ushlab turishga ruhsat beriladi. Italiyada kichik korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tadbirlari orasida maqsadli moliyalash va imtiyozli kreditlash alohida o‘rin tutadi. Har yili bunga qariyb 600 mlrd. evro sarflanadi. Italiyada so‘nggi yillarda yuqori xavf-xatar bilan bogliq bo‘lgan kapitalga erishish imkoniyati bor korxonalarni moliyalashtirishga qiziqish ortdi. Shu maqsadda kichik korxonalarning yopiq turdagi investitsiya fondlari tashkil etildi. Bunday fondlar birjada ro‘yxatdan o‘tmagan korxonalarga mablaglarini qo‘yadilar. Fondning kapitali davlat obligatsiyasi ko‘rinishida investitsiya qilinishi mumkin emas. Shuningdek, boshqa yopiq fondlar tomonidan chiqarilgan aksiyalarga investitsiya qilish ham taqiqlanadi. Fondda o‘z aksiyalarining ulushiga ega bo‘lgan kompaniyalarning aksiyalarini sotishdan foyda olish yopiq fondning maqsadi hisoblanadi. Ko‘p hollarda bunday moliyalash imtiyozli soliqqa tortish kichik korxonalarni birlashtiradigan konsorsiumlar va shirkatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bitta konsortsium ta’minlanadigan mablag miqdori yiliga 300 mln. yevrodan yoki uch yil mobaynida 800 mln. yevrodan ortiq bo‘lmasligi lozim. Tarkibiga sarmoyasi 20 mln. evrodan kam bo‘lmagan kamida 5 ta korxona kirgan birlashmalarga maxsus yordam ko‘rsatiladi. Bunday uyushmalarning asosiy vazifasi o‘z qatnashchilari rivojlanishiga ko‘maklashishdan iborat. Imtiyozli kreditlash 40 foizgacha xarajatni koplashi mumkin. Yangi korxonalarni tashkil etishda kreditlar 15 yil muddatga, faoliyat yuritayotgan korxonalarni zamonaviylashtirish yoki kengaytirishda 10 yil muddatga beriladi. Bunda foiz stavkasi kredit miqdorini hisobga olgan holda, bozor foiz stavkasining 36-60 foizini tashkil etadi. Davlat kreditlash muassasalari kichik korxonalar bilan birga ularning turli birlashmalariga o‘rta muddatli kreditlar berishda imtiyozli foiz stavkalari taklif etadi. Masalan, konsortsiumlar kreditlarni foiz stavkasi bozor qiymatining 60 foizini to‘lagan holda qaytaradi. Venchur tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “kichik korxonalar yopiq investitsiya fondi” tashkil etilgan. U faqat birjada ro‘yxatga olinmagan korxonalarga mablag‘ berishga haqli. Fond sarmoyasi davlat obligatsiyalari yoki boshqa yopiq fondlar aksiyalariga investitsiyalanishi mumkin emas. Bu holda fond ulushi ishtirokida ta’sis etilgan kompaniyalar aksiyalarini sotish foyda olishning asosiy manbai bo‘ladi. Kichik tadbirkorlarga alohida imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Ular tashkil etayotgan korxonalar qo‘shimcha moliyaviy afzalliklarga ega bo‘ladi. Ularga ajratiladigan summaning 50 foizigacha miqdori uskunalarni xarid qilishga sarflanadi, 15 foizi uzoq muddatli kredit sifatida beriladi; daslabki ikki yil mobaynida noishlab chiqarish xarajatlariga alohida mablag‘lar beriladi. Imtiyozlarni berishda vaqti-vaqti bilan firma faoliyati auditorlik nazoratidan o‘tkaziladi hamda qonunlar jiddiy buzilgani aniqlanganda ular bekor qilinadi. Germaniyada ham kichik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq tadbirkorga faoliyatning daslabki ikki yilida foizsiz kredit beriladi. Keyingi yillarda esa juda past stavkalarda yillik foizlar undiriladi. Shu tariqa ular faoliyati dastlabki davrda boshlang‘ich sarmoya bilan ta’minlanadi. Imtiyozlar davlat tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan biznes-rejaga asosan beriladi. Keyinchalik bu tashkilot kreditdan maqsadli foydalanilayotganligini jiddiy nazorat qiladi. Barcha xarajatlar tegishli hisob varaqlar bilan tasdiqlanishi talab etiladi. Ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan kichik korxonalar arzon narxlarda qurilish uchun ijaraga yer uchastkalari oladi. Yuqorida ko‘rib chiqqanimizdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga yondoshuv turli mamlakatlarda xilma-xillik kasb etsada, ularning aksariyat qismida mazkur soha asosiy ahamiyatga ega hisoblanadi. 1Ziyaviddinova N. Iqtisodiy erkinlik va raqobat sharoitida kichik beznesda innovatsiyalar va ularning rivojlanish xususiyatlari. “Iqtisodiyot va ta’lim” ilmiy jurnali. 2012 yil, 6-son. Download 168.28 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling