Guliston davlat universiteti tarix kafedrasi eng yangi tarix


Download 4.26 Mb.
bet20/126
Sana12.11.2023
Hajmi4.26 Mb.
#1768610
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   126
Bog'liq
portal.guldu.uz-ENG YANGI TARIX

4-asosiy savolning bayoni:
Agressiv davlatlar-Germaniya, Yaponiya va Italiyada iqtisodiyot harbiy maqsadlarda qayta qurilganligi natijasida ishlab chiqarishning pasayib ketishiga yo’l qo’yilmadi. 1938 yil Germaniya sanoat mahsuloti Angliya va Frantsiyaning sanoat mahsulotidan oshib ketdi. 1938 yil Yaponiyada sanoat mahsuloti 1929 yildagiga nisbatan 185%ni, Germaniyada esa 121%ni tashkil etdi. Yaponiya, Italiya, ayniqsa Germaniya bozor va xom ashyo manbalarini, mustamlakalarni qayta taqsimlashni talab qila boshladilar.
1930 yillarning ikkinchi yarmida kapitalistik dunyoda Germaniya AQShdan keyingi qudratli davlat edi. U sanoatning ba’zi tarmoqlari bo’yicha (sintetik mahsulotlar, metall ishlash uskunalari, alyumin tarmoqlari) kapitalistik mamlakatlar orasida birinchi o’rinni egallagan edi. Mashinalar eksport qilishda ham Germaniya AQShni quvib etmoqda edi.
Evropa, ayniqsa Markaziy va Sharqiy Evropa bozorlarida Germaniyaning iqtisodiy pozitsiyasi kuchaydi va bu rayonlarida uning g’arbiy mamlakatlar bilan konkurentsiyasi juda keskinlashdi. Angliya, Frantsiya va AQShning bu jihatdan pozitsiyasi zaiflashdi.
Germaniya Lotin Amerikasida ham kuchli pozitsiyani egalladi. Germaniyaning Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan savdosi 1938 yil 171% ga etdi, 1933 yilda esa 11,5% edi, xolos. Germaniya bu mamlakatlarning importida birinchi o’rinni egalladi hamda AQSh va Angliya pozitsiyasini zaiflashtira bordi.
1935 yil oktyabridayoq Italiya qo’shinlari urush e’lon qilmay, Habashistonga (Efiopiyaga) hujum boshladilar. Italiya-Habashiston urushi tayyorlanayotgan jahon urushining yangi bir tuguni edi. Italiyaning agressiyasi Angliya va Frantsiya manfaatlariga zarba berdi hamda ularning Evropadan Osiyoga boradigan dengiz yo’llari uchun katta xavf tug’dirdi. Shunga qaramay, Angliya va Frantsiya hukmron doiralari bu gal ham agressorga qarshilik ko’rsatmadilar. Faqat Sovet delegatsiyasining qattiq turishi natijasida Millatlar ittifoqi Italiyani agressor deb hisobladi va unga qarshi iqtisodiy sanktsiya (jazo choralari) qo’llash, Italiyaga xom ashyolar va harbiy materiallar kiritishni cheklash to’g’risida qaror qabul qildi. Lekin Angliya va Frantsiya aybi bilan bu sanktsiya to’la amalga oshmadi. AQSh hukumati 1935 yilda «betaraflik» siyosatini e’lon qilib, shu niqob ostida agressorlarni rag’batlantirdi. Italiya bundan foydalanib, 1936 yil mayida deyarli butun Habashistonni bosib oldi va o’z mustamlakasiga aylantirdi.
1936 yil martida Germaniya Versal va Lokarno shartnomalarini buzib, Reyndagi demilitarizatsiya qilingan zonaga o’z qo’shinini kiritdi. Yirik davlatlar bunga nisbatan yuzaki norozilik bildirish bilan cheklanib qoldilar.
1936 yil iyulida general Franko boshchiligidagi ispan fashistlari Germaniya va Italiya yordami bilan Ispaniya inqilobiy demokratik kuchlariga, respublikaga qarshi isyon ko’tardilar. Tez orada Germaniya bilan Italiya Ispaniya respublikasiga qarshi ochiqdan-ochiq harbiy interventsiya boshladi. 1936-1939 yillar mobaynida Ispaniyaga Italiya 150 ming, Germaniya 50 ming soldat va ofitser, harbiy mutaxassislar, texnika va aviatsiya yubordi. Ular Angliya va Frantsiyaning Afrika va Osiyoga boradigan dengiz yo’llarini egallab ola boshladilar. Urushning yangi tuguni vujudga keldi.
Frantsiya sotsialistik partiyasining lideri o’sha vaqtdagi Frantsiya hukumatining boshlig’i Leon Blyum 1936 yil avgust boshida Angliyaning Bolduin boshchiligidagi konservativ hukumati bilan birgalikda, mamlakatlarni Ispaniyadagi urushga «aralashmaslik»ka chaqirdi. Bir qancha mamlakatlar, hatto Germaniya va Italiya bu taklifga qo’shildi. Ulug’ davlatlarning Ispaniya ishlariga haqiqatan aralashmasligi Ispaniya respublikachilari uchun foydali ekanligini nazarda tutib SSSR ham bu taklifni quvvatladi. 1936 yil 9 sentyabrda Londonda Angliya diplomati lord Plimut boshchiligidagi 27 davlat vakillaridan iborat «Aralashmaslik komiteti» tuzildi. Komitet ishtirokchilari betaraflikni saqlab, Ispaniyaga qurol sotmaslik va Ispaniya uchun yuboriladigan yarog’-aslahalarni o’z mamlakatlari territoriyasidan o’tkazmaslik majburiyatini oldilar.
Lekin ko’p o’tmay, amalda, «Aralashmaslik komiteti»ning siyosati eng sharmandali bir siyosat ekanligi aniqlandi. Fashistik davlatlar dastlab o’z agressiv maqsadlarini yakka-yakka amalga oshirishga kirishgan bo’lsalar, keyinroq ular bu agressiv harakatlarini kengaytirish uchun harbiy-siyosiy blokka uyushdilar. 1936 yil oktyabrida Germaniya-Italiya protokoli imzolandi. «Berlin-Rim o’qi» vujudga keldi. Germaniya Italiyaning Efiopiyani bosib olganini tan oldi hamda uning Dalmatsiya, Albaniya va Gretsiyani bosib olish yo’lidagi intilishlarini quvvatladi. Italiya Germaniyaning Avstriyani qo’shib olish maqsadlarini ma’qulladi. Italiya va Germaniya Ispaniya masalasida birgalikda harakat qilish to’g’risida ham til biriktirdilar.
Uzoq Sharqda esa Yaponiya ig’vogarlik bilan Sharqiy Xitoy temir yo’liga va undagi sovet xodimlariga ketma-ket hujumlar uyushtirdi. Sovet hukumati Yaponiya bilan munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo’lgan bahonalarni bartaraf qilish maqsadida KVJDni Yaponiya va Manchjou-Goga sotdi, bu haqda 1935 yil martida shartnoma tuzildi. Lekin Yaponiya 1935-1936 yillarda Mo’g’uliston Xalq Respublikasi chegaralariga bir necha marta hujum uyushtirib, Uzoq Sharqda tinchlikka tahdid qila berdi. SSSR Mo’g’ulistonni qo’llab-quvvatladi va 1936 yil martida o’zaro yordam to’g’risida Sovet-Mo’g’uliston shartnomasi imzolandi. Bu shartnoma Yaponiya urushqoq harbiylarini birmuncha tiyib qo’ydi.
1936 yil noyabrida Germaniya bilan Yaponiya o’rtasida «Kominternga qarshi ahdnoma» tuzildi, 1937 yil noyabrida Italiya ham bu ahdnomaga qo’shildi. Uch fashist-agressor davlatning - Germaniya, Yaponiya va Italiyaning Kominterngagina emas, balki shu niqob ostida barcha mamlakatlarga qarshi qaratilgan, dunyoni o’zaro qayta taqsimlashni ko’zda tutgan agressiv uchlar bloki (agressiv «uch burchak»)-«Berlin-Rim-Tokio o’qi» tashkil topdi. 1939 yil fevralida Vengriya va Manchjau-Go, martda Franko Ispaniyasi «Kominternga qarshi ahdnoma»ga qo’shildi.
1937 yil iyulida Yaponiya militarizmi Xitoy xalqiga qarshi ochiqdan-ochiq keng miqyosda urush boshlab yubordi. Bu urush Yaponiyaning Xitoydagi agressiyasining yangi bosqichi edi. Yaponiya qo’shinlari Shimoliy, Markaziy, so’ngra Janubiy Xitoyga bostirib kirdilar.
Yaponlar Xitoyning Pekin, Tyantszin, Shanxay, Nankin Xankou kabi katta shaharlarini, deyarli hamma portlarini ishg’ol qildilar. Biroq yapon harbiylarining Xitoyda «yashin tezligida urush» qilish plani barbod bo’ldi.
Evropada g’arbiy davlatlarning Gitler Germaniyasi va fashistik Italiya bilan Myunxenda tuzgan bitimidan (1938 yil sentyabr) ruhlangan Yaponiya reaktsiyasi 1938 yil noyabridayoq «Sharqiy Osiyoda yangi tartib» e’lon qildi, bu «yangi tartib» Sharqiy Osiyoda faqat Yaponiyaning mustamlakachilik hukmronligini o’rnatishdan iborat edi.
Angliya, AQSh va Frantsiya davlatlari Yaponiyaning bu hatti-harakatidan norozi bo’ldilar. Ular «Xitoy-Yaponiya janjali»ni bartaraf qilish maqsadida «Xalqaro Uzoq Sharq konferentsiyasi»ni, «Tinch okean konferentsiyasi»ni chaqirish to’g’risida fikr bildirishdi.
1939 yil 24 iyulda Tokioda Angliya bilan Yaponiya o’rtasida «Kreygi-Arita bitimi», ya’ni «Uzoq Sharq Myunxeni bitimi» tuzildi. Kreygi-Angliyaning Yaponiyadagi elchisi, Arita-Yaponiya tashqi ishlar ministri edi. Angliya va Yaponiya bir-birlarining Xitoydagi manfaatlariga qarshi harakat qilmaslik to’g’risida, Xitoydagi ozodlik kurashini bostirish uchun Angliyaning Yaponiyaga xalaqit bermasligi to’g’risida kelishib oldilar. Yapon militaristlari Manchjuriyadan turib 1938 yil 29 iyulda Vladivostok yaqinidagi Hasan ko’li rayonida Sovet Ittifoqi chegarasiga qo’qqisdan hujum qildilar. Ular Sovet Uzoq Sharqi hududiga bostirib kirishni mo’ljallagan edilar. Sovet Armiyasi yapon bosqinchilarini tor-mor keltirib chegaradan uloqtirib tashladi. O’sha yili 11 avgustda bu rayonda urush harakatlari to’xtadi.
1939 yil may-avgust oylarida yaponlar Sovet Ittifoqiga bostirib kirish va Sibir temir yo’lini ishg’ol qilib, Sovet Uzoq Sharqini SSSRdan ajratib qo’yish maqsadida Xalxin-Gol daryosi rayonida Mo’g’uliston Xalq Respublikasiga hujum qildilar. Sovet hukumati bilan Mo’g’uliston Xalq Respublikasi o’rtasida 1936 yilda tuzilgan o’zaro yordam shartnomasiga amal qilib, SSSR Mo’g’ulistonni qo’llab-quvvatladi. Sovet Armiyasi mo’g’ul Armiyasiga yordam ko’rsatib, bu gal ham yapon bosqinchilariga qaqshatqich zarba berdi.
Yaponiya bilan Germaniya o’rtasida ham (garchi bo’lar «Kominternga qarshi ahdnoma»ning ishtirokchilari bo’lsalar-da) ziddiyatlar mavjud edi. Germaniya 1938 yil fevraliga qadar Manjou-Goni tanimagan edi. Germaniya Xitoyda bir qancha imtiyozlarga ega bo’lishni, Birinchi jahon urushidan keyin o’zining Yaponiyaga o’tib ketgan Tinch okeandagi sobiq mustamlakalari masalasining qayta ko’rib chiqilishini istardi. Germaniya yashirin yo’llar bilan chan-kay-shichilarga qurol-yarog’ va maslahatchilar yuborib turdi. Yaponiya Germaniyaning talablariga rozi bo’lmadi. Shu tariqa, Yaponiya-Germaniya munosabatlarida ixtiloflar bo’lib turdi. Gitlerchilar Germaniyasi bir qator tadbirlardan so’ng, 1938 yil 11 martda zo’rlik bilan Avstriyani bosib oldi. Bu Versal va Sen-Jermen sulh shartnomalarining to’g’ridan-to’g’ri buzilishi edi. «Aralashmaslik» va «betaraflik» siyosatlari niqobi ostida Angliya, Frantsiya va AQSh Avstriyaning bosib olinishini ma’qulladi va tanidi. Imperialistik davlatlarning hukmron doiralari Avstriya masalasining Millatlar ittifoqida muhokama qilinishini istamadilar. Natijada gitlerchilar agressiyasi Janubi-Sharqiy Evropaning ichkarisiga yoyilib bordi.
German fashistlari Avstriyani bosib olganlaridan keyin butun diqqatni Chexoslovakiyaga, avvalo uning Sudet oblastiga qaratdilar. Germaniyada Chexoslovakiyaga qarshi tashviqot avj oldirildi. Nemis-fashist qo’shinlari Chexoslovakiya chegaralariga to’plana boshladi. «Sudet inqirozi», ya’ni Germaniya-Chexoslovakiya janjali boshlanib va keskinlashib ketdi. Chexoslovakiyaga nisbatan xavf kuchaydi. 1938 yil 28-29 aprelda Londonda Angliya va Frantsiya bosh ministrlari va tashqi ishlar ministrlarining kengashi bo’lib o’tdi. Bu kengashda Evropada «tinchlik uchun» kurash va Chexoslovakiyaga «yordam» masalasi muhokama qilindi hamda Sudet oblasti masalasini «tinch» yo’l bilan hal qilish to’g’risida qaror qabul qilindi. Angliya hukumati tomonidan 1938 yil yozida Chexoslovakiyaga yuborilgan Rensimen o’taketgan yuzsizlik va munofiqlik rolini o’ynadi. U, Chexoslovakiya hukumatidan Sudet oblastini Germaniyaga berishni, Sovet-Chexoslovakiya o’zaro yordam shartnomasini bekor qilishni talab etdi.
Frantsiya hukmron doiralari 1938 yil fevralidayoq, Chexoslovakiya bilan 1935 yilda tuzilgan shartnoma o’z kuchini yo’qotdi, deyishgacha borib etdilar va Frantsiya Chexoslovakiyaga Angliyasiz yordam bera olmaydi, dedilar. Gitlerning Sudet oblasti haqidagi talabi tobora qat’iylashdi; Chexoslovakiyadagi gitlerchilar yanada faollashdi, 1938 yil 13 sentyabrda Chexoslovakiyada fashistik isyon ko’tarildi. Isyon bostirilgach, Gitler g’azablanib, chegaradagi qo’shinlarni jangovar holatga keltirdi. Lekin Gitler bu kuchlarni ishga solmasdanoq G’arb davlatlari unga juda epchillik bilan yordam qildilar. 1938 yil 15 sentyabrda Angliya bosh ministri Chemberlen Germaniyada Gitler huzurida bo’lib, uning Chexoslovakiyadagi Sudet oblasti va boshqa territoriyalar haqidagi talabini ma’qulladi. 18 sentyabrda Londonda Angliya va Frantsiya hukumatlarining bosh ministrlari va tashqi ishlar ministrlarining yana kengashi bo’lib, uzil-kesil yordam berishga qaror qildilar. Sovet hukumati Chexoslovakiya bilan tuzilgan shartnomaga amal qilib, unga yordam ko’rsatishga tayyor ekanligini ta’kidlab keldi va bu haqda Gitler hukumatini ham ogohlantirgan edi.
Benesh Sovet hukumatining bu pozitsiyasiga e’tibor bermadi va sovet takliflarini javobsiz qoldirdi. Benesh 16 sentyabrda Angliyaning «vositachisi» Rensimenga urush bo’lgan taqdirda ham SSSR bilan hech qanday maxsus bitim tuzilmasligini, Frantsiyadan tashqari hech qanday chora ko’rmasligini surbetlarcha bildirdi.
21 sentyabrda Angliya va Frantsiyaning Pragadagi elchilari Benesh huzurida bo’lib, agar Chexoslovakiya Angliya-Frantsiya talablarini qabul qilmasa va natijada Germaniya-Chexoslovakiya urushi boshlanib qolsa, Angliya va Frantsiyaning Chexoslovakiyaga hech qanday yordam bermasligi to’g’risida, agar Chexoslovakiya SSSR dan yordam olsa va natijada Germaniya Chexoslovakiyaga va SSSRga qarshi urush ochsa, Angliya va Frantsiyaning Germaniya tomonida bo’lishi to’g’risida ogohlantirdilar.
22 sentyabrda Chemberlen yana Gitler huzuriga kelib, Germaniyaning Sudet to’g’risidagi «huquqlari»ni tanidi. Shuningdek Chemberlen Gitlerning Polsha va Vengriyaning hududi talablarini qondirish to’g’risidagi taklifini ham qabul qildi.
Angliya, Frantsiya va AQSh siyosatidan rag’batlangan Gitler 26 sentyabrda so’zlagan nutqida, agar Chexoslovakiya hukumati Germaniyaning talablarini tezda va so’zsiz bajarmasa, Chexoslovakiya yakson qilinadi, deb do’q qildi. 28 senyabrda esa Gitler 10 kun ichida Sudet oblastini butun sanoati, transporti va istehkomlari bilan birga Germaniyaga berishni Chexoslovakiyadan qat’iy talab etdi.
1938 yil 29-30 sentyabrda Myunxenda xalqaro fashist banditlari-Germaniya va Italiya diktatorlari Gitler va Mussolini Angliya va Frantsiya bosh ministrlari Chemberlen va Dalade bilan uchrashdilar. Bu xalqaro munosabatlar tarixida o’taketgan xiyonatkorona va sharmandali kengash Myunxen konferentsiyasi edi. Unda Chexoslovakiya vakillarining ishtirokidan tashqari chexoslovak xalqining taqdiri hal qilindi.
Myunxenda gitlerchilar talab qilgan rayonlarni Germaniyaga topshirish, Polsha va Vengriyaning talablarini ham qondirish to’g’risida sharmandali bitimlar tuzildi. 30 sentyabrdayoq Chexoslovakiya hukumati va prezident Benesh Myunxen konferentsiyasining qarorlarini qabul qildi, va Germaniya fashizmi oldida xiyonatkorona taslim bo’ldi. Tez orada Myunxen qarorlari amalga oshirilib, Chexoslovakiya taqsimlana boshlandi.
1938 yil oktyabrida Gitler Germaniyasi Sudet oblastini va Chexoslovakiyaning boshqa chegara rayonlarini bosib oldi. 1939 yilning martida esa Germaniya qo’shinlari butun Chexoslovakiyani ishg’ol qildi. Chexoslovakiya parchalab tashlandi; Chexiya va Moraviya Germaniyaning «protektorati» deb, Slovakiya «mustaqil» davlat deb e’lon qilindi. Amalda bu «mustaqil» davlat Gitler Germaniyasining mustamlakasiga aylandi. Zakarpat Ukrainasi vengr xortistlari tomonidan, Teshin Polsha tomonidan zabt etildi. Germaniya Avstriya va Chexoslovakiyani bosib olganidan keyin, Evropadagi siyosiy va strategik ahvol Gitler foydasiga o’zgarib ketdi. 1939 yil martida Ispaniyada fashistik tartib o’rnatildi. O’sha yilning martida Memel oblastini (Klaypedani) Germaniyaga topshirish to’g’risida Litva-Germaniya bitimi imzolandi. Ruminiya iqtisodiyoti fashistik Germaniyaga bo’ysundirildi. Ruminiya, so’ngra Vengriya gitlerchilar blokiga kirdi. 1939 yil aprelida fashistik Italiya Albaniyaga hujum qilib, uni bosib oldi. Germaniya fashizmi esa Polshaga nisbatan hududiy va boshqa talablarni qo’ydi. 1939 yilda Gitler Dantsigning Germaniyaga topshirilishini, Polsha koridori orqali Sharqiy Prussiyaga qadar tor izli temir yo’l va avtostrada qurishga ruxsat berilishini qat’iy talab qildi. Germaniya va Polsha munosabatlari keskinlashdi. Germaniya 1934 yilgi shartnomani bekor qildi. 1939 yil 22 mayda Germaniya va Italiya o’rtasida harbiy-siyosiy shartnoma («Po’lat ahd») imzolandi.
Germaniya va Italiyaning yangi agressiv harakatlari natijasida xalqaro munosabatlarda jiddiy inqiroz boshlandi. Evropa urush yoqasiga kelib qoldi. 1939 yil 15 aprelda AQSh prezidenti Ruzvelt Gitler va Mussoliniga murojaat qilib, ularni Evropa va Yaqin Sharq mamlakatlarining birontasiga ham hujum qilmaslik to’g’risidagi majburiyat olishga chaqirdi. Gitler va Mussolini bu talabni keskin suratda rad etdilar. G’arbiy Evropa ikki qarama-qarshi harbiy-siyosiy blokka: Germaniya-Italiya blokiga va Angliya-Frantsiya blokiga ajraldi.
1939 yil aprelida Angliya bilan Polsha o’rtasida Londonda o’zaro yordam to’g’risida deklaratsiya imzolandi. Frantsiya Polsha bilan ilgari tuzilgan shartnomaga amal qilajagini bildirdi.
1939 yil martida SSSR Eropada fashizm va urush xavfining g’oyatda kuchayib ketganligi tufayli, agressiyaga qarshi birgalikda harakat qilish masalalarini muhokama qilish uchun manfaatdor davlatlarning konferentsiyasini chaqirib, muzokaralar boshlashni taklif etdi.
Angliya va Frantsiyaning SSSR bilan muzokaralari 1939 yil mart oyidan avgustgacha davom etdi. Muzokaralar diplomatik yo’l bilan, so’ngra harbiy vakillar orqali olib borildi. Sovet rahbariyati Frantsiya ham, Angliya ham kollektiv xavfsizlik tizimini tashkil qilish istagi va biror aniq dasturiga ega emasligiga qat’iy ishonch hosil qildi. Muzokaralarda hech qanday istiqbol ko’zga tashlanmadi. G’arb davlatlari Germaniya va Sovet Ittifoqini osongina urushtirib qo’yishi mumkin bo’lgan shartlarni ilgari surdilar.
Muzokaralarda Angliya va Frantsiya tomoni AQShga tayanib teng munosabatdan va teng majburiyatlar olishdan bosh tortib, qalloblik bilan ish ko’rdi.
SSSR bilan muzokaralar borayotgan choqda 1939 yil iyun-avgustida Angliya fashistlar Germaniyasi bilan yashirin muzokaralar (bosh ministr Chemberlen ko’rsatmasi asosida tashqi ishlar ministri Galifaks, savdo ishlari ministri Xadson va Chemberlenning maslahatchisi Garold Vilson bilan Gitlerning iqtisodiy ishlar maslahatchisi Voltat va Germaniyaning Londondagi elchisi Dirksen o’rtasida muzokaralar) olib bordi.
Sovet hukumati agressiya ro’y bergan taqdirda Angliya, Frantsiya va Polshaga yordam ko’rsatish uchun sovet qo’shinlarining Polsha territoriyasi orqali o’tkazilishiga Polsha hukumatining rozilik berishi kerakligini bildirdi. SSSR Boltiq bo’yi mamlakatlarini ham garantiya qilishni talab etdi. Angliya va Frantsiya bu takliflardan, o’zlariga majburiyat olishdan surbetlarcha bosh tortdi. Ularga suyangan Polsha hukumati esa. SSSR bilan hamkorlik qilmasligini, sovet qo’shinlarining Polsha hududiga kirishiga rozi emasligini bildirdi. Litva, Latviya va Estoniya hukumatlari ham garantiyadan bosh tortdilar.
SSSRning talabi bilan 1939 yil 12-21 avgustda Moskvada bo’lgan harbiy muzokaralarda ham Angliya va Frantsiya SSSRning konkret takliflariga e’tibor bermadilar.
1939 yil avgustidagi Moskva muzokaralari Angliya-Frantsiya tomonining aybi bilan boshi berk ko’chaga kirib qolgan va imperialistik davlatlar SSSRni yakkalantirib, fashistik Germaniyani unga qarshi qo’yish uchun zo’r berib urinayotgan bir vaqtda, SSSR siyosiy jihatdan batamom yakkalab qo’yilgan va SSSRga nisbatan ikki tomondan: G’arbda-Germaniya va Uzoq Sharqda Yaponiya tomonidan urush xavfi kuchayib ketgan bir paytda Sovet hukumati Gitler hukumatining SSSR bilan Germaniya o’rtasida o’zaro xujum qilmaslik ahdnomasi tuzish to’g’risidagi taklifini qabul qilmay iloji yo’q edi. 1939 yil 23 avgustda Moskvada SSSR bilan Germaniya o’rtasida o’zaro hujum qilishmaslik ahdnomasi tuzildi.
Bitimga muvofiq ikkala tomon bir-biriga qarshi hujum qilmaslik va agressiya uyushtirmaslik majburiyatini olardi: uchinchi davlat kelishuvchi tomonlardan biriga hujum qilgan taqdirda boshqa tomon hujum qilgan tomonni qo’llab-quvvatlamasligi lozim edi. Tomonlar davlatlarning kelishayotgan tomonlardan biriga qarshi ittifoqlariga qo’shilmaslik, o’rtalaridagi barcha bahslarni tinch yo’l bilan hal qilish majburiyatini oldilar.
Bitimning e’lon qilinmagan maxfiy bandlari Polshaning ikki davlat o’rtasida bo’lib olinishini ko’zda tutardi, Sovet Ittifoqiga Boltiqbo’yi mamlakatlari -Litva, Latviya, Estoniyani hamda Bessarabiyani qo’shib olishga ruxsat berardi. Bu hududlar oldin Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan bo’lib, Brest-Litovsk bitimiga ko’ra, undan zo’rlik bilan ajratib olingan edi. Ular sovet davlatining strategik xavfsizligi nuqtai nazaridan juda katta ahamiyatga ega edi, chunki g’arbiy chegaralarni 400-500 km.ga nari siljitardi. Ular sovet-german urushida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Gitlerchilar bu hududlarni bosib o’tish uchun 2-3 oy vaqt ichida Qizil armiya Sibirdagi zahiralarini G’arbga tashlab ulgurdi.
G’arb davlatlari Myunxen siyosatining barbod bo’lishi Germaniya, Yaponiya va Italiya bloki bilan Angliya-Amerika Frantsiya bloki o’rtasidagi ziddiyatlarni keskinlashtirib yubordi. Bu ziddiyatlar natijasida 1939 yil sentyabr boshlarida G’arb davlatlari o’rtasida ikkinchi jahon urushi boshlandi.

Download 4.26 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   ...   126




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling