KASABA UYUSHMALARI – kasaba uyushmasi ko’ngilli jamoat tashkiloti bo’lib, ham ishlab chiqarish, ham noishlab chiqarish sohalaridagi faoliyat turiga qarab, o’z a’zolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini hamda manfaatlarini himoya qilish uchun mushtarak manfaatlar bilan bog’langan mehnatkashlarni birlashtiradi.
KUZATUVCHI – O‘zbekiston Respublikasida saylov jarayonida deputatlikka nomzodlar ko’rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlar tomonidan tayinlanadigan hamda qonunda belgilangan tartibda kuzatuvchi sifatida ro’yxatga olinadigan shaxs. Kuzatuvchilar mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarga bo’linadi. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo’lishi kerak.
KO’PPARTIYAVIYLIK – hozirgi demokratik davlatlarda siyosiy hayotni tashkil etishning asosiy konstitutsiyaviy printsiplaridan biri, siyosiy va mafkuraviy plyuralizmni ancha umumiyroq bo’lgan printsipining ifodasi hisoblanadi. K. P. printsipi yuridik jihatdan davlat fuqarolarning o’z dunyoqarashlariga muvofiq tarzda siyosiy partiyalarga birlashish huquqini, barcha siyosiy partiyalarning qonun oldida tengligini, ular faoliyati erkinligini tan olishi va kafolatlashini anglatadi.
QONUN – davlat hokimiyatining oliy vakillik organi tomonidan yoki bevosita xalqning xohish - irodasiga ko’ra (masalan, referendum o’tkazish yo’li bilan) qabul qilingan va qoida tariqasida, eng muxim ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik hujjat.
QONUN LOYIHASI – qonun chiqaruvchi organga qabul qilish uchun taklif qilinayotgan yoki referendumda ko’rishga kiritish uchun tayyorlangan qonunning matni.
QONUN CHIQARUVCHI HOKIMIYAT – bu Konstitutsiyada mustahkamlangan oliy davlat vakillik idorasining qonunlar qabul qilish, ularni o’zgartirish va bekor qilish bo’yicha alohida vakolatlari hisoblanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatning asosiy vazifasi xalqning (jamiyatning) irodasini qonun shaklida ifoda etishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |