OKRUG SAYLOV KOMISSIYASI – saylov okrugida saylovlarga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazishga rahbarlik qiluvchi, okrugdagi uchastka saylov komissiyalariga uslubiy ko’maklashuvchi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladigan, davlat hokimiyati vakolatiga ega bo’lgan maxsus kollegial organ.
OMBUDSMAN – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) mansabdor shaxs bo’lib, unga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatlari berilgan.
OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI – ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan biri bo’lib, u demokratiyani chuqurlashtirish va aholining siyosiy faolligini oshirishda, fuqarolarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotdagi voqelikka nisbatan dahldorlik xissini shakllantirishda, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati, shuningdek jamiyatda yuz berayotgan barcha o’zgarishlar, bo’layotgan jarayonlar xususida keng jamoatchilikka etkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunchilikka muvofiq ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo’lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va elektron tarzda (tele, radio, video, kinoxronikal dasturlar, umumfoydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlaridagi veb–saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasi sifatida e’tirof etiladi.
OCHIQ AKTSIYADORLIK JAMIYATI - qatnashchilari o’zlariga tegishli aktsiyalarini o’zga aktsiyadorlarning roziligisiz boshqa shaxslarga berishi mumkin bo’lgan aktsiyadorlik jamiyati.
OSHKORALIK – demokratiyaning zarur sharti bo’lib, jamoatchilikning muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatiga oid barcha ma’lumot va xabarlarni bilish huquqi hamda tegishli axborotlarni muhokama va nazorat etish uchun ro’y-rost e’lon qilishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |