Qo’shimchalarni alohida takidlash lozim
O’quvchilar ko’pincha “-ning” qo’shimchasini “-ni” yoki “ng” tarzida yozadilar. Diktant yozdirganda bu qo’shimchalarni ta’kilab o’rgatish yoki o’qish kerak. Shuningdek, “-yapti” qo’shimchasida ham ko’p “-yapdi” tarzida adashtirishadi. “-ti” qo’shimchasini esa “-di” bilan adashtiradilar. Buning uchun o’quvchilarda ko’nikma hosil bo’lguncha yoddan yozish, rasmli va lug’at-diktantlarni o’tkazish samara beradi. Odatda birinchi, ikkinchi sinf o’quvchilarida ular ko’p xato qiladigan so’zlar ustida har kuni lug’at-diktant olish zarur. Keyinchalik 3-4 sinf bo’lganida ular qo’shimchalar, yozilishi va aytilishi farq qiladigan so’zlarni yaxshi o’zlashtirib, kam xatoga yo’l qo’yadilar.
O’quvchini mutolaga qiziqtirish muhim.
Boshlang’ich sinfda o’quvchilar ko’p hollarda so’zlarni talaffuzi bo’yicha, ya’ni eshitgan holati bo’yicha yozganida xatoga yo’l qo’yishi kuzatiladi. So’zning o’rtasida harfning tushirib qoldirilishi o’quvchining shu so’z bilan tanish emasligi sababli yuz beradi. So’zning oxirida harfni tushirib qoldirish esa ko’pincha shoshqaloq va diqqati yaxshi rivojlanmagan o’quvchilarda, 1-2 sinfda esa aksariyat o’quvchilarda kuzatiladi. Kuzatishlarga tayanib shuni aytish mumkinki, o’quvchi qanchalik kitobni ravon o’qisa va ko’p badiiy adabiyotlar mutola qilsa, u shunchalik xatosiz yozadigan bo’lib boradi. Chunki ular ishlatayotgan so’zni oldin ham uchratgani bois, xotirasida qayta tiklaydi yoki ko’z oldiga shu so’zning yozilishini keltiradi. Natijada so’zni ongli ravishda yozadi. Aksincha, kam kitob o’qiydigan, so’zlarni yaxshi o’qiy olmaydigan o’quvchi diktant jarayonida juda ko’p xato qiladi. Shundan kelib chiqqan holda o’quvchining yozma savodxonligi birinchi o’rinda o’quvchining o’qish darajasiga bog’liq. So’zlarni xato yozishni bartaraf etish uchun o’quvchining ongli va ravon o’qish ko’nikmalarini rivojlantirishga e’tibor qaratish, o’quvchilarni o’qish faniga va mustaqil mutolaga qiziqtirish lozim. Bunda, eng avvalo, savodxonlik davri alohida ahamiyatli hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |