H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Orol fojiasi, ekologik holatni yaxshilash borasida davlat siyosati
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
9.7. Orol fojiasi, ekologik holatni yaxshilash borasida davlat siyosati. Sobiq sovet davrida Oʻzbekistonni paxta xom ashyo bazasiga aylantirilishi Amudaryo va Sirdaryo suvlarini keragidan ortiq ekin dalalariga yoʻnaltirilishiga olib keldi. Bu Orol dengiziga kelib tushadigan suvning keskin qisqarishiga olib kelgan. Dehqonchilik millionlab odamlarning tirikchilik manbaiga aylanishi, mustaqillik yillarida ham Orolga suv quyilishini koʻpaytirish imkonini bermadi. Bundan tashqari global isish natijasida mintaqada qor va yomgʻirlar miqdorining kamayishi Orol dengiziga suv etkazib beruvchi daryolar suvini kamaytirdi.
Natijada 1964-yilgacha hududi 68,9 ming kvadrat kilometrni tashkil etgan dengiz suvdan notoʻgʻri va tartibsiz foydalanish natijasida quriy boshladi. Soʻnggi 50-55 yil ichida suv hajmi 15 barobarga tushib, sathi 29 metrga pasaydi. Dengizning qurigan tubida qum aralash tuzli Orol qum sahrosi vujudga keldi. Bioxilma-xillik va ekotizimga katta zarar yetdi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi katta zarar koʻrdi. Choʻllanish jarayonlari qum va tuzli boʻronlar yuz berishiga olib kelmoqda. Har yili 75 million tonna tuzli chang zarralari atmosferaga koʻtarilib 400 kilometr radiusda tarqalmoqda. Bu insonlarning sogʻligʻiga salbiy ta’sir koʻrsatib, nafas yoʻllari, onkologik, surunkali bronxit, oʻtkir ichak kasalliklar kuzatilmoqda. Atrof muhitning buzilishi iqtisodiy koʻrsatkichlar pasyishiga ham ta’sir koʻrsatmoqda, dehqonchilik, chorvachilik, baliqchilik rivojini sekinlashtirmoqda. Orol dengizi halokati natijasida yuzaga kelgan suv resurslari tanqisligi, yer degradatsiyasi, choʻllanishning kuchayishi, bioxilma-xillikning keskin kamayishi va boshqa jiddiy iqlim oʻzgarishlari jamiyatda tashvish uygʻotmoqda. Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq Orol halokati oqibatlarini bartaraf etishga, ekologik holatni yaxshilashga alohida e’tibor berishga harakat qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan 1992-yilda Nukusda Orol muammosiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1992-yil 2-sentyabrda “Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish, ijtimoiy va ekologik muammolarni yechishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror qabul qildi. 1980-yillarning oxirlaridayoq Orol dengizining qurishi mintaqa xalqlarining eng dolzarb muammosi boʻlib qolgan, bu muammo tufayli Markaziy Osiyoda yashayotgan 60 million kishi zarar koʻrayotgan edi. Shuning uchun muammoga Jahon va mintaqa davlatlari e’tiborini qaratish muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov 1993-yil 28-sentyabrda BMTning 48-sessiyasida birinchi marta jahon mamlakatlari diqqatini Orol muammosiga qaratdi. 1995-yil sentyabrda I.A.Karimov tashabbusi bilan Nukusda oʻtkazilgan xalqaro konferensiya esa tarixiy voqea boʻldi. Bu anjumanning asosiy hujjatlaridan biri — Nukus Deklaratsiyasi boʻlib, butun dunyo jamoatchiligi e’tibori yana bir bor Orol muammosiga qaratildi. 1997-yil mart oyida Almatida Markaziy Osiyo Respublikalari Kengashi yigʻilishi boʻldi. Bu yigʻilishda ham I.A.Karimov tashabbusi bilan Orolboʻyi xalqlariga ijtimoiy muammolarni yechishda amaliy yordam berish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev BMTning 72-sessiyasi va 75-sessiyasidagi nutqlarida jahon hamjamiyati e’tiborini Orol halokati oqibatlariga yana bir bor qaratdi. BMTning 75-sessiyasidagi nutqida Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq boʻlishini takidladi. Hozirgi kunda Orolboʻyi hududida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bogʻliq muammolariga yechim topish boʻyicha qoʻshni davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish lozimligi yanada yaqqolroq namoyon boʻlmoqda. 2018-yilning 7-8-iyun kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlar: yangi yondashuvlar, innovatsion yechimlar va investitsiyalar” mavzusidagi xalqaro anjumanda qabul qilingan rezolyutsiya bu borada amaliy yechim sifatida xizmat qilishi shubhasiz. 2018-yilda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida Prezidentimiz ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratdi. Oʻz navbatida, Orol halokati oqibatlarini yumshatishda mintaqadagi davlatlarning oʻzaro hamkorligi borasida ustuvor ahamiyatga molik konstruktiv yoʻnalishlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Orol halokati oqibatlarini yumshatish boʻyicha mintaqa hududida 500 dan ortiq keng miqyosli loyihalar amalga oshirildi. Orol halokati oqibatlarini yumshatish boʻyicha xalqaro hamkorlik bilan birga Oʻzbekiston oʻzining ichki imkoniyatlarini ham ishga solmoqda. Oʻzbekiston davlat siyosatida Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish asosan uch yoʻnalishda olib borilmoqda: Birinchidan, Orol halokatining Orolboʻyi aholisi salomatligi va atrof-muhitiga salbiy ta’sirini yumshatish. Iichimlik suvini quvurlar orqali aholiga yetkazib berish bilan hududning sanitar-epidemologik ahvolini yaxshilash, shuningdek, yer osti chuchuk suvidan foydalanishga e’tibor qaratish. Sogʻliqni saqlash va sanitariya xizmati darajasini keskin yuqoriga koʻtarish. Ikkinchidan, himoya oʻrmonzorlari barpo qilish orqali ekotizmni yaxshilash. Bu orqali yangi oʻsimlik maydonlari, yaylovlar va daraxtzorlar tuproq qatlamini shakllantirish, iqlim va atrof-muhitning sekin-asta oʻzgarishi, Orol boʻyidagi ekologik xatar oqibatlarini yumshatish, millionlab insonlar salomatligiga zararini kamaytirishga erishish. Uchinchidan, Orolning mavjud holatini saqlab qolish maqsadida unga muntazam ravishda koʻp miqdorda suv yuborib turish, aholi punktlari yaqinida lokal koʻllarni tashkil qilish va unda baliqchilikni rivojlantirish. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi qabul qilindi. Moliya vazirligi huzurida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi tuzildi va unga 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi. Ushbu mablagʻlar hisobidan amaliy ishlar qilindi. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoitini yaxshilashga koʻmaklashildi. Dengiz qurishi va shoʻrlanishning tezlashuvi oqibatida soʻnggi yillarda 50 ming gektarga yaqin ekin maydoni qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqsiz boʻlib qoldi. Qurigan dengiz oʻrnida 5,5 million gektardan ortiq maydonni egallagan “Orolqum” sahrosi paydo boʻldi. Paydo boʻlgan sahrodan qum koʻchishini oldini olish uchun saksovullar ekilmoqda. 2019-yil 15-fevralda “Orol dengizi tubidagi suvi qurigan hududlarda “yashil qoplamalar” – himoya oʻrmonzorlari barpo etishni jadallashtirish chora-tatbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining qarori qabul qilindi. 2021-yil oxirigacha Orol dengizining suvi qurigan tubida 700 ming gektar “yashil qoplamalar” — himoya oʻrmonzorlari barpo etildi, keyingi yillarda 2 mln. gektarga etkazish rejalashtirilgan. 2020-yil 6-oktyabda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respulikasi Prezidenti qarori choʻllanishga qarshi kurashish, Orol va Orolboʻyi mintaqasi choʻllanishining oldini olish maqsadida oʻrmonzorlar barpo etish strategik maqsad ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Ushbu fond ogʻir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam koʻrsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi boʻlib xizmat qiladi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling