H. O. Yorqulov Oʻzbekistonning eng yangi tarixi
Ta’lim, fan va madaniyat rivoji
Download 1.94 Mb.
|
O\'zbekistonning eng yangi tarixi. O\'quv qo\'llanma2
- Bu sahifa navigatsiya:
- Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti (
- Rossiyaning
9.6. Ta’lim, fan va madaniyat rivoji. Qoraqalpoq xalqi boy tarixi, madaniyati, sa’nati va adabiyoti bilan jahonga mashhur. Mustaqillik tufayli qoraqalpoq xalqi oʻzining yoʻqolib borayotgan qadriyatlarini qayta tikladi.
Berdaq, Ajiniyoz kabi Qoraqalpoq xalqining klassik shoirlari ijodiy meroslari tiklandi, xotiralari ulugʻlanishiga yoʻl ochib berildi. Mustaqillik yillarida Qoraqalpogʻistonda uzluksiz ta’lim tizimi shakllandi. Respublikada yangi tipdagi oʻrta umumta’lim muassasalari, litseylar, gimnaziyalar va alohida fanlarni chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladigan ixtisoslashgan maktablar, biznes maktablar, texnikumlar, kollejlar faoliyat olib bormoqda. Respublika hukumati xalq ta’limi moddiy-texnika bazasini mustahkamlash ishlarini amalga oshirdi. Bolalarga xorijiy tillarni, xoreografiya, tasviriy va musiqa san’atini, kompyuter savodxonligi asoslarini oʻrgatuvchi guruhlar tashkil etilgan. Barcha qishloq hunar-texnika bilim yurtlarida respublika uchun zarur boʻlgan soha kadrlarini tayyorlashga e’tibor kuchaytirildi. Milliy hunarmandchilikni rivojlantirishga, gilam toʻqish, keramika buyumlari tayyorlash, ganchkorlar va boshqa shu kabi hunar egalarini tayyorlashga ahamiyat berila boshlandi. Istiqlol yillarida Respublikada oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Berdaq nomidagi Qoraqalpogʻiston Davlat Universiteti va Ajiniyoz nomli Nukus Davlat pedagogika instituti, Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali faoliyat yuritgan boʻlsa. Keyingi yillarda Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti (Toshkent Pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali), Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali, Oʻzbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali, Navoiy davlat konchilik instituti Nukus filiali, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali, Samarqand veterinariya medisinasi instituti Nukus filiali tashkil etildi. Keyingi paytlarda Qoraqalpogʻiston fan va ta’limi borasida xalqaro hamkorlik rivojlanib bormoqda. Jumladan, Qoraqalpoq davlat universiteti 2021-2022-oʻquv yili uchun xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda Qoʻshma ta’lim dasturi (Double degree programm)ni e’lon qildi. Dastur asosida toʻlov-shartnoma shaklida bakalavriatura 11 ta ta’lim yoʻnalishi va 9 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha ta’lim olish uchun hujjatlar qabul qilinishi boshlangan. Qoraqalpoq davlat universiteti kadrlar tayyorlashda Rossiyaning Moskva davlat milliy tadqiqot qurilish universiteti, Milliy tadqiqot yadro universiteti, Belarusning Vitebsk davlat texnologiya universiteti, Milliy texnika universiteti, Polessk davlat universiteti, Vitebsk davlat universiteti, Belarus davlat texnologiya universiteti, Malayziyaning Linkoln kolleg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Mustaqillik yillarida fan sohasida ham sezilarli oʻzgarishlar boʻldi. 1992-yilda Oʻzbekiston Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq filialiga Oʻzbekiston Respbulikasi Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq boʻlimi maqomi berildi. Uning tarkibida ilgari 3 ta institut mavjud boʻlgan boʻlsa, yana ikkita institut qoʻshildi. “Tarix, arxeologiya va etnografiya” hamda “Bioekologiya” institutlari ham shu boʻlim tarkibiga kirdi. Botanika bogʻi boʻlinmasiga esa boʻlim maqomi berildi. 1994-yilda esa Fanlar Akademiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli tajriba instituti va tibbiyot klinikasi ham kiritildi. Fanlar Akademiyasi tashkil etgan bunday tadbirlar olimlarga tibbiy va ijtimoiy fanlarni yanada rivojlantirish, xalq xoʻjaligi va madaniyatini yuksaltirishda muayyan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritishga yordam berdi. Qoraqalpoq fanida erishilgan yutuqlar hamda toʻrt jildlik “Qoraqalpoq tilining izohli lugʻati”ni yaratishdagi xizmatlari uchun Fanlar Akademiyasining 4 nafar ilmiy xodimi (M.Qalandarov, R.Yesemuratova, T.Toʻraboyev, D.Qozoqboyev) 1996-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. 1992-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasining Qoraqalpoq boʻlimi tashkil etildi. Uning tarkibiga Sh.Musayev nomidagi Chimboy yer ishlari instituti hamda sholichilik va chorvachilik institutlarining filiallari kiritildi. Qoraqalpogʻistonda ilmiy-tadqiqot institutlaridan Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpogʻiston filiali, Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti, Qoraqalpogʻiston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Respublikada oliy oʻquv yurtlari ham ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Keyingi yillarda Toshkent olimlari koʻmagida katta miqdordagi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi. Ilgari Fanlar Akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylangan Ch.A.Abdirov, S.K.Kamolov, A.B.Baxiyevlar qatoriga T.Yeshanov, A.Dauletov, U.Hamidov va J.Bozorboyev ham qabul qilindilar. 1997-yilda esa ikki nafar rassom (J.Izentayev va J.Quttimuratov) Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasining akademikligiga saylandilar. Respublikada yuqori malakali kadrlar oʻsishida, ayniqsa, ijtimoiy fanlar sohasi da Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan tarix va arxeologiya, etnografiya, til va adabiyot boʻyicha nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qiluvchi ixtisoslashgan Kengashlarning tashkil etilayotganligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Respublika olimlari chet el mutaxassislari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq boʻlimi “Bioekologiya” instituti xodimlari Germaniya olimlari bilan birgalikda 1993-yildan Orolboʻyi ekologiyasi muammolari boʻyicha tadqiqotlar olib borishdi. 1995-yilda Moʻynoqda Germaniya Federativ Respublikasi yordamida “Bioekologiya” institutining xalqaro ekologiya stansiyasi ochildi. “Tarix, arxeologiya va etnografiya” instituti Avstraliyaning Sidney universiteti olimlari hamda fransuz arxeologlari bilan birgalikda ish olib borgan. Mustaqil yillarida Qoraqalpoq shoir va yozuvchilarining yangi avlodi shakllandi. Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergan Qaipbergenov qatoriga yangi nomlar kelib qoʻshildi. Saginbay Ibrohimov, Kenesboy Rahmonov kabi shoirlar, Guloysha Yesemuratova, Oʻzarboy Abdurahmonov, Muratboy Nizanovlar ana shular jumlasidandir. Bugungi kunda Ibroyim Yusupov, Toʻlepbergen Qaibergenov, Tilovbergen Jumamuratov kabi Qoraqalpoq yozuvchi va shoirlarining asarlari xalqlarimiz ma’naviy xazinasidan munosib joy oldi. Mustaqillik yillarida diniy e’tiqod erkinligining berilishi, qoraqalpoq xalqi ham Qur’onni oʻz ona tilida oʻqish imkoniyatiga ega boʻldi. Davlatmurod Karimov “Qur’oni Karim”ni oʻzbek tilidan Qoraqalpoq tiliga tarjima qildi. Qoraqalpogʻiston san’atida erishilgan muvaffaqiyatlarni keng targʻibotida Rassomlar uyushmasi, I.V.Savitskiy nomidagi San’at muzeyi, Tarix-oʻlkashunoslik muzeyi hamda Jangovor va mehnat shuhrati muzeylari katta ishlarni olib bormoqda. Oʻz navbatida muzeylar faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayapdi. 2017-yilda I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyining muhtasham ikkinchi korpusi qurildi, 2019-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi yangi binosi foydalanishga topshirildi. Milliy me’morchilik namunasi asosida qurilgan binoda barcha sharoitlar mavjud. Bu bejiz emas albatta. Chunki, muzeylar har bir xalqning oʻtmishidan bugungi kunigacha saqlanib kelinayotgan shajarasi hisoblanadi. Ular orqali xalqning tarixini, davr ruhini his qilishimiz mumkin. Yoshlarni ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga, urf-odat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdagi oʻrni beqiyosdir. Xalqimizning tarixini, san’at asarlarini oʻzida jamlab, deyarli 90 yildan buyon beminnat xizmat qilib kelayotgan Qoraqalpoq davlat oʻlkashunoslik muzeyiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11- dekabrdagi “2017-2018-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi nomi berildi. Shuningdek ushbu qaror asosida Moʻynoq tumani “Ekologiya” va Ellikqal’a tumani “Arxeologiya” muzeylari muzey filiallariga aylantirildi. Qoraqalpogʻiston Joʻqargʻi Kengesi va Vazirlar Kengashining “Erkin Qoraqalpogʻiston”, “Qoraqalpogʻiston xabarlari” gazetalari, yozuvchilar uyushmasining “Amudaryo” jurnali, “Respublika Fanlar Akademiyasining Qoraqalpoq boʻlimi xabarlari” ilgarigidek muntazam chiqarilmoqda. 1991-yildan respublikada hukumatga qarashli boʻlmagan “Orol qizlari” jurnali chop etila boshladi. Istiqlol yillarida Nukus shahrining 60 yilligi, Toʻrtkoʻl shahrining 120 yilligi, Ajiniyoz Qosiboy oʻgʻlining 170 yilligi, Amir Temurning 660 yilligi keng nishonlandi. Bular Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston tarixidagi eng muhim voqealar, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik ramzidir. Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Nukus shahrining 60 yilligi bayramida: “Oʻzbekiston taqdiri, bu - Qoraqalpogʻiston taqdiridir, oʻzbek xalqining taqdiri, bu - qoraqalpoq xalqining kelajagidir” degan soʻzlari qoraqalpoq xalqi xotirasida abadiy saqlanib qoladi. Mustaqillik yillarida qoraqalpoq xalqi asrlar davomida orzu qilib, intilib kelgan ezgu maqsadiga etdi - ozod va erkin, tinch-osuda hayotga erishdi, oʻz tarixi, madaniy merosi, milliy an’ana va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish, oʻzligini anglash imkoniga ega boʻldi. Ilm fan, ta’lim, madaniyat rivojlandi. Download 1.94 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling